ZIKR AHLIDAN SO’RANG
Muallif: . .
Sana: 08.02.2023
454

Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo muslumonlari, ayniqsa, yurtimiz muslumlonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqrarish, fatvo so’rash kabi atamalar ko’p ishlatilmoqda. Fatvo so’rovchilar qancha ko’paysa, fatvo beruvchi shaxslar ham yetarlicha ko’p uchramoqda. Dinni, islomni tushunish, o’rganish maqsadida bilmagan narsalarning hukmini, fatvosini shariatni bilgan olimlardan so’rash yaxshi ish, albatta. Ammo shar’iy masalaning hukmini har kimdan ham so’rayverish, ushbu masalalar yuzasidan to’g’ri kelgan odam fatvo chiqaraverishi ham to’g’ri ish emas. Bu masala bo’yicha falonchining fatvosi bor deyish ham qoniqish hosil qiladigan gap emas. Zero, fatvoning o’z egasi bo’lib, u o’z egasi tomonidangina aytilsagina e’tiborli bo’ladi.

Shuning uchun musulmon kishi “Fatvo nima?”, “Fatvo berishga kimlar haqli?”, degan savollarga javob topib olsa, diniy masalalarga javob topish uchun kimlarga murojaat qilishi kerakligi haqida tushunchaga ega bo’ladi. Shuningdek, fatvoni haqiqiy egasidan olgani uchun masalaning hukmiga qo’rqmay, ishonib amal qilaveradi.

Fatvo so’zi arabcha “tushunish mushkul bo’lgan hukmni bayon qilib berish” ma’nosini anglatadi. Shariat istilohida esa fatvo shar’iy hukm haqida savol bergan odamga so’ralgan masalaning shar’iy hukmini dalilga asoslangan holda javobini berishdir. Aynan shu so’ralgan shar’iy masalalar bo’yicha javob beruvchi shaxs esa muftiy deyiladi. Demak, fatvo berishga muftiy haqli sanaladi. Ammo bitta masalaning javobini to’la to’kis dalillarga asoslangan holda bilish va shunga asosan javob berish muftiy bo’lish degani emas. Zero, islom ulamolaridan imom Sayrafiy r.a.: “Muftiy Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflarni mukammal bilgan, ulardan mustaqil istinbot qilish, ya’ni, hukm chiqara bilish salohiyatiga ega,mujtahid shaxs bo’lishi kerak”, deganlar.

Demak, musulmonlarga shar’iy masalalar yuzasidan savollarga javob berib turadigan olim shaxs muftiy sanalar ekan. Ulamolar mana shu ishga iqtidori bor bir insonni muftiy qilib saylash har bir shahar musulmonlariga farzi kifoya amaldir, deydilar. Farzi kifoya amal shundayki, bitta odam tomonidan bajarilsa, hammaning yelkasidan soqit bo’ladi, bajarilmasa, barcha barobar gunohkor bo’ladi. Bir yurtda musulmonlar o’zaro kelishgan holda bir muftiyni tayinlasalar, shu yurtda o’sha tayinlangan muftiy fatvo berishga haqli bo’ladi.

Bir shaharda bir nechta fatvo berish imkonkyatiga ega bo’lgan shaxs mavjud bo’lsa, savol berilgan muftiy javobni ikkinchi muftiyga havola qilib yuborishi ham mumkin bo’ladi. Ammo shaharda bir donagina muftiylik qilishga salohiyatli shaxs bo’lsa, ana shu kimsaning masalalarga fatvo berishi shart bo’lib qoladi. Zero, musulmonlarning barcha ishlari mana shu muftiyning fatvosiga bog’liq bo’lib qoladi. Muftiy - bir masala yuzasidan fatvo chiqaruvchi shaxs berilgan savolning javobini aniq bilishi, yoki aniqlab berish imkoniyatida bo’lishi shart qilinadi. Yo’qsa savolga javob bermasligi lozimdir. Muftiy sodir bo’lmagan, manfaati yo’q, foydasiz savollarga javob bermaslikka haqlidir. Shuning uchun biror masala yuzasidan fatvo so’ramoqchi bo’lgan shaxs savolning muhimlik darajasiga ham e’tibor qilishi darkor.

Muftiylik, fatvo berish darajasi shu qadar buyuk bir maqomdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Sizdan ayollar haqida fatvo so’rashadi. Sizlarga ular haqida Alloh fatvo beradi deb ayting”, deydi (Niso surasi, 176-oyat). Bu bilan Alloh o’ziga fatvo berish nisbatini beradi. Undan tashqari, Qur’oni karimda “Biz sizga zikrni nozil qildik. Ularga nozil qilingan narsani bayon qilib berishingiz uchun” (Nahl suari. 44-oyat), deya Nabiy s.a.v.ning ham muftiy ekani zikr qilingan. Undan so’ng U zotning sahobalaridan olimlari, so’ng tobeinlar hamda ko’plab ilm egalari bo’lgan zotlar muftiylik qilganlar. Bu esa muftiylik darajasi qanchalik yuqori ekanini ifodalaydi. Imom Qarofiy muftiyga “Allohning murodining tarjimoni”, deya izoh bergan. Ibn Qoyyum Javziy esa muftiy podshoning nomidan imzo chekuvchi, muhr bosuvchi insonning darajasidadir, deb aytganlar. Podshoning imzosini chekuvchi shaxsning martabasi qanchalik baland maqomda ekanini bilar ekanmiz, olamlarning podshohi Alloh taoloning muhrini bosuvchi shaxsning darajasining ulug’ligi haqida nima deysiz?

Ammo bunday sharafli ishning o’ziga yarasha mas’uliyati ham bordir. Zero, Nabiy s.a.v.: “Sizlarning ichingizda fatvo berishga jur’atlirog’ingiz do’zaxga jur’atlirog’ingizdir”, deganlar (Dorimiy rivoyati). Abdurahmon ibn Abu Laylo r.a. “Shu hadisni eshitgan juda ko’p sahobalar yetarli darajada ilm salohiyatlari bo’lsa ham fatvo berishdan o’zlarini tiyganlar”, degan gapni aytadi.

Shunga ko’ra fatvo berish ajru savobi ulug’ ish deb, darrov fatvo berib yuboraverish yaxshi ish emas, degan xulosaga kelinadi. Fatvodan sahobayi kiromlarki o’zlarini tiydilarmi, bizlar allaqachon fatvo berishdan o’zimizni olib qochishimiz kerak bo’ladi. Bizlar javobi Qur’on va sunnatda aniq kelgan yoki ulamolar tomonidan ijmo bog’langan, yoxud yurtimiz muftiylari tomonidan kitoblarga bitib qo’yilgan fatvolarni naql qilish bilangina kifoyalanishimiz kerak. Zinhor ikkilangan, javobini bilmagan masalani qiyoslab, taxmin qilib javob berishdan saqlanish lozim. Zero, fatvo og’ir ishdir. Uning uchun juda yuqori saviya kerak bo’ladi. Rivoyat qilinishicha, mazhabboshi imom Molik ham hatto ba’zida u kishiga ellikka yaqin berilgan savollarning birortasiga javob bermas ekanlar. Ahmad ibn Hanbal r.a. ham juda ko’p savollarga “Bilamyman”, deya javob qilar ekanlar. Chunki mazhabboshidek zotlar bilmagan masalaga bir to’xtamga kelmagunlalricha javobni bermagalar.

Shunday ekan, biz ham shu ishga qattiq rioya qilmog’imiz darkor. Bilamaganlarimizni ustozlar, din olimlaridan so’rashimiz yoki ustozlar tomonidan yozilgan kitoblarga murojaat qilib topmog’imiz darkor. Shundagina ishlarimizda xayr-baraka bo’ladi va Alloh taoloning “Agar bilmasalaringiz, zikr ahlidan so’rang” (Nahl surasi, 43-oyat) degan oyati karimasiga muvofiq bo’ladi.

Alloh hammalarimizga tavfiq bersin. Omin!

To’xtasinov Ro’zimuhammad

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .