NABIY ALAYHISSALOMGA SALOVOT AYTISH FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 25.03.2024
459

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz alayhissalomga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Quyida Nabiy alayhissalomga salovat aytishning o‘n bitta fazilatlarini batafsil keltirib o‘tamiz. Shoyad, o‘quvchi ushbu ma’lumotlarni o‘qib-o‘rganib amal qilish ila nafaqat ushbu oyda balki yilning har qaysi qismida ulkan savoblar hamda fazilatlar sohibi bo‘lsa.

  • 1.Nabiy alayhissalomga o‘n bor salovot aytuvchi kishi haqida:

Imom Muslim va Sunan sohiblari Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Kim menga bir bor salovot aytsa Alloh taolo unga o‘n marta salovat aytadi”, deb marhamat qilganlar.

Imom Ahmad Abdurohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot aytadi: “Kunlarning birida Nabiy alayhissalom chiqdilar. Men u zotga ergashdim, u zot xurmozorga kirdilar va u yerda sajda qildalar. Sajdalari judayam uzoq muddat davom etganidan men “Alloh taolo u zotning jonlarini qabz qildi”, deb o‘ylab qo‘rqib ketdim. So‘ng shu asnoda u zotning oldilariga bordim. Nabiy alayhissalom boshlarini ko‘tarib: “Senga nima bo‘ldi ey Abdurahman”, deb so‘radilar. Men u zot borasida o‘ylagan narsamni aytib berdim. So’ngra Nabiy alayhissalom: “Darhaqiqat, Jabroil kelib xabar berdiki: “(Ey Muhammad) Sizga bir hushxabar aytaymi?! Alloh azza va jalla: “Kim sizga salovat aytsa, Men unga salovat aytaman, hamda kim sizga salom yo‘llasa Men ham unga salom yo‘llayman”, deb aytdi”. Boshqa rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Bas shu sababli Robbimga shukr qilib sajdaga yiqildim”, deb aytgan ekanlar.

  • 2.Nabiy alayhissalomga salovat aytgan kishiga u zot alayhissalom o‘zlari ham salovat aytishlari haqida:

Imom Tabaroniy “Mo‘jamul avsad” nomli kitobida Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilib keltiradi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir bor salovat aytsa, uning salovati menga yetkaziladi. So‘ngra men ham unga salovat aytaman. Bundan tashqari u uchun o‘nta hasanot bitilajak”, deb aytdilar.

  • 3.Nabiy alayhissalomga salovat aytgan kishiga farishtalar ham salovat aytishlari haqida:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Menga juma kunida salovatlaringizni ko‘paytiringlar! Chunki Jabroil farishta hozirgina Robb taolodan xabar keltirdi. Alloh taolo: “Yer yuzidagi biror musulmon sizga bir bor salovat aytsa Men va farishtalar unga o‘n bor salovat aytamiz”, deb aytdi”. Imom Munziriy ushbu hadisni Imom Tabaroniy rivoyat qilganini aytgan.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo aytadi: “Kim Nabiy alayhissalomga bir bor salovat aytsa, Alloh taolo va Uning farishtalari o‘sha kishiga yetmish bor salovat aytur”. Imom Munziriy ushbu hadisni Imom Ahmad hasan isnod ila rivoyat qilgan deb aytgan.

Omir ibn Robi’a quyidagi hadisni otasidan rivoyat qilib aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xutba qilish asnosida: “Kim menga salovat aytib, ushbu salovatini doimiy qaytarar ekan farishtalar ham unga to‘xtovsiz salovatlar aytadi”, deb aytganlarini eshitganman”. Ushbu hadisni Imom Ahmad, Ibn Abu Shayba, Ibn Mojalar rivoyat qilishgan. Hadisning darajasi Imom Haysamiy aytganidek hasan hadislar sirasidan hisoblanadi.

Boshqa rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Biror banda menga mudom salovot aytar ekan farishtalar ham unga to‘xtovsiz salovat aytur. Bas kishi hohlasa ko‘paytirsin, hohlasa kamaytirsin”, deb aytganlar.

  • 4.Salovat aytgan kishining darajalari ko‘tarilishi hasanotlari ziyoda bo‘lishi hamda gunohlari o‘chirib yuborilishi haqida:

Imom Nasoiy va Imom Tabaroniy Abu Burda ibn Niyar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan biror kishi chin ixlos ila bir bor salovat aytsa, Alloh taolo unga o‘n marta salovat aytadi, darajasini o‘n daraja oshiradi, (nomai a’moliga) o‘nta hasanot bitadi hamda undan o‘nta gunohini o‘chirib yuboradi”, deb aytdilar.

Abu Talha al-Ansoriy roziyallohu anhu aytadi: “Kunlarning birida Nabiy alayhissalom hush kayfiyatlari yuzlaridan balqib turuvchi holatda tong ottirdilar. Sahobalar: ‘Ey Allohning Rasuli nima uchun bugun hush kayfiyatingiz yuzingizdan bilinib turuvchi holatda tong ottirdingiz?’, deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Ha, shunday, bir elchi Alloh taolodan bo‘lgan xabarni yetkazib aytdi: “Ummatingizdan qay kishi sizga bir bor salovot aytsa Alloh taolo unga o‘nta hasanot bitadi, o‘nta gunohlarini o‘chiradi, darajasini yuqoriga ko‘taradi hamda unga o‘n bor salovot aytadi”, deb aytdilar. Imom Munziriy “Targ‘ib” nomli kitobida ushbu hadisni Imom Ahmad va Imom Nasoiylar rivoyat qilganini aytgan.

Ushbu hadis Imom Ahmaddan kelgan boshqa rivoyatda quyidagicha zikr qilingan: “Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi avsallam yuzlarida xursandchilik alomati bo‘lgan holatlarida keldilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, yuzingizda xursandchilik alomatini ko‘ryapmiz?”, dedilar. U zot alayhissalom aytdilar: “Meni huzurimga farishta kelib aytdi: “Ey Muhammad, Robbingizning “Agar ummatingizdan bo‘lgan biror kishi sizga salovot aytsa Men unga o‘n bor salovat aytaman. Agarda ummatingizdan biror kishi sizga salom yo‘llasa men unga o‘n bor salom yo‘llayman”, degan so‘zi sizni rozi qiladimi?”, deb so‘radi. Men esa: “Ha, albatta”, deb javob berdim”. Imom Munziriy ushbu hadisni Ibn Hibbon sahih to‘plamida keltirganini aytib o‘tgan.

Qozi Iyoz rohimahulloh Nabiy alayhissalomga salovat aytgan kishiga Alloh taolo salovat aytishi borasida shunday deydi: “Alloh taolo bandasiga salovat aytishining ma’nosi uni rahmatiga olib savoblarini ko‘paytirib berishidir. Chunonchi U Zot jalla va a’lo Kalomida marhamat qilib aytadi: “Kim bir yaxshilikni qilsa unga o‘shaning o‘n barobari beriladi”. Ba’zida esa bandasini maqtash va uni ulug‘lash ma’nosida bo‘ladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Agar u Meni bir jamoa ichida eslasa, Men uni ulardan yaxshiroq jamoa ichida eslayman”.

Yuqorida o‘tgan hadislardan ma’lum bo‘ldiki, Alloh taolo Nabiy alayhissalomga salovat aytgan kishiga o‘n marta salovat aytar ekan. Darhaqiqat, Alloh taolo bir bandasini zikr qilishi va alohida eslashi har qanday hasonotlardan yuqori bo‘lgan daraja hisoblanadi. Chunki Alloh taolo O‘zini yolg‘iz zikr qilgan kishining mukofoti uni ham yolg‘iz eslanishi ekanligini aytib: “Agar bandam Meni o‘zi eslasa, Men ham uni O‘zim eslayman. Agar u Meni bir jamoa ichida eslasa, Men uni ulardan yaxshiroq jamoa ichida eslayman”, deb aytgan. Shu qoidaga binoan, Nabiy alayhissalomni zikr qilgan bandasiga ham mukofotni huddi shu tarzda qildi. Ya’ni, kimki Allohning habibiga salovat aytsa bas, Alloh taolo uni rahmati ila, maqtovlar bilan, ikrom qilgan holatda uni ham alohida eslaydi.

Alloma Shayx Burhoniddin ibn Abu Sharif rohimahulloh aytadi: “Kimki Alloh taoloning bandasiga salovat aytishi borasida uzoq mulohaza qilib, chuqur o‘ylab ko‘rsa, bunda ulkan ma’nolar va ko‘plab xayriyatlar jamlanganiga guvoh bo‘ladi. Hatto bu hushxabardan kishining tomirlari yorilay deydi. O‘ylab ko‘ring, bandaning salovati bilan olamlar Robisining salovati teng bo‘lishi tasavvur qilinadimi?! Yoq, aslo! Qanday ham tasavvurga siqsin! Nabiy alayhissalomga bir bor salovat aytgan kishiga Alloh taolo o‘n bor salovat aytaman deb aytyapdi. Shunga binoan U Zot jalla va a’lo ushbu bandasi uchun tayyorlab qo‘ygan qanchadan-qancha buyuk savob va ajrlar berishini hargiz aqllar o‘ylab uning oxiriga yeta olmaydi”.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: “Biror banda meni eslab so‘ngra salovat aytsa Alloh taolo unga o‘nta hasanot yozadi, o‘nta gunohini o‘chirib yuboradi va darajasini o‘n barobar yuqoriga ko‘taradi”.

Hadislarda zikr qilingan ulkan savob, buyuk ajr hamda salovat va salomlarni bir necha bor ko‘p bo‘lishida Alloh taolo tomonidan Payg‘ambar alayhissalomni qanchalar ikrom qilishi, u zotni avvalin-oxirin o‘tgan payg‘ambarlardan ustun qo‘yishiga yaqqol dalillar bor. Ushbu xususiy tuxfa hamda buyuk in’omni ma’nolarini tushunganlari bois, Nabiy alayhissalom Jabroil alayhissalomning keltirgan xabaridan xursand bo‘lib Alloh taologa shukurlarini izhor qilish uchun uzundan-uzun sajda qilganlar.

Imom Ahmad Abdurohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot aytadi: “Kunlarning birida Nabiy alayhissalom chiqdilar. Men u zotga ergashdim, u zot xurmozorga kirrdilar va u yerda sajda qildalar. Sajdalari judayam uzoq muddat davom etganidan men “Alloh taolo u zotning jonlarini qabz qildi”, deb o‘ylab qo‘rqib ketdim. So‘ng shu asnoda u zotning oldilariga bordim. Nabiy alayhissalom boshlarini ko‘tarib: “Senga nima boldi ey Abdurahman”, deb so‘radilar. Men u zot borasida o‘ylagan narsamni aytib berdim. So‘ngra Nabiy alayhissalom: “Darhaqiqat, Jabroil kelib xabar berdiki: “(Ey Muhammad) Sizga bir hushxabar aytaymi?! Alloh azza va jalla: “Kim sizga salovat aytsa, Men unga salovat aytaman, hamda kim sizga salom yo‘llasa Men ham unga salom yo‘llayman”, deb aytdi”. Boshqa rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Bas shu sababli Robbimga shukr qilib sajdaga yiqildim”, deb aytgan ekanlar.

  • 5.Nabiy alayhissalomga bir bor salovat aytish Alloh yo‘lida o‘nta qulni ozod qilishga teng ekanligi haqida:

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: “Kim menga bir bor salovat aytsa Alloh taolo unga o‘nta hasanot yozadi, o‘nta gunohini o‘chirib yuboradi, darajasini o‘n barobar yuqoriga ko‘taradi hamda ushbu aytgan salovati o‘nta qulni ozod qilgan (savobi) ga teng bo‘ladi”. Imom Munziriy aytadi: “Ushbu hadisni Ibn Abu Osim namoz kitobida Baroning ozod qilgan qulidan rivoyat qilib, Baroni o’zini esa ismini zikr qilmasdan rivoyat qilgan”.

  • 6.Salovat aytuvchi kishining Nabiy alayhissalomga bo’lgan iymoni ixlosi hamda muhabbatiga e’tiboran gunohlari mag’firat qilinishi haqida:

Ibn Abu Osim va Tabaroniylar Abu Kohil roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot roziyallohu anhu aytadi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Kohil, kimki menga muhabbat va shavq ila har kuduzi va har kechasida uch bor salovat aytsa bandasining o‘sha kunduz va kechadagi gunohlarini mag‘firat qilishi Alloh taoloning zimmasiga lozim bo‘ladi[1]”, deb aytdilar”. Munziriy ushbu hadisni bir o‘rinda “tamriz” siyg’asida rivoyat qilgan bo‘lsa, “Jalaul afham” nomli kitobda isnodi ila zikr qilib o‘tgan.

  • 7.Nabiy alayhissalomga aytilgan salovat kishining gunohlari uchun istig‘for so‘rashi hamda u bilan qabrida hamroh bo‘lishi haqida:

Oisha onamiz roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Biror banda menga salovat aytsa, o‘sha salovatni bir farishta olib Alloh azza va jallaga yetkazadi. Shunda Alloh taolo: “Salovatni qaytarib bandamning qabriga yetkaz. Chunki u o‘z sohibiga istig‘for so‘rab ko‘z o‘ngida turadi”, deb aytadi”. Ushbu hadisni Imom Daylamiy “Musnadul Firdavs” kitobida keltirib o‘tgan.

  • 8.Salovat aytuvchi kishiga Nabiy alayhissalom shafoatchi bo‘lishlari haqida:

Ibn Abu Dovud Abubakr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vidolashuv hajida: “Albatta Alloh taolo gunohlaringizni istig‘for aytgan chog‘ingizda o‘tib yuborur. Bas kimni rost niyat ila istig‘for aytsa gunohlari kechirilur, kimki “La ilaha illalloh”ni aytsa mezoni og‘irlashur, va kimki menga salovat aytsa men u chun qiyomat kunida shafoatchi bo‘laman”, deb aytganlarini eshitganman”. Ushbu hadisni Hasan ibn Ahmad al-Banno maqbul sanad ila rivoyat qilgan.

  • 9.Nabiy alayhissalomga salovat aytish faqirlikni ketkazib, ko‘plab xayr va barakotlarga sabab bo‘lishi haqida:

Quyida keltirib o‘tadigan hadisimiz bir nechta yo‘llar bilan yetib kelgan bo‘lib ularning bir qismi boshqasini qo‘llab quvvatlaydi.

Abu Nu’aymdan rivoyat qilingan hadisda Samura ibn Jundub roziyallohu anhu aytadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli, Alloh taologa eng yaqinlashtiruvchi amallar qaysilar?”, deb so‘radi. U zot: “To‘g‘ri so‘zli bo‘lish va omonatni ado qilish”, deb javob berdilar. Haligi kishi: “Yana ziyoda qiling”, deb aytdi. U zot alayhissalom: “Tunda namoz o‘qish va issiq kunlarda ro‘za tutish”, deb aytdilar. U kishi yana ziyoda qilishlarini so‘raganda Nabiy alayhissalom: “Zikrni ko‘p qilish va menga salovat aytish faqirlikni ketkazadi”, deb javob berdilar”.

Hofiz Abu Muso al-Madiniydan kelgan rivoyatda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu aytdi: “Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib ahvoli tang ekanligi va faqirligidan shikoyat qildi”. Nabiy alayhissalom unga: “Uyingga kirgan vaqtingda u yerda biror kishi bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham salom ber, so‘ngra menga salom yo‘lla, keyin esa “Qul huvallohu ahad”ni bir bor o‘qi!”, deb aytdilar. Haligi kishi aytilgan ishlarni qilgan edi, tez fursatda Alloh taolo uning rizqiga kenglik berdi, hatto uning yaqinlari va qo‘shnilari ham undan ko‘p yaxshiliklar ko‘rishdi”.

  • 10. Nabiy alayhissalomga salovatni eng ko‘p aytuvchi kishilar u zot alayhissalomga eng yaqin bo‘luvchi ekanligi haqida:

Imom Termiziy hasan isnod bilan rivoyat qilgan hadisda Anas roziyallohu anhu aytadi: “Nabiy alayhissalom: “Qiyomat kunida menga eng yaqin bo‘luvchilar – menga eng ko‘p salovat aytuvchilar”, deb aytdilar”.

Ibn Hibbon: “Ushbu hadisda Nabiy alayhissalomga qiyomat kuni eng yaqin kishilar muhaddislar ekanligiga dalil bor. Zero bu ummat ichida Nabiy alayhissalomga ulardan kora ko‘proq salovat aytuvchilar yo‘q”, deb aytgan ekan.

Alloma Haytamiy aytadi: “Ushbu hadisda muhaddislarga hushxabar bor. Chunonchi ular Nabiy alayhissalomga kechayu kunduz ham so‘zlari ham amallari (yozishlari) bilan o‘qish va yozish paytida salovat ayturlar. Bas ular bu ummatning eng ko‘p salovat aytuvchilari hisoblanadi. Mana shu fazilatlari bilan boshqa ulamolardan yaqqol ajralib turadilar”.

  • 11. Salovatning xayri va barakotlari salovat aytuvchini o‘zi, farzandi hamda farzandining bolalariga ham yetishi haqida:

Huzayfa roziyallohu anhu aytadi: “Nabiy alayhissalomga salovat aytishning (xayri va barakotlari) kishining o‘ziga, farzandiga va farzandlarining bolalariga ham yetadi”. Ushbu asar “ad-Durrul manzud”da zikr qilingan. Hofiz Sahoviy: “bu hadisni Ibn Bashkuvol zaif sanad ila rivoyat qilgan”, deb aytgan.

Ey Allohim, suyukligimiz Muhammad alayhissalomga bizlarning salovatlarimiz hamda salomlarimizni yetkaz. Hamda bizlarni u zot alayhissalomga salovat aytishga muhabbatli qil. Qiyomat kunida u zot alayhissalomga ko‘p salovatlar aytish ila eng yaqin ummatlari qatorida bo‘lishimizni nasib ayla….

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Abdulaziz Boqiyev



[1] Hadisdagi: “Alloh taoloning zimmasiga lozim bo‘ladi”, degan so‘z zohiriy ma’nosidan tushunilgani kabi Alloh taologa nimadir vojib yoki lozim bo‘lishi ma’nosida emas. Balki ushbu hadis va shu kabi ma’nodagi boshqa hadislardagi “lozim bo‘lish” “vojib bo‘lish” degan so‘zlarning ma’nolari “Alloh taolo tomonidan bo‘lgan fazl o‘laroq lozim bo‘ladi”, yoki “o‘sha ishning muqarrar, shak-shubhasiz ro‘yobga chiqishi”, ma’nosida bo‘ladi.

. .