FARZAND TARBIYASI – MILLAT TARAQQIYOTI ASOSI
Muallif: . .
Sana: 26.12.2023
155

Farzandlarimizni pok din va yaxshi axloq uzra tarbiyalaylik. Ularga barcha azizlik – dinimiz va musaffo iymon-e’tiqodimizga rioya qilishda ekanini

o‘rgataylik. Agar biz dinimiz ishida kamchilikka yo‘l qo‘ysak, har jabhada adashishimiz va yiqilishimizdan ularni ogoh etaylik!

Voqeligimizga tanqidiy nazar solsak, axloqning tubanlashuvi, fisqu fasod, tanazzul, yaxshi ishlarga g‘ayratning sustligi va mayda-chuyda narsalarga yopishib olish hozir biz erishgan natijalar bo‘lib qolmoqda. Bularning bari ilmu amalda dinimiz ta‘limotlaridan uzoqlashuvimiz oqibatidir. Shuning uchun bola raqsga tushishni, ma’nisiz qo‘shiqlar yodlashni o‘rganadi, bekorchi saytlar, har turli film va video roliklarni tomosha qilishga vaqt sarflash bilan band bo‘ladi, boshqalar bilan muomalada qo‘rslik va badxulqlikni namoyon etadi. Bu ketishida uning kelajakda vataniga va egallaydigan sohasiga omonatdor, fidoyi mutaxassis bo‘lishini umid qilib bo‘lmaydi.

Biz beparvo bo‘layotgan ushbu holatlar bolalarimiz va yoshlarimizga qaratilgan fikriy bosqinchilikdir. Millat va din dushmanlari bu orqali yoshlarimizni asl qadriyatlari va e’tiqodlaridan boshqa tarafga burilishlari uchun ularning fikrlarini bema’ni narsalar bilan band qilishga urinadilar. Ularni oliy maqsadlardan uzoqlashtirib, mamlakatni rivojlantirish va xalqning har taraflama yuksalishidan chalg‘itishga intiladilar.

Har bir ota-onaga dinimiz ko‘rsatmasi shu bo‘ladiki, farzandingizga birinchi navbatda Qur’onni muyassar bo‘lgancha yodlatish va uni sof imon, to‘g‘ri din va go‘zal axloqqa rioya qilishi yo‘lida tarbiyalash haqida o‘ylaysiz va buning uchun barcha imkoniyatlaringizni safarbar etasiz. Mana shu nuqtadan farzandingiz uchun bu dunyoda va oxiratda muvaffaqiyat boshlanadi.

Shunday qilib, u Allohning izni ila kelajakda qadr-qimmatga ega bo‘ladi, vatanining sadoqatli va fidoyi farzandiga aylanadi, egallagan sohasining insofli, mohir mutaxassisi bo‘lib yetishadi, millat undan foyda ko‘radi va mamlakat barcha sohalarda oldinga siljiydi. Shu orqali farzand o‘zi uchun va unga to‘g‘ri tarbiya bergan ota-onasi uchun buyuk ajru savoblarni hosil qiladi.


Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Asrorxon Mahmudov

. .