ABU HAFS KABIR BUXORIY – MOVAROUNNAHR HANAFIYLIK MAKTABINING ASOSCHISI
Muallif: . .
Sana: 20.06.2026
17

Movarounnahr zaminida islom ilmlari taraqqiyoti va hanafiylik mazhabining keng yoyilishida ulkan xizmat ko‘rsatgan allomalar orasida Abu Hafs Kabir Buxoriy alohida o‘rin tutadi. U Buxoro hanafiylik maktabining asoschisi, yirik faqih, muhaddis va mutafakkir sifatida nafaqat o‘z davrida, balki keyingi asrlarda ham yuksak ehtirom bilan tilga olingan. Abu Hafs Kabir Imom Abu Hanifa ilmiy maktabining Movarounnahrdagi davomchisi bo‘lib, hanafiy fiqhining mintaqada mustahkam qaror topishi, Buxoroning yirik ilm markaziga aylanishi hamda ko‘plab olimlarning yetishib chiqishida muhim rol o‘ynagan. Mazkur maqolada Abu Hafs Kabir Buxoriyning hayoti, ilm tahsili, ustozlari va shogirdlari, ilmiy merosi, Movarounnahr islom tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi hamda mustaqillik yillarida uning merosiga ko‘rsatilayotgan e'tibor haqida so‘z yuritiladi.

Tavalludi va nasabi: Movarounnahr zaminida yetishib chiqqan buyuk faqih va muhaddislar orasida Abu Hafs Kabir Buxoriy alohida o‘rin egallaydi. U hanafiylik mazhabining mintaqadagi ilk namoyandalaridan biri, Buxoro fiqh maktabining asoschisi hamda keyinchalik butun Movarounnahrda shakllangan hanafiylik an’analarining poydevorini qo‘ygan alloma sifatida tanilgan.

Abu Hafs Kabirning to‘liq ismi Ahmad ibn Hafs ibn az-Zibarqon ibn Abdulloh al-Ijliy al-Buxoriy bo‘lib, tarixiy manbalarda ko‘proq Abu Hafs al-Kabir nomi bilan mashhur bo‘lgan. “Kabir” (katta, ulug‘) laqabi keyinchalik uning o‘g‘li Abu Hafs as-Sag‘irdan ajratish maqsadida qo‘llanilgan. Hanafiy tabaqot manbalarida u “Movarounnahr shayxi”, “Mashriq faqihi” va “Imom” kabi yuksak unvonlar bilan tilga olinadi. Manbalarda qayd etilishicha, Abu Hafs Kabir hijriy 150-yilda (milodiy 767–768-yillarda) Buxoroda tavallud topgan. Bu davr islom ilmlarining yuksalish bosqichiga to‘g‘ri keladi. Aynan shu asrlarda Imom Abu Hanifa asos solgan hanafiy mazhabi musulmon dunyosining turli hududlariga tarqalib, yirik ilmiy markazlar shakllanayotgan edi. Abu Hafs Kabir ana shunday ilmiy uyg‘onish davrida dunyoga kelib, keyinchalik ushbu ilmiy harakatning Movarounnahrdagi eng muhim namoyandalaridan biriga aylandi. Abu Hafs Kabir yashagan davrda Buxoro shahri tobora yirik ilm va madaniyat markaziga aylanib borayotgan edi. Shahar o‘zining savdo yo‘llari, ilmiy muhit va diniy-ma’rifiy an’analari bilan mashhur bo‘lib, turli hududlardan kelgan olimlar va talabalarni o‘ziga jalb qilardi. Ana shu muhit Abu Hafs Kabirning shakllanishida muhim omil bo‘ldi. Tarixiy manbalarda uning nasabi Bani Ijl qabilasi bilan bog‘lanadi. Bu esa uning arab nasliga mansub oiladan chiqqanini ko‘rsatadi. Keyinchalik uning oilasi Movarounnahrda ilm va ma’rifat bilan mashhur bo‘lib ketdi. Xususan, Abu Hafs Kabirning o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs, ya’ni Abu Hafs as-Sag‘ir ham o‘z davrining yetuk faqihlaridan biri sifatida shuhrat qozondi. Shu tariqa Abu Hafs Kabir oilasi Buxorodagi hanafiylik an’analarining davomchilari sifatida tarixda muhim o‘rin egalladi. Abu Hafs Kabirning hayoti va faoliyati keyinchalik Buxoro ilmiy muhitining shakllanishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. U nafaqat buyuk faqih va muhaddis, balki Movarounnahrda hanafiylik mazhabining mustahkam qaror topishiga xizmat qilgan ilmiy maktab asoschisi sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Keyingi asrlarda yetishib chiqqan ko‘plab hanafiy olimlar o‘z ilmiy silsilalarini Abu Hafs Kabir va uning shogirdlariga bog‘laganlari ham uning ilmiy nufuzi naqadar yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.

Ilm yo‘lidagi safarlar va ustozlari: Abu Hafs Kabir Buxoriy ilm-fan yo‘lida katta mashaqqatlarni boshdan kechirgan, uzoq safarlar qilgan va o‘z davrining eng yirik olimlaridan ta'lim olgan allomalardan biridir. U dastlabki bilimlarni Buxoroda egallagan bo‘lsa-da, ilmga bo‘lgan cheksiz muhabbati uni musulmon dunyosining yirik ilm markazlariga yetakladi. Ayniqsa, o‘sha davrda xalifalikning ilmiy markazi hisoblangan Bag‘dod shahri Abu Hafs Kabirning ilmiy shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Manbalarda qayd etilishicha, Abu Hafs Kabir ilm talabida safarga chiqib, hanafiy mazhabining buyuk imomi Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy huzurida uzoq muddat tahsil olgan. U Imom Muhammadning ilmiy majlislarida muntazam qatnashib, fiqh ilmining nozik masalalarini chuqur o‘rgangan. Hatto Abu Sulaymon al-Juzjoniy rivoyat qilgan mashhur xabarda Imom Muhammadga: «Agar siz vafot etsangiz, ilmni kimdan olaylik?» deb so‘ralganida, u zot: «Hech kim mendan ilmni Abu Hafs Buxoriychalik ololmagan», deb javob berganlari zikr etiladi. Bu e'tirof Abu Hafs Kabirning ustoz nazaridagi ilmiy maqomini yaqqol namoyon etadi. U zot Imom Abu Hanifaning yana bir buyuk shogirdi Abu Yusufning ham ilmiy majlislarida qatnashgan. Garchi Abu Yusuf bilan uchrashuvi uning umrining oxirgi yillariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, bu muloqotlar Abu Hafsning ilmiy dunyoqarashi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Shu tariqa u hanafiy mazhabining asosiy vakillari bo‘lgan Abu Yusuf va Imom Muhammad ilmiy maktablaridan bevosita bahramand bo‘lgan kam sonli Movarounnahrlik olimlardan biri hisoblanadi. Fiqh bilan bir qatorda Abu Hafs Kabir hadis ilmini ham chuqur egallagan. U o‘z davrining mashhur muhaddislaridan hadis rivoyat qilgan. Manbalarda uning ustozlari qatorida Vaki' ibn Jarroh, Abu Usoma Hammad ibn Usoma, Hoshim ibn Bashir, Jarir ibn Abdulhamid, Abdulloh ibn Muborak va Sufyon ibn Uyayna kabi mashhur hadis olimlari zikr etiladi. Bu allomalar hijriy ikkinchi asrning eng nufuzli muhaddislaridan bo‘lib, Abu Hafs Kabirning hadis ilmidagi salohiyati ham aynan ana shu ilmiy muhitda shakllangan. Shamsuddin Zahabiy Abu Hafs Kabirni «Faqih, buyuk olim, Movarounnahr shayxi va Mashriq faqihi» deya ta'riflaydi. Bu ta'rif uning nafaqat Buxoro yoki Movarounnahr, balki butun Sharq islom olamidagi ilmiy mavqeini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, Abu Hafs Kabir fiqh va hadis ilmlarini o‘zida jamlagan, ilm bilan amalni uyg‘unlashtirgan, taqvo va zohidlikda ham namuna bo‘lgan allomalardan edi. Ilm talabidagi safarlari va buyuk ustozlardan olgan ta'limi natijasida Abu Hafs Kabir Movarounnahrga qaytgach, bu yerda hanafiy fiqhining mustahkam ilmiy maktabini vujudga keltirdi. U o‘zi egallagan ilmni talabalarga yetkazish orqali Buxoroni musulmon dunyosining eng yirik fiqh markazlaridan biriga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Buxoro fiqh maktabining shakllanishi: Abu Hafs Kabir Buxoriyning islom ilm-fani tarixidagi eng katta xizmatlaridan biri Movarounnahrda hanafiylik mazhabining mustahkam ilmiy asoslarini yaratganidir. Agar Imom Abu Hanifa hanafiy mazhabiga asos solgan bo‘lsa, Abu Hafs Kabir ushbu mazhabni Movarounnahr zaminiga olib kirib, uni ilmiy maktab darajasiga ko‘targan buyuk allomalardan biri hisoblanadi. VIII asrning ikkinchi yarmi va IX asr boshlarida Movarounnahrda islom dini tobora keng yoyilib, diniy ilmlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan edi. Biroq bu davrda mintaqada hali mustahkam fiqhiy markazlar shakllanib ulgurmagan edi. Abu Hafs Kabir Bag‘dod va Iroq ilmiy muhitida olgan chuqur bilimlari bilan Buxoroga qaytgach, hanafiy fiqhining nazariy va amaliy asoslarini mahalliy aholi orasida keng targ‘ib qilishga kirishdi. Uning faoliyati natijasida Buxoro qisqa vaqt ichida hanafiylikning muhim markazlaridan biriga aylandi. Abu Hafs Kabir masjid va ilmiy majlislarda fiqh darslari o‘tib, shariat masalalariga oid savollarga javob berar, murakkab huquqiy masalalarni hal qilib berardi. Shu sababli uning shuhrati nafaqat Buxoro va Movarounnahrga, balki boshqa islom o‘lkalariga ham yoyildi.

Muhammad Narshaxiyning ma’lumot berishicha, Abu Hafs Kabir Buxoroda yirik madrasa tashkil etgan bo‘lib, u yerda muntazam ravishda talabalar tahsil olganlar. Alloma bomdod namozidan keyin dars berishni odat qilgan va umrining katta qismini ilm tarqatish hamda shogirdlar tayyorlashga bag‘ishlagan. Mazkur madrasa keyinchalik Buxoroning eng mashhur ilm maskanlaridan biriga aylangan. Abu Hafs Kabir asos solgan ilmiy an’ana natijasida Buxoro shahri asta-sekin musulmon Sharqining yirik fiqh markaziga aylandi. Hatto tarixiy manbalarda Buxoro "Qubbat ul-Islom" — "Islom gumbazi" nomi bilan tilga olinadi. Ayrim manbalarda Abu Hafs Kabirning ilmiy mavqei sababli unga “Muallimi Islom” (“Islom muallimi”) unvoni berilgani ham qayd etiladi. Abu Hafs Kabirning fiqhiy salohiyati haqida manbalarda qiziqarli rivoyatlar uchraydi. Narshaxiyning yozishicha, Iroqdan haj safaridan qaytayotgan ayrim olimlar va hojilar murakkab fiqhiy masalalarning yechimini topa olmaganlarida Buxoroga kelib, Abu Hafs Kabirdan fatvo so‘raganlar. Bu holat uning ilmiy nufuzi Movarounnahr chegaralaridan ancha uzoqqa yoyilganini ko‘rsatadi. Abu Hafs Kabir fiqhni mahalliy hayot bilan uyg‘unlashtirishga ham alohida e’tibor qaratgan. U hanafiy mazhabining asosiy qoidalarini saqlagan holda, Movarounnahr xalqlarining urf-odatlari va ijtimoiy ehtiyojlarini ham hisobga olib fatvolar chiqargan. Bu esa hanafiylikning mintaqa aholisi orasida tez va mustahkam yoyilishiga xizmat qilgan. Shu tariqa Abu Hafs Kabir Buxoriy tomonidan yaratilgan ilmiy maktab keyinchalik Sadru-sh-sharialar, Qozixon, Burhoniddin Marg‘inoniy, Shamsul-a'imma Saraxsiy kabi buyuk hanafiy olimlar faoliyatiga zamin yaratdi. Movarounnahrning islom huquqi tarixidagi yuksalishi aynan Abu Hafs Kabir asos solgan ushbu ilmiy an'ana bilan chambarchas bog‘liqdir.

Abu Hafs Kabirning shogirdlari va ilmiy maktabi: Islom ilm-fani tarixida buyuk olimlarning ulug‘ligi nafaqat yozgan asarlari yoki bergan fatvolari bilan, balki ular tarbiyalagan shogirdlar va barpo etgan ilmiy maktab orqali ham namoyon bo‘ladi. Abu Hafs Kabir Buxoriy ham ana shunday allomalardan bo‘lib, uning eng katta meroslaridan biri Movarounnahrda shakllantirgan ilmiy maktabi va yetishtirgan shogirdlari hisoblanadi. U zot Buxoroga qaytgach, o‘zining ilmiy faoliyatini keng yo‘lga qo‘ydi. U tashkil etgan madrasa qisqa fursatda nafaqat Buxoro, balki Movarounnahrning turli hududlaridan kelgan talabalar tahsil oladigan yirik ilm markaziga aylandi. Manbalarda Abu Hafs Kabirning ko‘plab shogirdlari zikr qilingan. Ularning eng mashhuri va ilmiy merosining davomchisi o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs, ya’ni Abu Hafs as-Sag‘ir hisoblanadi. U fiqh, hadis va aqida ilmlarida yetuk alloma bo‘lib yetishdi hamda otasidan olgan ilmni keyingi avlodlarga yetkazdi. Hanafiy tabaqot manbalarida Abu Hafs as-Sag‘ir Movarounnahr hanafiylarining shayxi va Buxoro ulamolarining peshvosi sifatida ta’riflanadi. Abu Hafs Kabirning mashhur shogirdlari qatorida Abu Ja’far Rizvon ibn Salim Badokoriy, Abul Hasan Muqotil ibn Sa’id Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizg‘ukiy, Abu Zahhok Fadl ibn Hasson Sutikaniy, Horis ibn Abul Vafo Buxoriy, Dovud Sharg‘iy va Abu Sa’id Sulaymon ibn Dovud Sharg‘iy kabi olimlar ham tilga olinadi. Ushbu shogirdlar o‘z davrlarida fiqh va hadis ilmlarining rivojiga xizmat qilib, Abu Hafs Kabir maktabining keng tarqalishiga sabab bo‘lganlar. Abdulkarim Sam’oniy keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Abu Hafs Kabirning shogirdlari Buxoro atrofidagi qishloqlarda ham ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, ayrim qishloqlar hanafiy faqihlari maskaniga aylanganligi u zotning ilmiy maktabining naqadar keng yoyilganini ko‘rsatadi. Bu holat Buxoro va uning atrofida hanafiylikning mustahkam ildiz otishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ulug’ faqih faqat ilm berish bilan kifoyalanmagan, balki shogirdlarini taqvo, odob va ixlos ruhida tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratgan. Manbalarda uning talabalarga qilgan quyidagi nasihati keltiriladi: “Qur’onni ko‘p o‘qinglar. Chunki Qur’on mus’haflardan ham, qalblardan ham tez ketadi.” Ushbu nasihat allomaning ilm bilan bir qatorda ma’naviy tarbiyani ham muhim deb bilganini ko‘rsatadi. Abu Hafs Kabir asos solgan ilmiy an’ana keyingi asrlarda yanada rivojlandi. Sadru-sh-sharialar oilasi, Buxoro va Samarqand hanafiylik maktablari hamda Movarounnahrda yetishib chiqqan ko‘plab faqihlarning ilmiy silsilasi bevosita yoki bilvosita Abu Hafs Kabir va uning shogirdlariga borib taqaladi. Shu jihatdan u nafaqat bir avlodning ustozi, balki butun bir ilmiy maktabning bunyodkori sifatida e’tirof etiladi. U zotning ilmiy maktabi natijasida Buxoro shahri keyingi asrlarda hanafiy fiqhining eng yirik markazlaridan biriga aylandi. Bu maktabdan yetishib chiqqan olimlar esa nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom olamida hanafiy mazhabining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdilar.

Ilmiy merosi va asarlari: Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi Movarounnahrda hanafiy fiqhining shakllanishi va rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. U nafaqat o‘z davrining yirik faqihi va muhaddisi, balki keyingi asrlarda hanafiy mazhabining taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan boy ilmiy meros egasi sifatida ham alohida e’tiborga loyiqdir. Garchi uning asarlarining aksariyati bizgacha to‘liq yetib kelmagan bo‘lsa-da, turli fiqhiy manbalarda saqlanib qolgan iqtiboslar va ma’lumotlar uning ilmiy salohiyati naqadar yuksak bo‘lganini ko‘rsatadi. Manbalarda Abu Hafs Kabirga nisbat berilgan bir necha asarlar zikr qilinadi. Ularning eng mashhuri «Kitobu-t-taxrij» hisoblanadi. Mazkur asar nomi ko‘plab hanafiy manbalarda uchraydi. Xususan, Lutfulloh Nasafiy ayrim fiqhiy masalalarni sharhlash jarayonida ushbu asardan iqtiboslar keltirgan. Bu esa «Kitobu-t-taxrij» o‘z davrida faqihlar tomonidan murojaat qilinadigan muhim manbalardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuningdek, manbalarda Abu Hafs Kabirning «Fatovo», «Masoil» va «Favoid» nomli asarlari mavjud bo‘lgani qayd etiladi. Bu asarlar fiqhiy masalalar, fatvolar va amaliy huquqiy yechimlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi ehtimol qilinadi. Afsuski, ushbu asarlarning to‘liq nusxalari hozircha aniqlanmagan. Shu sababli Abu Hafs Kabir merosini o‘rganishda keyingi hanafiy ulamolarning asarlarida saqlanib qolgan iqtiboslar muhim manba vazifasini o‘taydi. Abu Hafs Kabirning ilmiy qarashlari va fatvolari keyingi asrlar davomida hanafiy fiqhining eng mashhur manbalarida keng qo‘llanilgan. Jumladan, «Fatovoyi Attobiya», «Muhitu-l-Burhoniy», «Badoi‘u-s-sanoi‘», «Fatovoyi Tatarxoniya», «Hayratu-l-fuqaho», «Saloti Mas’udiy» hamda «Fatovoyi Olamgiriya» kabi asarlarda uning fatvolari va fiqhiy qarashlari uchraydi. Bu holat Abu Hafs Kabirning ilmiy merosi bir necha asr davomida hanafiy fiqhi rivojiga xizmat qilganidan dalolat beradi. Ba’zi keyingi manbalarda Abu Hafs Kabirga «Al-Ahvo va-l-ixtilof» hamda «Ar-raddu ala-l-lafziyya» asarlari ham nisbat berilgan. Biroq hanafiy tabaqot kitoblaridagi ma’lumotlar ushbu asarlar aslida uning o‘g‘li Abu Hafs as-Sag‘ir qalamiga mansub ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli zamonaviy tadqiqotchilar Abu Hafs Kabir va Abu Hafs as-Sag‘ir merosini bir-biridan ajratib o‘rganish zarurligini ta’kidlaydilar. U zotning ilmiy merosi faqat yozgan asarlari bilangina emas, balki uning fatvolari, ta’lim uslubi va shakllantirgan fiqhiy maktabi orqali ham namoyon bo‘ladi. Asrlar davomida yuzlab faqihlar uning qarashlariga murojaat qilganlari, ko‘plab fiqhiy masalalarda uning fikrlarini dalil sifatida keltirganlari buning yaqqol tasdig‘idir. Shu bois Abu Hafs Kabir Movarounnahr hanafiylik maktabining ilk bunyodkorlaridan biri sifatida islom huquqi tarixida munosib o‘rin egallaydi.

Fiqhiy va aqidaviy qarashlari: Abu Hafs Kabir Buxoriy nafaqat hanafiy fiqhining yirik namoyandasi, balki ahli sunna val-jamoa aqidasining himoyachilaridan biri sifatida ham tarixda muhim o‘rin egallaydi. U yashagan davr islom olamida turli aqidaviy bahs-munozaralar kuchaygan, qadar, iymon, Qur’onning mahiyati va boshqa masalalar atrofida turli firqalar paydo bo‘lgan davr edi. Abu Hafs Kabir esa bu masalalarda ahli sunna aqidasiga sodiq qolib, mo‘tadil yo‘lni targ‘ib qilgan olimlardan bo‘ldi. Manbalarda keltirilishicha, Abu Hafs Kabir Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniydan quyidagi mazmundagi rivoyatni naql qilgan: “Narsalar yaxshi va yomon tarzda taqdir qilingandir. Ahli sunna faqihlari bunga ittifoq qilganlar. Qadar masalasida tortishmanglar. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari haqida faqat yaxshi so‘zlarni aytinglar.” Ushbu rivoyat allomaning qadar masalasida ahli sunna qarashlarini qo‘llab-quvvatlaganini hamda musulmonlarni foydasiz bahs-munozaralardan qaytarishga intilganini ko‘rsatadi. Abu Hafs Kabirning aqidaviy qarashlarida Qur’on va Sunnatga sodiqlik alohida o‘rin tutadi. U kishining hayoti davomida bid’at va adashgan oqimlarga qarshi kurashgani, musulmonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga mahkam yopishishga da’vat etgani manbalarda qayd etilgan. Hatto tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgani haqidagi mashhur rivoyat ham uning sunnatga bo‘lgan muhabbati va e’tiborini aks ettiruvchi tarixiy xabarlardan biri sifatida zikr qilinadi. Abu Hafs Kabir fiqhiy masalalarda ham chuqur mulohaza va ehtiyotkorlik bilan hukm chiqaradigan faqih sifatida tanilgan. U fiqhni faqat nazariy ilm sifatida emas, balki insonlar hayotini tartibga soluvchi amaliy tizim sifatida ko‘rgan. Shu sababli uning fatvolarida shariat qoidalari bilan bir qatorda jamiyat ehtiyojlari va mahalliy sharoit ham inobatga olingan. Bu yondashuv keyinchalik Movarounnahr hanafiylik maktabining muhim xususiyatlaridan biriga aylandi.Abu Hafs Kabirning ilmiy faoliyatida taqvo va amal ilm bilan uyg‘un holda namoyon bo‘lgan. Zamondoshlari uni faqat faqih emas, balki zohid, taqvodor va amali bilan ilmiga muvofiq yashagan inson sifatida ta’riflaganlar. Shoir va adib Lays ibn Nasrning uni “fiqhi, taqvosi va amali bilan zamonasining peshvosi bo‘lishga loyiq zot” deb e’tirof etgani ham bejiz emas. Shunday qilib, Abu Hafs Kabir Buxoriyning fiqhiy va aqidaviy qarashlari Movarounnahrda ahli sunna val-jamoa ta’limotining mustahkam qaror topishiga xizmat qildi. Uning ilmiy merosi keyingi asrlarda yashagan hanafiy faqihlar va mutakallimlar faoliyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, mintaqadagi diniy tafakkur rivojining muhim poydevorlaridan biriga aylandi.

Abu Hafs Kabirning Movarounnahr islom tamadduniga qo‘shgan hissasi: Movarounnahr tarixida ayrim allomalar borki, ularning xizmatlari birgina ilm sohasi bilan cheklanib qolmay, butun bir mintaqaning diniy-ma’rifiy taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan. Abu Hafs Kabir Buxoriy ana shunday buyuk siymolardan biridir. U nafaqat yirik faqih va muhaddis, balki Movarounnahrda hanafiylik ta’limotining qaror topishi va Buxoroning xalqaro ilm markaziga aylanishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan alloma sifatida e’tirof etiladi. Abu Hafs Kabir ilm tahsilini tugatib, Buxoroga qaytgach, Imom Abu Hanifa va uning shogirdlari tomonidan shakllantirilgan fiqhiy merosni Movarounnahrga olib kirdi. Natijada hanafiy mazhabi mintaqada keng yoyila boshladi. Keyinchalik Buxoro, Samarqand, Nasaf va boshqa shaharlarda shakllangan ilmiy maktablar aynan Abu Hafs Kabir boshlab bergan ilmiy an’analarning davomi bo‘ldi. Abu Hafs Kabirning eng muhim xizmatlaridan biri Buxoroda mustahkam ilmiy muhit yaratganidir. U tashkil etgan madrasa va ilmiy majlislar tufayli Buxoro musulmon Sharqining eng mashhur ilm markazlaridan biriga aylandi. Turli hududlardan talabalar va olimlar bu shaharga ilm olish maqsadida keladigan bo‘ldilar. Natijada Buxoro nafaqat Movarounnahrning, balki butun islom olamining yirik ilm markazi sifatida tanildi. Tarixiy manbalarda Abu Hafs Kabirning ilmiy nufuzi haqida ko‘plab rivoyatlar uchraydi. Jumladan, ayrim murakkab fiqhiy masalalarda Iroq va boshqa o‘lkalardagi olimlar aniq yechim topa olmaganlarida, masalaning javobini bilish uchun Buxoroga, Abu Hafs Kabir huzuriga murojaat qilganlari zikr etiladi. Bu holat uning ilmiy salohiyati va xalqaro miqyosdagi obro‘sini ko‘rsatadi. Allomaning yuksak maqomi tufayli zamondoshlari unga turli sharafli unvonlar berganlar. Manbalarda Abu Hafs Kabir “Muallimi Islom”, ya’ni “Islom muallimi” deb e’tirof etilgani qayd etiladi. Shuningdek, uning sharofati bilan Buxoro shahri “Qubbat ul-Islom” (“Islom gumbazi”) nomi bilan mashhur bo‘lgani ham zikr qilinadi. Bu unvonlar bevosita allomaning ilmiy va ma’naviy faoliyati bilan bog‘liqdir. Abu Hafs Kabirning xizmatlari faqat fiqh ilmi bilan cheklanmagan. U hadis, aqida va ma’naviy tarbiya sohalarida ham muhim faoliyat olib borgan. Ayniqsa, ahli sunna val-jamoa ta’limotining Movarounnahrda mustahkam qaror topishida uning hissasi katta bo‘ldi. Keyinchalik Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Shamsul-a’imma Saraxsiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqishi uchun zarur bo‘lgan ilmiy muhit aynan Abu Hafs Kabir va uning ilmiy maktabi tomonidan shakllantirilgan edi. Abu Hafs Kabirning yana bir muhim xizmati hanafiy fiqhini mahalliy urf-odatlar va ijtimoiy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirishga erishganidadir. Bu esa hanafiy mazhabining Movarounnahr xalqlari orasida keng qabul qilinishiga va asrlar davomida o‘z mavqeini saqlab qolishiga xizmat qildi. Shu sababli keyingi hanafiy faqihlari uni Movarounnahr hanafiylik maktabining asoschilaridan biri sifatida yuksak ehtirom bilan tilga olganlar. Bugungi kunda ham Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi Buxoro ilmiy an’analari, hanafiylik mazhabi va Movarounnahr islom tamadduni bilan chambarchas bog‘liq holda esga olinadi. Uning ilmiy merosi va faoliyati mintaqa musulmonlari ma’naviy hayotining shakllanishida muhim o‘rin tutgan tarixiy omillardan biri hisoblanadi.

Mustaqillik yillarida Abu Hafs Kabir merosi va qadamjolariga ko‘rsatilayotgan e’tibor: O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, xalqimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini tiklash, buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda Movarounnahr hanafiylik maktabining asoschilaridan biri bo‘lgan Abu Hafs Kabir Buxoriy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumki, Abu Hafs Kabir Buxoriyning maqbarasi Buxoro shahridagi qadimiy Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan. Asrlar davomida ushbu maskan xalq tomonidan e’zozlanib kelingan bo‘lsa-da, sovetlar davrida ko‘plab diniy-ma’rifiy obidalar singari bu qadamjo ham yetarli darajada e’tibor ko‘rmagan edi. Mustaqillikdan so‘ng esa tarixiy obidalarni asrash va qayta tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar doirasida Hazrati Imom majmuasi ham ta’mirlandi va obodonlashtirildi. Xususan, Buxorodagi tarixiy qadamjolarni tiklash dasturlari asosida majmua hududida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi hamda maqbaraning tarixiy qiyofasini saqlab qolishga alohida e’tibor berildi. Natijada bugungi kunda Abu Hafs Kabir maqbarasi nafaqat ziyoratgoh, balki ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Mustaqillik yillarida Abu Hafs Kabirning ilmiy merosini tadqiq etish borasida ham muhim ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonlik va xorijlik tadqiqotchilar tomonidan allomaning hayoti, ilmiy faoliyati, fiqhiy qarashlari hamda Buxoro hanafiylik maktabining shakllanishidagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar olib borildi. Natijada ilgari kam o‘rganilgan ayrim tarixiy manbalar ilmiy muomalaga kiritildi va Abu Hafs Kabir shaxsiyatiga oid ma’lumotlar yanada boyitildi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va ajdodlar merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy markazlar, tadqiqot muassasalari va ta’lim maskanlari faoliyati kengayib borayotgani ham Abu Hafs Kabir kabi allomalarning merosini chuqur tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, tarixiy asarlarni nashrga tayyorlash va ilmiy tahlil qilish ishlari bu boradagi muhim qadamlar hisoblanadi. Abu Hafs Kabirning ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning fiqhiy qarashlari, ta’lim-tarbiya borasidagi faoliyati va ilmga bo‘lgan munosabati zamonaviy jamiyat uchun ham muhim ma’naviy saboqlarni o‘zida mujassam etadi. Ayniqsa, ilm-ma’rifatni ulug‘lash, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishda Abu Hafs Kabir merosi katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kunda Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi nafaqat tarix sahifalarida, balki xalqimizning ma’naviy xotirasida ham munosib o‘rin egallab turibdi. Uning qoldirgan ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish kelajak avlodlarni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim omillardan biri bo‘lib qolaveradi.

Xulosa: Abu Hafs Kabir Buxoriy Movarounnahrda hanafiylik mazhabining mustahkam qaror topishi, Buxoro fiqh maktabining shakllanishi va islom ilmlarining rivojlanishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan buyuk allomalardan biridir. U o‘zining chuqur ilmi, yuksak taqvosi, fidokorona ta’lim faoliyati va boy ilmiy merosi bilan nafaqat o‘z davrining, balki keyingi asrlarning ham ilmiy taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Abu Hafs Kabir asos solgan ilmiy an’ana natijasida Buxoro musulmon Sharqining eng nufuzli ilm markazlaridan biriga aylandi. Uning shogirdlari va ilmiy maktabi orqali hanafiylik ta’limoti butun Movarounnahrga yoyilib, keyinchalik Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Shamsul-a’imma Saraxsiy kabi buyuk allomalarning yetishib chiqishiga zamin yaratdi. Bugungi kunda Abu Hafs Kabir Buxoriy merosini o‘rganish, uning qadamjolarini asrab-avaylash va ilmiy faoliyatini keng targ‘ib qilish ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ma’naviy boylikni anglash hamda kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning hayoti va faoliyati ilm, taqvo, fidoyilik va ma’rifat yo‘lida xizmat qilishning yorqin namunasi sifatida hamisha e’zozlanib qoladi.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Azizbek Boqiyev

Foydalanilgan adabiyotlar

1.Narshaxiy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far. Tarixi Buxoro. – Toshkent: Kamalak, 1991.

2.Siyar A’lam an-Nubala’ / Az-Zahabiy, Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad. Siyar a‘lam an-nubalaʼ. – Bayrut: Muassasat ar-Risala, 1985. – J. 10.

3.Al-Qurashiy, Abdulqodir ibn Muhammad. Al-Javohir al-muziyya fi tabaqot al-Hanafiyya. – Karachi: Mir Muhammad Kutubxona.

4.Qutlubug‘o, Zaynuddin Qosim ibn Qutlubug‘o. Taj at-tarojim fi tabaqot al-Hanafiyya. – Bag‘dod: Matba’at al-Irshod.

5.As-Sam’oniy, Abdulkarim ibn Muhammad. Al-Ansob. – Bayrut: Dor al-Kutub al-Ilmiyya.

6.Kafaviy, Mahmud ibn Sulaymon. Katoib a‘lam al-axyor min fuqahaʼ mazhab an-Nu‘mon al-muxtor. – Istanbul: Maktabat al-Irshod.

7.Ibn al-Imod al-Hanbaliy. Shazarot az-zahab fi axbor man zahab. – Bayrut: Dor Ibn Kasir.

8.Laknaviy, Abdulhayy. Al-Favaid al-bahiyya fi tarojim al-Hanafiyya. – Bayrut: Dor al-Ma’rifa.

9.Abdulmajid Hasan. Abu Hafs Kabir Buxoriy va uning ilmiy merosi // Imom Buxoriy saboqlari jurnali.

10.Rahimov A., Islomov B. Movarounnahrda hanafiylik maktabining shakllanishi va taraqqiyoti. – Toshkent: O‘zbekiston, 2020.

11.O‘zbekiston musulmonlari idorasi. Movarounnahr allomalari merosi. – Toshkent: Movarounnahr, 2021.

. .