ULAMOLARGA EHTIROM
Muallif: . .
Sana: 06.10.2023
237

Dinimizda ilm va ulamolarni inkor qilinmaydigan alohida o‘rinlari va sarhisob qilib bo‘lmaydigan darjada fazllari bor. Bu borada Qur’oni Karim va sunnatda ularni yuksak martaba sohibi, alohida fazl egalari ekanini ko‘rsatadigan ko‘plagan oyat va hadislarni topamiz. Alloh taolo Qur’oni Karimda quyidagicha xitob qiladi:

{شَهِدَ اللَّـهُ أَنَّهُ لَا إِلَـٰهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ قَائِمًا بِالْقِسْطِ ۚ لَا إِلَـٰهَ إِلَّا هُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ}

Alloh taolo o‘zini yakka iloh ekaniga guvohlik berdi. Shuningdek farishtalar va ilm egalari ham adolatni qoim qilgan holda guvohlik berishdi. Albatta u Aziz va Hakim bo‘lgan zotdir[1]. Imom Qurtubiy r.a. aytadilar: Ushbu oyatda ilmni fazli hamda ulamolarni sharafi va fazllariga dalolat bor. Agar biron kishi ulamolardan ko‘ra sharafli bo‘lganda edi, Alloh taolo uni o‘zini ismi va farishtalarini ismi yonida xuddi ulamolarni keltirganidek, bog‘lab keltirar edi.

Ulamolarni nechog‘lik qadri baland ekanini quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:

{إِنَّمَا يَخْشَى اللهَ مِنْ عِبَادِهِ العُلَمَاءُ}

Albatta Alloh taolodan bandalari ichida faqatgina ulamolari qo‘rqarlar[2]. Ulamolar nabaviy meros bo‘lgan ilmni egalari bo‘lishgani uchun qolgan isnonlarga nisbatan ko‘proq Alloh taolodan qo‘rqadilar. Chunki ularning ilmlari ziyoda bo‘lgani sari Alloh taolodan qo‘rquvlari ham ziyoda bo‘lib boradi. Alloh taolo boshqa oyatda ulamolar va johillar o‘rtasini ajratib quyidagicha xitob qilgan:

{قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ}

Ayting! Biladiganlar va bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?[3]

Shu va shu kabi boshqa oyatlarda Alloh taolo ulamolarni fazllarini va o‘zining huzurida ularga alohida maqomlar bor ekanini xabarini bergan. Ibn Qoyyim r.a. aytadilar: Qur’oni Karimda Alloh qaysi toifani madh etgan bo‘lsa, u ilm sabablidir va qaysi taoifani mazammat qilgan bo‘lsa, jaholat sabablidir. Ilm bu ulug‘ bir ne’mat. Ilm orqali inson yuqori martabalarga ko‘tariladi. Ulamolar ilm ahli bo‘lganlari uchun manashunday madhga sazovor bo‘lishgan. Payg‘ambar sallalohu alayhi vasallamning ko‘plab hadislarida ham ulamolarning alohida o‘rni borligi, ularning fazl sohibi ekanliklari va darajalari yuqori ekaniga guvoh bo‘lamiz. Abu Dardo r.a.dan rivoyat qilingan uzun hadisda quyidagicha keladi:

وإن العلماء ورثةُ الأنبياء، وإن الأنبياء لم يورِّثوا دينارًا ولا درهمًا وإنما ورّثوا العلم فمن أخذه أخذ بحظٍ وافر

Albatta ulamolar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar na dinorni va na dirhamni meros qilib qoldirdilar. Balki ular ilmni meros qilib qoldirishdi. Kim uni olsa, ulkan nasibani qo‘lga kiritibdi[4]. Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambar sallalohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهِلِيِّ -رضي الله عنه- قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم-: «فَضْلُ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِي عَلَى أَدْنَاكُمْ، ثُمَّ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرَضِينَ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتَ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ

Abu Umoma al-Bahiliy r.a. dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallalohu alayhi vasallam dedilar: Olimning obidga bo‘lgan fazli xuddi mening sizlarni martabada kichkinangizga bo‘lgan fazlimga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallalohu alayhi vasallam so‘zlarida davom etib dedilar: Albatta Alloh taolo va uni farishtalari, osmon-u yer ahllari hatto inidagi chumoli ham va suvdagi baliq ham insonlarga ta’lim beruvchiga go'zal sano aytadilar[5].

Alloma ibn Qoyyim r.a. aytadilar: Yerdagi Ulamolarning misoli osmondagi yulduzlarga o‘xshaydi. Ular yordamida zulmatlarda to‘g‘ri yo‘lni topishadi. Insonlar ulamolarga oziq-ovqatdan ko'ra ko‘proq muhtojlar.Ulamo va ahli ilmlar buyuk daraja sohiblari bo‘lishgani uchun shariat ularni ulug‘lashga va ehtirom qilishga buyuradi. Bunga quyidagi hadislarda guvoh bo'lishimiz mumkin:

عن عبادة بن الصامت -رضي الله عنه- قال: قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم-: «ليس منا من لم يجل كبيرنا ويرحم صغيرنا ويعرف لعالمنا حقه»

Uboda ibn Somit r.a.dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallalohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: Kattalarimizni ulug‘lamagan, kichiklarimizga mehribon bo‘lmagan va ulamolarimizni haqqini bilmaganlar bizdan emas!

Haqiqatda ulamolarni ulug‘lash va ehtirom qilish Allohning shiorlaridan sanaladi. Alloh taolo kitobida quyidagicha xitob qiladi:

{ذَلِكَ وَمَن يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِن تَقْوَى الْقُلُوبِ}

Manashu, kimki Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bu qalb taqvosidandir[6].

Ulamolar aytganidek, oyatda kelgan shiorlar kalimasi Alloh taolo har bir uni fazli va ulug‘ligini bayon qilib ulug‘lashga izn bergan narsalardir. Ulamolar esa hech qanday shak-shubhasiz 1-navbatda ushbu oyat ostiga kiradilar. Shunday ekan ulamolarga aziyat berish va ularni nuqsonlarini qidirish Allohning shiorlariga bepisandlik belgisi hisoblanadi. Ba’zi ulamolar aytishadi: Ulamolarning sha’nini bulg‘ash jahannam chuqurlaridan bir chuqurdir. Kim ulamolar sha’nini bulg‘asa o‘ziga jahannamni sotib olgan bo‘ladi. Odamlarga ulamolarning qadr-qimmati yuksak ekanini ta’lim berish lozim. Qanchadan-qancha holatlarda johil kishilarni ulamolarimizni haqoratlaginini, ularni obro‘sizlantirishga harakat qilishganini eshitib qolamiz. Albatta bu bizning kamchilik va nuqsonimizdir. Ulamolarni obro‘sizlantirish ilmni to‘sishni bir yo‘lidir. Bu bilan boshqa odamlarni ilmdan mahrum qilish va ularni jaholat botqog‘ida qoldirishga sabab bo‘lishadi. Alloh ilmni bandalaridan tortib olmaydi. Balki ulamolarni o‘z dargohiga chorlab ilmni tortib oladi. Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, ulamolarni ehtirom qilish va ulardan o‘tganlarini yaxshilik bilan eslash ila Allohga qurbat hosil qilinadi. Imom Tahoviy r.a. aytganlar: Oldingilar va ulardan keyingi tobe’inlardan iborat salaf ulamolari yaxshilik va xayr fiqh hamda nazar sohiblaridir. Ular yaxshilik bilan eslanadilar. Kim ularni yomonlik bilan eslasa, egri yo‘ldadir. Alloh taolo barchalarimizni ulamolarga lutfu-karam ko‘rsatadigan va ularni faqat yaxshilik bilan eslaydigan bandalaridan qilsin!

Rozmetov Muhammad Mustafo

Mir Arab oliy madrasasi oqituvchisi



[1] Oli Imron surasi.18-oyat.

[2] Fotir surasi, 28-oyat.

[3] Zumar surasi, 9-oyat.

[4] Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

[5] Termiziy rivoyati

[6] Haj surasi, 32-oyat.

. .