SAHIHI BUXORIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN O‘RNI VA UNDAGI IMOM BUXORIYNING O‘ZIGA XOS USLUBI
Muallif: . .
Sana: 15.10.2026
6

Annotatsiya. Maqolada hadis ilmining fazilati, Imom Buxoriy hamda Sahihi Buxoriy asarining hadis ilmi olamida tutgan o‘rni, ulamolarning Imom Buxoriyga va Sahihi Buxoriyga nisbatan e’tiroflari, Sahihi Buxoriy asarida musannifning o’ziga xos uslubi va sir-asrorlari haqida so‘z yuritiladi.

Kalit so‘zlar: Ilm, hadis, Imom Buxoriy, al jome’ as-sahih, ibn Hajar Asqoloniy, sarlavha, uslub.

Hadis ilmi Alloh taoloning kalomidan keyingi eng sharafli ilmdir. Chunki nabaviy hadislar bevosita Alloh taolo kalomining amaliy sharhi hamda shariat ilmlari uchun Qur'oni karimdan keyingi manbaa hisoblanadi. Qolaversa hadis ilmida Alloh taoloning jamiyki yaratiqlari ichidagi eng afzali bo'lmish Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning so'zlari, amallari, sifatlari, qarorlari o'rganiladi. Alloh taolo Najm surasi 3-4- oyatlarida

{ إِنۡ هُوَ إِلَّا وَحۡیࣱ یُوحَىٰ }{ وَمَا یَنطِقُ عَنِ ٱلۡهَوَىٰۤ }
"U havodan nutq qilmas. U(Qur'on) vahiydan o'zga narsa emas" deb marhamat qilgan[1].
Payg'ambarimiz alayhissalom ham muborak hadislarida hadislarni yetkazishga targ'ib qilganlar:

عبد الله بن عمرو قال ان النبي صلى الله عليه وسلم قال: بَلِّغُوا عَنِّي ولو آيَةً، وَحَدِّثُوا عن بَنِي إِسْرائِيلَ وَلا حَرَجَ، وَمَن كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا، فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النّارِ.

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom aytdilar: Mendan bir oyat bo'lsa ham yetkazinglar, Bani Isroil haqida gapiraveringlar gunoh emas, kim men haqimda qasddan yolg'on to'qisa joyini jahannamdan tayyorlayversin" dedilar[2]. Hadis ilmining fazilatiga yuqoridagi oyat va hadis kifoya qiladi.
Sahobalardan boshlab butun islom olami kuch- g'ayrati, shijoatini shu ilmni o'rganish, uni tarqatish, rivojlantirish uchun sarfladi. Hadislarni yozish, tadvin qilish boshlandi.

Hijriy 2-3- asrlar hadis ilmida oltin asr bo'ldi. Hozirgi kunda eng ishonchli hadis manbalari deb qaraladigan aksar kitoblar mana shu davr mobaynida yozildi va hadis ilmi o'zining eng rivojlangan davrini o'tkazdi.

Hadis ilmida mo'minlarning amiri Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” asarlarining boshqa barcha kitoblardan, xususan boshqa hadis kitoblaridan ham bir qancha afzalliklari bor. Ulamolar Sahihi Buxoriyning boshqa barcha hadis kitoblaridan afzalligiga ijmo qilganlar. Bu kitob Allohning kitobidan keyingi eng sahih kitobdir[3]. Imom Buxoriy va u zotning sahihlari borasida bir qancha ulamolar o'zining yuksak e'tiroflarini ifodalaganlar:
Ahmad ibn Hanbal aytganlar: Xuroson Muhammad ibn Ismoil al- Buxoriyga o'xshashini boshqa chiqarmagan[4]. Imom Nasoiy aytganlar: Kitoblar orasida Buxoriyning Sahihidan yaxshiroq kitob yo'q[5].

Imom Buxoriy Sahih asarini yozish, hadislarni saralash uchun ulkan himmat va qattiq talablar bilan kirishganlar. 600000 ta hadislarning ichidan eng saralarini tanlab olishdan tashqari, har bir hadis uchun alohida yondoshganlar. Umar ibn Muhammad ibn Bajir al- Bajiyriy aytganlar: Muhammad ibn Ismoilni bunday deganini eshitdim: Jome' kitobimni Masjidul Haromda tasnif qildim. Allohga istixora qilib 2 rakat namoz o'qib sahihligiga ishonch hosil qilmay turib, biror hadisni kiritmadim[6].

Imom Buxoriyning shoh asari bo'lmish "Al jome’ as sahih" faqatgina sahih hadislarning jamlanmasi emas, balki bir vaqtning o'zida Imom Buxoriyning fiqhiy qarashlarini bayon etadigan, u zotning hadisni qanday tushungani va undan qanday hukmlarni istinbot qilib chiqarib olishini namoyon etadigan, maxsus metodologiyasiga ega bo'lgan asardir. Musannif kitobida boblarga sarlavhalarni faqat bobni nomlash maqsadida emas, balki hadisdagi nozik ma'nolarga ishora va Imom Buxoriyning nazdida bu hadis qanday fiqhiy hukmni ifodalashini ochib beruvchi vosita bo'lishi maqsadida tanlaganlar. Shundan kelib chiqib kibor ulamolar sahihi Buxoriyning sarlavhalariga alohida diqqat-e'tibor bilan qaraganlar.
Hadis ilmi mashoyixlari orasida mashhur ibora tarqalgan bo’lib:
فقه البخاري في تراجمه deganlar. Buxoriyning fiqhi - sarlavhalaridadir. Bu iborani “Hadyus Sariy” kitobida hofiz Ibn Hajar Asqoloniy zikr qilganlar.

Alloma ibn Adiy bir qancha mashoyixlar jamoasidan rivoyat qilib aytadilar: Imom Buxoriy Jome'sining bob sarlavhalarini Payg'ambarimiz alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida tayyorlaganlar. Har bir sarlavha uchun ikki rakat namoz o'qiganlar[7].

Shu o‘rinda Sahihi Buxoriyning to‘liq nomiga to'xtalsak. Kitobning to‘liq nomi quyidagicha:

الجامع المسند الصحيح المختصر من امور رسول الله صلى الله عليه وسلم و سننه و ايامه

“Aljami’ almusnad assohih almuxtasor min umuri Rosulillahi va sunanihi va ayyamihi”

Kitobning to’liq nomi bunday atalishining sababi shuki, hadis kitoblarini qanday hadislardan tuzilganligiga qarab bir qancha kategoriyalarga ajratish mumkin:

Aljami’: Faqatgina bir turdagi hadislarga cheklanmagan kitoblar. Shu sababli ushbu kitobda hukmlarga, fazilatli amallarga, avval o‘tgan tarixiy hodisalarga va yana ko‘plab boshqa mavzularga aloqador hadislar keltirilgan.

Almusnad: Sanadlari sahobalar orqali Rosulullohga bog‘langan bo‘lib, bu sanadlar to Imom Buxoriygacha muttasil bo‘lgan hadislar keltiriladi. Kitobda uchrab turadigan to‘liq sanadi zikr qilinmagan xabarlar esa musannifning asliy maqsadi emas.

Assohih: Bu kitobda Imom Buxoriyning nazdida zaif bo‘lgan biror hadis yoki xabar mavjud emas. Kitob sohibi bu haqida “Jami’ga faqatgina sahih bo’lgan hadislarni kiritdim” deganlar.

Almuxtasor: Bu kitobda imom Buxoriy o‘zi yod bilgan barcha hadislar, rivoyatlarni keltirmaganlar, balki yodlaganlarining ma’lum bir qismini keltirganlar xolos[8]. U zotdan rivoyat qilinadi: “Sahih kitobini 16 yilda yozdim. Uni 600000 (olti yuz ming) hadislar ichidan taxrij qildim va o‘zim va Alloh oramizda hujjat qildim”[9]

Ismoiyliy imom Buxoriydan rivoyat qilib aytadi: Bu kitobda faqat sahih hadislarni taxrij qildim. Sahihlardan ham tark qilganlarim ko‘proqdir. Ismoiliy aytadi: Chunki agar nazdida sahih bo‘lgan barcha hadislarni keltirganlarida bir bobning o‘zida bir jamoa sahobalarning hadislarini keltirib, har birining sanad yo’llarini zikr qilgan bo‘lardilar. Natijada kitob juda ham katta bo’lib ketardi”[10].

Bobomiz Imom Buxoriyning Sahih kitobi yuqoridagi barcha xususiyatlarni o‘zida jamlagani uchun mana shunday nomlangan.

Imom Buxoriy o'z Sahihida boblarni nomlash, ularni tartiblash borasida o‘zining noyob uslubiga ega. Unda ko‘pchilik muhaddislar amal qiladigan tartib, nomlash, ketma- ketlik kabilarga ergashilmagan. Imom Hofiz ibn Hajar ustozi Alloma Umar ibn Roslan al-Bulqiyniy rohimahullohdan Sahihi Buxoriyning tartibi, boblari, ba'zisini muqaddam qilishlari, ba'zisini keyinroq keltirishlaridagi sirlar borasida naql qilib aytadilar: Buxoriy "Vahiyning boshlanishi qanday" deb kitobini boshladi. “Vahiy kitobi”, “Vahiy boshlanishi kitobi” deb boshlamadilar. Chunki vahiyning boshlanishi ham vahiyning ostiga kirib ketuvchi narsalardandir. Imom Ibn Hajar aytadilar: menga zohir bo'ldiki, Buxoriy avvalgi bobni "bob" degan so'zdan holi qildi. Chunki bundan keyin keladigan har qanday bob shu bobning bir qismidir. "Vahiyning boshlanishi qanday" degan bob esa o'zidan keyingi boblarning onasi kabidir.

Bu bobni eng birinchisi qilib belgiladi, chunki vahiy yaxshiliklarning manbasidir. Shariat ham, risolat ham vahiy orqali hosil bo'lgan. Iymon-u ilmlar ham vahiy orqali o'rganiladi. Bu bobdan so'ng "Iymon kitobi"ni zikr qilganlar, chunki iymon ilmlarning eng sharaflisidir. Shuning uchun ham iymondan keyinoq "Ilm kitobini keltirganlar. Ilmdan so'ng amal bo'ladi. Badaniy amallarning eng afzali namozdir. Namozga faqat tahorat bilan yetib boriladi. Shuning uchun ham ilm kitobidan so'ng "Poklik kitobi"ni keltirdilar. Unda poklikka aloqador bo'lgan hukmlar, suv topilmasa nima qilinishi, tuproq topilmasa nima qilinishi, ayollar va erkaklar mushtarak bo'lgan amallar, ayollarga xos ishlar borasidagi hadislarni bayon etdilar. So'ngra "Namoz kitobi" ni zikr qildilar. Undan keyin "Zakot kitobi". Bu ketma ketlik "Islom 5 narsa ustiga bino qilindi" deb boshlanuvchi hadisdagi tartibga muvofiq joylashtirildi. Bularning barchasi banda va Yaratgan Robbimiz orasidagi muomalalardir. Banda va Robbisi orasidagi aloqalarga tegishli hadislarni yakunlab, banda va banda orasida bo'ladigan aloqalarga tegishli hadislarga kirishdilar va "Savdo kitobi" ni zikr qildilar. Muomala masalalariga tegishli hadislarni keltirgach, bu muomalalarda bandalar orasida kelib chiqadigan kelishmovchilik va nizolarni e'tiborga olib "Zulm", "G'asb" kitoblarini keltirdilar. Imom Buxoriy mana shunday o'ziga xos ketma ketlik bilan kitobini tartiblab, oxirida "Tavhid kitobi" ni zikr qiladilar va quyidagi hadis bilan asarlariga yakun yasaydilar:

كَلِمَتانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتانِ في المِيزانِ، حَبِيبَتانِ إلى الرَّحْمَنِ، سُبْحانَ اللَّهِ وبِحَمْدِهِ، سُبْحانَ اللَّهِ العَظِيمِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh alayhissalom aytdilar: Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og'ir, Rahmonga suyuklidir. Subhanallohi va bihamdihi, subhanalloh al-Aziym.[11]
Alloma ibn Hajar ustozi Bulqiyniyning Sahihi Buxoriy bu hadis bilan tugaganiga munosabati borasidagi so'zlarini zikr qiladilar:

Menga zohir bo'lgani shuki, Buxoriy kitobini amallarning vazniga dalolat qiluvchi hadis bilan tugallashni maqsad qilgan. Chunki bu insonga yuklatiladigan vazifalarning xotimasidir. Amallarning vazni o'lchanishidan keyin ikki diyordan birida doimiy qolish bor xolos, toki Alloh azobga hukm qilgan ba'zi muvahhidlar shafoat bilan jahannamdan chiqarilmagunlariga qadar.

Imom Kirmoniy aytadilar: Bu hadis bilan tugatishlarida shunday ishora borki, Buxoriy o‘z kitobini unga qaytiladigan mezon, tarozi qilib belgiladi. Alloh oson qilgan bandaga bunga qaytish osondir. Yana bunda Muallif boshdan kechirgan holatlarining ifodasi yotadi.[12]

Xulosa. Imom Buxoriy o‘zining shoh asari orqali hadis ilmida tadvin sohasini yangi bosqichga ko‘tardi. Chuqur izlanishlar bilan bir qatorda banda har ishda Alloh bilan bog‘lansa, butun bashariyat uchun foydali ishlar yaratilishini amalda ko‘rsatib berdi. Oradan qancha asrlar o‘tgan bo‘lsa ham asarlari insonlar qo‘lidan tushmay kelayotgani so‘zimizning amaliy tasdiqi hisoblanadi. Hadislarni jamlashdan tashqari ularni gozal tartib bilan joylashtirib, har jumlasida, har bobida o‘tkir zehn egalari uchun ishoralar qoldirib ketganligi ham ilm shaydolarini bu asarga yanada ko‘proq jalb qilib kelmoqda. Biz, yosh avlod ham ilmda tirishqoqlik qilsak, o‘z ustimizda tinimsiz mehnat qilsak, hamda Yaratgan bilan aloqalarimizni mustahkamlasak, albatta, buyuk ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lamiz!

Sobirov Asroriddin
Mir Arab oliy madrasasi talabasi


Foydalanilgan adabiyotlar:

  • 1.Qur’oni karim
  • 2.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Tafsiri hilol. -Toshkent:Hilol nashr.2013.
  • 3.Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. -Bayrut:Muassasa ar-risala an-nashirun. 2021.
  • 4.Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001.
  • 5.Muhyiddin an Navaviy. Tahzibul asmai val-lug’ot. -Bayrut. Darul kutub al-ilmiyya. 2022.
  • 6.Ibn Hajar Asqoloniy. Fathul boriy. 13-juz. – Riyoz: Darus salam. 2019.



[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Tafsiri hilol. -Toshkent:Hilol nashr.2013. 5-juz. B. 628.

[2] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. -Bayrut:Muassasa ar-risala an-nashirun. 2021. B. 899.

[3] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. -Bayrut:Muassasa ar-risala an-nashirun. 2021. B. 13.

[4] Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001. B. 482.

[5] Muhyiddin an Navaviy. Tahzibul asmai val-lug’ot. -Bayrut. Darul kutub al-ilmiyya. 2022. B. 9

[6] Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001. B. 489.

[7] Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001. B. 13.

[8] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. -Bayrut:Muassasa ar-risala an-nashirun. 2021. B. 74.

[9] Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001. B.489.

[10] Ibn Hajar Asqoloniy. Hadyus sariy. – Riyod: Maktaba al-Malik fahd al-vatoniyya. 2001. B.7

[11] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. -Bayrut:Muassasa ar-risala an-nashirun. 2021. B.

[12] Ibn Hajar Asqoloniy. Fathul boriy. 13-juz. – Riyoz: Darus salam. 2019. B.542.

. .