HAKIM TERMIZIYNING TASAVVUFIY YO‘LI
Muallif: . .
Sana: 05.11.2026
15

Kirish. Qalbi pok kishi dunyoga boshqacha qaraydi: u har narsada Alloh ato etgan nurni izlaydi. IX asrda Termiz tuprog‘ida shunday yo‘lni nafaqat bosib o‘tgan, balki uni so‘z bilan chizib bergan inson yashadi — Hakim Termiziy. U ayniqsa avliyolik haqidagi ta’limoti bilan mashhur.[1] Uning so‘zlari quruq ta’limot emas, ko‘ngilni uyg‘otuvchi hikmatdir: u kishini tashqi ibodatdan ichki uyg‘onishga, nafs bilan kurashdan Allohga yaqinlikka chorlaydi. Quyida allomaning hayoti qisqacha eslanib, asosiy e’tibor uning ichki yo‘li — nafs, qalb va ma’rifat g‘oyalariga qaratiladi.

1. Hayotidan bir lavha.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Hakim at-Termiziy Termizda tug‘ilgan, hadis va shariat ilmlarida yetuk, ichki hayoti jihatidan esa alohida inson edi. U o‘z yo‘lini «Bad’ sha’ni Abu Abdulloh» nomli avtobiografiyasida yozib qoldirgan.[2] Qizig‘i shundaki, unda faqat Ahmad ibn Osim al-Antakiyni ustoz sifatida tilga oladi, ma’rifatni esa Alloh bergan ilhom deb biladi. Ayrim masalalarni ochiq aytgani uchun Balxga surgun qilingan, ammo u yerdagi tasavvufiy muhitdan ham foydalangan.[3]

Yana bir ta’sirli lavha — uning turmush o‘rtog‘i. Tadqiqotchilar qayd etishicha, avtobiografiyada u allomaning ruhiy tajribasida tushlar vositachisi va o‘zi ham haqiqiy so‘fiy sifatida ko‘rinadi. Alloma esa nafsini tiyish uchun huvillagan xarobalar va qabristonlarda sayr qilgan, odamlarning ozoriga sabr qilgan.[4]

2. Nafs va qalb yo‘li.

Termiziy yo‘li tavbadan boshlanadi. «Manozil ul-ibod»da tavba Allohni izlovchilarning eng birinchi manzili sanaladi; undan yo‘lga chiqqan banda yetti manzilni bosib o‘tadi: zohidlik, nafsga adovat, muhabbat, havodan kechish, qo‘rquv va nihoyat qurbat — Allohga yaqinlik. Har manzilda inson nafsga duch keladi: nafs kishining ko‘zini ko‘r, quloqlarini kar qiladi, unga qarshi kurash esa qalb ko‘zini nurli qiladi. Alloma jihodni ham ikkiga bo‘ladi: botiniy jihod — nafs va hasadga qarshi ichki kurash, zohiriy jihod — dushmanga qarshi urush. Birinchisi qiyinroq: nafsga qarshi kurash odamlarning darajasi o‘lchanadigan mezon hisoblanadi.[5]

Alloma nafsni yovvoyi hayvonga o‘xshatadi: uni zo‘ravonlik bilan emas, sabr bilan o‘rgatish kerak. Ona sutiga shu qadar mahliyo go‘dak bir lahza ayrilishga toqat qilmaydi, ammo vaqt o‘tib sutdan chiqadi va boshqa ne’matlarning lazzatini topadi — nafs ham istakdan tiyilgan sari ko‘nikadi.[6] Nafsni butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi, lekin qalbi ilohiy nur bilan ziynatlangan solikda uning nuqsonlari o‘zgaradi: rag‘bat Allohni istashga, haybat Allohdan qo‘rqishga, g‘azab Alloh roziligi uchun g‘azablanishga, shubha yaqinga, shirk esa ixlosga aylanadi.[7]

Biroq Termiziy so‘fiyni ogohlantiradi. U ilmni ikki dengizga o‘xshatadi: Alloh haqidagi ilmning ipini tutgan kishi Alloh dengiziga g‘arq bo‘ladi va qalbi tiriladi, nafs ayblari haqidagi ilmning ipini tutgan esa o‘z nafsi dengizida cho‘kib ketishi mumkin. Shu bois butun umrni nafs ayblarini sanash bilan o‘tkazmaslik, maqsadni — Allohni tanishni unutmaslik kerak: ma’rifatga yetganlar uchun zikr oziqqa aylanadi va ular nafs haqida gapirishni ham og‘ir ko‘radilar.[8] Dunyo sevgisini u achchiq suvga, nafs sevgisini esa sho‘r suvga o‘xshatadi.[9] Zero, ikkalasi ham chanqoqni qondirmaydi.

Qalb esa ana shu ikkisining orasidagi manzil: aql samoviy, nafs yerga oid, ularning o‘rtasidagi makon — Alloh ato etgan ma’rifat nurini his qiluvchi qalbdir. Qalb aql ustida hukmdor, aql esa Allohning tadbiri va hikmatini anglaydi. Hikmat esa qalbning Allohni anglashi: u aqldan yuqorida turadi, ammo bu martaba emas, balki qalbning tirik mavjudligidir. Hikmat bilan ziynatlangan kishini Alloh nafsoniy istaklardan ozod qiladi, shu bois haqiqiy erkinlik — go‘zal xulq ko‘rsatish erkinligidir.[10]

Bu g‘oyalar bugungi inson uchun ham yaqin. Biz ko‘pincha tashqi g‘alabalarni o‘ylab, ichimizdagi yovvoyi hayvonni — nafsni unutib qo‘yamiz. Termiziy esa ichkariga qarashni o‘rgatadi: nafsni sabr bilan tarbiyalash, qalbni esa Alloh nuriga ochish — yo‘lning o‘zagi shu.

3. Valoyat — Alloh do‘stlarining yo‘li.

Termiziy uchun valiy — karomat egasidan ko‘ra avvalo xulqi go‘zal inson. Valoyat axloqiy kamolot, ma’naviy poklanish va ichki bilim bilan bog‘liq; valiyning hokimiyati kuchga emas, Payg‘ambar xulqiga yaqinlikka tayanadi. Alloma ilm va axloq birligini ta’kidlaydi: axloqi bor, ilmi yo‘q kishi adashadi; ilmi bor, axloqi yo‘q kishi esa takabbur va zolim bo‘lib qoladi.[11]

Erkinlik ham shu yo‘ldan keladi: «Ozod odam shuki, ta’ma uni qul qilmagan bo‘ladi». Alloma izzatli kishini gunoh xor qilmagan, xojani shayton asir etmagan, oqilni esa o‘z nafsining hisobini qilgan inson deb ta’riflaydi. Umidsizlikka ham javob topadi: u Allohni tanimaslikdan keladi, Allohni tanigan banda esa doim Unga suyanadi.[12]

U avliyolar ierarxiyasi haqida birinchilardan bo‘lib yozgan, «Xatm ul-avliyo»da esa avliyolik «muhri» haqidagi g‘oyani bayon etgan.[13] Bu g‘oya asrlar o‘tib Ibn al-Arabiy orqali keyingi tasavvufga yetib bordi va tadqiqotchilar yozishicha, bugun ham millionlab musulmonlar e’tiqodida yashab kelmoqda; aslida alloma tizimining butuni emas, aynan shu g‘oya meros bo‘lib qoldi.[14] «Navodir al-usul» va «Ilal ash-shari‘a»da esa shariat hukmlarini tashqi qoida sifatida emas, ichki ma’no — qalb tilida sharhlaydi.[15]

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki Hakim Termiziy bizga shuni o‘rgatadi: yo‘l tashqarida emas, ichkarida. Tavba bilan boshlangan safar nafsni tarbiyalash, qalbni nurlantirish va xulqni go‘zallashtirish orqali Allohga yaqinlikka yetaklaydi. Nafs — tarbiyaga muhtoj yovvoyi hayvon, qalb — ma’rifat nuri tushadigan dargoh, valiy esa kuch bilan emas, xulqi bilan o‘rnak bo‘ladigan inson. Asrlar o‘tsa-da, uning so‘zi qalbi pok insonga hamon yaqin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Yunus Muhammad

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

١- الحكيم الترمذي. ختم الأولياء، ومعه: بدء شأن أبي عبد الله. تحقيق: عثمان إسماعيل يحيى. بيروت، ١٩٦٥م.

٢- الحكيم الترمذي. نوادر الأصول في معرفة أحاديث الرسول. القاهرة: دار الريان، ١٩٨٨م.

٣- الحكيم الترمذي. منازل العباد من العبادة.

4. O‘zbekcha tarjima: Shoshiy A. – Toshkent: Movarounnahr, 2003.

5. Radtke B., O’Kane J. The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism. – Richmond: Curzon, 1996.

6. Radtke B. Ḥakim Termeḏi // Encyclopaedia Iranica. – 2003. – iranicaonline.org/?p=3138

7. Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 500–504.

8. Abdunazarova M.F. Hakim at-Termiziy ilmiy merosida inson mohiyatining germenevtik tahlili // Oriental Renaissance. – 2022. – 2(4/2). – B. 711–716.

9. Mamadaliyeva H.B. Hakim Termiziyning falsafiy-tasavvufiy qarashlarida “valoyat” konsepsiyasi tahlili // NamDU jurnali. – 2026. – 2-son.



[1] Radtke B. Ḥakim Termeḏi // Encyclopaedia Iranica. – 2003.

[2] الحكيم الترمذي. بدء شأن أبي عبد الله // Radtke B., O’Kane J. The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism. – Richmond: Curzon, 1996 (tarjimai holning ilk arab avtobiografiyalaridan biri ekani ham shu nashr tavsifida qayd etilgan).

[3] Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 501.

[4] الحكيم الترمذي. بدء شأن أبي عبد الله // Radtke B., O’Kane J. The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism. – Richmond: Curzon, 1996 (Kirish); ruhiy mashqlar haqida: Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 502.

[5] الحكيم الترمذي. منازل العباد من العبادة. – B. 9, 13–14, 22 // Abdunazarova M.F. Hakim at-Termiziy ilmiy merosida inson mohiyatining germenevtik tahlili // Oriental Renaissance. – 2022. – 2(4/2). – B. 713–714.

[6] الحكيم الترمذي. كتاب الرياضة وأدب النفس // Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 502–503.

[7] الحكيم الترمذي. كتاب الرياضة وأدب النفس // Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 503.

[8] Badalova J., Ro‘ziyeva S. Hakim at-Termiziyning tasavvufiy qarashlari // Oriental Renaissance. – 2025. – 5(5). – B. 503 (Abu Usmon al-Hiriyga yozilgan maktub mazmuni).

[9] الحكيم الترمذي. منازل العباد من العبادة // Abdunazarova M.F. Hakim at-Termiziy ilmiy merosida inson mohiyatining germenevtik tahlili // Oriental Renaissance. – 2022. – 2(4/2). – B. 714–715.

[10] الحكيم الترمذي. العقل والهوى // Mamadaliyeva H.B. Hakim Termiziyning falsafiy-tasavvufiy qarashlarida “valoyat” konsepsiyasi tahlili // NamDU jurnali. – 2026. – 2-son; Abdunazarova M.F. Hakim at-Termiziy ilmiy merosida inson mohiyatining germenevtik tahlili // Oriental Renaissance. – 2022. – 2(4/2). – B. 713.

[11] Mamadaliyeva H.B. Hakim Termiziyning falsafiy-tasavvufiy qarashlarida “valoyat” konsepsiyasi tahlili // NamDU jurnali. – 2026. – 2-son.

[12] Hakim at-Termiziy. Hadislarning biz anglagan va anglamagan hikmatlari / Usmonov I. tarj. – Toshkent: Movarounnahr, 2006. – B. 60 // Abdunazarova M.F. Hakim at-Termiziy ilmiy merosida inson mohiyatining germenevtik tahlili // Oriental Renaissance. – 2022. – 2(4/2). – B. 712–713.

[13] الحكيم الترمذي. ختم الأولياء، تحقيق: عثمان إسماعيل يحيى. – بيروت، 1965 // Radtke B. Ḥakim Termeḏi // Encyclopaedia Iranica. – 2003.

[14] Radtke B. Ḥakim Termeḏi // Encyclopaedia Iranica. – 2003; Radtke B., O’Kane J. The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism. – Richmond: Curzon, 1996 (Kirish).

[15] الحكيم الترمذي. نوادر الأصول في معرفة أحاديث الرسول؛ علل الشريعة // Radtke B. Ḥakim Termeḏi // Encyclopaedia Iranica. – 2003.

. .