
"Kim kechasi uyg'onib, xotinini uyg'otsa va ikkovlon birga ikki rak'at namoz o'qisalar, ular Allohni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va zikr qiluvchi ayollardan deb yoziladi". Abu Dovud rivoyat qilgan.
Mo‘min o'z dunyosida oxiratini obod qiladi va Robbinining mag'firatiga va rizoligiga shoshiladi. Ogoh bo'lingki, umrlar amallarning xazinasi bo'lib, har bir kishi ertaga unda saqlagan yaxshilik va yomonlikni topadi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan: "Har bir jon o'zi qilgan yaxshilikni hozir qilingan holda va o'zi qilgan yomonlikni ham (shunday) topadigan kunni (eslang). U (jon) o'zi bilan u (yomonlik) o'rtasida uzoq masofa bo'lishini istaydi. Alloh sizlarni O'zidan ogohlantiradi. Alloh bandalarga mehribondir" (Oli Imron surasi, 30-oyat). Alloh taolo bandalarini dunyoda nima qilsa, qiyomatda ushani mukofoti yoki jazosini topishligini aytmoqda. Demak banda dunyo hayotida ko’proq savobli va Alloh taolo rozi bo’ladigan ishlarni qilmoqligi lozim bo’ladi.
Alloh taolo rozi bo’ladigan ishlarning eng buyuklaridan biri bu, Tahajjud nomozi. Allohning rahmatidan eng ko'p bahramand bo'ladiganlar – ularni uzoq duo, tadabbur, xushu', ko'p ruku' va sajda bilan kechalarni obod qiluchilardir. Ular Alloh taologa U Zot O'z bandalariga tajalli qiladigan vaqtlarida, Uning dunyo osmoniga tushadigan vaqtlarida duo, namoz, qur’on tilovatlari bilan iltijo qiladilar. U so'rovchilarga beradi, istig'for aytuvchilarni mag'firat qiladi, duo qiluvchilarning duosini ijobat qiladi. Holbuki, boshqalar g'aflat va uyquda yoki ko'ngilxushlik va beparvolikdadirlar.
Tahajjud – zikr, Qur'on, duo va namozlar bilan ibodat qilinadigan tundir. Tahajjud namozi farz namozidan keyingi eng afzal namozdir, hadisda kelganidek. Kechaning oxirgi uchdan biri esa kechaning eng afzal qismidir. Alloh taolo: “Kechani ozginasidan boshqasini (ibodatda) tik turib o‘tkaz”. Deb marhamat qilyapti. (Muzzammil surasi 6-oyat).
Alloh taolo tahajjud namoziga buyurgan va unga rag'batlantirgan, ko'plab oyatlarda bandalarni unga undagan. Alloh taolo aytadi: “Kechaning ba’zisida u ila bedor bo’l. Senga nofila bo’lsin. Shoyadki, Robbing seni maqtovli maqomda tiriltirsa”. (Isro surasi, 79-oyat). Boshqa bir oyatda esa: “Va tunda ham Unga sajda qil va uzoq kechalarda Unga tasbeh ayt”. (Inson surasi, 26-oyat).
Alloh subhanahu va taolo tahajjud namozini o’quvchilarni maqtadi va ularning sifatlarini bayon qilib aytdi: “Yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qilurlar”. (Sajda surasi, 16-oyat).
Musulmon hayotida tahajjud namozining muhimligi, uning qalbi sofligi, dini mustahkamligi va ishlarining barqarorligiga ta'siri sababli, u Islomning boshida farz qilingan edi. Sahobalar roziyallohu anhum uzoq ibodatdan oyoqlari shishib ketguncha tunni bedor o'tkazdilar. So'ngra Alloh taolo musulmonlarga yengillik berib, uning farzligini bekor qildi va fazilatini saqlab qoldi. Tunni ibodat bilan o'tkazuvchilarga jannatning yuqori qavatlaridan go'zal xonalar va'da qilingan. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, jannatda shunday xonalar borki, ularning ichki tomoni tashqi tomonidan, tashqi tomoni esa ichki tomonidan ko'rinib turadi". Deganlarida, bir a'robiy aytdi: "Ey Allohning Rasuli, ular kim uchun?". U zot aytdilar: "Yaxshi so'z aytgan, taom bergan va odamlar uxlab yotganida Alloh uchun kechasi namoz o'qiganlar uchun" dedilar. (Termiziy rivoyat qilgan va sahih degan). Tunni ibodat bilan o'tkazuvchilar g'aflat ahli emas, balki zikr ahlidirlar. Alloh taolo aytadi: “Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar – o‘shalarga Alloh mag‘firatni va ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygandir”. (Ahzob surasi, 35-oyat). Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim kechasi uyg'onib, xotinini uyg'otsa va ikkovlon birga ikki rak'at namoz o'qisalar, ular Allohni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va zikr qiluvchi ayollardan deb yoziladi" (Abu Dovud rivoyat qilgan). Yana, bir hadislarida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kechasi turib, ahli oilasini namozga uyg'otgan har bir kishiga rahmat tilab duo qildilar.
Tunni ibodat bilan o'tkazish gunoh va ma'siyatlarni tark etishga va Alloh taologa yuzlanishga sabab bo'ladi. Qur'onda kelganidek: “Albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur”. (Ankabut surasi, 45-oyat).
Kim uyqu va rohatga bo'lgan kuchli istakka qaramay, kechasi turishga o'z nafsiga qarshi kurashsa, tun bo'yi bedorlik va charchoqni yengsa, unga so'ragan narsasi beriladi. Bu Alloh taolodan o'z nafsiga qarshi kurashgani va Robbiga ibodat qilgani uchun beradigan mukofotidir.
Tun namozining fazilatlari va foydalari ko'pligi sababli, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'z ahli oilalarini unga chaqirar edilar. Oisha roziyallohu anho Abdulloh ibn Abu Qaysga tun namozini qoldirmaslikni va unga rag'bat bildirishni vasiyat qilib aytdilar: "Tun namozini qoldirma, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qoldirmas edilar. Agar kasal bo'lsalar yoki dangasalik qilsalar, o'tirib namoz o'qirdilar" (Abu Dovud rivoyati).
Xulosa
Haqiqatan ham, bugungi kunda ko'plab musulmonlar turli mashg'ulotlar va hayotning tez sur'ati tufayli tahajjud namoziga yetarlicha e'tibor bermay qo'yishgan. Vaholanki, bu ulug' ibodat qalblarimiz uchun nur, gunohlarimiz uchun kafforat va Allohga eng yaqin bo'lishimiz uchun ajoyib imkoniyatdir.
Ey aziz musulmon birodarlar va opa-singillar! Dunyo tashvishlari va uyquning shirinligi sizni tahajjudning bebaho fazilatlaridan mahrum qilmasin. Unutmangki, bu qisqa dunyo hayoti o'tib ketadi, lekin oxirat abadiydir. Tahajjudga ajratgan har bir daqiqa, har bir sajda oxiratimiz uchun ulkan xazina bo'lib qoladi. Qalbimizni nurga to'ldirish, gunohlarimizni kechirish va Allohning rizoligiga erishish uchun ushbu muborak kechalarda, hech bo'lmasa bir necha daqiqa bo'lsa ham, o'rnimizdan turib Robbim bilan munojot qilaylik. Uning rahmat eshiklari doimo ochiqdir. Kelajakda afsuslanmaslik uchun, bugundan boshlab tahajjudga e'tibor beraylik. Bu ibodat orqali qalblarimiz orom topsin, ruhimiz yuksalib, Allohga bo'lgan muhabbatimiz ziyoda bo'lsin. Unutmang, eng yaxshi sarmoya – oxiratimiz uchun qilingan sarmoyadir.
Madaminzoda Abdulatif,
Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi, Buxoro davlat universiteti tayanch doktaranti
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
