GUNOHLARNING QISMLARGA BOʻLINISHI VA BANDANING SIFATLARI
Muallif: . .
Sana: 02.03.2023
354

Bilingki, insonning sifatlari va xulqlari koʻpdir. Gunohlarning kelib chikishi ushbu toʻrtta sifatga borib taqaladi:

a) rububiylik sifatlari (yaratuvchiga xos sifatlar);

b) shaytoniylik sifatlari;

v) hayvoniylik sifatlari;

g) yovvoyilik sifatlari.


Inson yaratilishi har xil aralashmalardan qorilgan. Hammasi oʻz taʼsiriga ega, bamisoli shakar, sirka va zaʼfaron qorishmasida turli taʼsirlarga ega boʻlganidek kibr, faxr, gʻurur, maqtovni sevish, behojatlikni yaxshi koʻrish, boqiy qolishni orzu qilish, hammadan ustun boʻlishni istash, hatto “men sizning parvardigoringizman”, degan darajagacha borish kabilar rububiylik sifatlariga ishtiyoqni qoʻzgʻaydi. Barcha gunohi kabiralar mana shu nuqtadan yoyiladi. Koʻpchilik bu gunohlardan gʻofil boʻlib, ularni gunoh sanamaydi. Aslida ular shaksiz halokatga olib boruvchi eng katta gunohlar boʻlib, aksar jinoyatlarning onasidir. Hasad, zulm-sitam, hiyla, aldamchilik, fasod va makrga buyurish, tovlamachilik, munofiqlik, bidʼat va zalolatga daʼvat qilish kabilar shaytoniy sifatlardan tarqaladi. Qizgʻanchiqlik, ochkoʻzlik, zino, oʻgʻirlik, yetimlarning moliga xiyonat, dunyo orttirishga mehr kabilar hayvoniy sifatdan tugʻiladi. Yovvoyilik sifati esa, gʻazab, nafrat, odamlarga qoʻl koʻtarish, soʻkish, oʻldirish, mol-mulkni zoeʼ qilish kabi illatlarni paydo qiladi. Barcha gunohlar mana shu sifatlardan tarmoqlanib, yoyiladi. Bu sifatlar inson fitratida asta-sekin harakatlanib biri ikkinchisiga yoʻl ochadi.

Bilinki, gunohlar ikki kismga ajraladi:

- banda va Alloh taolo orasidagi gunohlar;

- bandalarning haqlariga taalluqli gunohlar.


Namozni, roʻzani, maxsus vojiblarni tark etish nafsga taalluqli gunohdir,

mol-mulkka bosqinchilik qilish, or-nomusni toptash bandalarning haqlariga taallukli gunohlardir. Shuningdek, bidʼat amallarga chaqirib, gunohlarga ragʻbat uygʻotish oʻzgalarning haqlariga tajovuz sanaladi.

Alloh taolo mehribon Zot, Oʻzi va bandalari orasidagi gunohlarni hohlasa magʻfirat qiladi, hohlasa azoblaydi

{ وَلِلَّهِ مَا فِی ٱلسَّمَـٰوَ تِ وَمَا فِی ٱلۡأَرۡضِۚ یَغۡفِرُ لِمَن یَشَاۤءُ وَیُعَذِّبُ مَن یَشَاۤءُۚ وَٱللَّهُ غَفُورࣱ رَّحِیمࣱ }

(Oli Imron surasi: 129)

Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Xohlagan kishini magʻfirat qiladi va xohlagan kishini azoblaydi. Alloh gunohni magʻfirat qiluvchi va rahmli zotdir.

Ammo banda bilan banda oʻrtasidagi muomilalarda haqdor banda kechirmagunga qadar Alloh taolo ham kechirmaydi. Boshqalarni haqlarini poymal qilib, ularning mollarini nohaqliq bilan yeb, buni oʻzlariga uddaburonlik sifati bilan sifatlayotganlar erta qiyomat kuni muflis “bankrot” holatta tiriladilar. Hadisi sharifda Paygʻambarimiz alayhissalom shunday marahamat qildilar:

Muflis (hech voqosi yoʻq) kim bilasizlarmi? Sahobalar: bizning oramizda biror narsasi, biror dirhami boʻlmagan kishi muflisdir, deyishdi. Shunda Rosululloh alayhissalom: Mening ummatimdan haqiqiy nochorlar shunday kishilarki, Qiyomat kunida namoz, roʻza, zakotlari bilan kelishadi, shu bilan birga, dunyo hayotida birovni soʻkkan, yana birini ayblagan, boshqa birining molini yegan va yana boshqasining qonini oqizgan, yana birini nohaq urgan. Bas unday kishining yaxshi amallari qiyomat kunida ana usha haqdoriga olib beriladi. Agar haqdorning har biriga haqlari olib berilgunga qadar yaxshi amallari tugab qolsa, ularning gunohlari olinib bunga yuklanadi, soʻngra doʻzaxga uloqtiriladi”,-dedilar.

Alloh taolo barchalarimizni gunohlardan tavba qiluvchi, oʻzgalarning haqqidan qurquvchi bandalaridan boʻlishligimizni nasib aylasin.

Mamadaliyev Mahmudxon

Mir Arab oliy madrasasi 4- bosqich talabasi

. .