
“Ey odamlar! Sizga o`z Robbingizdan mav'iza, ko`ksingizdagi narsaga shifo, mo`minlarga hidoyat va rahmat keldi” deya insoniyatni O’zining Kalomi – Qur’on bilan mukarram qilgan Zotga O’zining buyukligi qadar hamd bo’lsin, “Sizlarning yaxshingiz Qur’ondan ta’lim olib, ta’lim berganingizdir” deb xabar bergan Rasuli Akram sollallohu alayhi vassallamga cheksiz salot-u salomlar bo’lsin. Qur’on bu mo’jizadir. Shunday mo’jiza-ki unga ochiq qalb bilan yuzlangan har qanday inson hidoyat yo’lini ochiq-ravshan ko’radi, ojizligini his qiladi, qalbi taskin topadi, qaysi zamon yoki makonda bo’lmasin Bu Kalom basharning so’zi emasligini aqlan va qalban tasdiqlaydi. Ushbu maqolada Mo’jiz Qur’onni o’quvchi – qorining ba’zi odoblarini bayon qilishni iroda qildik.
1. Niyatning xolis bo‘lishi
Qur’on qiroat qiluvchi kishi niyati faqat Allohning roziligini qozonish bo‘lishi kerak. Riyo yoki dunyoviy manfaat uchun Qur’onni o’qish, yoki o’rgatish amallarni habata qiladi.
“Xolbuki, ular faqat Allohgagina ibodat qilishga, Uning dinigagina ixlos qilishga, boshqa dinlarga moyil bo’lmaslikka, namozni to’liq o’qishga, zakot berishga buyurilgan edilar.” (Bayyina, 5)
2. Tahorat va tozalik
Qur’on qiroat qilishdan oldin tahoratli bo‘lish va kiyim-kechakni, joyni toza saqlash kerak. Qur’on Allohning so‘zi bo‘lganligi sababli, uni nopok holda o‘qish odobsizlik hisoblanadi. Alloh Taolo aytadi:
“Uni faqat poklanganlargina unga ushlaydir.” (Voqia, 79)
3. Xushxulq va kamtarlik
Qur’on qorisi o‘zini har jihatdan namunali tutishi lozim. Uning so‘zlari va amallari Qur’onning ta’limotlariga muvofiq bo‘lishi kerak. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar:
“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir.”
4. To’g’ri, bexato tilovat qilish
Qur’on qiroati tajvid qoidalariga muvofiq bo‘lishi lozim. Har bir harfni o‘ziga xos xususiyatlari bilan talaffuz qilish kerak. Xato bilan o‘qish Qur’on ma’nosini buzishi mumkin. Shuning uchun qorilar tajvid qoidalarini qo’lidan kelgancha mukammal o’rganishi kerak.
5. Qiroatni go‘zal qilish.
Qur’onni ohang bilan o‘qish qiroatni yanada ta’sirli qiladi. Albatta, bunda tajvid qoidalariga amal qilinishi lozim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam):
“Qur’onni ovozingiz bilan ziynatlang,” deganlar. (Abu Dovud)
6. Vaqt va joyni hurmat qilish
Qur’on qiroati tinch va xotirjam joylarda bajarilishi kerak. Haddan tashqari shovqin yoki odamlarni chalg‘itadigan vaziyatlarda Qur’on o‘qish odobga to’g’ri kelmaydi. Shuningdek, Qur’onni o‘qiyotganda boshqalarga hurmat ko‘rsatib, ularning fikrini chalg‘itmaslik muhimdir.
7. Qur’onni qalb bilan tushunishga harakat qilish
Qur’on faqat til bilan o‘qiladigan matn emas, balki qalbga kiradigan ilohiy nurdir. Uni o‘qiyotganda ma’nosini tushunishga harakat qilish qorining ruhiy tarbiyasi uchun muhimdir. Alloh Taolo aytadi:
“Qur’onni tadabbur etib ko’rmaydilarmi?!” (Niso, 82)
8. Amal qilish
Qur’on qiroati faqat o‘qish bilan cheklanmasligi, balki undagi ta’limotlarni hayotga tatbiq qilish kerak. Shundagina asl ko’zlangan maqsad ro’yobga chiqadi.
9. Qur’onni himoya qilish va tarqatish
Qorilar Qur’on ilmini saqlash va uni yangi avlodlarga o‘rgatishga mas’uldirlar. Qur’onni o‘z zamonida to‘g‘ri talqin qilish va unga zid bo‘lgan noto‘g‘ri tushunchalardan himoya qilish qorilarning muhim vazifasidir.
Xulosa qilib aytsak, Qur’on qorisi Allohning kalomini yodlab, uni targ‘ib qiluvchi shaxs sifatida jamiyatda katta mas’uliyatga ega. Qur’onni hurmat qilish va unga amal qilishda qorining o’zi namuna bo’lishi lozim.
Hamidulloh Aripov,
Mir Arab oliy madrasasi Qurʼoni karim va tajvid fani katta oʻqituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
