
Muborak Ramazon oyida yurtimizdagi kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turgan xonadonlar vakillari, faxriylar davlat tomonidan berilgan yoʻllanma asosida Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida Umra ziyoratini amalga oshirmoqdalar.
Samarqand viloyatidan ham 100 nafar yurtdoshimizga bu baxt nasib etdi va ularning birinchi guruhdagi 50 nafari qutlugʻ ziyoratni ado etib yurtimizga qaytib keldi.
— Kabatullohni, paygʻambarimizni ziyorat qilish har bir moʻmin va muslima uchun eng katta orzu hisoblanadi, – deydi Kattaqoʻrgʻon tumani Madrasa mahallasida yashovchi Sabohat Roʻziyeva. – Men ham butun umr shu niyat bilan yashab kelayotgan edim. Ulugʻ safarga borib kelganlarni ziyorat qilgani borganimda ilohim meni ham shunday kunlarga yetkazsin, deb niyat qilardim. Niyat qilardimu, oʻzim ishonmasdim. Sababi bu safar uchun qoʻlim kaltalik qilar, topganimiz roʻzgʻordan ortmasdi. Qolaversa, bunga sharoitim ham yoʻq edi. Qirq yil nogiron farzandga qaradim. Ming afsus jigarbandimning umri qisqa ekan, yaratgan egam oʻzi berdi, oʻzi qaytarib oldi. Uch nafar yetimning boshini siladim. Balki shu azoblarimga Allohimning marhamatidir, Prezidentimizning gʻamxoʻrliklari tufayli 75 yoshimda davlat hisobidan muqaddas ziyoratga borish nasib qildi. Mahalladan kelib, shu xabarni aytishganida, ishonmadim, koʻzimdan duv-duv yosh oqdi. Xuddi tush koʻrayotgandek edim. Hokimlarimizga rahmat, oʻzlari hujjatlarimni tayyorlab, kuzatib qoʻyishdi. Madina va Makkani ziyorat qilib, rahbarlarimizni duo qildik, yurtimizga, xalqimizga tinchlik-xotirjamlik soʻradik. Ilohim, bizni qoʻllaganlarni Alloh siylasin, Prezidentimizning umrlari uzoq boʻlsin.
Bulungʻurlik Akrom otaning ham kuch-quvvatga toʻla damlari jamoa xoʻjaligida oʻtgan. 42 yil mexanik, mexanizator boʻlib ishlagan. 8 nafar farzandni halol mehnat bilan oʻstirib, uyli-joyli qilgan. Pensiyaga chiqqanidan keyin esa oʻn yildan ortiq vaqtdan buyon Kildon qishlogʻidagi masjidda xizmat qilib kelmoqda. Bu maskanni obod qilishga hissa qoʻshmoqda.
Akrom ota davlat tomonidan berilgan Umra safari yoʻllanmasi asosida olti nafar bulungʻurlik ziyoratchilar qatorida bu ulugʻ amalni bajarib keldi.
— Ramazon oyida Allohning baytini ziyorat qilib kelish imkoniyati Prezidentimizning biz uchun juda katta sovgʻasi boʻldi, – deydi Akrom Parmonov. – Buning uchun barchamiz tunu kun yaratganga shukrona aytib, davlatimiz rahbarlarini duo qildik, ulugʻ joylarda turib, yurtimizdagi tinchlikni bardavom qilishini, xalqimiz omon boʻlishini Allohdan soʻradik. Biz uchun bunday ziyoratlar ushalmas orzu edi, yurtboshimizning insonparvar siyosati tufayli orzularimiz amalga oshdi. Barcha yurtdoshlarimizga shunday ibodatlarni bajarish nasib qilsin.
Samarqandlik ziyoratchilarning ikkinchi guruhi bugun tunda yurtimizga qaytib keladi.
Gʻ.HASANOV, OʻzA
Manba muslim.uz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
