MIR ARAB MADRASASINING YANGI DAVRI BOSHLANDI
Muallif: . .
Sana: 21.02.2023
993

Qadim sharq manaviy sivilizatsiyasining beshiklaridan hisoblangan, Qubbatul islom deya sharaflangan Buxoroi sharif azaldan ilmu marifat, dinu irfon markazlaridan biri sifatida dovrugqozongan. Buyuk ipak yo‘lining markaziy chorrahasi sifatida dunyo ahlini o‘ziga jalb etgan qadimiy maskanda nafaqat savdo-sotiq, madaniyat, balki ilm-fan, shu jumladan, islom ma’rifati ham taraqqiy etgan.

“Buxoro tarixi” asari muallifi Muhammad Narshaxiyning guvohlik berishicha, islom olamidagi ilk madrasalardan biri Buxoroda tashkil etilib, “Farjak” nomi ostida faoliyat yuritgan. Keyinchalik esa ushbu ilmiy an’analar yanada taraqqiy topib, Buxoro madrasalari o‘ziga xos xalqaro universitet maqomida fiqh, tasavvuf, hadis ilmi singari diniy, aljabr, handasa (geometriya), tibbiyot singari dunyoviy fanlar ta’limida yetakchi bo‘lgan.

Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab madrasasining nafaqat sharq islom ma’naviyati, balki butun jahon ilm-ma’rifatiga qo‘shgan ulkan hissasi barcha buxoroliklar qalbini faxr va iftixorga to‘ldiradi. Bu dargohda tahsil olib, butun musulmon olamiga tanilgan Shahobiddin Marjoniy, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Rahmatulloh qori Obidov, Usmonxon Alimov, Olloshukur Poshshozoda, Talgat Tojuddin, Ahmad Qodirov kabi mo‘’tabar ulamolar o‘z vaqtida mintaqada din sofligini ta’minlash, muqaddas dinimizni niqob qilib o‘z siyosiy nayranglarini o‘tkazmoqchi bo‘lgan g‘ayriinsoniy kuchlarga qarshi ma’naviy kurash olib borish, uni turli firqalarga bo‘linishdan asrash, sof islom ma’rifatini keng targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatib, o‘z yurtlarida tinchlikni ta’minlashda munosib hissa qo‘shgan.

Ayni paytda ana shunday ezgu an’analar ruhi bilan sug‘orilgan madrasa yanada yangicha kuch va g‘ayrat bilan o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ayniqsa, istiqlol yillarida Buxoro yana islom ma’rifati markazlaridan biri maqomini egallashga harakat qilmoqda. Mazkur maqsadda bugun viloyatda uchta madrasa, 100 dan ortiq islomiy yo‘nalishdagi diniy tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Har uch imoratning bittasi madrasa, har to‘rt kishining biri olim-fuzalo bo‘lgan bu zaminda ilmga nisbatan qattiq ixlos tufayli birorta uy, saroy yoki boshqa bino madrasa-masjiddan baland etib qurilmagan.

Shu bois ham xuddi zamonaviy dunyodagi Harvard, Oksford universitetlari kabi ko‘hna sharqda Buxoroda, ayniqsa, Mir Arab madrasasida tahsil olish komillikning eng cho‘qqisi, yuksak rutba sifatida e’tirof etilgan.

Ammo istibdod yillari xalqimizning ma’rifiy buloqlar ko‘zi yopildi. Mahobatli madrasa va masjidlarimiz xarobaga aylantirildi.

Istiqlol yillarida barcha qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Obidalar obod qilindi, 70 yil davomida nomi turli istehzoli miflar bilan tilga olinuvchi tabarruk avliyolarimiz chinakam siyrati qayta tiklanib, ular ma’naviy merosi tadqiq etila boshlandi.

Biroq shu o‘rinda yana bir jihatni alohida ta’kidlash joizki, ayrim diniy ekstremistlar, g‘arazli maqsadi yo‘lida islomni niqob qilgan kimsalar kasriga ma’rifat xazinasi bo‘lgan dindan cho‘chish, islomiy ilmlardan so‘z ochgan kishiga ayricha nigoh bilan qarash hollari bo‘ldi.

Chinakam islom ma’naviyati hamda dinni niqob qilgan ekstremistlarning yot g‘oyalarini bir-biridan anglash uchun avvalo islom ilmidan boxabar bo‘lish kerak.

Shu maqsadda bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan muqaddas dinimizni mukammal o‘rgatishga yo‘naltirilgan qator maktab va boshqa muassasalar tashkil etilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida ahvolni ko‘rgan, madrasaning tarixiy mavqeini tiklashni maqsad qilgan edi. Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Buning uchun Ark yaqinida yangi bino barpo etildi va yaqinda foydalanishga topshirildi.

Buning natijasida qisqa vaqt ichida oliy madrasa faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda 2017-2018 o‘quv yili uchun talabalarni qabul qilish uchun tanlov e’lon qilindi. Oliy madrasaning ilk o‘quv yilida o‘qishga kirish uchun 152 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, “Fiqh”, “Aqoid” va “Arab tili” fanlaridan ijodiy, “Tarix” fanidan test imtihoni natijalari bo‘yicha ularning 60 nafari talabalikka qabul qilindi.

Dastlab Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi hududida faoliyat yuritayotgan o‘quv maskanda talabalarga tasavvuf, tajvid singari diniy ilmlar bilan birga tarix, ingliz tili kabi dunyoviy fanlardan ham saboq berildi.

Bugun esa davlat rahbarining tashabbusi bilan eng zamonaviy ta’lim jihozlari va texnologiyalari bilan ta’minlangan oliy madrasada ilmu toliblar uchun barcha sharoit yaratildi. elektron va bosma adabiyotlar bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi, yotoqxona talabalar ixtiyorida.

– Oliy madrasa 200 o‘ringa mo‘ljallangan, – deydi Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir Elov. – Bu yerda Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. bugungi kunda jami 107 nafar talaba ta’lim olmoqda. Talabalar darsdan bo‘sh paytlarida xattotlik, qiroat va tajvid, ingliz tili, rus tili, arab tili, aqoid fanlaridan tashkil etilgan to‘garaklardan unumli foydalanmoqda. Shuningdek, oliy madrasa huzurida “Tasavvuf” ilmiy maktabi, Xattotlik maktabi va “Arab tili” o‘quv kurslari ham faoliyat yuritmoqdaki, bu nafaqat ushbu madrasa tolibi ilmlari, balki boshqa qiziquvchilarning ham mazkur ilmlardan boxabar bo‘lishini ta’minlamoqda.

Albatta, ta’lim maskanining moddiy-texnik bazasi kuchayishi bu yerda tahsil oluvchilar qamrovining kengayishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa qadimdan ilmu ma’rifat beshigi sifatida ulug‘langan Buxoroi sharifning Islom ilmi manbai sifatidagi o‘rni qayta tiklanishi va minglab ko‘ngillarga ma’naviyat ziyosini baxsh etishining amaliy tasdig‘idir.

Mir Arab madrasasining Islom ma’naviy sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ummonga qiyoslash mumkin. Ushbu ummonni biz nechog‘lik chuqur tadqiq etaversak, shu qadar ko‘p irfoniy duru marvaridlarni kashf etaveramiz.

Davlatimiz rahbarining kuni kecha – 17 fevral kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasini borib ko‘rishi, talabalar bilan suhbatlashishi, aytish mumkinki, madrasa tarixida yangi rivojlanish davri boshlanganini ko‘rsatadi.

Manba O‘zA


. .