IMOM TERMIZIY HAQIDA ULAMOLARNING MAQTOVLARI
Muallif: . .
Sana: 07.10.2024
541

Ibn al-Asir “Jome’ al usul” kitoblarida Imom Termiziyning to‘liq ismini Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zohhak al-Bug‘iy as-Sulamiy at-Termiziy deb keltiradi. “Abu Iso” degan kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Termiziy deyilishining sababi Movarounnahrdagi ma’lum va mashhur shaharga nisbatan aytiladi. Bug‘iy deyilishining sababi o‘zi tug‘ilgan Termiz qishloqlaridan biriga nisbatan aytiladi.

Tug‘ilishi va vafoti: hijriy 209/824-yili tug‘ilgan va 279/892-yilda dushanba kuni, Rajab oyining 13-kuni Termizda vafot etgan. Ba’zilar ismlaridan keyin “zarir” deb ham qo‘shib qo‘yadi. Zarir degani ko‘zi ojiz degan ma’noni anglatadi. Chunki umrlarining oxirida ko‘zlari ko‘rmay qolgan[1].

Ulamolarning maqtovlari: Imom Hokim: “Men Umar ibn Allakdan eshitdim. Imom Buxoriy vafot etdi. Endi Xurosonda ilmda, hifzda, taqvoda va zuhdda Abu Isoga o‘xshashi qolmadi, Juda ko‘p yig‘laganidan ko‘zlari ojiz bo‘lib qoldi”.

Samoniy, “Imom Termiziy hech qanday raqobatsiz zamonasining imomi edi. Zehn o‘tkirligida, yodlash qobiliyati kuchliligida zarbul masal edi” – deydi.

Imom Buxoriy ustozi bo‘lsalar ham u kishiga qarata: “Sen mendan foyda olganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq foyda oldim”– degan.

Abul Fido “al-Muxtasar” kitobida: “Imom, Hofiz, ko‘zi ojiz, hadis ilmida ergashilinadigan, mashhur hadis olimlaridan edi”.

Abu Said Idrisiy r.a. aytadi: “Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy, Hofiz, Zarir (ko‘zi ojiz) Hadis ilmida barcha iqtido qiladigan buyuk imomlardan biridir. U “Al jome”, “Tavorix” va “Ilal” kabi asarlar yozgan yetuk olim bo‘lib, uning hadis yod olishi el orasida zarbulmasal bo‘lgandir”.

Ibn Hibbon (vaf. 965 y.) aytadi: “U hadislarni to‘plab, asar yozib, ularni yod olib, muhokama qilgan kishilardandir”.

Abu Ya’lo Xalil ibn Abdulloh Xaliliy Qazviniy r.a. (vaf. 1054 y.) bunday deydi: “Muhammad ibn Iso ibn Savra ishonchli roviy bo‘lib, u “as-Sunan” nomli hadis asarini yozgan va unda jarh va ta’dil (hadis roviylarning adolatli va adolatsizligi )ni aytib o‘tgan. Imom Termiziy r.a.dan Marvlik Abu Mahbub va Ajlo kabi roviylar hadis rivoyat qilganlar. Imom Termiziy o‘zining omonatdor va yuksak bilim sohibi ekani bilan mashhur bo‘lgan”.

Isardiy aytadi: “Abu Iso yuksak axloqiy fazilatlar sohibi edi.Uning asari esa, besh ishonchli hadis to‘plamlaridan biri bo‘lib, olimlar, faqihlar, zabardast hadis hofizlaridan iborat munaqqidlar, fazilat sohiblari “Sunan”ni sahihlariga ittifoq qilganlar”.

Shamsiddin Zahabiy (1274 -1347) aytadi: “Imom Termiziy bu ish ( hadis ilmi)ning imomlaridan bo'lgan”. U yana shunday deydi: “Imom Termiziy hadis ilmida o‘z davrining peshqadam olimlaridan edi. U “Al-Jome’” asarining sohibi bo‘lib, buyuk hofiz, ishonchli roviylardandir”.

Olimning bu darajaga yetishishlariga III asr, hadis ilmi cho‘qqiga chiqqan asrda yashagani sabab bo‘lgan. Chunki bu asr sunnatni tadvin bo‘lishi bilan boshlandi. Hadis istilohlari belgilandi, sahih va boshqalarga ajratildi. Bunga dalil Imom Buxoriyning shayxi Aliy ibn Madiniyning qo‘lida hadislar sahih, hasan va zaifga bo‘linishi yaqqol ko‘ringan. Bu vaqtdan oldinroq esa istilohlar ommalashmagan edi. Chunki, u kishi eng ko‘p hadislarga sahih va hasan sifatlarini bergan olimdir[2].

Ibrohimjon Temirov,
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi



[1] Habiburrohman al-Xoyrobodiy. Al-Miskush shaziy sharhu Jome’ at-Termiziy. – Devband: Maktabat al- Ashrafiyya, 2017. – B. 31

[2] Nuriddin Itr. Al-Imam Termiziy val muvozanatu bayna Jameihi va baynas sahihayn. – Qohira: Lajnat at-ta’lif vat tarjima van nashr, 1970. – B.20.

. .