IMOM ZARNUJIYNING "TAʼLIM AL-MUTAALLIM" ASARIDA USTOZLAR EHTIROMI
Muallif: . .
Sana: 26.08.2023
384

Annotatsiya: Mazkur maqola Samarqandda yashab ijod qilgan ulug‘ alloma, hanafiy fiqhi olimi, adib, bir necha asarlar muallifi Imom Zarnujiy, u kishining “ta’lim al-mutaallim” asari, asarda ilm talabida bo‘lgan o‘quvchilar uchun ilm olish sirlari, ustozlar ehtiromi haqidagi fikrlari, shuningdek, ushbu va boshqa asarlardagi shogirdlik odoblari haqida ba’zi hikoya va misollar keltirilgan.

Kalit so‘zlar: “Ta’lim al-mutaallim”, ustoz-shagirt, kamolot, tolibi ilm, odob, pand-nasihat, ilmga yetishish.

Ming yillik qadryatimizga aylanib ulgurgan ustoz-shogird munosabatlari, ustozlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom biz markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millatining qon-qoniga singib ketgandir. Har sohada ta’lim oluvchi, kasb-hunar o‘rganuvchi bo‘ladimi, ilm o‘rganuvchi bo‘ladimi, til o‘rganuvchimi, oddiy hayotiy maslahot oluvchi bo‘ladimi, barchasiga murabbiylik qiluvchi, o‘rgatuvchi ustoz hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Farzandlarimizni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar insonlar sifatida tarbiyalash biz uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan masala hisoblanadi”[1], degan fikrlari yosh va o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk tarbiyalanishida ustozlarni o‘rni ham beqiyos ekanini bildiradi. Shuningdek, ustoz-shogirt munosabatlari, o‘zaro hurmat-ehtirom yaxshi bo‘lishi yuqoridagi fikrlarni asoslaridan hisoblanadi va pedagoglar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Diyorimizda yashab o‘tgan, yetyuklik va kamolotga yetgan kishi bo‘lsa, barchalari ustozlarini rozi qilish va ularning ehtiromida juda e’tiborli bo‘lishgan. Ustozlarni ehtirom qilish borasida qator risolalar, kitoblar va o‘git-nasihatlar chop etilib kelgan. Bunga juda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Imom Zarnujiyning "Taʼlim al-mutaallim" asari ham ana shunday nodir asarlardan hisoblanadi. U asarda ustozlar ehtiromi qay darajada bo‘lishi kerakligi, ilm talabida bo‘lgan kishi ustozning ehtiromi orqali komillikka juda tez yetishi, ustozlarning nazar-e’tiboriga tushgan talaba tengdoshlaridan bir necha karra ildamlab ketishi, shuning bilan birga ustozning ko‘nglini og‘ritgan talaba o‘qishlari susayib ketishi, o‘smasligi, oxir oqibat natijasiz qolishi yoki ilm tahsili to‘xtab qolishi haqida atroflicha fikr yuritilgan. Talabalarga muhim tavsiya va eslatmalar, odoblar uqtirilgan.

Butun boshli kitob ilm talabida bo‘lgan kishilarni qanday harakat qilishi, niyat qanday bo‘lishidan tortib boshqalarga nisbatan munosabat haqida batafsil tavsiyalar bergan. Shuningdek, barcha ishning boshida ilm tahsil qiluvchi ustozni ehtirom qilishi uqtirilgan:

“Bilginki, tolibi ilmning ilmga yetishi va undan manfaat olishi faqatgina ilm ahli va ilmni ulug‘lashi va ustozlarni e’zozlab, ularni hurmat qilishi bilan bo‘ladi. Shunday hikmatli gap bor: “Kim (ilmga) yetishgan bo‘lsa faqatgina hurmat bilan yetishgan. Kim (darajasidan) qulagan bo‘lsa, tarki adabi uchun qulagan”. Bejizga hurmat toatdan yaxshidir deyilmagan. Zero, inson qilgan gunohi tufayli kofir bo‘lmasa ham, behurmatligi sabab kofir bo‘lib qolishi mumkin. Ustozni e‘zozlash ham ilmni ulug‘lash hisoblanadi. Ali karramallohu vajhahu: “Men menga bir harf (masala) o‘rgatgan kishining quliman. Agar u istasa meni sotsin, istasa ozod qilsin, istasa qul qilib ishlatsin” – deganlar[2].

Doim ehtiyoj tushib turadigan ilm xuddi taomga o‘xshaydi. Chunki inson taomsiz yashashi mumkin emas. Ba'zi vaqtlarda kerak bo‘ladigan ilm esa davoga o‘xshaydi. Davolanishga ham ba'zida ehtiyoj tushib turadi. Imom Azam rahmatulloh o‘g‘illariga nasihat qilib: “Ehtiyoj tushadigan ilmni o‘rganishdan o‘zingni olib qochma”[3] – deganlar.

Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning say-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Bunda, shogirt doimo ustozining pand-nasihatlariga quloq solmog‘i zarurdir[4].

Xalqimiz “Ustoz otadek ulug‘” degan purma’no naqlni kundalik hayotida ko‘p bora ishlatadi. Ustoz va ota iboralarini bir-biriga bog‘liqligini turlicha ta’riflash mumkin. Shulardan biri sifatida “ota farzandni ko‘kdan yerga olib tushgan bo‘lsa, ustoz ushbu farzandni o‘zining ta’lim-tarbiyasi bilan yerdan ko‘kka olib chiqadi” desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Haqiqatan ham, “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda:

“Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi” - degan ekan[5].

Barcha sohalarda bo‘lgani kabiustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi.

Ilm talabidagi kishi qanday yo‘nalishda ketishi, ustozni qanday tanlashi haqida Imom Zarnujiy mazkur kitoblarida quyidagicha fikr bildiradilar: “Tolibi ilm qaysi ilmni ixtiyor qilsa ham, eng yaxshisini tanlasin. Boshqacha qilib aytganda, ayni damda yoki kelajakda o‘zi uchun diniy ishlarda ehtiyoji tushadigan ilmlarni o‘rgansin. Eng avval tavhid ilmini o‘rganadi. U bu ilm orqali Alloh taoloni dalil bilan taniydi. Chunki muqallidning imoni garchi bizning nazdimizda to‘g‘ri bo‘lsa ham, dalilni tark qilgani uchun gunohkor bo‘ladi.

Endi ustozni tanlashga kelsak, eng ilmli, eng taqvodor va eng yoshi kattasini tanlasin. Xuddi, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi uzoq tafakkur va taammul qilgandan so‘ng, Hammod ibn Abu Sulaymon rahmatullohi alayhini tanlagani kabi. U kishi ustozlari haqida: “Ustozimni keksa holida viqorli, halim va barcha ishlarida sabrli holatda uchratdim. Hammod ibn Abu Sulaymonning huzurida o‘qib, unib o‘sdim”, degan edilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayhi aytadi: “Samarqandning hakim zotlaridan eshitganman. U: “Bir tolibi ilm menga qanday ilm olish mumkinligi borasida maslahat soldi. Shundan so‘ng, ilm talabida Buxoroga borishni qasd qildi. Agar Buxoroga borsang, ulamolarga ixtilof qilishga oshiqma. U yerda ikki oy yashab, yaxshilab o‘ylab ko‘r va bir ustozni tanlab ol. Bordiyu sen bir olimning huzuriga borsang va undan saboq olishni boshlasang, ko‘p o‘tmay uning darslari seni qoniqtirmay qo‘ysa va sen uni tashlab boshqa biriga ketsang ilmingda baraka bo‘lmaydi”, – degan edi[6].

Ustozni ehtirom qilish haqida yana bir olim kishi quyidagilarni aytgan. Ustoz shogirdiga: - Ey, shogird! Ey, bemor! Meni xurmat qil, odob-axloqingni tuzat,- deb nasixat qimaydilar.

Ey inson, axir xayoting, dunyo ishlaring, oxirating, kelajaging mening qulimda, unga men tufayli erishasan, ishlaringni oqibatini o‘ylab qilgin deb odob va shu kabi kursatmalarni bermaydilar. Beodoblik qilib, ularni ranjitdingmi, qo‘polliging bilan ularga aziyat yetkazdingmi, o‘z dardingga, kasalingga sabr qil, og‘riqlariga chida! Yoki, o‘zingni joxilligingga qanoat qil[7].

Xikoya qilinishicha, xazrati Xorun ar-Rashid o‘g‘illarini imom Asmoiy xuzurlariga ilm va odob o‘rganmog‘i uchun yubordilar. Bir kuni ustoz xazratlarining tahorat olayotganlarini ko‘rib qoladilar. O‘g‘illari esa oyoqlariga suv quyar edi. Shunda xalifa xazratlari imom Asmoiyni itob (urishib) va malomat qildilar:

– Mensizning xuzuringizga o‘g‘limni ilm va odob o‘rgansin deb junatgan edim, shunday ekan nima uchun bir qo‘li bilan suv quyib, boshqasi bilan oyog‘ingizni yuvishni buyurmaysiz?! - dedilar[8]. Demak, ustoz xurmatiga rioya qilmoq, xizmatlariga qoim bo‘lmoq, uning ko‘nglida muhabbat va rizoligini topish har bir talabaning xayotiy vazifasiga aylanmog‘i kerak ekan. Bu esa, ilmidan o‘zi ham, boshqalar ham manfaat topishiga asosiy omillardan biridir. Talaba bu yuksak burchni ixlos va samimiyat bilan yondoshgandagina, samarasidan bahra olishga erishadi.

Ustozning farzandlari va unga taalluqli kishilarning hurmatini joyiga qo‘yish ham ustozga hurmatning bir ko‘rinishidir. Shayxul islom Burhoniddin Marg‘inoniy bir hikoya aytib bergan edilar. Buxoroning yirik olimlaridan biri dars berib o‘tirar ekan ora-sira o‘rnidan bir turib qo‘yar edi. Buning sababini so‘raganlarga:

"Ustozimning o‘g‘li ko‘chada bolalar bilan o‘ynab yuribdi. Ba’zan masjidning eshigi oldiga kelib qolmoqda. Qachon unga ko‘zim tushsa ustozimning hurmati uchun o‘rnimdan bir turib qo‘yaman", - deb javob bergan ekan.

Darhaqiqat, kimdir sizga qaysi sohada bo‘lmasin, ehtiyojingiz tushadigan bir masalani o‘rgatib qo‘ysa, u sizning ustozingizdir. Shayx, imom Sadiduddin She’roziy doim aytar edilar:

Mashoyixlarimiz: "Kim farzandi olim bo‘lishini istasa g‘arib faqihlarning rioyasini qilib yursin. Ularni e’zozlab, biror narsalar ikrom qilib ham tursin. Bordiyu o‘g‘li bo‘lmasa ham, nabirasi olim bo‘lib yetishadi"[9] - deganlar.

Foydalangan manbalar:

  • 1.Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Toshkent: «O‘zbekiston», 2017. – 488 b.
  • 2.Imom Zarnujiy. “Taʼlim al-mutaallim tariq at-taallum”. – Qozon: Imperrator universiteti “типо-литография” nashriyoti, 1901. – 83 b.
  • 3.Ibni Hajar Asqaloniy. Oltin o‘gitlar. – Toshkent: Movorounnahr nashriyoti, 2013. – 126 b.
  • 4.Alisher Navoiy. Hikmatlar. –Toshkent: Sharq nashr, 2006. – 142 b.
  • 5.Zokirjon Sharipov. Ilm olish sirlari. – Toshkent: Movorounnahr nashriyoti, 2004. – 95 b.
  • 6.Islom tarixi va ma'naviyat. – Toshkent: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000. – 176 b.
  • 7.Rizouddin ibn Fahriddin. Shogirtlik odobi. – Toshkent: Voris nashriyoti, 2008. – 56 b.


Xolmatov Ashurali

Mirarab oliy madrasasi o‘qituvchisi



[1]Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017. – B. 158.

[2] Imom Zarnujiy. “Taʼlim al-mutaallim tariq at-taallum”. – Qozon: Imperrator universiteti “типо-литография” nashriyoti, 1901. – B. 23.

[3] Ibni Hajar Asqaloniy. Oltin o‘gitlar. – Toshkent: Movorounnahr nashriyoti, 2013. – B. 106.

[4] Alisher Navoiy. Hikmatlar. Toshkent: Sharq nashriyoti, 2006. – B. 38.

[5] Zokirjon Sharipov. Ilm olish sirlari. – Toshkent: Movorounnahr nashriyoti, 2004. – B. 59.

[6] Imom Zarnujiy. “Taʼlim al-mutaallim tariq at-taallum”. – Qozon: Imperrator universiteti “типо-литография” nashriyoti, 1901. – B. 41.

[7] Zokirjon Sharipov. Ilm olish sirlari. – Toshkent: Movorounnahr nashriyoti, 2004. – B. 52.

[8] Imom Zarnujiy. “Taʼlim al-mutaallim tariq at-taallum”. – Qozon: Imperrator universiteti “типо-литография” nashriyoti, 1901. – B. 57.

[9] Rizouddin ibn Fahriddin. Shogirtlik odobi. – Toshkent: Voris nashriyoti, 2008. – B. 6.

. .