OILA A’ZOLARIMIZ ORASIDA “ENG YAXSHILARI”
Muallif: . .
Sana: 23.12.2025
73

Ushbu maqola Islom dinida bilim olish nafaqat majburiyat, balki insonni eng oliy darajalarga ko‘taruvchi omil ekanini dalillaydi.

1. Olimlarning darajasi haqida Qur’onda keltirilgan maqtovlar.

﴿يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ﴾

Tarjimasi: “...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo iymonli kishilarni oddiy odamlardan, olimlarni esa oddiy mo‘minlardan ham yuqori darajaga ko‘tarishini va’da qilmoqda. Ibn Abbos (r.a.) aytadi: “Olimlar mo‘minlardan yetti yuz daraja yuqoridirlar. Har ikki darajaning orasi yuz yillik yo‘ldir”.

2. Eng oliy guvohlik.

﴿شَهِدَ اللَّهُ أَنَّهُ لَا إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ﴾

Tarjimasi: “Alloh, farishtalar va ilm ahllari — yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O‘zi borligiga guvohlik berdilar...” (Oli Imron surasi, 18-oyat).

E’tiborli jihati, Alloh taolo eng ulug‘ haqiqat — O‘zining yagonaligiga shohidlik berishda O‘zidan keyin farishtalarni, so‘ngra ilm ahllarini keltirdi. Bu olimlarning Alloh huzurida qanchalik ishonchli va sharafli ekaniga eng katta dalildir.

3. Alloh taolo olim bilan oddiy mo‘min o‘rtasidagi farqni Qur’oni karimda alohida bayon qildi.

﴿قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ﴾

Tarjimasi: Ayting: “Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!” (Zumar surasi, 9-oyat).

Bu inkoriy savol orqali Alloh ilm va johillik (bilimsizlik) hech qachon teng bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Bilim insonning qalb ko‘zini ochadi, jaholat, bilimsizlik esa insonni qiyinchilik, zulmat sari yetaklaydi.

4. Alloh taolo bilimsiz kishilarga bilmaganni so‘rash odobi ham, O‘z kitobi sharifida marhamat qilgan.

﴿فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ﴾

Tarjimasi: “Agar bilmaydigan bo‘lsangizlar, zikr ahlidan (bilimlilardan) so‘ranglar” (Nahl surasi, 43-oyat).

Ushbu oyat jamiyatdagi tartibni belgilab beradi: har bir soha bo‘yicha mutaxassisga murojaat qilish shart. Ilm egalari jamiyatning yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqlaridir.

5. Olimlarni boshqa insonlardan ko‘ra anglash, tushinish qobiliyatini maqtagan.

﴿وَتِلۡكَ ٱلۡأَمۡثَـٰلُ نَضۡرِبُهَا لِلنَّاسِۖ وَمَا یَعۡقِلُهَاۤ إِلَّا ٱلۡعَـٰلِمُونَ

Tarjimasi: “Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olsinlar) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat ilm egalarigina anglay olurlar”. (Ankabut surasi, 43-oyat).

Qur’ondagi ko‘p ma’nolarni va hayotning asl mohiyatini oddiy odam tushinishi mumkin, lekin uning tubiga, oyatdan iroda qilingan asl ma’noga faqat, chuqur ilm egalarigina yetib bora oladilar.

﴿بَلْ هُوَ آيَاتٌ بَيِّنَاتٌ فِي صُدُورِ الَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ﴾

Tarjimasi: “Yo‘q u (ya’ni, Qur’on) ilm ato etilgan zotlarning qalblaridagi aniq-ravshan oyatlardir” (Ankabut surasi, 49-oyat).

Haqiqiy ilm faqat kitoblarda emas, balki olimlarning qalblarida joylashadi. Ilm insonning ichki dunyosini nurga, dunyo va oxirat hayotini saodatga, qalbini hotirjamlik va sakinatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

7. Qur’oni karimda Alloh taolodan chinakam qo‘rqish va taqvo qilish faqat olimlarga xos ekanligi aytilmoqda.

﴿إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ﴾

Tarjimasi: “Allohdan bandalari ichida faqat olimlargina qo‘rqurlar” (Fotir surasi, 28-oyat).

Inson Allohni qanchalik ko‘p tanisa, Uni shunchalik ulug‘laydi. Haqiqiy olim faqat ma’lumot to‘plovchi emas, balki bilimi orqali Allohdan qo‘rqadigan va taqvo qiladigan kishidir.

8. Maxluqotlarning eng yaxshilari, bu – olimlardur.

﴿أُولَٰئِكَ هُمْ خَيْرُ الْبَرِيَّةِ﴾ ... ﴿ذَٰلِكَ لِمَنْ خَشِيَ رَبَّهُ﴾

Tarjimasi: “Ana o‘shalar maxluqotlarning eng yaxshisidirlar... Bu (mukofotlar) Parvardigoridan qo‘rqqan kishilar uchundir” (Bayyina surasi, 7-8-oyatlar).

Matn oxirida muallif ushbu ikki oyatni bog‘laydi: Agar eng yaxshi insonlar Allohdan qo‘rqadiganlar bo‘lsa (Bayyina surasi, 7-8-oyatlar), va Allohdan faqat olimlar qo‘rqsa (Fotir surasi, 28-oyat), demak, olimlar maxluqotlarning eng yaxshisidir.

Mulohaza uchun savol: Siz ham eng yaxshilar qatoridamisiz?

Ushbu maqolani o‘qiyotgan aziz o‘quvchim, sizga bir savolim bor: Siz ham insonlarning eng yaxshilaridanmisiz?

Agar javobingiz «Ha» bo‘lsa, Alloh ilmingizga baraka bersin, dunyo va oxiratdagi martabangizni bundan-da baland qilsin!

Endi chuqurroq mushohada qiling: Yuqoridagi oyati karimalar bizga eng yaxshi bo‘lish yo‘lini ko‘rsatib turibdi. Bu — ilm yo‘lidir. Shunday ekan, o‘qing va o‘qiting! Zero, eng yaxshilar qatorida bo‘lish o‘z qo‘lingizda.

Arab tilidan tarjima
Madaminzoda Abdulatif Baxtiyor o’g’li
Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi, Buxoro davlar universiteti tayanch doktoranti

. .