HAJ VA UMRAGA DOIR FATVOLAR
Muallif: . .
Sana: 24.05.2023
1073

1-FATVO

Haj ibodati aqli raso, balogʻat yoshidagi sogʻlom musulmon kishi zimmasiga, agar yoʻlga qodir boʻlsa, umrida bir marta ado etish farzdir. Borib-kelishga har tomonlama qodirligi yuzaga chiqishi bilan oʻsha yili borishi vojib boʻladi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida, oʻsha yili borishi shart emas. Umrining oxirigacha borsa, kifoya. Lekin vaqtida, tezroq borgani yaxshi. Boshqa faqihlar nazdida, qodir boʻlgan yili bormasdan, orqaga sursa, gunohkor boʻladi. Xususan, sogʻligʻi davom etishidan umidi oz kishi kechiktirmagani avlo. Kechiktirib qilgan haji ham hisobga oʻtadi. Alloh asrasin, qodir boʻlgan yillari bormasdan, kechiktirib yurganda vafot etsa, dunyodan gunohkor holda ketgan boʻladi.

Hajning farz boʻlish shartlaridan biri – ulov bilan oziq-ovqatga qodirlikdir. Shuningdek, borib kelguniga qadar oila aʼzolari uchun yetadigan nafaqaga ham qodir ekanidir. Nafaqa oʻrtacha miqdorda boʻlishi nazarda tutilgan. Qoʻlidagi mablagʻi hajga yetarli, lekin oila qurish niyati ham boʻlsa, uylanishni keyinga qoʻyib, hajga borishi lozim.

“Olamgiriya”, “Tabyin”, “Muxtasar”, “Xizona”.

2-FATVO

Yashayotgan uyimni sotib, oʻrniga arzonroq uy sotib olsam, ortgan puli haj safari xarajatiga yetar ekan, degan oʻyga borib, uyini sotishi shart emas. Shuningdek, hovlisidagi ortiqcha uylarni sotib, puliga hajga borishi lozim boʻlmaydi. Agar oʻz ixtiyori bilan sotib hajga borsa, bu ham avlodir.

“Olamgiriya”, “Qozixon”, “Izoh”.

3-FATVO

Sogʻliq ham hajning farz boʻlishi uchun shart qilingan. Surunkali kasalga chalingan, koʻzi ojiz, falaj, ikki oyogʻi kesilgan kabi kishilarga haj vojib emas. Ularni boshqa odamlar haj qildirib qoʻyishlari ham vojib hisoblanmaydi, ogʻir kasal boʻlsa, badal hajiga vasiyat qilishi ham lozim emas. Shuningdek, katta yoshli notavon kishilar, bemorlarga ham haj lozim boʻlmaydi. Bu Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammaddan (r.h.) qilingan rivoyat. Oxirgi ikki imomdan yana mazkur uzrli kishilarga ham haj qilish vojib, degan naql bor. Agar oʻsha ojizlik davom etib tursa, ular birovlarga haj qildirsalar joiz, bordi-yu, ojizlik ketib, qudrat hosil boʻlsa, oʻzlari qaytadan haj qilishlari vojib.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”.

4-FATVO

Yoʻlga qodir, sogʻlom odam hajga bormay yurganida toʻsatdan surunkali kasal yoki falajga aylanib qolsa, xarajatini toʻlab, badal haji qildirishi lozim. Agar uzrli, notavon bemor kishilar qiyinchilikka qaramay, oʻzlari hajni ado etsalar, hajlari hisobga oʻtadi. Sogʻayganlaridan keyin qaytadan haj qilishlari lozim emas.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”.

5-FATVO

Yurti bilan Makka shahri oʻrtasidagi uzoqlik safar masofasi (90–100 km)ga teng yoki ortiq boʻlsa, ayol kishi uchun hajga birga borib keladigan mahram boʻlishi shart qilingan. Mahram deb, eri yoki oʻrtalarida nikoh ravo boʻlmaydigan erkak qarindoshlaridan biri tushuniladi. Uning qarindoshligi nasab yo emikdoshlik, yoki qudachilik jihatidan boʻlishi mumkin. Musulmon boʻlishi shart emas. Oqil, boligʻ, ishonchli boʻlsa, kifoya. Nikohning farqiga bormaydigan majusiy mahramlikka yaramaydi.

“Olamgiriya”, “Xulosa”, “Qozixon”, “Muhit”.

6-FATVO

Mahram boʻlib hajga hamroh sifatida borib keluvchi kishining ovqat va yoʻl xarajatlari ayolning zimmasidadir. Ayol kishida yoʻlga qodirlik va mahram mavjud boʻlsa, farz sanaluvchi hajga erining ruxsatisiz ham borishi joiz. Ammo nafl sanaluvchi haj safariga erining ruxsatisiz borishi joiz emas. Ayolga mahram topilmagani uchun erga tegib, uni olib ketishi vojib emas.

“Olamgiriya”, “Qozixon”.

7-FATVO

Ayol kishiga qoʻyilgan shartlardan yana biri – iddada oʻtirganlardan boʻlmasligidir. Iddasi eri oʻlgani yoki taloq qilingani sababli boʻlishining farqi yoʻq. Agar haj safari asnosida eri oʻlib yoki taloq bilan idda oʻtirishga toʻgʻri kelib qolsa, yetgan joyidagi shahardan iddasi tugaguncha chiqmasligi lozim.

“Olamgiriya”, “Qozixon”.

8-FATVO

Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda boʻlish, “ziyorat tavofi” (Kaʼba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida “raml” (kerilib yurish), ikki koʻk mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin joʻnash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun joʻnash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”,
“Muxtasar”, “al-Bahrur-roiq”.

9-FATVO

Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda boʻlish, “ziyorat tavofi” (Kaʼba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Mar­va orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida “raml” (kerilib yurish), ikki koʻk mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin joʻnash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun joʻnash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”,
“Muxtasar”, “al-Bahrur-roiq”.

10-FATVO

Hajning odoblari – hajga otlangan odam avvalo, qarzlarini ado etsin. Hajga borish xu­susida aqlli, dono kishilarga maslahat solsin. Istixora qilsa, yanada yaxshi. Soʻngra tavba-tazarru bilan niyatni xolis qilsin. Birovning omonati boʻlsa, egasiga topshirsin. Rozi-rizolik soʻrasin. Namoz va roʻzalarining qazosi boʻlsa, ado etsin. Xato va kamchiliklari uchun nadomat chekib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Faxrlanish, riyokorlik, maqtanishdan saqlansin. Faqat haloldan yiqqan puliga hajga borishga harakat qilsin. Shubhali yo harom yoʻl bilan topilgan mablagʻga haj qilgani uchun gunohkor boʻlsa-da, hajning farzi zimmasidan soqitdir, degan soʻz ham manbalarda kelgan. Hajda tijorat bilan ham shugʻullansa, savobi kamayib qolmaydi. Lekin savdoni aralashtirmagani avlo.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”, “Qozixon”.

11-FATVO

Modomiki hajda ehromli ekan, behuda, fahsh soʻzlardan, fisqu fujur ishlardan, janjalu nizolardan, ov qilishdan, xushboʻy narsalar sepish, tirnoq olish, yuzini yopish, bosh kiyim kiyish, boshni shampun bilan yuvish, soch oldirish yoki qisqartirish, tikilgan kiyim, salla kiyish kabilardan saqlanish vojibdir. Choʻmilish, salqin joyda dam olish, beliga hamyon bogʻlash kabi ishlar joiz.

“Muxtasarul-Viqoya”.

12-FATVO

Ota-onadan biri rozilik bermasa ham, hajga borish makruhdir. Ammo ular farzandning xiz­matiga muhtoj boʻlishmasa, hajga borishning zarari yoʻq. Ota-ona yoʻqligida bobo va momolar ularning hukmidadirlar. Shuningdek, nafaqasiga muhtoj xotini, bolalari, qarindoshlari uning hajga borishini yoqtirmasalar ham, borib-kelgunicha moddiy tomondan qiynalib qolmasliklariga aqli yetsa, hajga ravona boʻlishi joiz. Ota soqoli chiqmagan oʻgʻlini hajga yuborishga rozi boʻlmasligi mumkin. Ammo farz boʻlgan hajning adosi ota itoatidan avlo. Otaga boʻysunish nafl boʻlgan hajdan avlodir.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

13-FATVO

Kaʼbani tavof qilib turganida yoki Safo bilan Marva oʻrtasida yurib saʼy qilayotganida namozga iqomat (takbir) aytilib qolsa, darhol tavof va saʼyni toʻxtatib, namozga keladi. Janoza oʻqish uchun ham saʼyni toʻxtatib keladi. Janozadan keyin qolgan saʼyni davom ettiradi.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”.

14-FATVO

Safo bilan Marva oʻrtasida saʼy qilish, yaʼni, yetti bor yurib chiqish tavofdan keyin ijro etiladi. Agar oldin saʼy qilgan boʻlsa, tavofdan keyin takrorlaydi. Safodan Marvagacha yurishi bir marta, Marvadan Safogacha yurishi ikkinchi martaga oʻtadi. Saʼyni Marvadan boshlasa, Safogacha yurib borgani bir martaga oʻtmaydi. Ehromdan chiqqach, hatto bir necha oydan soʻng saʼy qilsa ham, boʻladi.

“Olamgiriya”, “Muhit”, “Zaxira”.

15-FATVO

Safo bilan Marva oʻrtasida saʼy qilishda tahoratciz yoki junub holatida boʻlsa ham, saʼyi durust hisoblanaveradi. Aslida, Kaʼbada qilinmaydigan haj amallari (manosiklari) uchun tahorat shart emas. Masalan, saʼy, Arafotda, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabilar Kaʼbadan tashqaridagi amal boʻlgani uchun tahoratli boʻlish shart qilinmagan.

“Olamgiriya”, “Sharhut-Tahoviy”.

16-FATVO

Kaʼba tavofini tugatgach, Ibrohim (a.s.) maqomi oldiga kelib, ikki rakat namoz oʻqiydi. Agar u joyda odam koʻpligidan oʻqish qiyin boʻlsa, masjidning xohlagan yeriga borib oʻqishi mumkin. Bu ikki rakat namoz, bizning mazhabimizda, vojib. Shuning uchun uni masjidning tashqarisida boʻlsa ham, qoldirmay oʻqish kerak. Birinchi rakatiga “Qul yo ayyuhal kofirun” surasini, ikkinchi rakatiga Ixlos surasini zam sura sifatida oʻqiydi. Namozdan soʻng maqom ortiga kelib, hojatlarini soʻrab, Allohga iltijo qiladi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”, “Qozixon”.

15-FATVO

Roʻza uch turli boʻladi – farz, vojib, nafl. Farz sanaluvchi roʻza ikki xil – muayyan farz, yaʼni, Ramazon oyi roʻzasi bilan kafforat uchun tutiladigan roʻza va Ramazon oyida uzrli tutilmagan roʻza qazosi. Vojib ham ikki xil – muayyan nazr va qachon hamda qanchaligi tayin etilmagan nazr. Qol­gan roʻzalar nafl hisoblanadi.

Roʻzaning vaqti tong yorishgan paytdan boshlab, quyosh botguniga qadardir. Saharlik qilayotganida tong yorishgani yoki yorishmaganida shak qilib qolsa, darhol yeb-ichishni toʻxtatadi. Bordi-yu, yeb-ichishda davom etaversa, lekin tong yorishgandan keyin ham yeb-ichishdan toʻxtamagani aniq boʻlmasa, roʻzasi durust. Agar aniqlansa, bir kuniga bir kun qazosini tutadi. Kafforat lozim emas.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”, “Tabyin”.

Izoh:

Bu masala taqvim, soat keng joriy boʻlmagan davrlarga toʻgʻri keladi. Ammo bizning asrimizda shak qilishga oʻrin yoʻq. Qoʻlida taqvimi, soati boʻla turib, aniq belgilab qoʻyilgan vaqtidan keyin ham yeb-ichaversa, albatta, roʻzasi hisobga oʻtmaydi. Roʻza kafforati bir kuniga 60 kun roʻza tutish yoki 60 nafar miskinga taom berishdan iboratdir.

16-FATVO

Agar ikki kishi tong otganiga, yana ikki odam tong otmaganiga guvohlik berganlaridan keyin yeb-ichishni toʻxtatmagan boʻlsa, soʻngra oldingilarning gapi rost chiqsa, ham qazo, ham kafforatni ado etadi. Agar tong otdi, deb bir guvoh, tong otmadi, deb yana bir guvoh aytganidan keyin yebichsa va oldingi guvohning gapi rost chiqib qolsa, bir kun roʻza qazosi vojib boʻladi. Kafforat vojib boʻlmaydi. Zero, tong otganiga bitta guvohning gapi toʻliq hujjat boʻla olmaydi.

“Olamgiriya”, “Qozixon”.

17-FATVO

Quyosh botdi, deb ikki kishi, botgani yoʻq, deb yana ikki odam guvohlik berganidan keyin ogʻzini ochib yuborgan roʻzadorga quyosh botmay turib iftorlik qilgani maʼlum boʻlib qolsa, qazo vojib boʻladi, kafforat emas.

“Olamgiriya”, “Qozixon”.

18-FATVO

Roʻzaning farz boʻlish shartlari – Islom dinida boʻlish, aql, balogʻat, sogʻliq, oʻz yurtida turish, safarga chiqmaganlik, niyat, hayz va nifosdan pok boʻlishdir. Niyat aslida dil bilan boʻladi. Lekin til bilan ham aytish sunnatdir.

“Olamgiriya”, “Kofiy”,

“Nihoya”, “an-Nahrul-foiq”.

19-FATVO

Ramazon kechasida turib, saharlik qilishning oʻzi roʻza niyati oʻrniga oʻtadi. Zero, diliga roʻza tutishni keltirish niyatga oʻtar edi. Saharlik qilgan odamning diliga oʻz-oʻzidan roʻza tutish niyati kelgan boʻladi. Bizning mazhabimizda, Ramazon tugaguncha har kuni niyat yangilab turiladi. Niyatning vaqti quyosh botgandan boshlab, ertasi kuni qiyom paytigachadir.

“Olamgiriya”, “Xulosa”, “Qozixon”.

Izoh:

Shuning uchun iftorlik duosini oʻqiyotganda ertangi roʻza niyatini ham qilib qoʻyish ayni ehtiyot­korlikdir. Zero, saharlikka tura olmasa, oʻsha niyati kifoya qiladi.

20-FATVO

Ramazon roʻzasini nafl niyati yoki umuman roʻza niyati bilan tutish ham mumkin. Muayyan nazr, nafl roʻza niyatining hukmi ham xuddi shunday. Lekin safarda va bemorlikda tutilgan roʻza uchun qaysi roʻzaga niyat qilayotganini aniqlab, tayin qilib qoʻyishi shart.

“Muxtasar”, “Olamgiriya”, “al-Jomeʼus-sagʻir”.

21-FATVO

Qazo roʻzasi, kafforat uchun tutiladigan roʻza, tayin etilmagan nazr roʻzasi uchun tong otmasdan oldin, tunda niyat qilish shart.

“Muxtasar”, “Niqoya”, “as-Sirojul-vahhoj”.

22-FATVO

Ramazon oyi hilolini (birinchi kuni chiqqan yangi oyni) yakka oʻzi koʻrgan odam, garchi boshqalar buni inkor etsalar ham, ertasi kundan roʻza tutishi vojib. Agar tutmasa, bir kun qazosini tutib beradi. Hayit hilolini yakka koʻrgan kishi ham, guvohligi oʻtmagani uchun ertasi kuni ham roʻza tutadi. Agar tutmasa, qazosini tutib beradi.

“Muxtasar”, “Qozixon”,

“Ixtiyor”.

Izoh:

Roʻza hiloli uchun ham, hayit hiloli uchun ham kamida ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishining guvohligi zarur. Bizning asrimizda hilolni koʻrib, roʻza tutish va hilolni koʻrib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamola­ri ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo boʻlgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy boʻlgani koʻpchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida “ruʼyati hilol”ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qan­day yozilganidan qatʼi nazar, yangi oy hilolini koʻr­gan guvohlar soʻziga binoan eʼlon qilinadi. Natijada, bizning mintaqamizga oʻxshagan koʻplab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida baʼzan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda roʻzani boshlash yoki hayitni eʼlon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat oʻzining iqlimiga qarab hilol koʻrinishini belgilab, oʻzining hisob-kitobi boʻyicha roʻza va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani “Badoyeus-sanoye” kitobida keltirilgan.

23-FATVO

Ramazon hilolini koʻrib, 29 kun roʻza tutgan bir shahar ahliga bir guruh kishilar kelib, falon shahar aholisi hilolni sizlardan bir kun oldin koʻrishibdi, shunga koʻra, bugun roʻzaning 30-kuni, deb aytsalar, ularning gapiga amal qilinmaydi. Zero, hilolni ularning oʻzlari koʻrgan emas, balki boshqalarning koʻrganini naql qildilar.

“Qozixon”, “Olamgiriya”.

24-FATVO

Ramazon hilolini koʻrmasdan roʻzani boshlab, 28-kuni shavvol hilolini koʻrib qolgan kishilar, shaʼbon oyi hilolini koʻrib, 30 kun hisoblagan boʻlsalar, bir kun qazo tutadilar. Bordi-yu, 29-kuni shavvol hilolini koʻrib qolsalar, qazo lozim emas. Ammo shaʼbon hilolini koʻrmasdan, uni 30 kun hisoblab, roʻzani boshlagan boʻlsalar, ikki kun qazo tutadilar.

“Xulosa”, “Olamgiriya”.

25-FATVO

Hilolni koʻrgan holda Ramazon oyidan 29 kun tutib, hayit eʼlon qilgan shahar ahli ichida kasalligi sababli roʻza tutmagan kishi boʻlsa, u ham 29 kun qazo tutadi. Bordi-yu, u shahar ahlining 29 kun tutganidan xabarsiz boʻlsa, 30 kun qazo tutaveradi.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

Izoh:

Ramazon oyi taqvim boʻyicha 30 kun boʻlsa-da, shaʼbon oyi oxirida Ramazon hiloli koʻrinib qolsa, roʻza bir kun keyin boshlanadi. Shu sababli Ramazon baʼzan 29 kun boʻladi. Shunday uzr sababli tutilmagan bir kunning qazosi tutilmaydi. Shuningdek, Ramazonning oxirida shavvol hiloli oldinroq koʻrinib qolsa ham, roʻza toʻxtatiladi, tutilmay qolgan kun qazosi tutilmaydi. Shu bois baʼzi yillarda roʻza 28 kun tutiladi.

26-FATVO

Roʻzadorligi esida yoʻq kishi biror ovqat yeb qoʻysa yo ichimlik, yoki dori ichib qoʻysa, yoxud jinsiy aloqa qilib qoʻysa, roʻzasi ochilmaydi. Ammo shu ishlardan birortasini qasddan qilsa, roʻzasi ochiladi. Keyin u har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda 60 kun roʻza tutib beradi yoki 60 nafar och kishi (miskin) qornini toʻygʻazadi. Roʻzador ayolini jinsiy aloqaga majburlagan boʻlsa, oʻzi 60 kun kafforat, ayoli bir kun qazo roʻzasini tutadi. Ayoli rozilik bergan boʻlsa, u ham 60 kun kafforat roʻzasini tutadi.

“Olamgiriya”, “Hidoya”.

27-FATVO

Gʻizo uchun yeyiladigan yoki dori sifatida isteʼmol qilinadigan narsalarni gʻizo va dori niyati bilan qasddan isteʼmol qilsa, ham qazo, ham kafforat vojib boʻladi. Ammo mazkur narsalarni boshqa niyat, maqsadda isteʼmol qilsa, kuniga – kun qazo roʻzasini tutadi. Lekin kafforat lozim emas. Hayvon goʻshti yoki yogʻini xomicha yesa ham, roʻza ochiladi.

“Olamgiriya”, “Xizonatul-muftin”.

28-FATVO

Daraxt barglari ichida tok bargi kabi yangi unib chiqqan paytida yoki har doim yeyiladiganlari bor. Oʻshalardan yeb qoʻysa, ham qazo, ham kafforat vojib boʻladi. Agar odatda yeyilmaydigan daraxt yoki giyoh barglaridan yesa, roʻzasi ochiladi. Lekin roʻza qazosini tutadi, kafforat lozim emas.

“Al-Bahrur-roiq”, “Olamgiriya”, “Tabyin”.

29-FATVO

Uzumning bir dona urugʻini chaynab yutsa, ham qazo, ham kafforat vojib boʻladi. Chaynamay yutsa, faqat qazo vojib boʻladi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

30-FATVO

Tuz yesa, faqat qazo vojib boʻladi. Ammo tuz yeb yurishga odatlangan odam boʻlsa, ham qazo, ham kafforat vojibdir. Lekin tuz yegan roʻzadorga ham qazo, ham kafforat vojib boʻladi, degan fatvolar ham bor. Binobarin, bunda ehtiyotkorlik lozim boʻladi.

“Olamgiriya”, “Tabyin”,
“Xulosa”, “Sharhi Niqoya”.

31-FATVO

Roʻzadorligi esidan chiqib, ovqatlanayotgan kishini koʻrib qolgan odam qaraydi: agar u kechgacha roʻzasini bemalol yetkazadigan kishidek tuyulsa, roʻzasini eslatadi. Aks holda, makruh ish qilgan boʻladi. Bordi-yu, u keksa odam va chamasida roʻzasini kechgacha yetkaza olmaydigan boʻlsa, roʻzani eslatmasligi joiz.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

32-FATVO

Birovning majbur qilishi sababli yoki roʻzaligi esida boʻla turib, ehtiyotsizlik bilan (xatoan) roʻzasini ochib qoʻysa, qazoning oʻzi vojib, kafforat lozim emas.

“Olamgiriya”, “Qozixon”, “Muxtasar”.

Izoh:

Ehtiyotsizlik deganda, masalan, tahorat yoki gʻusl qilayotganda tomogʻidan suv oʻtib ketishi kabilar tushuniladi. Agar roʻzadorligi esida yoʻq boʻlsa, roʻzasi ochilmaydi.

33-FATVO

Kunduzi uxlayotgan roʻzador uyqusirab, suv ichib qoʻysa, roʻzasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.

“Olamgiriya”, “Qozixon”.

34-FATVO

Odatda yeyilmaydigan – tosh, tuproq, danak, paxta, hashak, qogʻoz kabi narsalarni yutib yuborsa, roʻzasi ochiladi. Lekin kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.

“Olamgiriya”, “Tabyin”, “Xulosa”.

35-FATVO

Tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini yutsa, ular noʻxatdan katta boʻlmasa, roʻzasi ochilmaydi. Ammo ogʻzidan tashqariga chiqarib, soʻngra qayta ogʻziga solib yutsa, noʻxatdan kichik boʻlsa ham, roʻzasi ochiladi. Kafforat vojib boʻlish-boʻl­masligida ixtilofli fatvolar mavjud. Vojib boʻlmasligiga Abu Lays Samarqandiydan (r.h.) rivoyat bor.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

36-FATVO

Tish orasidagi bir dona kunjutni yutib yuborsa, kichik boʻlgani uchun roʻzasi ochilmaydi. Ammo uni ogʻzidan chiqarib, soʻngra yana qayta ogʻziga solib yutsa, roʻza ochiladi. Kafforat vojib boʻlish-boʻlmasligida ixtilof bor. Agar tish orasidagi bir dona kunjutni chaynasa, roʻzasi ochilmaydi. Lekin chaynab yutganida tomogʻida uning mazasini sezsa, roʻzasi ochiladi. Boshqa har qanday taom, don yoki boshqa chaynalgan kichik narsalar shu qoidaga qiyos qilinaveradi.

“Olamgiriya”, “Muxtasar”,
“Qozixon”, “Fathul-Qadir”.

37-FATVO

Ogʻiz soʻlagini tashqariga chiqarmay yutsa, roʻzasi ochilmaydi. Tashqariga chiqarib olib, soʻngra qayta ogʻziga solib yutsa, roʻzasi ochiladi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

38-FATVO

Ogʻzini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini ogʻiz soʻlagiga qoʻshib yutib yuborsa, shuningdek, dimogʻiga kelgan burun suyuqligini tomogʻiga tortib yuborsa, roʻzasi ochilmaydi.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

39-FATVO

Qonni yutib yuborsa, kafforatsiz qazoning oʻzini tutadi. Tishlarning milkidan chiqqan qonni soʻlak bilan qoʻshib yutib yuborsa, qon bilan soʻlakdan qaysi biri ortiq yoki kam miqdorda boʻlishiga qaraladi. Agar qon ortiq boʻlsa yoki soʻlak bilan barobar boʻlsa, roʻza ochiladi. Bordi-yu, soʻlak ortiq boʻlsa, ochilmaydi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

40-FATVO

Gazlama toʻquvchi ish jarayonida boʻyalgan ip tolalarini ogʻziga solganida yuqqan koʻkmi, qizilmi, sariqmi, boshqa rangmi, soʻlaklariga aralashib, tomogʻidan oʻtib ketsa, roʻzasi ochiladi.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

41-FATVO

Tomogʻiga chang, tutun, pashsha, chivin kabi narsalar kirsa, roʻzasi ochilmaydi. Shuningdek, ehtilom bilan ham roʻza ochilmaydi.

“Muxtasar”, “Olamgiriya”, “Izohul-Kirmoniy”.

42-FATVO

Bir-ikki tomchi koʻzyoshi yoki yuzidan oqqan ter ogʻziga kirib, tomogʻidan oʻtib ketsa, roʻzasi ochilmaydi. Ammo bu miqdordan ziyod boʻlib, ogʻzida koʻpgina shoʻrlikni sezsa, roʻzasi ochiladi.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

43-FATVO

Badanning tabiiy teshikchalaridan (ikki maxrajdan boshqa) kirgan moy, suv kabi narsalar bilan roʻza ochilmaydi. Koʻziga dori tomizganda, garchi tomogʻida uning mazasi bilinsa ham, roʻza ochilmaydi.

“Olamgiriya”, “an-Nahr”

44-FATVO

Ogʻzi toʻla qussa, kafforatsiz qazoning oʻzini tutib beradi. Bordi-yu, u qaytarishga kuchi yetmaydigan darajada kuch bilan kelsa, roʻza ochilmaydi.

“Muxtasar”, “an-Nahr”.

45-FATVO

Huqna qildirish, burun bilan dorini dimoqqa tortib yutish, quloqqa yogʻ tomizish kabilar bilan roʻza ochiladi va kafforatsiz qazo vojib boʻladi. Agar qulogʻiga suv kirib ketsa, roʻzasi ochilmaydi.

“Olamgiriya”, “Muhit”, “Hidoya”.

46-FATVO

Goʻshtni ipga bogʻlab turib yutib, darhol qaytarib tortib olsa, roʻza ochilmaydi. Bir choʻpning uchini tomogʻidan oʻtkazsa-yu, ikkinchi uchini qoʻlida ushlab turgan boʻlsa, soʻng qayta tortib chiqarsa, roʻza ochilmaydi. Ammo choʻp tomoqdan oʻtib, ichida qolib ketsa, roʻza ochiladi.

“Olamgiriya”, “Badoye”, “Xulosa”.

47-FATVO

Suv bilan istinjo qilayotganida ehtiyotkorlik lozim boʻladi. Aks holda, ostidan suv kirib, roʻzasining ochilib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.

“Olamgiriya”, “al-Bahrur-roiq”.

48-FATVO

Oq saqichni chaynab, soʻlagini yutsa ham, roʻzasi ochilmaydi, lekin makruh sanaladi. Qora saqichni chaynab, soʻlagini yutsa, roʻzasi ochiladi.

“Olamgiriya”, “Qozixon”, “Muhit”.

Izoh:

Oldingi vaqtlarda oq saqich tarkibiga hech qanday shirinlik mahsulotlari qoʻshilmas edi. Shuning uchun uni chaynaganda hech narsa ajralib chiqmasdi. Hozirgi oq saqichlar (jevachkalar) tarkibida turli xil shirinlik moddalari mavjud. Shuning uchun ularni chaynab, tupugini yutsa, roʻzasi ochiladi. Mazasi yoʻq qora saqichlar hozirda chaynalmaydi.

49-FATVO

Uzrsiz taom tuzini totib koʻrish, bozordan meva sotib olayotganda tanlash uchun totib koʻrish makruh ishlardandir. Uzrli boʻlsa, makruh emas. Masalan, erining feʼli yomonligidan taomning tuzini totib koʻrishga majbur boʻlsa, xoʻjayinning urishishidan qoʻrqib, bozor mevalarini totib koʻrib, xarid qilsa, makruh emas. Shuningdek, yosh bolaga ovqatni chaynab beradigan odam yoʻqligidan roʻzador boʻla turib, oʻzi chaynab berishi uzr hisoblangani uchun makruh sanalmaydi.

“Olamgiriya”, “an-Nahrul-foiq”.

50-FATVO

Roʻzador odamning kunduz kuni (uzrsiz) choʻmilishi, boshidan suv quyishi, suvga tushib oʻtirishi, hoʻl kiyimga oʻralib olishi, ayrim ulamolar nazdida, makruh sanalgan. Abu Yusuf (r.h.) esa, bu kabi ishlar makruh emas, deb fatvo bergan.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

51-FATVO

Saharlik qilish mustahab amallardandir. Vaqti tunning oltinchi qismi hisoblanadi. Iftorlikni shom namozidan oldin, vaqt kirishi bilan qilish, saharlikni esa, oxirgi muddatigacha davom ettirish mustahabdir. Iftorlik duosini oʻqib, ertasi kun roʻzasi uchun ham niyat qilib qoʻyish sunnat amallardandir.

“Olamgiriya”, “as-Sirojul-vahhoj”, “Meʼroj”.

52-FATVO

Ikki hayit kunlari, tashriq kunlari (qurbon hayiti arafasidan boshlab 5 kun davomida) nafl roʻza tutish makruhdir. Roʻza hayitidan keyin olti kun shavvol oyida roʻza tutish mustahab amallardandir. Lekin paydarpay emas, balki har haftada ikki kundan tutish lozim boʻladi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

53-FATVO

Bir yilning barcha kunlarida, hatto taqiq­langan kunlarida ham qoldirmay roʻza tutish makruhdir. Ammo taqiqlangan kunlari tutmay, qolgan kunlari tutsa, makruh emas. Shuningdek, iftorlik qilmasdan, bir necha kun nafl roʻza tutish ham makruhdir. Nafl roʻzaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslikdir.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

54-FATVO

Ataylab emas, balki odatda tutib yurgan kunlari davomiga toʻgʻri kelib qolsa, shanba, yakshanba, navroʻz, mehrjon kunlari nafl roʻza tutishning karohati yoʻq.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”, “Muhit”.

55-FATVO

Nafl roʻzani ayol kishi eridan ruxsatsiz tutishi joiz emas. Mardikor roʻza tutsa, ishga zarari tegadigan boʻlsa, xoʻjayindan ruxsat olib tutishi lozim boʻladi.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

56-FATVO

Musofir Ramazon roʻzasini tutmay, safardan qaytgach, kuniga – kun qazo tutib berishiga ruxsat etilgan. Lekin roʻza tutsa, qiynalmaydigan boʻlsa, yana hamrohlari ham roʻzador boʻlishsa, u ham roʻza tutgani afzal. Ammo ovqatlanish xarajatlari oʻrtada sheriklik boʻlsa-yu, hamrohlari roʻza tutmay, kunduzlari ovqatlanadigan boʻlishsa, u ham roʻza tutmagani afzal.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

57-FATVO

Musofir roʻzador holida vataniga qaytib kelsa yoki boshqa shaharda 15 kundan ortiq turishni niyat qilsa, quyosh botgunga qadar roʻzasini ochmay turadi. Agar ochib yuborsa, makruh va oʻsha kunning qazosi ham vojib boʻladi. Muqim kishi kunduzi safarga chiqadigan boʻlsa, shu kuni roʻza tutishi lozim. Agar roʻzasini ochib yuborsa, kafforatsiz qazo lozim boʻladi.

“Olamgiriya”, “Muxtasar”, “Qozixon”.

58-FATVO

Ramazon oyida tutolmay qolgan qazo roʻzalari zimmasida turib, nafl roʻza tutishi makruh emas.

“Olamgiriya”, “Meʼroj”.

59-FATVO

Agar qasddan roʻza tutmagan kuni toʻsatdan xizmat safariga chiqib ketgan boʻlsa, kafforat zimmasidan soqit boʻlmaydi. Zero, safar keyin maʼlum boʻldi.

“Olamgiriya”, “Muhit”.

60-FATVO

Bemor kishi halok boʻlishidan yoki kasali kuchayib ketishidan qoʻrqsa, roʻza tutmasligi mumkin. Keyin qazosini tutib beradi. Hatto sogʻlom holatdagi odam ham agar roʻza tutsa, kasal boʻlib qolishi ehtimoli gʻolib boʻlsa, tutmasligi joiz.

“Olamgiriya”, “Muhit”, “Muxtasar”, “Tabyin”.

61-FATVO

Homilador, bola emizadigan hamda hayz va nifosdagi ayollar roʻza tutmaydilar. Lekin keyin qazosini tutadilar. Agar ayol odati boʻyicha hayzi keladigan kuni qasddan roʻza tutmasa va oʻsha kuni hayzi kelmasa, ham qazo, ham kafforat vojib boʻladi.

“Olamgiriya”, “Zahiriya”.

62-FATVO

Agar roʻza tutsa, ochlik va tashnalikdan halok boʻlishi yoki aqldan ozishining xavfi boʻlsa, shuningdek, havoning yuqori haroratida qurilish ishlarida xizmat qilishga podshohlik tomonidan buyurilgan boʻlsa va bunday sharoitda roʻza tutish halokatga yoki aqldan ozishga olib kelishi mumkin boʻlsa, bularning har biri roʻza tutmaslikka uzr boʻladi. Keyin kafforatsiz qazosi tutilaveradi.

“Olamgiriya”, “Fathul-Qadir”.

63-FATVO

Shayxi foniy sanaluvchi erkak va ayollar roʻza tutmasdan har bir kun uchun bir miskin taomi miqdorida fidya toʻlab qoʻyadilar. “Shayxi foniy” deb, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan keksalarga aytiladi. Fidyani Ramazon oyining boshida yoki oxirida berish mumkin.

“Olamgiriya”, “Hidoya”, “al-Bahrur-roiq”.

64-FATVO

Kasallik yoki safar sababli roʻza tutmay yurgan kishi sogʻaymay yoki uyga qaytmay turib vafot etib qolsa, zimmasidan qazo soqit boʻladi. Lekin shunda ham oʻlimi oldidan merosxoʻrlariga fidya berishni vasiyat qilgan boʻlsa, uni ijro etish joiz. Qoldirgan merosining uchdan biri hisobidan fidya ajratiladi. Ammo kasal sogʻay­gandan keyin yoki musofir uyiga qaytgandan keyin qazo qilgan roʻza kunlari miqdoricha yashasa, qazolarini oʻzi tutadi. Agar tutmasdan, oʻsha miqdordagi kunlarni oʻtkazib yuborgandan ke­yin oʻlim toʻshagida yotib qolsa, fidya berishni merosxoʻrlariga vasiyat qilib qoʻyishi vojibdir. Fidya har bir kun uchun 2 kg bugʻdoy yoki 4 kg arpa, yoxud ularning qiymati miqdoridagi pul mablagʻi. Agar vasiyat qilmagan boʻlsa-yu, merosxoʻrlar oʻzlaricha fidya bersalar ham, joiz. Ammo vojib emas. Fidya oʻrniga boshqalarning roʻza tutib berishi joiz emas.

“Olamgiriya”, “Badoye”,
“Hidoya”, “Qozixon”.

65-FATVO

Nafl roʻzani ham uzrsiz ochish joiz emas. Mehmonga borish, mezbon boʻlish kabilar uzr hisoblanadi. Agar mehmondorchilik qilinayotgan joyda hech kim ranjib qolmaydigan boʻlsa, nafl roʻzasini ochmagani maʼqul. Aks holda, roʻzani ochib, keyin qazosini tutaveradi. Imom Halvoniy (r.h.) soʻziga koʻra, keyin qazosini tutib bera olishiga koʻzi yetmasa, roʻzasini ochmaydi. Yana bu gaplarga zavol vaqtigacha boʻlsagina amal qilinadi. Ammo zavoldan keyinga yetganda, katta uzr boʻlmagunicha ochmaydi. Masalan, agar ochmasa, ota-ona norozi boʻlib qolishiga sabab boʻlsa.

“Olamgiriya”, “Kofiy”,
“Muhit”, “Sharhi Viqoya”.

66-FATVO

Roʻza tutsa, namozni tik turib oʻqishga kuchi yetmaydi, oʻtirib oʻqishga majbur boʻladi. Roʻza tutmasa, namozni tik turib oʻqishga qodir. Bunday odam roʻza tutib, namozni oʻtirib oʻqiyveradi. Shunday qilganda, har ikki ibodatni bajargan boʻladi.

“Bazzoziya”.

67-FATVO

Musofir roʻza tutmagan holda uyiga qaytsa, quyosh botgunga qadar ovqatlanmay turishi vojib. Shuningdek, hayzdan kunduzi pok boʻlgan ayol, roʻzaning birinchi kuni ekani aniqlanganda shak kuni eʼtibori bilan roʻza tutmay turgan, ehtiyotsizligi bois yoki majburiy ravishda roʻzasi ochilgan kishilar baribir roʻzam ochildi-ku, deb ovqatlanavermasdan, iftorlik vaqtigacha xuddi roʻzadorlardek oʻzlarini yeb-ichish va jinsiy aloqadan tiyib turishlari vojibdir.

“Olamgiriya”, “Xulosa”, “Fathul-Qadir”.

68-FATVO

Hayz va nifosdagi ayollar, bemor va musofirlar oʻzlarini roʻzadordek koʻrsatib, roʻza tutmaganlarini odamlardan yashirishlari lozim emas.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

69-FATVO

Nafl roʻzani tutishga kirishish bilan uni ochmasdan quyosh botgunga qadar yetkazish vojib boʻladi. Agar oʻz ixtiyori yoki boshqa sabab bilan roʻzasi ochilsa, qazosini tutishi vojibdir. Masalan, nafl roʻza tutgan ayol kunduzi hayz koʻrib qolsa, roʻzasi ochilib ketgani uchun oʻsha kunning qazosi ham vojib boʻladi.

“Olamgiriya”, “Hidoya”, “Nihoya”.

70-FATVO

Qazo roʻza tutishning niyatini tong otgandan keyin qilsa, durust emas. Lekin nafl roʻza deb niyat qilsa, Imom Nasafiy (r.h.) soʻziga koʻra, joiz. Agar shunday niyat qilgandan keyin roʻzasini ochsa, qazosini tutishi vojibdir.

“Olamgiriya”, “Xulosa”.

71-FATVO

Hazrat Alining (r.z.): “Roʻzangizning birinchi kuni qurbonlik qiladigan kuningizdir”, degan soʻzlari xususida fuqaholarimiz bunday xulosa qilganlar. Masalan, “Olamgiriya”da Qurbon hayiti Ramazon oyining birinchi kuniga qarab belgilanmaydi. Yaʼni, payshanba kuni roʻza tutilgan boʻlsa, Qurbon hayitining Arafa kuni ham payshan­ba kuniga toʻgʻri kelib qolsa, aniqlanmagunicha shu kuni qurbonlik qilish joiz emas. Zero, hazrat Alining (r.z.) mazkur soʻzlari oʻsha yilning oʻziga xos boʻlib, abadiylikni kasb etmasligi mumkin, deyilgan. Xuddi shu maʼno “Qozixon”, “Bazzoziya” kitoblarida ham taʼkidlangan. Demak, obdon aniqlanmagunicha roʻza bilan qurbonlik kuni bir kunga toʻgʻri keladi, degan gapga amal qilish joiz emas. Ayrim yillarda tasodifan toʻgʻri kelib qolishi mumkin. Lekin har yili emas.

“Olamgiriya”, “Qozixon”, “Bazzoziya”.

72-FATVO

Ado etilishi farz qilingan roʻzalar oʻn uch xildir. Ulardan yettitasi kunora emas, ketma-ket tutilishi vojib. Ular Ramazon roʻzasi, xun kafforati, “zihor” kafforati, qasam kafforati, Ramazon roʻzasi kafforati, muayyan nazr va muayyan qasam roʻzalari. Olti xil roʻzada paydar-pay tutish vojib emas. Ular – Ramazon roʻzasining qazosi, tamattuʼ hajining “mutʼa” roʻzasi, hajda sochini muayyan vaqtidan oldin oldirgani uchun tutiladigan roʻza, hajda ov qilib qoʻygani uchun tutiladigan roʻza, mutlaq (tayinsiz) nazr roʻzasi va qasam roʻzasi. Ramazon oyida qazo boʻlgan roʻza kunlarini uzluksiz tutish-tutmasligi ixtiyoriy boʻlsa-da, birin-ketin tutgani yaxshi. Bunda zimmasidagi qarzini tezroq ado etgan boʻladi.

“Olamgiriya”, “al-Bahrur-roiq”, “as-Sirojul-vahhoj”.

73-FATVO

Laylatulqadr kechasi Abu Hanifa (r.h.) nazdida, Ramazon oyida kechadi. Lekin muayyan bir kechada emas. Baʼzan oldin, baʼzan keyinroq kelaveradi. Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) nazdida, har yili muayyan bir kechada keladi. Laylatulqadr kechasini topib, undan bahramand boʻlishga harakat qilish mustahab amallardandir.

“Olamgiriya”, “Meʼroj”, “Fathul-Qadir”.

Izoh:

Imom Bagʻaviy tafsirida yozishiga koʻra, Ramazon oyining nechanchi kechasi Laylatul-qadr ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Lekin sahobalar Rasuldan (a.s.) uni aniqlab berishlarini soʻrayverganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi oʻn kunligida, deb, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar. Oxiri bu muborak kechaning alomatlarini aytganlaridan soʻng 27-kecha degan xulosaga kelishgan.

74-FATVO

Ramazon oyi tugab, hayit kunining tongi yorishishi bilan fitr sadaqasini berish vojib boʻladi. U 2 kg bugʻdoy yo mayiz, 4 kg xurmo yoki arpa, yoxud ularning qiymati deb belgilangan. Fitr sadaqasi zakot nisobi miqdorida boyligi boʻlgan musulmonlar zimmasiga vojibdir. Bunda zakotdagi kabi boyligining oʻsib turishi (numuv) shart emas. Demak, nisobga ega, lekin zakot berishi vojib boʻlmagan kishilar ham fitr sadaqasini berishlari kerak. Uni oʻz hisobidan va balogʻatga yetmagan faqir bolalari nomidan beradi. Xotini, katta yoshdagi bolalari va boy farzandlari uchun berishi vojib emas. Balki ularning oʻzlari berishadi. Fitr sadaqasini beruvchi odam sadaqa qabul qilmaydi, zimmasiga qurbonlik va yaqin qarindoshlarining nafaqasi ham vojib boʻladi. Fitr sadaqasini hayit kuni bera olmagan odam zimmasidan soqit boʻlmaydi, balki keyinroq boʻlsa ham uni ado etadi.

“Muxtasarul-Viqoya”.

Izoh:

Mabodo kishi xotini, katta yoshdagi farzandlari nomidan fitr sadaqasi bermoqchi boʻlsa, joiz. Lekin ularga bildirib qoʻyishi lozim.

Manba muslim.uz

. .