Mir Arab madrasasining islom tamaddunidagi o‘rni va ahamiyati
Muallif: . .
Sana: 01.07.2026
7

Qadimdan Buxoro o‘zining ko‘plab madrasalari bilan nom taratgan. U turli yerlardan ilm tahsili uchun talabalar tashrif buyuradigan shahar hisoblangan.

Muhammad Ali Baljuvoniyning ma’lumotiga ko‘ra, XX asrning boshlariga kelib, Buxoroda madrasalar soni 400 ga yaqin bo‘lgan. Madrasalar asosan xon, amaldor, badavlat kishilar va ziyoli shaxslarning tashabbusi bilan barpo etilib, nomi o‘sha shaxslar ismi, ba’zan madrasa joylashgan mahalla, guzar nomi bilan atalgan.

Shunday madrasalardan biri Miri Arab madrasasi hisoblanib, uni 1530-1536 yillarda Buxoro xoni, mumtoz shoir Ubaydullaxon (1510-1539/40 yillarda hukmronlik qilgan) in’om etgan mablag‘ hamda ko‘plab vaqf mulklari hisobiga Shayx Said Abdulloh Yamaniy(Miri Arab) qurdirgan.

Uzoq yillar islom tamadduni rivojiga hissa qo’shgan, ko’pdan-ko’p ulamolarni yetishtirib bergan madrasa XX asrning 20-yillari 2-yarmida sovetlar yuritgan “dinsizlik” siyosati to’lqinida madrasa faoliyati bir muddat to’xtab qoldi. Alloh taoloning marhamati bilan ikkinchi jahon urushida davridagi xalqaro holat, Sovet davlatining urushdagi og’ir holatga tushishi oqibatida sovetlarning ayni o’zlari shu madrasa qayta ochilishi uchun ruxsat berdilar. Ammo bu jarayonlar aslo oson kechmadi. Eshon Boboxon hazratlari boshchiligida yurtimiz ulamolari Sovet hukumati va ularning gumashtalarining ta’na va tazyiqlariga qaramasdan Musulmonlar idorasi va Buxoroda Mir Arab hamda keyinchalik Toshkentda Baroqxon madrasalari faoliyati qayta yo’lga qo’yildi. O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasining 1945-yil 2-maydagi Toshkent va Buxoroda madrasa ochish bo’yicha 12-sonli qarori qabul qilinib, 1945-yil 10-oktabrda SSSR Sovnarkomi raisining o’rinbosari V.Molotov tomonidan ushbu qaror tasdiqlandi.

Shunday so’ng, 1946-yil 1-sentabrdan bu muborak madrasa o’z faoliyatini qaytadan boshladi. Birinchi mudir lavozimiga keyinchalik Tojikiston qozisi bo’lgan Bashirxon To’ra Is’hoqiy, mudarrislar namanganlik Ismoil Maxdum Sottiyev, toshkentlik Hoji Akbarxon qozi Muhiddinov, buxorolik Abdurrahim qori Rafiqov tayinlandilar. 1946-yilda madrasa mudirligiga Hoji Akbarxon qozi Muhiddinxonov, 1950-yilda Abdulhamid Max- dum, 1951-yilda Ismoil Maxdum Sottiyev tayinlandi. Bu davrda Karomatxon Hasanov, Abduqayum Ibrohimov, Muhammadamin Abdurahmonov, Muhammadjon Mahjuriy, Ibrohim Maxdum Sottiyev, Asqar Mirzahmedov, Shahobiddin qori Mo‘minov kabi olimlar mudarrislikka tayinlandilar. Keyinchalik mudir etib, Shahobiddin qori Mo‘minov tayinlandi. 1968-yildan keyin uzoq yillar Abdullatif Sultonmahmudov va Muxtorxon Abdullayev madrasada xizmat qildilar.

1960-1970-yillar yurtimizda Sovetlar ateistik siyosatining kuchayish, diniy birlashma va madrasalarga bosim yanada kuchaydi. Mir Arab madrasasining sobiq direktori Lutfulloh Nodirovning o‘sha yillarni xotirlab, aytishicha: Talabalar darsliklar bilan ta’minlanmagan, chunki Diniy boshqarma hatto zarur adabiyotlarni yetarli miqdorda chop etish imkoniga ega emas. Madrasa o‘qituvchisi ( mudarrisi) bo‘lishni juda obro‘li ish deb bo‘lmaydi, uning maoshi 200 so‘m bo‘lib, uning uchdan bir qismi soliqlarni to‘lashga va ko‘pchilik mudarrislar mablag‘larining yana bir qismi ijara haqini to‘lashga ketadi. Ular shu tariqa kam ta’minlangan oilalar toifasiga tushib qolardilar. Shunday bo’lsa-da, bu davrda madrasadan Ratbek Nisanbayev, Kimsanboy Abdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, Haydar Sharipov (Domullo Haydar), Zokirjon Ismoilov, Talgat Tojuddin, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayxul islom Ollohshukur Poshshozoda, Abdug’ofur Razzoq Buxoriy, Xabibulloh Solih, Ismoil Rayxonov, Shayx Ahmad Qodirov, Fozil qori Yosin o’g’li, Ravil Gaynutdin kabi yetuk olim va muftiylar yetishib chiqdi.

Madrasada o’qish dastlab 5 yil, 1952-yildan boshlab 9 yil, 1960-yillarning oxiridan 7 yil, 1982-yildan 5 yil etib belgilangan.

1951-yil bahorida madrasani ilk bitiruvchilari 13 nafar talaba tamomladi. 1951-1992-yillarda madrasada 23 marta bitiruv (xatmona) bo’lib, uni 297 nafar talaba tamomlagan. 1991–1995 yillarda 101 nafar bitiruvchilar ushbu madrasani tamomlagan bo‘lib, 1995 yilda bitirganlar 1997 yilgacha 3 yillik va 2 yillik tahsil olganlar, ya’ni 9-sinfni bitirganlar 3 yil, 11-sinfni tamomlaganlar esa ikki yil tahsil olganlar. Mir Arab madrasasining nizomi 1990 yil 31 yanvarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi ulamolar kengashi tomonidan tasdiqlangan, 1992 yil 13 martda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Madrasada 1993-yilgacha MDH respublikalaridan talabalar qabul qilingan bo’lib, shu yildan boshlab bu narsa ta’qiqlangan.

Salohiddin domla Sharipov mudirlik qilgan 90-yillarning boshida talabalar soni ko’p, ustozlar esa bir muncha kam edi. Moddiy ta’minot ham yaxshi emas, ustozlar yetishmasdi. Ularning maoshi va talabalarning stipendiyalari ham juda kam edi. Lekin shunday bo’lsa-da, fidoyi ustozlar diniy soha rivoji uchun turli sinov va mashaqqatlarni yengib o’tishdi. Katta kurs talabalari kichik kurs talabalarining o’zlashtirishiga mas’ul qilib tayinlanar, shu tarzda ta’lim jarayoni davom etardi. Aynan shu davrda talabalarni harbiy xizmatdan ozod qilib, ularni to’liq ta’lim jarayoniga jalb qilindi.

Keyingi yillarda madrasaning mustaqillik yillaridagi qayta shakllanish davri bo’ldi. Madrasada o’ziga xos Buxoro ta’lim manhaji shakllanib boshladi, madrasa binosi, masjidi va maqbara islom dini an’nanalariga xos tarzda ta’mirlanib, peshtoqlar va ravoqlardagi oyatlar, hadislar qayta ta’mirlandi. Bu uzoq muddat talab qiladigan, o’ta nozik ish edi. 2017-yilgacha bo’lgan davrda madrasa kadrlar yetishtib berishda davom etib, katta ustozlar va diniy soha vakillari yetishib chiqdi. Yuqoridagi ishlarning barchasida 2000-2017-yillarda madrasada mudirlik qilgan Muhiddin domla No’monovning hissalari katta bo’ldi.

Madrasa boy kutubxonaga ega bo‘lib, unda “Tafsiri Jalolayn”, “Tafsiri Husayniy”, “Mishkotu-l-masobih”, “As-sahih al-Buxoriy”, “Al-Adab al-mufrad”, “Kofiya”, “Sharhiy Kofiya”, “Shifohiya”, “Usulu-l-fiqh”, “Mirqod”, “Hidoya”, “Muxtasar”, “Xamsa”, “Majolisu-n-nafois”, “Nasoyimu-l-Muhabbat”, “Tazkirotu-l- avliyo”, “Mufradot”, “Taqvimu-t-tavrix”, “Sharhi Mullazoda”, “Masnaviy- ma’naviy”, “Guliston”, “Bo‘ston”, “Tuhfatu-l-muluk”, “Tib qonunlari”, “Nuru-l- Yaqin”, “Chor Kitob” kabi jami adadi qadimiy qo‘lyozma va toshbosma asarlar bilan 5000 tagacha noyob asarlar jamlangan.

Ushbu madrasa maqom va nufuzini ko‘tarish masalasi so’nggi yillarda ancha jadallashgan bo‘lib, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning alohida e’tibori o‘laroq, 2017-yildan Buxoro viloyatida maxsus Mir Arab Oliy madrasasi tashkil etildi.

2022-yil 26-noyabr kuni Buxoroi sharifda Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzuidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Nufuzli tadbirda Xalqaro musulmon ulamolar kengashi va Abu Dabi Tinchlik forumining obro‘-e’tiborli ulamolari, O‘zbekiston, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston singari mamlakatlar muftiylari, taniqli ulamolar, islomshunos tadqiqotchi va diniy soha vakillari (“Mir Arab” madrasasi bitiruvchilari) ishtirok etdi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, XVI asrda asos solingan bu dargoh nafaqat noyob me’moriy obida, balki eng murakkab tarixiy davrlarda – xususan, mustabid tuzumning qat’iy ateistik siyosati sharoitida ham islom tamadduni qadriyatlarini saqlab qolgan va uning davomiyligini ta’minlagan ilmiy markazdir. Mustaqillik yillarida madrasaning o‘ziga xos ta’lim manhaji qayta tiklanishi va uning bazasida Oliy madrasaning tashkil etilishi – Buxoro islom sivilizatsiyasi maktabining yuksak ilmiy salohiyati va xalqaro miqyosdagi e’tirofining amaliy tasdig‘i hamda mantiqiy davomidir.

Shaxboz Saidov Shamsitdinovich
Mir arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

. .