Buzg‘inchi oqimlarning belgilari va jamiyatga ta’siri. Ilmiy maqola
Muallif: . .
Sana: 25.02.2025
216

Buzg‘inchi oqimlar jamiyatda xavfli ijtimoiy-siyosiy va diniy fenomenlardir. Bu guruhlar o‘z ideologiyalarini boshqalarga majburan o‘rgatishga, o‘z xulq-atvorlarini tarqatishga va o‘zlarining aqidalariga to‘g‘ri kelmagan barcha boshqa fikrlarni inkor etishga harakat qiladilar. Destruktiv oqimlar odatda radikalizatsiya va ekstremizmni targ‘ib qiladilar, jamiyatda o‘zgarishlar kiritishga intilishadi va boshqa guruhlar bilan qarama-qarshi munosabatlarda bo‘lishadi. Ushbu maqolada, destruktiv oqimlarning asosiy belgilari, ularning jamiyatga ta'siri, va bunday oqimlar bilan bog‘liq xavflar haqida tahlil qilinadi.

Buzg‘unchi oqimlarning asosiy belgilari

Destruktiv oqimlar o‘z qarashlariga rozi bo‘lmaganlarga nisbatan kuch ishlatish va agressiv harakatlarni oqlashadi. O‘zlarini to‘g‘ri deb hisoblaydigan bu guruhlar, jamiyatdan ajralib, nafratni targ‘ib qilishadi. Narkotik va psixotrop moddalarni qo‘llash, psixologik yoki jismoniy zarar etkazish ham bu guruhlarning xatti-harakatlarida ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, o‘zlarining aqidalariga zid kelgan barcha diniy ta’limotlarni keskin tanqid qilishadi. Mazhablarni inkor etish, Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh, yoki boshqa etuk olimlarni tanqid qilish, rasmiy diniy ulamolarni muntazam va asossiz ravishda tanqid qilish, hatto diniy amallarni bajarmagan jamiyatga qarshi kuchli dushmanlik kayfiyati rivojlanadi.

Destruktiv guruhlar, o‘z fikrlarini tarqatish uchun zo‘ravonlikni ishlatishadi. O‘limga, o‘zini-o‘zi o‘ldirishga intilish, diniy ta’limotni siyosiy ta’sir vositasi qilib olish, suiqasdni oqlash, biror-bir masalaga munosabat bildirish va hukm chiqarishda o‘ta keskin fikrlash, o‘ziga tanqidiy munosabatning yo‘qligi, harfiy yondashuv, ya’ni oyat va hadis matnlarni so‘zma-so‘z, yuzaki talqin qilish va o‘zlarining qilayotgan ishlariga hujjat qilish va o‘zlarining aqidaviy maqsadlari uchun zo‘ravonlik ishlatish — bu guruhlarning xatti-harakatlariga xosdir.

Destruktiv oqimlar, yangi a’zolarni jalb qilish uchun agressiv targ‘ibot olib borishadi. Bu guruhlar, o‘zlarini “aybsiz” deb bilib, o‘z rahbarlarini mukaddas deb hisoblashadi. Rahbarlarining gaplarini so‘zma-so‘z bajarish bu guruhlarning odatiy xatti-harakatlaridir. Bundan tashqari bu oqimlarning a’zolari muloqotda o‘zini o‘ta keskin tutishadi, diniy matnlarni noto‘g‘ri talqin qilishadi va do‘zaxni va oxiratni qo‘rqitish vositasi sifatida ishlatishadi.

Destruktiv oqimlarning jamiyatga ta’siri

Destruktiv guruhlarning ta’siri jamiyat uchun xavfli va zararli. Ular jamiyatni ikkiga ajratishga, radikalizatsiya orqali ijtimoiy barqarorlikni buzishga, va siyosiy va diniy qarama-qarshiliklarni kuchaytirishga harakat qilishadi. Bunday guruhlar faqat o‘z e’tiqodlarini tarqatishga qaratilgan bo‘lib, ular o‘zlarining “to‘g‘ri” deb hisoblagan fikrlarini majburan boshqalarga qabul qildirishga intiladilar. Zo‘ravonlik va terrorizmni oqlash, boshqalarning fikrini majburan o‘zgartirish harakati jamiyatni birmuncha izdan chiqaradi. Shuningdek, diniy yoki siyosiy totalitar guruhlarning yuksalishi jamiyatda demokratik qadriyatlarga va inson huquqlariga tahdid soladi. O‘zgarishga qarshi kurashish va jamiyatni boshqarishda o‘z manfaatlarini ilgari surish maqsadida bunday guruhlar jamiyatga xavf soladi.

Ular o‘z aqidalari va g‘oyalarini boshqalarga majburan o‘rgatishga, diniy yoki siyosiy radikalizmni targ‘ib qilishga, zo‘ravonlik va terrorizmni oqlashga harakat qiladilar. Ular, o‘zlari uchun yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlab, boshqa fikrlarni inkor etadilar. Shu sababli, bunday guruhlarning faoliyati jamiyat uchun jiddiy tahdidlarga olib kelishi mumkin, ayniqsa ular radikalizatsiya va ekstremizmga yo‘l qo‘yishadi. Destruktiv guruhlarning keng tarqalishini oldini olish uchun, jamiyatda, davlat tizimida va diniy tashkilotlarda radikalizatsiyaga qarshi kurashish uchun kuchli ta’lim, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlari va yuridik mexanizmlar ishlab chiqish zarur.

Foydalanilgan manbalar

1.Mutaassiblikka qarshi mo‘tadillik: metod va tahlillar. D.Maxsudov, A.Sabdin. T.: “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2021. – 84 b.

2.“Salafiy”larga ilmiy raddiyalar [Matn] / Botirjon Tojiboev, YUnusxon Mamarasulov. - Toshkent: Azon kitoblari,

3.Soxta salafiylarning sayoz sabog‘i [Matn]: diniy - ma’-rifiy / - Toshkent: “Shamsuddinxon Boboxonov” NMIU, 2022.-300 6.

4.Missionerlik: mohiyat, maksadlar, oqibatlar va oldini olish yo‘llari (yuz savolga yuz javob) [Matn] / A.S. Ochildiev, J.H.Najmiddinov. Toshkent: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi, 2021. – 200 b.

5.Diniy bag‘rikenglik va mutaassiblik [Matn]: yuz savolga-yuz javob / O.YUsupov. – Toshkent: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyoti, 2021. – 156 b.

6.Islom niqobi ostidagi ekstremistik va terrorchi uyushmalar [Matn]/K. SHermuhammedov, J. Karimov. – Toshkent: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi, 2020. – 160 b.

Muhammadmuso Nabijonov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktaranti

. .