Mantiqiy qoidalar mutlaq to‘g‘ri va sahihmi?
Muallif: . .
Sana: 09.07.2026
21

Mantiq fanida qo‘llaniladigan qoidalar inson aqli va tafakkurining mahsulidir. Ular asrlar davomida aqliy salohiyati yuksak, fikrlash qobiliyati teran bo‘lgan olimlar tomonidan ishlab chiqilgan. Biroq inson qanchalik bilimli va zakovatli bo‘lmasin, u xatodan mutlaqo xoli emas. Shu sababli inson tomonidan ilgari surilgan har qanday fikr yoki qoida mutlaq haqiqat sifatida qabul qilinmaydi. Aksincha, u shariat va sog‘lom aql mezonlari asosida baholanadi: haqiqatga muvofiq bo‘lsa qabul qilinadi, aks holda rad etiladi.

Yer yuzida xatodan mutlaqo salomat bo‘lgan kalom faqat Alloh taoloning Kalomi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahih hadislaridir. Ulardan boshqa barcha so‘z va qarashlar insoniy tafakkur mahsuli bo‘lgani uchun xato ehtimolidan xoli emas. Imom Molik rahimahullohning: “Bu qabr sohibidan boshqa har bir kishining so‘zi olinadi ham, tark qilinadi ham”, degan mashhur so‘zlari aynan shu haqiqatni ifodalaydi.

Mantiqiy qoidalar va aqliy dalillar ham inson tafakkurining mahsuli bo‘lgani uchun ular mutlaq qat’iylikni ifoda etmaydi. Albatta, ularning ayrimlari naqliy dalillar bilan quvvatlangan bo‘lib, bunday hollarda ular yanada mustahkam ahamiyat kasb etadi va qat’iy ilmni ifoda etadi. Biroq umumiy jihatdan qaralganda, mantiqiy qoidalar va aqliy istidlollarning katta qismi zonniydir. Chunki ular aqlga tayanadi, aql esa o‘z navbatida ma’lum chegaralarga ega.

Inson aqli buyuk ne’matdir. U bilan ilm olinadi, haqiqat taniladi, yaxshilik bilan yomonlik ajratiladi. Ammo aqlning ham yetib boradigan va to‘xtab qoladigan nuqtasi bor. Masalan, inson ko‘zi bilan tog‘larni, dengizlarni va osmon jismlarini ko‘rishi mumkin. Lekin u devor ortidagi narsalarni yoki uzoq ufqning narisida bo‘layotgan hodisalarni yoxud dengizning tub-tubida sodir bo‘layotgan holatlarni ko‘ra olmaydi. Ko‘zning bunday cheklanganligi uning foydasiz ekanini anglatmaganidek, aqlning ham ayrim masalalarda ojiz qolishi uning qadrini tushirmaydi. Balki har bir narsadan o‘z o‘rnida foydalanish lozimligini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, g‘ayb olamiga oid masalalarda aqlning imkoniyati cheklangan. Chunki aql ko‘proq hissiy olam bilan bog‘liq narsalarni idrok etadi. Jannat va do‘zaxning haqiqati, qabr azobi, farishtalar olami, qiyomat ahvollari kabi masalalar esa vahiy orqali bilinadi. Bu masalalarda aql yo‘l ko‘rsatuvchi emas, balki vahiyga ergashuvchi bo‘lishi kerak.

Shuning uchun mantiq ilmidan hojat miqdorida va zarurat talab qilgan o‘rinlarda foydalanish maqtovga loyiqdir. Ammo unga haddan tashqari berilib ketish va barcha narsani mantiq tarozisida tortishga urinish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki har qanday foydali vosita me’yoridan oshirilsa zararli tus oladi.

Bunga oddiy bir misol keltirish mumkin. Kema dengizda suzish uchun yaratilgan. U suv ustida turganida insonni manziliga yetkazadi. Ammo suv kemaning ichiga kirsa, uni harakatlantiradigan vositaning o‘zi halokat sababiga aylanadi. Xuddi shuningdek, aql va mantiq ham insonni haqiqat sari yetaklaydigan vositadir. Lekin ular o‘z chegarasidan chiqarilib, vahiydan ustun qo‘yilsa, hidoyat vositasi bo‘lish o‘rniga adashuv sababiga aylanishi mumkin.

Tarix bunga yorqin guvohdir. Mo‘taziliylar, dahriylar va boshqa ayrim falsafiy oqimlar ko‘plab masalalarda aqlni mutlaq hakam darajasiga ko‘tardilar. Natijada ular naql bilan sobit bo‘lgan ko‘plab haqiqatlarni aql mezoniga solib ko‘rdilar. Aql qamrab ololmagan narsalarni esa inkor qilishga moyillik paydo bo‘ldi.

Xususan, mo‘taziliylar qabr azobi, mo‘minlarning qiyomat kuni Alloh taoloni ko‘rishi va boshqa ko‘plab masalalarda Ahli sunna val jamoa yo‘lidan chetga chiqdilar. Ularning muammosi aqlni ishlatganlarida emas edi. Chunki Islom dini aqlni ishlatishga targ‘ib qiladi. Muammo aqlni o‘z chegarasidan chiqarib, uni vahiy ustidan hukm chiqaruvchi darajaga ko‘targanlarida edi.

Demak, mantiq ilmini o‘rganishning o‘zi maqsad emas. Asl maqsad undan fikrlashni tartibga soluvchi vosita sifatida foydalanishdir. Shu sababli mantiq qoidalarini zarurat o‘rinlarida, foyda beradigan holatlarda va shar’iy mezonlar doirasida o‘rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, mantiq ilmi fikrlarning moddasi va mazmuni bilan emas, balki ularning shakli va suratlari bilan shug‘ullanadi. U fikrning rost yoki yolg‘on ekanini emas, balki xulosaning muqaddimalardan to‘g‘ri kelib chiqqan yoki chiqmaganini tekshiradi. Masalan: “Arastu faylasufdir. Har bir faylasuf aqllidir. Demak, Arastu aqllidir”. Bu qiyos shakl jihatidan to‘g‘ri qurilgan. Natija muqaddimalardan mantiqan to‘g‘ri kelib chiqmoqda. Biroq mantiq ilmi bu yerda “Arastu haqiqatan ham faylasufmi?” yoki “Har bir faylasuf aqllidir degan hukm to‘g‘rimi?” degan savollarga javob bermaydi. Chunki bu savollar mazmunga taalluqli bo‘lib, mantiqning vazifasi esa shaklni tekshirishdan iboratdir. Shu bois mantiqshunoslar ko‘pincha mazmun o‘rniga ramzlardan foydalanadilar: A = B, B = C. Demak, A = C. Bu yerda A, B va C o‘rniga istalgan tushunchani qo‘yish mumkin. Mantiq uchun muhim bo‘lgan narsa tushunchalarning nima ekani emas, balki natijaning muqaddimalardan to‘g‘ri kelib chiqishidir.

Xulosa qilib aytganda, mantiq ilmi haqiqatning manbai emas, balki haqiqatni izlashda foydalaniladigan vositadir. U inson tafakkurini tartibga soladi, fikrlashdagi xatolarni kamaytiradi, dalillarning kuchli va zaif tomonlarini ajratishga yordam beradi. Xuddi tarozi narsalarning og‘irligini o‘lchagani kabi, mantiq ham fikrlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qurilganini o‘lchaydi. Ammo tarozi oltinni yaratib bermagani kabi, mantiq ham haqiqatni yaratmaydi. U faqat haqiqatni tanib olish yo‘lida xizmat qiladigan foydali vositalardan biridir.

Muhammad Mustafo Ro‘zmetov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
. .