EKSTREMIZM – QABOHAT O‘CHOG‘I
Muallif: . .
Sana: 24.05.2023
269

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir. Ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo‘lishidir. Mutaassiblik muayyan g‘oyalarning to‘g‘ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “o‘zgalar” va “o‘zgacha” qarash va g‘oyalarga murosasiz munosabatda bo‘lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo‘nalishlar orasida keskin nizo va to‘qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirlib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o‘tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko‘pchilikka ayon haqiqatdir. Ayniqsa, “jihodchi” guruhlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Turli internet saytlari, “Odnoklassnik”, “Twitter” kabi ijtimoiy saytlarda tashkil etilgan turli nomlardagi forum va guruhlar, “You Tube” portalidan keng foydalanilmoqda. Mazkur guruhlarning targ‘ibotchilari ko‘p vaqtini internetda o‘tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o‘z saflariga qo‘shish maqsadida ular bilan go‘yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” suhbatlar olib boradilar. So‘ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o‘tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko‘rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “yechimi” sifatida “kofirlarga” qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun esa avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Bilimsiz, o‘z mustaqil fikri va atrofdagi hodisalarni tahlil etish malakasiga ega bo‘lmagan yoshlar bunday da’vatlarga uchib, aqidaparast oqimlarga moyil bo‘la boshlaydilar. Qisqa qilib aytganda “ijtimoiy tarmoqlar” “ekstremistik qarmoqlar” vazifasini o‘tamoqda.

Qur’oni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi:

Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay”.

Xulosa, Yuqorida qayd etilganidek, ekstremistik tashkilotlarning aksariyati o‘z nomini muqaddas islom dini bilan bog‘lashga urinadi. Ular o‘zlarini “najot topgan guruh”, qolgan musulmonlarni esa kofir deb hisoblaydilar.

Islom” so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri “tinchlik” bo‘lib, u hech qachon buzg‘unchilikka, qotillikka undamagan va undamaydi ham. Zamonaviy terrorchilar esa buzg‘unchilik va qotillik, odamlarni dahshatga solishni o‘zlarining maslaklariga aylantirib olganlar.

Alloh taolo barchalarimizni o‘zi to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Mamadaliyev Mahmudxon

. .