ISLOMDA HAYIT BAYRAMLARI
Muallif: . .
Sana: 28.03.2025
380

Islom dinida bayram kunlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, musulmonlar bu kunlarda shukrona izhor etib, xursandchilik bilan ibodat qilishadi. Arab tilida “iyd” so‘zi “qaytish” yoki “takror kelish” ma’nolarini anglatadi. Ulamolar hayit bayramlari insonlarga har yili g‘am-tashvishlardan qat’iy nazar shodlik olib kelgani uchun “iyd” deb atalishini ta’kidlaganlar. Alloh taolo Haj surasi 67- oyatida marhamat qilib aytadi:

لِّكُلِّ أُمَّةࣲ جَعَلۡنَا مَنسَكًا

Ya’ni, Biz har bir ummat uchun “mansak” belgiladik.

Ibn Jarir Tabariy ushbu oyat tafsirida kelgan rivoyatga ko’ra hazrati Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: "Ushbu oyatdagi “mansak” so‘zi “bayram” ma’nosida kelgan”. Demak, Alloh taolo nafaqat musulmonlar uchun, balki shu vaqtgacha yashab o’tgan barcha ummat uchun alohida bayram kunlarini belgilab bergan ekan.

Musulmonlar uchun uchta muhim diniy bayram mavjud:

1. Iydul Fitr (Ramazon hayiti) – Har yili Shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadi.

2. Iydul Azho (Qurbon hayiti) – Har yili Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi.

3. Haftalik bayram – Juma kuni – Har hafta juma kuni musulmonlar uchun bayram hisoblanadi.

Hadisi sharifga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida odamlarning johiliyat davridan qolgan ikki o‘yin-kulgi kunlarini ko‘rib: “Alloh taolo sizlarga ushbu ikki kunni undan ham yaxshiroq bo’lgan kunlarga almashtirdi – Iydul Azho va Iydul Fitr”, deganlar. Ushbu hadisni Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Hayit kuni Payg‘ambar uyida:

Madina shahrining quvonchli kunlaridan biri – hayit kuni edi. Hayit ertalabida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uylari va ularning atrofidagi joylar bayram shukuhi bilan to‘lib-toshardi. Bu quvonchli manzaralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida sodir bo‘lar edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho shunday hikoya qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening oldimga kirganlarida, yonimda ikki yosh qiz Ba’s kuni (o‘tgan urush haqidagi) qo‘shiqni kuylayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yostiqqa suyanib yotdilar va yuzlarini boshqa tomonga burdilar. Shu payt Abu Bakr (roziyallohu anhu) kirdi va menga dashnom berib: ‘Payg‘ambar oldida shayton naychasi (musiqa) chalinyaptimi?!’ – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa unga qarab: ‘Ularni qo‘y’, – dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu biroz e’tiborsizlik qilganlaridan so‘ng, men qizlarni ishora bilan chiqib ketishga undadim, va ular chiqib ketishdi.” (Buxoriy rivoyati)

Boshqa bir rivoyatda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Bakr, har bir qavmning o‘z bayrami bor, bu esa bizning bayramimizdir,” – deganlar.

Ahmad rivoyat qilgan hadisda esa shunday deyiladi: “Yahudiylar bizning dinimizda kenglik borligini bilishsin. Men bag‘rikeng, oson shariat bilan yuborildim.”

Hayit bayramlarining ruhiy va ijtimoiy ahamiyati:

Hayit bayramlari Islomning muhim ruknlari bilan bog‘liq. Ramazon hayiti – ro‘za ibodatining tugashidan keyin, Qurbon hayiti esa haj amalidan so‘ng nishonlanadi. Bu kunlar shukrona va ibodat kunlari bo‘lib, musulmonlar: hayit namozini ado etadilar, sadaqai fitr va qurbonlik qilish orqali ehtiyojmandlarga yordam beradilar, Allohga shukronalar aytib, takbir va duolar aytadilar, bir-birlari bilan ko‘rishib, mehmondorchilik va ezgu ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladilar.

Hayit namozining hukmi va unga tayyorlanish

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, juma namozini ado etish farz bo‘lgan musulmonlarga hayit namozlarini ado etish ham vojib bo‘ladi. Hayit namozlari quyosh bir yoki ikki nayza bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘qiladi.

Imom Ibn Moja rivoyatga ko’ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namoziga chiqishdan oldin g‘usl qilganlar va yangi yoki eng toza kiyim kiyishni tavsiya qilganlar.

Shuningdek, Ramazon hayitida namozdan oldin shirinlik, xurmo yoki biror yegulik tanovul qilish sunnat bo‘lsa, Qurbon hayitida namozdan oldin taomlanmaslik va namozdan keyin qurbonlik go‘shtidan dastlab tanovul qilish sunnat sanaladi. Imom Termiziy Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday daganlar:

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr (Ramazon hayiti) kunida biror narsa yemasdan tashqariga chiqmas edilar. Qurbon hayiti (Nahr kuni)da esa, qurbonlik go‘shtidan yeb olmaguncha hech narsa yemas edilar."

Hayit namozining muqtadiylar uchun o‘qilish tartibi:

Hanafiya mazhabiga ko‘ra, hayit namozlari quyidagi tartibda ado etiladi:

1. Imomga ergashib namozni niyat qilish va takbiri tahrima aytish.

2. “Sano” duosi o‘qilgandan keyin uch marta qo‘llarni ko‘tarib takbir aytish.

3. Imomning qiroatini tinglab, ruku va sajdalarga borish.

4. Ikkinchi rakatda qiroatdan keyin yana uch marta qo‘llarni ko‘tarib takbir aytish va to‘rtinchi takbirda ruku va sajdalarni ado etish.

5. Namozdan so‘ng imom tomonidan xutba o‘qilishi.

Xutbada jamoatga bayramning fazilatlari, Allohning ne’matlariga shukr qilish, sadaqa va qurbonlik qilishning ahamiyati haqida nasihat qilinadi.

Hayit kunida amalga oshiriladigan sunnat amallar:

Hayit bayrami nafaqat ibodat, balki insonlar orasida mehr-muhabbat va birdamlikni mustahkamlovchi kun sanaladi. Shu sababli, ulamolar quyidagi sunnatlarni amalga oshirishni tavsiya qiladilar:

Hayit namoziga borishda piyoda yurish,

Yo‘lda ramazon hayiti kunida maxfiy holatda, qurbon hayit kuni esa ovoz chiqarib takbir aytish,

Bir yo‘ldan borib, boshqa yo‘ldan qaytish,

Bu borada Imom Buxoriy Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit kuni (masjidga borish va qaytishda) yo‘lni o‘zgartirardilar."

Yangi yoki eng toza kiyim kiyish,

Mo‘minlar bilan salomlashib, ularning bayramlarini tabriklash,

Kambag‘allar va ehtiyojmandlarga sadaqa berish, ularga quvonch ulashish.

Xulosa

Hayit bayramlari Islom ummati uchun muqaddas kunlar bo‘lib, ularni poklik, shukrona va xursandchilik bilan nishonlash lozim. Hayit kunlari o‘zaro mehr-muruvvat, saxovat va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlovchi kunlar bo‘lib, Allohga shukrona izhor qilish, ehson va sadaqalar berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash uchun muhim fursatlardir.

Alloh taolo barchamizga ushbu muborak kunlarning barakasidan bahramand bo‘lishni nasib etsin!

Boqiyev Azizbek,
Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .