VAQT ENG BUYUK NE’MATLARDAN BIRI
Muallif: . .
Sana: 18.09.2026
14

Vaqt Alloh taolo tomonidan insonga in’om etilgan eng buyuk, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas ulug‘ ne’matdir. Uni dunyodagi barcha boyliklar to‘plansa ham sotib olib bo‘lmaydi, ortga qaytarish yoki birovdan qarzga olib turishning ham imkoni yo‘q. Inson hayoti aslida unga ajratilgan ma’lum daqiqalar, kunlar va yillarning cheklangan yig‘indisidir. Shu bois, har bir o‘tayotgan soniyaga chuqur mas’uliyat bilan qarash insoniy kamolot va ma’naviy yetuklikning belgilaridan biridir.

Islom nuqtai nazaridan vaqt shunchaki fizik hodisa yoki voqealar ketma-ketligi emas, balki buyuk ilohiy omonat va inson uchun berilgan imtihon fursatidir. Alloh taolo bandaga bergan har bir ne’mati haqida so‘raydi, jumladan vaqt kabi buyuk ne’mat haqidagi savol-javob alohida va nihoyatda daqiq bo‘ladi.

Muqaddas dinimizning manbalarida vaqt va umr masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Buning eng yorqin misoli Qur’oni Karimdagi “Asr” surasidir. Alloh taolo ushbu surada vaqt bilan qasam ichadi: “Asr bilan qasam. Albatta, inson xusrondadir. Illo, iymon keltirganlar va solih amallar qilganlar, bir-birlarini haq yo’lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (mustasnodir).”
Ushbu surada asr bilan qasam ichildi va butun insoniyat hayotining mohiyati va vaqtni boy berishning oqibatlari ochinb berildi. Buyuk olim Imom Shofe’iy: “Agar odamlar ushbu surani chuqur tafakkur qilganlarida edi, ularga shu sura yetarli bo‘lardi”, deb ta’kidlaganlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham vaqt va umrning qadri alohida ta’kidlangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Peyg’ambarimiz shunday marhamat qilganlar: “Ikki ne’mat borki, insonlardan ko‘pchiligi ulardan g‘ofildirdilar, ular sog‘lik va bo‘sh vaqtdir.”(Imom Buxoriy rivoyati)
Shuningdek, Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda umrning har bir lahzasi uchun hisob-kitob borligi haqida shunday deyiladi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kunida banda to‘rt narsa haqida so‘ralmagunicha qadami joyidan jilmaydi: Umrini nimaga sarflagani, ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyosini qayerdan topib, nimaga sarflagani, tanasi va kuch-quvvatini nimaga ishlatgani.” (Termiziy rivoyati)
Ushbu hadislarda umrni alohida ta’kidlanishi Islomda vaqtning har bir lahzasi qanchalik yuqori baholanishini ko‘rsatadi. Vaqt insonning oxiratdagi abadiy saodati yoki baxtsizligiga sabab bo‘ladigan eng asosiy vositalardan biridir. Uni ezgulik, ilm va solih amallarga sarflash omonatga vafo qilish bo‘lsa, uni behuda va gunoh ishlarga sarflash esa ilohiy ne’matga nisbatan qilingan eng katta noshukrlikdir.

Buyuk ulamolar vaqtning ahamiyati haqida ko‘plab bebaho hikmatlarni aytganlar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Bugun amal bor, hisob yo‘q. Ertaga hisob bor, amal yo‘q.”
Jumladan, Imom Shofeiy aytadilar:”Vaqt qilich kabidir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”. Ushbu hikmat aytmoqdaki, vaqt neytral emas: u yo sizning foydangizga, yo ziyonigingizga ishlaydi.

Boshqa mashhur hikmatlar: Hasan Basriy: “Ey odam bolasi, sen faqat kunlardan iboratdirsan. Bir kuning ketsa, bir bo‘laging ketadi.”

Umar ibn Abdulaziz: “Kechasi va kunduzi sening jismingda o‘z ishini qilmoqda (seni qaritmoqda). Demak, sen ham ularda o‘z amalingni qil!”

Xulosa qiladigan bo‘lsak, vaqt - bizga berilgan eng kata omonatlardan biri. Barchamiz vaqtni qadrlab, uni foydali ishlarga sarflashimiz lozim.

Mir Arab oliy madrasasi 4-kurs talabasi
Sobirov Asrordin

. .