Annotasiya: Ushbu maqolada Tasavvuf mutafakkirlaridan biri Sahl ibn Abdulloh Tustariyning ilm haqidagi qarashlari, ilmning ma'rifat bilan munosabati, ilmning mohiyati toʻgʻrisidagi fikrlari, ilm sohiblari toʻgʻrisidagi gʻoyalari yoritilgan.
Kalit soʻzlar: Tustariy, Sahliya, Tasavvuf, Ilm, Fiqh, Olimlar, Ixlos, Ibodat, Tavba,Ma'rifat, Amal, Irfon.
Yurtimizda ilmiy sohaga katta e'tibor qaratilayotgani oʻz samarasini bermoqda.Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, “Yangi Oʻzbekistonni qurish”, “III renessans” kabi gʻoyalar ilmiy tadqiqot yoʻnalishida ham aks etmoqda. Xususan, ajdodlarimiz ma'naviy merosini oʻrganish, bu merosni xalqimizga etkazish yoʻlida koʻplab ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Birgina Tasavvuf yoʻnalishida koʻplab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Abu Bakr Kalobodiy, Najmiddin Kubro, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahovuddin Naqshband kabi allomalar merosini oʻrganish shular jumlasidandir.
Tasavvuf va irfon yoʻnalishida ijod qilgan va oʻz ta'limotiga asos solgan mutafakkirlardan biri Sahl ibn Abdulloh Tustariydir. [1,89.] Tustariy yoshligidan boshlab irfon ilmiga qiziqib, oʻz zamoni olimlaridan ilm oldi. Ilmda yuksak maqomga erishib, oʻzidan katta ma'naviy meros qoldirdi.
Uning tasavvufiy qarashlarida bir qancha gʻoya va tushunchalar mavjud boʻlib, shulardan biri ilmdir. Ilmga Tustariyning oʻziga xos yondashuvi boʻlgan.
Ilm"علم"– arab tilidan olingan boʻlib, “bildi”, “voqif boʻldi”, “ma'lumotga ega boʻldi” kabi ma'nolarda keladi. [2,363.]
Sahl aytdi: kim Allohni tanisa, uni Alloh oʻz ma'rifatiga etkazadi. Kimni Alloh oʻz ma'rifatiga etkazgan boʻlsa, unga hamma narsani joiz qilib qoʻyadi.
Yana aytdi: ma'rifat chiroqqa oʻxshaydi, aql chiroqni piligiga oʻxshaydi, ilm esa nurga oʻxshaydi, ziyodalik (botiniy hol ziyodaligi) chiroqning yogʻiga oʻxshaydi. Mana shu ziyodalikni miqdoricha ularga Alloh olovni yorugʻ qiladi.[3,77.]
Tustariyga koʻra ilm hosil boʻlishi uchun bir qancha shartlar topilishi kerak. Ilmni nurga oʻxshatmoqda, demak nur paydo boʻlish sabablari kerak boʻladi. Shu jihatdan ma'rifat – chiroq va aql esa chiroqning piligiga qiyoslandi. Ushbu sabablar bir butun boʻlgandagina maqsad hosil boʻladi.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy aytdi: “ma'rifat – ilm olmasdan oldin boʻlgan ma'rifatdir. Ilm – ma'rifat bilan hosil boʻladi. Aql ilm bilan hosil boʻladi. Ammo ma'rifat esa oʻzi hosil boʻladi.
Ma'nosi: agar Alloh bir bandaga Oʻzini tanitsa, Alloh unga bergan ma'rifati bilan Allohni taniydi. Keyin bandaga ilm hosil qiladi. Banda ilmga dastlabki ma'rifati bilan etadi. Keyin bandaga hosil qilingan ilm sabab aql vujudga keladi. [4,43.]
Tustariyga koʻra, ma'rifat ilmdan oldindir. Ma'rifatsiz ilm uning nazdida e'tiborli emas. Uning fikricha aql ham ilmdan keyin hosil boʻladi. Birlamchi ma'rifat, ya'ni hamma narsa Allohni tanish, ma'rifat hosil qilishning ustiga quriladi.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy aytdi: “bandalar uning ma'rifatini anglashda faqat ojizlik topadigan zot – aybunuqsonlardan pokdir”. [5,225.]
Tustariyga koʻra banda Allohni mavjudligini idrok qiladi, lekin ma'rifatni haqiqatiga etishdan ojizlik qiladi. Zero Allohning zoti ma'rifatiga hech kim erishgan emas. Faqat Alloh oʻzi xabar bergan ma'lumotlar bilan cheklaniladi.
Umar ibn Avriy aytdi: bir kishi Sahl ibn Abdulloh Tustariyni oldiga kirdi. Uning qoʻlida siyohdon bor edi. Sahl unga: nimani yozib olasan? dedi. u: ilmni yozib olaman, dedi. Sahl: ilmni yozayotgan vaqtingda oʻlmaslikka qudrating etsa, yozgin , dedi. U kishi Sahlga: siz ayting, men shu ilmlarni yozib olay, dedi. Sahl: yoz: dunyoning barchasi nodonlik, faqat ilm boʻlgan qismi mustasno, ilmning hammasi hujjat xolos, faqat unda amal boʻlgani mustasno, amalning barchasi mavquf (bir joyda turib qolgan, qabul boʻlishga etmagan)dir, faqat unda ixlos boʻlgani mustasno. Abu Toyyib aytdi: men Abu Bakr ibn Zaqqoqqa bu gapni eshitganimni aytgan edim, u aytdi: bu gap aytilganda men ham Sahlni huzurida edim, sendan Alloh rozi boʻlsin, aytgan gapingdan bir lafz qolib ketdi. Qolib ketgan lafz: “ixlos – tabarriy (oʻzini amaldan uzoq tutish)dir”, dedi. Abu Toyyib aytdi: meni xayolimga keldiki, bu – amal qilishda har qanday kuch va quvvatdan voz kechishdir”. Men (Abul Qosim Abdurahmon Saqaliy) Abu Toyyibga qoʻpollik qilmaslik uchun qarshi hujjat keltirmadim. [3,225.]
Tustariyga koʻra, oʻlimni doim eslab turish zarur hisoblanadi. Shuning uchun uning oldiga kirgan kishiga oʻlimni eslatdi. Tustariyning ta'kidlashicha, har bir banda har lahzada tavba va tazarru'da boʻlishi kerak. Tustariyning oʻziga xos uslubidan biri fikrlarini bir-biriga bogʻlab zanjir uslubida bayon etishidir. Yuqorida ham shu uslubda bayon etilgan. Uning fikricha, ilm agar unga amal qilinsa, ilm hisoblanadi, aks holda uning ta'rifidagi ilm hosil boʻlmaydi. Oʻz navbatida amal uchun ham ixlos shart qilinadi.
Sahl ibn Abdullohdan Nabiy alayhissalomning “Kimga Alloh yaxshilikni xohlasa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi” hadisi haqida soʻrashdi. Sahl javob berdi: dindagi fiqh – botinida va zohirida Alloh belgilagan ibodatlarda itoat va ibodatni chuqur anglashdir. Abu Muhammad (Sahl) aytdi: rivoyat qilishlaricha, faqihlar rahnamolardir, ular bilan majlis qurish ziyodalik (holni oshirish)dir, ana oʻshalar Allohni buyruqlarini va qaytariqlarini chuqur biluvchilardir. Ular qaytariqlardan qaytganlar va buyruqlarni pinhonu oshkora jihatlarini bilganlardir. Ularning majlisida oʻtirish ziyodalik keltirishining ma'nosi - agar bir banda ular bilan birga oʻtirsa, unda Allohning ma'rifati, Allohga ragʻbat, Allohdan qoʻrqish ziyoda boʻladi. Bu ishlar sabab bandada botiniy hol va baland daraja hosil boʻladi. Lekin nafsi lazzatini koʻzlab, faqihlik bilan faxrlanish, dunyo obroʻsi, hasadgoʻylarga eshittirish uchun oʻrganish bunday emas. Sahl yana shunday dedi: botiniy holini bilgandan koʻra botiniy hol ma'rifatini hosil qilgan afzaldir.[3,77.]
Albatta Alloh faqihlarni insonlarga peshvo qilib yaratdi. Ular Alloh belgilagan ibodatlarni biladilar, unga amal qiladilar va bandalarni ilm bilan amal qilishlarini ta'minlaydilar. Ular sabab bandalar Allohga yaqinlashadilar va ularning qalbida Allohning ma'rifati oʻrnashadi. Darhaqiqat Alloh bandalariga amallari borasida ilm jihatdan faqih boʻlishlarini farz qildi. Ularga Allohni va oʻzlarini tanishlari, ilm bilan amal qilishlari lozim boʻlgani uchun faqih boʻlishni buyurdi.[3,80.]
Tustariyga koʻra haqiyqiy olimlar va nafsiga ergashgan olimlar mavjud. Haqiyqiy olimlar suhbati ilm va ma'rifat ziyoda boʻlishiga sabab boʻladi.
Tustariy oʻzining “Sahliya” tariqatiga asos solgan va koʻplab mustaqil fikrlarni olgʻa surgan. Uning tariqati bizgacha shu nom bilan etib kelmagan boʻlsada, uning gʻoyalari boshqa tariqatlarga singib ketgan. Xususan nafs haqidagi dastlabki gʻoyalar unga oiddir. Maxfiy zikrni Tustariy yoshligidan boshlagan. Uning IX asrda yashab ijod qilganini hisobga olsak, keyingi tariqatlarga oʻz ta'sirini koʻrsatgan.
Tustariyning koʻplab pand va nasihatlari mavjud boʻlib, biz ularni oʻrganib, yoshlar tarbiyasida joriy qilsak, ma'naviy boʻshliqlarni toʻldirishda katta yordam beradi.
Raximov Xolmurod Majitovich,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
- 1.А. Абдуллаев. Тасаввуф ва унинг намояндалари. – Т.: А. Навоий номидаги Ўзбекистон миллий кутубхонаси нашриёти. – 2009.Б. 212
- 2.АЛ-ҚОМУС арабча-ўзбекча луғат – Т.: Ғофур Ғулом. – 2019. III жуз, б. 363
- 3.سهل بن عبد الله التستري. المعارضة و الرد على اهل الفرق و اهل الدعاوى في الاحوال.تحقيق الدكتور محمد كمال جعفر. القاهرة, دار الانسان. ه1400- م1980. ص 159
- 4.ابي بكر محمد بن اسحاق الكلابادي. التعرف لمذهب اهل التصوف. طشقند,ماوراءنهر. ه1439-م2018. ص 125
- 5.علاء الدين ابو الحسن علس بن اسماعيل بن يوسف القونوي. شرح التعرف لمذهب اهل التصوف. بيروت-لبنان, كتاب-ناشرون. 1440ه-2019م.ص295
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
