VATANGA MUHABBAT
Muallif: . .
Sana: 09.03.2023
5016

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Vatanparvarlik maʼlum va mashhur tamoyil boʻlib, u insonning oʻz Vataniga muhabbatini, uni asrab-avaylashga boʻlgan ishtiyoqini anglatuvchi axloqiy tushunchadir. Yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash esa hech qachon oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan masala hisoblanadi.

Vatanparvarlik tamoyili Vatan tushunchasini fidoiylarcha idrok etish, muayyan hudud va xalqqa muhabbat hissi singari omillar bilan bogʻliq.

Bu tamoyil xayoliy tuygʻuga emas, balki muayyan zamonga, muayyan vatandosh insonlarga boʻlgan muhabbatga asoslangan axloqiy xatti-harakatlar majmuidir.

Vatanparvarlik aniq muhitda, zaminda va mavjud maʼnaviy–axloqiy qadriyatlar asosida shakllanadi. Shaxs vatanparvarlik tuygʻusini yaratmaydi, balki, uni tayyor holda qabul qiladi. Chunki vatanparvarlik uzoq tarixiy rivojlanish jarayonida shakllanadigan ijtimoiy tuygʻudir.

Vatanparvarlik kishilarning ijtimoiy va maʼnaviy axloqiy xislatlarining, fazilatlarining yuksak darajada namoyon boʻlishi hisoblanadi. Zero, ular negizida ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, urf-odatlarni, qadriyatlarni saqlash, el-yurt ravnaqi uchun chin dildan mehnat qilib, Vatanni dushmanlaridan himoya qilish, har qanday qaramlikdan ozod etish, hatto zarur boʻlsa, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslik kabi ezgu gʻoyalar yotadi.

Muqaddas dinimizda Vatanni sevish imonning belgisi ekani aytiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkadan Madina shahriga ko‘chib ketayotib yig‘ladilar. Mahzun holda ona shahri Makkaga qayta-qayta qarab: “Qasamki, albatta, sen Allohning eng yaxshi makonisan va Allohning eng mahbub shahrisan. Agar meni sendan chiqarmaganida, aslo chiqmasdim”, deganlar (“Fathul boriy”).

Payg‘ambarimiz ona shahridan chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Lekin doim o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Makka sari talpinar edilar. Alloh taoloning: «(Ey Muhammad!) Albatta, sizga (ushbu) Qur’onni farz qilgan Zot, shakshubhasiz, sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir» (Qasas surasi, 85oyat) oyati nozil bo‘lgach, taskin topdilar.

Moʻtabar hadis kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytayotib Madina ko‘chalarini ko‘rgan vaqtlarida tuyalarini niqtaganlari keltirilgan. Imom Humaydning rivoyatida: “Madinani sevganlaridan ulovni niqtardilar”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “Fathul boriy fi sharhi Sahihil Buxoriy” asarida ushbu hadisni sharhlab: “Bu hadis Madina shahrining fazlini bildirish bilan birga, Vatanni sevish zarurligiga ham ishora qiladi”, deganlar.

Vatanparvarlik jamiyatimizdagi barcha insonlarni, millat va elatlarni birlashtiruvchi eng muhim omil ekanligi hammamizga ma’lum. Mashhur olim M.E.Saltikov-Shchedrin “Vatanparvarlikning tarbiyaviy ahamiyati juda katta, bu kishini bashariyat haqidagi g’oyalar bilan ulg’aytiradigan maktab” ekanligini ta’kidlaydi. Umuman olganda, vatanparvarlik haqida turli davrlarda gapirilgan, bundan keyin ham fikrlar xilma-xilligi paydo bo’laveradi. Biroq hammasidan ham avval vatanparvarlik deya bong uriladigan tushunchaning mohiyatini bilib olmoq maqsadga muvofiqdir.

Vatanparvarlik deganda, avvalo, ona zaminga bo’lgan muhabbat, uni sevish, ardoqlash va ravnaqi uchun g’amxo’rlik qilish tushuniladi.

Mustaqil yurtimiz fuqarolari, xususan, yoshlari ruhiyatida vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish ularni rivojlangan demokratik, adolatli va huquqiy jamiyatni barpo etishning muhim kafolati sanaladi. Shuning uchun vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish butun tarbiyaviy ishimizning muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishi lozim.

Muxtasar aytganda, bugun Vatanimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini faqat ko‘rish, kuzatish emas, balki munosib hissa qo‘shishimiz lozim. Axir, doimo ezgu ishlarning payida bo‘lish mo‘min kishining sifatiku.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Ro‘zimuhammedov Sardor


. .