
Ilk vahiy vaqtda Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qanday suratda kelgan? Rivoyatlardan ma’lum bo‘ladiki, Jabroil alayhissalom Hiro Gʻoriga kelganida o‘zining mukammal ko‘rinishida ham, to‘liq inson shaklida ham emas edi. Balki mana shu ikki holatning o‘rtasidagi qiyofada edi. Ya’ni qanotlari bor edi. Lekin to‘liq farishta shaklida emas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomni o‘sha paytda shu holatda ko‘rganlar. Biroq boshqa paytlarda nihoyatda ko‘p qanotli farishta asliy ko‘rinishida ham ko‘rganlar. Jabroil alayhissalom kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «O‘qi!», deb buyurdi. Bir kishi «o‘qi!» desa, biz oldimizdagi kitobdan o‘qiymiz. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida o‘qish uchun biror narsa bormidi? Chunki odatda oldida o‘qish uchun biror narsa bo‘lgan insonga «o‘qi!» deb buyruq beriladi?! Ba’zi rivoyatlarda aytilishicha, Jabroil alayhissalom o‘zi bilan bir necha kalimalar yozilgan lavha olib kelgan va shunga ishora qilib: «O‘qi!» deb buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bunga javoban: «Men o‘qiguvchi emasman», «ummiyman», ya’ni «o‘qishni bilmayman», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqida: «Jabroil alayhissalom meni ushladilar va siqdilar. Hatto, u farishta meni siqa-siqa nihoyatda qattiq mashaqqatga yetdi. So‘ng meni qo‘yib yubordi va yana: «O‘qigin!» dedi. Men o‘qiguvchi emasman», dedim». Ya’ni takroran yuqoridagidek harakatlar bo‘ldi. Uchinchi bora ham ushladi, siqdi va Alaq surasining ilk besh oyatini tilovat qilib: «Oʻqi!» dedi.
Jabroil alayhissalom nima uchun vahiyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazmay Rasululloh alayhissalomni uch bor siqib, qiynab, keyin o‘qib berganligi borasidagi asli haqiqat-hikmatni Alloh taoloning O‘zi biladi. Biz buni «Aynan falon maqsadda qisgan», deya olmaymiz. U zot alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni nima uchun qisgani, so‘ng nima maqsadda qo‘yib yuborgani haqida rivoyatlarda ochiq biror narsa deyilmagan. Shuning uchun bu to‘g‘rida ishonch bilan biror narsa deyish mushkul.
So‘fiylar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni siqishdan maqsad U zotning tavajjuhlarini oshirish edi», deyishadi. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bundan keyin qabul qilishlari lozim bo‘lgan vahiylarga tayyorlash maqsadida unday yo‘l tutgan.
Roʻzmuhammedov Sardor
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
