TABIBLARNI SARALASH
Muallif: . .
Sana: 30.03.2023
240

Qadimdan bemorlarga qaraydigan, ularni davolashga urinadigan shaxslarning mas’uliyati haqida tortishib kelingan.

Ko'pchilik holatlarda tabiblarning masʼuliyati qattiq nazorat ostiga olingan, muolajasi zarar keltirgan tabiblarga nisbatan u yetkazib qo'ygan zararning miqdoriga qarab, uning qo'lini kesish yoki hatto qatl qilish kabi jazolar qoʻllangan. Albatta, bunday hukmlar kishilarning tib bilan shug'ullanishdan oʻzlarini olib qochishlariga sabab bo'lgan.

Boshqa ba'zi holatlarda tabib tamoman mas'uliyatdan ozod qilingan. Bu holatda esa bemorlar zarar koʻrgan. Mas'uliyatni sezmagan tabiblar nimani xohlasa, shuni qiladigan bo’lib ketganlar. Islomda bu masala ham oʻziga xos ajoyib uslub bilan hal qilingan.

Dastlabki paytlarda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning imom Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Hokimlar Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan

قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " مَنْ تَطَبَّبَ وَلَمْ يُعْلَمْ مِنْهُ طِبٌّ قَبْلَ ذَلِكَ فَهُوَ ضَامِنٌ ".(رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَ النَّسَائِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو).

Kimki o'zi tib bilmagan holda o'zicha tabiblik qilsa, zolimdir, degan mazmundagi hadislariga amal qilingan. Ya'ni kimda tibga layoqati bo'lmay turib, o'zboshimchalik bilan tabiblik qilsa, yetkazgan har bir zarari uchun javobgar bo'ladi. Tibni bilmaydigan odam unga umuman yaqin ham kelmangan. Tibni bilganlar esa iymon va ixlos, sidqidildan xizmat qilganlar.

Keyinchalik, zamon o'zgarib, insonlar ham, tibni davo qilguvchilar ham ko'payib, haqiqiy tabibdan tabiblikni da’vo qiluvchini ajratib bo'lmaydigan holga yetganda bu masala jiddiy tarzda hal etilgan.

Hijriy 311, milodiy 931 sanada halifa Muqtadir tabiblarni imtixondan o'tkazishga farmon chiqardi. Bu ishga Sinan ibn Sobitni rais qildi. Mashhur tabiblardan va podshoh saroyidagilardan tashqari, 860 tadan ortiq tabib Bag'dodning o'zida imtixondan o'tkazildi va shahodatnoma oldi.

Mashhur tabiblarni va podshoh saroydagilarni ham qo'shganda birgina Bag'dod shahridagi tabiblarning soni qanchaga yetishini Alloh taoloning O'zi biladi. O'sha vaqtda aholi soni xozirgiga nisbatan juda ham oz bo'lganligi e'tiborga olinsa, musulmon o'lkalarda tib qay darajada rivojlanganini bilib olish mumkin. Bu holatni yana ham oydinroq anglash uchun o'sha paytning o'zida Yevropaning Reyn mavzesida atiga bitta ham tabib bo'lmaganini bilish kifoya qiladi.¹

Bizni ajdodlarimizni ilm fanda qay darajada dunyoda boshqalarga nisbatan ilg'orlab ketganini bittagina shu tib sohasidan qiyoslab bilsak bo'ladi. Achinarlisi bugunga kelib hamma sohada deyarli boshqalarning tajriba izlanishlariga suyanishdan boshqaga yaramay qoldik.

Toshmirzayev Farxod
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

¹ Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,. Olam va odam, din va ilm.

. .