MUNKAR HADIS
Muallif: . .
Sana: 23.06.2023
228

Mustalahul hadisda “munkar hadis” deb nomlangan istelohga duch kelamiz. U qanday ma’noga ega, u hadis ulamolar o‘rtasida qay maqomda ekanligini bilish uchun quyida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Munkar so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib “inkor qilingan”, “notanish”, degan ma’noda keladi. Istelohda esa – zaif roviylardan biri yolg‘iz rivoyat qilgan yoki zaif roviy o‘zidan kuchli bo‘lgan muhaddisga xilof tarzda rivoyat qilgan hadisni munkar hadis deb nomlanadi. Ya’ni, hifzi jihatidan zaif bo‘lgan roviy bir hadisni yolg‘iz o‘zi rivoyat qilgan bo‘lib, huddi shu hadisni o‘zidan kuchliroq yoki o‘zi bilan bir darajada bo‘lgan muhaddis rivoyat qilmagan bo‘ladi. Yoki u hadisni o‘zidan zabtda kuchliroq bo‘lgan kishiga xilof tarzda rivoyat qilgan bo‘ladi. Ya’ni, undan darajasi kuchli bo‘lgan muhaddisning rivoyatiga matnda yoki sanadda xilof bo‘lgan holatda hadisni rivoyat qilgan bo‘ladi.

Misol: Imom Buxoriy “Tarixul Kabiyr”da, Imom Ahmad, Nasoiy, Ibn Moja, Bazzor va Ibn Shohin rivoyat qilgan hadisda Nazr ibn Shaybon aytadi: “Men Abu Salamaga: “Otangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib aytganda eshitgan biror hadisni menga aytib bering!”, deb aytdim. Abu Salama: “Menga otam ramazon oyida bir hadis aytib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, Alloh taolo sizlarga ramazon oyi ro‘zalarini farz qildi. Men esa sizlarga qiyomul laylni sunnat qildim. Bas kimki iymonli bo‘lib savob umid qilgan holatda ro‘za tutib kechalari bedor bo‘lsa, onasidan tug‘ilgan kundagi kabi gunohlardan (poklanib) chiqadi”, deb aytgan ekanlar. Ushbu hadisning roviylari ichida Nazr ibn Shaybon bo‘lib u zaif roviylardan sanaladi. U yuqoridagi hadisni rivoyat qilishda xatoga yo‘l qo‘ygan. Hadisda Nazr ibn Shaybon Abu Salama o‘z otasidan hadis aytib berganini zikr qildi. Holbuki, Abu Salama otasidan birorta ham hadis rivoyat qilmagan. Bu esa birinchi e’tiroz. Ikkinchisi, huddi shu hadisni Nazr ibn Shaybondan hofizroq ishonchli roviylardan Yahyo ibn Said, Imom Zuhriy, Yahyo ibn Abu Kasirlar Abu Salamadan u esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan u esa Nabiy alayhissalomdan quyidagicha rivoyat qilishgan: “Kimki ramazon oyida iymon va savob umid qilgan holda qiyomul layl qilsa o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kimki qadr kechasida iymon va savob umid qilib qoyim bo‘lsa avvalgi o‘tgan gunohlari kechiriladi”. Bas shunga ko‘ra Nazr ibn Shaybon hadisning sanadida ham matnida ham o‘zidan kuchliroq bo‘lgan roviylarga xilof tarzda hadisni rivoyat qilgan. Ushbu e’tibor bilan uning hadisi “munkar” hadis hisoblanadi. Ushbu o‘rinda eslatma o‘laroq mavzuyimizga aloqador bo‘lgan ba’zi bir muhim masalalarga ham e’tibor qaratib o‘tsak:

- Birinchisi: biz munkar hadisni ta’rifini sharhlash paytida: “hifzi jihatidan zaif bo‘lgan roviy bir hadisni yolg‘iz o‘zi rivoyat qilgan bo‘lsa”, deb keltirdik. Bu esa eng ko‘p kuzatiluvchi holat hisoblanadi. Lekin ba’zi ulamolar adolati borasida kamchiligi bo‘lgan roviyning yolg‘iz qilgan rivoyatini ham munkar deb sanaganlar. Shu e’tibordan mutaqaddim ulamolarning ko‘plari mavzu ya’ni to‘qima hadisni munkar deb ataganlarini ham uchratish mumkin. Biz zikr qilgan ta’rif esa mutaaxxir ulamolar istelohi hisoblanadi.

- Ikkinchisi: Ba’zi ulamolar munkar hadis o’rniga “g‘arib” degan so‘zni ishlatishgan. Bu g‘arib hadis deb undan munkarni nazarda tutishgan. Munkarni o‘zini esa mavzu hadis o‘rnida ishlatishgan.

- Uchinchisi: Hadisning munkar bo‘lishi faqatgina sanadga tegishli emas. Balki ba’zida matnga ham aloqador bo‘lishi mumkin. Buning ko‘rinishi, ko‘plab jamoat kishilar bir hadisni ma’lum bir lafz ila rivoyat qilgan bo‘lishadi. Boshqa zaif roviy esa boshqacha lafz ila hadisni rivoyat qiladi. Bunga Nazr ibn Shaybondan yuqorida keltirgan hadisimiz yaqqol misol bo‘la oladi. Yoki ma’lum bir ishonchli kishilardan bo‘lgan jamoat bir hadisni rivoyat qilishadi. Zaif roviy esa huddi shu hadisning lafziga ishonchli kishilarning rivoyatida bo‘lmagan ziyoda gapni qo‘shib rivoyat qiladi. Bunga misol: Imom Ahmad, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy hamda Nasoiylar Abdulaziz ibn Suhaybdan rivoyat qilgan hadisda Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Nabiy alayhissalom xaloga kirgan vaqtlarida: “Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais”, deb aytar edilar, deb rivoyat qilganlar. Lekin huddi shu hadisni Ibn Abu Shayba zaif roviylardan bo‘lmish Abu Ma’shar As-Sindiydan, u Abdulloh ibn Abu Talhadan, u esa Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Nabiy alayhissalom xalogan kirgan vaqtlarida: “Bismillah. Allohumma inniy a’uzubika minal xubsi val xobais”, deb aytardilar deb keltirgan. Abu Ma’shar ishonchli roviylarga hadisni matnida muvofiq bo‘lgan. Faqatgina “bismillah” so‘zini zikr qilish ila ularga xilof qilgan. Bu ziyodalik esa munkar hisoblanadi.

- To‘rtinchisi: gohida ishonchli roviyning hadisi zaifga chiqazilgan kishidan yolg‘iz qilgan rivoyati munkar sanalgan. Bunga Ma’marni Qatodadan qilgan hadisi misol bo’ladi. Ma’mar o‘zi ishonchli hofiz muhaddislardan sanaladi. Faqatgina uning Qatodadan qilgan rivoyati zaifdir. Chunki u Qatodadan yoshlik chog‘ida hadislarni eshitib, undan sanadlarni yodlab olmagan. Shunga ko‘ra qachonki u Qatodadan bir hadisni rivoyat qilsa yoki hadisni ziyoda bilan zikr qilsa hamda boshqa ishonchli roviylar ushbu hadisni rivoyat qilishda unga muvofiq bo‘lishmasa uning Qatodadan qilgan rivoyati munkar hisoblanadi.

- Beshinchisi: zabti borasida ishonchli roviydan bir pog‘ona pastda turuvchi soduq ya’ni, rostgo‘y roviyning hadisi quyidagi ikki holatda munkar sanaladi.

Birinchisi: qachonki u bir hadisni munkar matn ila rivoyat qilishda yolg‘iz bo‘lsa va unga bu hadisni rivoyat qilish borasida biror kishi ergashmasa yoki o‘zidan kuchliroq bo‘lgan ishonchli roviylarga xilof tarzda hadis rivoyat qilsa uning hadisi munkar hisoblanadi.

Bunga misol Imom Ahmad va Imom Abu Dovud Hammod ibn Salamadan, u Muhammad ibn Amr ibn Alqamadan, u Abu Salamadan, u esa Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Sizlarning biringiz (bomdod namoziga bo‘lgan) nidoni eshitgan vaqtida, qo‘lingizda biror idish bo‘lsa, to undan o‘z ehtiyojini qondirmaguncha idishni qo‘ymasin”, deb aytgan ekanlar. Ushbu hadisni roviylaridan bo‘lmish Muhammad ibn Amr ibn Alqama soduq kishilardan. U ushbu hadisni Abu Salamadan yolg‘iz rivoyat qilgan bo‘lib, unga bu borada boshqa biror kishi ergashmagan. Shuningdek, u rivoyat qilgan hadisning matnida Oisha roziyallohu anhoning sahihaynda kelgan hadisiga xilof bo‘lganligi jihatidan ham munkarlik bor. Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “To Ibn Ummi Maktum azon aytgunicha yeb ichaveringiz. Chunki u to tong otmaguncha azon aytmaydi”, deb aytganlar. Nabiy alayhissalomning: “azon aytgunicha”, degan so‘zlari chegarani ifodalaydi. Ya’ni taom va ichimliklarni azon aytilgan paytda to‘xtatish uchun belgilangan chegara hisoblanadi. Yuqoridagi Muhammad ibn Amrning Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi esa azon aytilayotgan paytda ham qo‘lidagi narsani qo‘ymasdan ichib olishi joiz ekanligi tushuniladi. Bas, shunga ko’ra Muhammad ibn Amrning hadisi u soduq ya’ni rostgo‘y roviy bo‘lishiga qaramasdan munkar hadis jumlasidan hisoblanadi.

Ikkinchisi – soduq ya’ni rostgo‘y roviy yoki ba’zida hadis rivoyat qilishda xatoga yo‘l qo‘yuvchi siqa ya’ni ishonchli roviy shogirlari ko‘p bo‘lgan mashhur hofiz muhaddisdan bir hadisni rivoyat qilsa, hamda ushbu hadisni rivoyat qilishda yol‘g‘iz o‘zi bo‘lsa, hofiz muhaddisning biror shogirti unga bu borada sherik bo‘lmasa, uning yolg‘iz qilgan rivoyati munkar hisoblanadi. Bunga misol:

Imom Bayhaqiy “Sunanul kabir” da Imom Zahabiy esa “Siyar a’lamin nubala” kitobida Mahmud ibn Odam Al-Marvaziydan, u Sufyon ibn Uyaynadan, u Jome’ ibn Abu Roshiddan, u esa Abu Voildan qilgan rivoyatida Huzayfa roziyallohu anhu Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuga: “Sening hovling bilan Abu Musoning hovlisi o‘rtasi e’tikof o‘tiriladigan joydir. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “E’tikof o‘tirish faqatgina masjidul haromda yoki faqatgina uchta masjidda bo‘ladi”, deb aytgan so‘zlarini ta’lim olganman”, deb aytdi. Shunda Abdulloh: “Balki sen unitib ular yodda saqlab qolgandirlar”, deb javob berdi.

Hadisning roviylaridan bo‘lmish Mahmud ibn Odam soduq kishi bo’lishiga qaramasdan ushbu hadisni Sufyon ibn Uyaynadan yolg‘iz holatda rivoyat qilgan. Holbuki Sufyon shogirtlari ko‘p bo‘lgan hamda uni lozim tutgan hofiz muhaddislardan biri hisoblanadi. Ular ushbu hadisni rivoyat qilishda Mahmud ibn Odamga birortalari sherik bo‘lmaganlar. Sufyon ushbu hadisni shogirtlaridan berkitkani yoki barcha shogirtlari ushbu hadisni ustozidan qabul qilish borasida e’tiborsiz bo‘lib tinglamagani, faqatgina Mahmud ibn Odamning o‘zi e’tibor qaratib ushbu hadisni eshitgani ushbu hadisning munkar ekanligiga dalil bo‘ladi. Chunki bir hadis borasida buncha tasodif bo‘lishi kishining aqliga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kishi hadis ilmini o‘rganar ekan o‘ta ziyrak va e’tiborli bo‘lishi, uchragan hadisni o‘qib olib uni o‘ziga hujjat deb bilmasligi, balki bu borada ahli sunna val jamoa ulamolarining yo‘llarini mahkam tutishi lozim hisoblanadi. E’tiborli jihati yana shundaki, hadislarni hatto soduq ya’ni ro‘stgo‘y roviylar rivoyat qilgan bo‘lsalarda, ular ham insoniylik jihatdan ba’zida xato qilishlari mumkin ekan. Bas shunga binoan yuqorida biz zikr qilib o‘tgan munkar hadis zaif hadislar sirasiga kiradi hamda uni hujjat qilish ham joiz bo‘lmaydi.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

Boqiyev Azizbek


. .