ILMNING FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 15.01.2024
164

Ilmning fazli barchamizga ma‘lum va mashhur. Hech bir musulmon yoki g‘ayri musulmonga ilmning fazli va barakotlari maxfiy emas. Bugun sizlar bilan ilmning fazliga dalolat qiluvchi oyat va hadislar bilan tanishib chiqamiz.

Quroni Karimda kelgan dalillar:

Alloh Taolo aytadi:

“Alloh taolo, farishtalari va ilm egalari, Allohdan o‘zga Iloh yo‘qligiga guvohlik beradilar.”

E‘tibor bering, Alloh taolo O‘zi bilan boshlab, farishtarini so‘ngra ilm egalarini bir safda zikr qildi. Bundan ortiq sharaf, fazl va yutuq bo‘lishi mumkinmi?!

Mujodala surasida keladi: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm sohiblarini baland darajalarga ko‘tardi.”

Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada aytganlarki, Ulamolar va oddiy mo‘minlar orasida yetti yuz daraja bo‘ladi.

Har bir darajaning orasida besh yuz yillik masofa bor.

Zumar surasida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Ayting, bilganlar bilan bilmaganlar teng bo‘lurmi?!” Yana bir oyatda: “Alloh taolodan bandalari ichida, faqat, ulamolarigina qo‘rqadi.”

Naml surasida Sulaymon alayhis salomning qissasida jinlarning eng kuchlisi ilm egalari ekanligi zikr qilinadi:

“Kitobdan ilmi bo‘lgani, men uni senga olib kelaman, dedi.” Bu yerda ilmning quvvatiga ishora bor.

Ankabut surasining 43-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Ushbu masallarni insonlarga keltiramiz, lekin, ilm egalarigina uni anglarlar.”

A‘rof surasida keladi:

“Ey Odam bolalari Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan va ziynat liboslarni tushurdik, (hammasidan) yaxshisi taqvo libosidir.”

Abu Tolib Makkiy “Qutul qulub” asarlarida, avratlarni berkitadigan libos
bu- ilmdir, ziynat libosi bu- yaqiniy ilmdir, taqvo libosi esa- hayodir, degan ekanlar.

Hadislardan dalillar:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Kimga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilsa, uni Dinda faqih qilib qo‘yadi va to‘g‘ri yo‘liga ilhom qiladi.”

Imom Buxoriy rivoyati Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Ulamolar Payg‘ambarlarning vorislaridir.”

Abu Dovud rivoyati Bilamizki, payg‘ambarlik darajasidan oliy daraja mavjud emas, demak, bu daraja sohiblarining vorislari bo‘lishdan ko‘ra ulug‘roq sharaf yo‘q.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Olim uchun Yerdagi va osmondagi barcha jonzodlar istig‘for aytadi.” Abu Dovud rivoyati Qarang, olimlar o‘z ishlari bilan mashg‘ul ekanlar, osmon-u Yerdagi jonzodlar ularga istig‘for bilan mashg‘ullar, bundan ortiq sharaf va daraja bo‘lishi mumkinmi?!

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Hikmat sharafli insonning sharafini ziyoda qiladi va mamluklarni (qullarni) qirollar davrasida o‘tirishiga sabab bo‘ladi.”

Abu Nai‘m rivoyati

Bu hadislari bilan Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ilmning dunyodagi darajasini bayon qilyabdilar, oxiratdagi samarasi yaxshiroq va boqiyroqdir.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Ikki xislat munofiqda bo‘lmaydi: To‘g‘ri maqsad va Dinda faqihlik”

Imom Termiziy rivoyati

Faqihlikning eng past darajasi, oxirat dunyodan afzal ekanini bilishdir. Agar, faqih bu ma‘rifatida sodir bo‘lsa, nifoq va riyodan pok bo‘libdi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Iymon yalang‘ochdir, uning libosi taqvo, ziynati hayo va samarasi ilmdir.”

Abu Shayba rivoyati

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Bir olimning o‘limi butun bir qabilaning o‘limidan og‘irroqdir.”

Imom Bayhaqiy rivoyati

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: ,,Qiyomat kunida ulamolarning siyohlari shahidlarning qoni bilan o‘lchanadi."

Abu Nai‘m rivoyati

Mana qarang azizlar, Ilmning fazli nechog‘lik baland ekan. Inson har ne bilan umrini o‘tkazsada, bu darajani topa olmaydi. Shuning uchun barchamiz ilmga jiddu jahd bilan harakat qilmog‘imiz lozimdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham o‘z hadis shariflarida ilmning fazli va ajri haqida ko‘p bora ta’kidlaganlar.

Jumladan quyidagi hadisi sharifda: روى الترمذي من حديث أبي الدرداء قال : سمعت رسول هللا صلى

هللا عليه وسلم يقول : "من سلك طريقا يلتمس فيه علما سلك هللا به طريقا إلى الجنة وإن المالئكة لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم وإن العالم ليستغفر له من في السموات ومن في األرض والحيتان في جوف الماء وإن فضل العالم على العابد كفضل القمر ليلة البدر على سائر الكواكب وإن العلماء ورثة األنبياء وإن األنبياء لم يورثوا دينارا "وال درهما إنما ورثوا العلم فمن أخذ به أخذ بحظ وافر

Abu Dardo’ raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer – osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar.

Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi.

Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi” – dedilar.

Sharh: “Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lgan hollarida qanotlarini yozib turadilar”. Avvalo ilm yo‘lini tutgan kimsa Allohning jannati sari yo‘lga otlangan sanalib, unga safari davomida farishtalar hamrohlik qiladilar.

Kishining hamsafari har jihatdan yetuk inson bo‘lsa qanday ham yaxshi! U bu safaridan mamnun bo‘ladi, chunki yonida uning ko‘ngliga manzur xamroh bor. Endi agar unga jannat yo‘lidagi hamsafari Allohning mukarram maxluqoti bo‘lmish farishtalar qanotlarini yozib xamrohlik qilsalarchi?! Bo‘lib ham bu safar Allohning jamolini ko‘rish uchun jannat sari boshlangan safar bo‘lsachi?! Axir bu dunyoda bizlar Allohning roziligiga erishib, jannatiga doxil bo‘lish uchun xarakat qilmayapmizmi?! Albatta bizning maqsadimiz ham bundan o‘zga emas.

Sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam buning yechimini ko‘rsatmoqdalar, harakat qilish esa bizlarga qolgan. “Darhaqiqat, olim kishi uchun yer – osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar”.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ilm talabida yo‘lga otlangan kishilarga, ular uchun barcha narsalar istig‘for aytib, Alloh taolodan uning gunohlarini kechirishini so‘rab turishi haqida mujda bermoqdalar. Bu esa aynan biz istagan narsa emasmi?! Biz gunohlarimizni kechirishligi uchun Parvardigorimizga iltijolar, tavba-tazarru’lar qilamiz. Bir kishiga nisbatan Alloh taoloning yeru-osmon va suvdagi mavjudotlarining adadi qancha?! Subhanalloh! Ularning barchalari ilm tolibi uchun istig‘for aytsaya! Bu qanday ham ajoyib marhamat bo‘ldi! Tolibi ilmning fazli haqidagi hadis shu bilan nihoyalanmadi, balki hadisning davomida ular barchaga yaqqol misollarda ifodalab berildi. “Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi”.

Ilm talabidagi kishi bilan ibodatdagi obid oralaridagi farq xuddi to‘lin oy ila yulduzlar o‘rtasidagi farqqa o‘xshaydi. Bu o‘xshatishni anglash uchun juda ham chuqur bilim shart emas, chunki Nabiy sallallohu alayhi va sallam ummatga o‘z o‘gitlarini soddagina qilib tushuntirib berardilar. Bizga ularni tushunish uchun faqatgina eshitish yoki ozgina mutolaa qilish kifoya.

“Darhaqiqat ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi”.

Olamda Alloh taologa eng yaqin zotlar payg‘ambarlar. Chunki ularning zimmalarida tog‘lar ham ko‘tarishga bardosh berolmaydigan omonatni yetkazish mas’uliyati bor. Shu sabab ham ular bu yo‘lda yetgan aziyatlarga bardosh ila sabr qilganlar

Butun insoniyatni baxtli hayot kechirishligini ta’minlovchi bu mas’uliyatli omonat — Allohning bandalariga payg‘ambarlari orqali yuborgan dinidir. Payg‘ambarimiz alayhis-salomdan mol-mulk va dunyo haqida so‘ralganda
mol-mulkni mutakabbirlarning ridosi va dunyoni oxiratning bozori deya ta’rifladilar.

Darhaqiqat dunyoda moldavlatini oxirat uchun yaxshiliklarga ishlatgan kishigina bu dunyo bozoridan katta foyda ko‘radi, aks holda uning boyligi unga faqat kibrnigina ziyoda qiladi. Hech kimga sir emaski mol-mulk, obro‘,
mansab-martabaning o‘rni bu hayotimizda salmoqli. Aksar bo‘layotgan
voqea-xodisalar, o‘zgarishlarning ortida mazkur manfaatlar turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ammo bu manfaatlar qanchalik e’tiborli bo‘lmasin ulardan ma’lum bir shaxslar, mulk egalari va ularning merosxo‘rlarigina foydalanishi mumkin. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak mulkka talofat yetishi yoki sohibining vafoti sabab mulk egasining qo‘lidan ketib qoladi.

Payg‘ambarlarga esa, qo‘ldan ketib qolmaydigan boylik-ilm berilgan. Ular ham bu sharafli ilmni o‘zlarining merosxo‘rlari olimlarga meros qoldirib ketganlar. O‘tgan ulug‘larimizdan foydali narsa haqida so‘rashganida “o‘zing bilan har doim birga qoladigani” deb javob berganlar.

“O‘zimiz bilan birga bo‘ladigan narsa nima?” deganlarida, “kema cho‘kkanida sen bilan qolgan narsa” deb javob berdilar. Alloh taolo ummati Muhammadiyni olimlarini ko‘paytirsin va bizlarni ham bu ulug‘ martabalarga ko‘tarsin, omiyn

Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi
Haqnazarova Zulfiya

. .