Seminar
Muallif: . .
Sana: 17.02.2021
1369

2021 yil 16 fevral kuni Mir Arab oliy madrasasi tomonidan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazining konferensiya zalida “Aqidaviy masalalarda salaf ulamolarining tutgan yoʻllari va ularga ergashishning bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy seminarda Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi, Misr Arab Respublikasining “Al-Azhar” va “Qohira” universitetlari magistri Djalilov Asroriddin Neʼmatullayevich maʼruza qildi.

Mazkur tadbirda Mir Arab oliy madrasasi hamda “Mir Arab” oʻrta maxsus islom bilim yurtining ustozlari, shuningdek, talabalar ishtirok etdi.

Quyida Djalilov Asroriddin Neʼmatullayevichning maʼruzalaridan iqtibos keltiramiz:

MUTASHABIH OYATLAR BORASIDA ULAMOLARNING TUTGAN YO’LLARI

Aslida tortishuvga olib bormaydigan masala bo’lsada, ayrim kimsalarning noto’g’ri talqin qilishi oqibatida dolzarb mavzuga aylanib qolgan masalalardan biri bu –mutashabih oyatlarning talqin qilinishi. Bu borada ulamolar qanday yo’l tutganlarini bayon qilishdan avval ayrim istilohlarni, ya’ni: “muhkam”, “mubham” va “mutashabih”lar nima ekanini bayon qilamiz.

1. MUHKAM – uning iborasida ma’no va maqsadi ochiq-oydin bo’ladi. Masalan: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro’za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo’lsangiz..” (Baqara,
183-oyat).
Bu oyatlarning ma’nosi ochiq iboraning o’zidan ma’lum bo’lib turibdi. Biror ulamo bu oyatni boshqa ma’noga ta’vil qilmaydi. Shuning uchun biror kishi muhkam oyat borasida ixtilof qilmaydi.

2. MUBHAM – zohiridagi ma’no aniq bo’lishi mumkin, ammo, murodi aniq bo’lmaydi. Mubham asli ikki turga bo’linadi:

a) arab tili miqiyosida umuman ma’nosi yo’q. Ya’ni, arablar ushbu lug’atni umuman ishlatmagan. Masalan: ayrim suralarning boshlanish qismidagi “hurufu muqottoa”lar. “Tosin”, “Nun” kabilar. Buni “mubham kulliy”, ya’ni, boshidan oxirigacha mubham deymiz.

b) zohiri mubham emas, zohiran ma’no tushunish mumkin. Ammo, murodini aslo bilib bo’lmaydi. Masalan: “Nihoyat, Ya’juj va Ma’juj ochilib, ular har bir tepaliklardan oqib kelganlarida”. (Anbiyo, 96-oyat).

Bu oyatning zohiriy ma’nosi ma’lum. Ammo, uning murodi aniq emas. Masalan: Ya’juj va Ma’jujlar kim?, qachon chiqadi? va shu kabi bir qancha jihatlari mubhamligicha qolgan. Bu mubhamlarni sunnat bayon qiladi. Agar sunnat bayon qilmagan bo’lsa, unda qachon chiqsa, shunda oyatning murodi namoyon bo’ladi. Bu masalarda ijtihod qilish mumkin emas, shuning uchun mubham holida qolaveradi.

Mubhamning hukmi – birinchi turdagi mubhamni ayrim salaf ulamolar ta’vil qilmaymiz desalar, boshqalari ta’vil qilamiz, degan ekanlar. Bu ikki yo’l ham to’g’ri yo’l hisoblanadi. Ta’vil qilmaymiz deganlar oyatlarni Allohning o’ziga topshiradilar. Ta’vil qilamiz deganlar esa “U Zotga o’xshash hech narsa yo’qdir” (Sho’ro, 11-oyat) oyati doirasidan chetlashmagan holda, Alloh taoloning o’ziga munosib ta’vil qilganlar.

Ikkinchi turdagi mubhamda esa ijtihod, ya’ni o’zicha ta’vil qilish yo’q. Qachon Qur’on yoki sunnat ochib bersa yoki o’zi zohir bo’lib chiqsa, oshkor bo’ladi. Unday bo’lmasa, mubhamligicha qolib ketadi.

3. MUTASHABIH – bir necha ma’nolari bo’lib, har biri iboraga mos kelishi mumkin. Mutashabih ham ikki turga bo’linadi:

a) zohiriy maqsadi ko’zlanmagan, balki, majoziy ma’nosi ko’zlangan ekani ochiq-oydin bo’ladi. Ya’ni, biror kishi bu iboralarda haqiqiy ma’nosi ko’zlangan, deb aytmaydi. Mutashabihning bu turida aslo ixtilof yo’qdir.

b) bu turdagi mutashabih ko’pincha Alloh taologa nisbat berilgan sifatlarda bo’ladi. Masalan: “Yadullohi”ning zohiriy ma’nosi: “Allohning qo’li” degan ma’noni anglatadi. Buni shunday qoldirish kerakmi yoki yo’qmi? Bu borada ulamolar quyidagi yo’lni tutganlar:

- bir jamoa ulamolar bu kabi oyatlarni ta’vil qilmaymiz, Allohning o’ziga topshiramiz, deyishadi;

- boshqa ulamolar esa, yo’q! buni shunday qoldirsak, maxluqotlarga tashbeh (o’xshatish) paydo bo’lib qolmoqda. Avom xalq buni tushunmaydi. Shuning uchun bularni majoziy ma’nosiga o’tkazamiz, deydilar. Bu ta’villarida ham mubhamdagi kabi quyidagi oyatdan chetga chiqmaydilar:

“U Zotga o’xshash hech narsa yo’qdir” (Sho’ro, 11-oyat). Mana shu oyat doirasidan chetlashmagan holda, Alloh taoloning o’ziga munosib ta’vil qiladilar.

Kalom ulamolari yuqoridagi oyatlar, ya’ni: mutashabihlar borasida uch xil yo’lni tutdilar:

a) muavvilin - ta’vil qiluvchilar. Bular oyatdan qasd qilingan majoziy ma’nolardan birini tayin qilishadi, bu aqlga ham to’g’ri keladi;

b) musbitin - lug’aviy ma’no arab tilidami?! demak, lug’atan sobit qilamiz. Ammo, kayfiyatini Allohga topshiramiz, deyishadi;

c) mufavvizin - mutashabih oyatlarning ma’nosini Alloh biladi, deb mutlaq Allohga topshirishadi. Shuning uchun bular mufavvizin, ya’ni, topshiruvchilar deyiladi.

Alloh taolo barchamizni hidoyatidan adashtirmasin!

. .