UCHINCHI RENESSANS – YOSHLAR NIGOHIDA
Muallif: . .
Sana: 19.12.2023
128

Vatanimiz O‘zbekiston qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazi, ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Zaminimiz ikki buyuk Uyg‘onishga beshik bo‘lgani deyishimizga asos bo‘la oladi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda, navbatdagi evrilishlarga tamal toshi qo‘yilmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” atamalari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Renessans! Har qancha takror-takror aytilsa-da, har bir insonning sog‘ingan qalblar taftiga mehr urug‘ini qadaguvchi, ko‘ngilga surur bag‘ishlovchi so‘z. Xo‘sh, renessans nima o‘zi?! Xalqimiz tarixida ro‘y bergan ikki Uyg‘onish davrining siri nimada edi?! O‘sha davrdagi zalvarli yutuqlar zamirida nimalar yotibdi?! Qaysi omillar Renessans vujudga kelishini ta’minlangan?! Shubhasiz, yuragimizning tub-tubidan quyilib kelayotgan bu savollar birlashib, bu millatning na bahosi va na qiyoslanuvchi qudrati bor ekanligini bilamiz.

Renessans – fransuzcha “Renaissonce” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangidan tug’ilmoq”, “qayta yuzaga kelmoq”, “uyg‘onmoq” degan maʼnolarni anglatadi. Аtama sifatida keng ma’noda aytiladigan bo‘lsa, madaniyatda, ilm-fanda, taʼlim-tarbiyada, sanʼatda, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turg‘unlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi.

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz hududida IX-XII asrlarda kechgan birinchi, XIV-XVI asrlarda kechgan ikkinchi renessans davrlari ham xalqimizning buyuk isteʼdodi, qanchalar katta mehnati, sinov va uqubatlarga chidami hamda
sabr-bardoshliligining mahsuli bo‘lib kirib kelgan.

Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli islohotlar ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarga tayaniladi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisdagi murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Oldimizga, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”. Darhaqiqat, ajdodlarimiz yaratgan Renessanslarning siri o‘sha davrda yaratilgan muhit va sharoitlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ilk Renessans aynan bizning yurtimizda kuzatilgani, u dunyo taraqqiyotining yuksalish tamoyillarini belgilab berganiga yana bir yorqin isbot Xorazm Ma’mun akademiyasidir. Daho mutafakkirlarni o‘z bag‘riga to‘plagan bu oliy dargoh nafaqat o‘z mintaqasi, balki butun dunyo uchun akselerator vazifasini o‘tagan.

O‘tmishga boqib, xolis tahlil qiladigan bo‘lsak, mamlakat boshqaruvida olib borilgan odil siyosat, davlatning ilm-ma’rifatga kuchli e’tibori, ta’lim-tarbiya ustuvor etib qo‘yilgani har ikkala Uyg‘onish davrida ham eng muhim jihat bo‘lgan. Qolaversa, odamlarda ilm-fanga tashnalik bilan birga, borliq sirlarini ochish va yangi ilmlarga bo‘lgan izlanishlar ishtiyoqi kuchli bo‘lgan. Natijada olimlarimiz o‘zlari sezmagan holda, Renessans davrining bunyodkorlariga aylangan.

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida asosiy siyosiy islohotlarning bosh maqsadi O‘zbekistonni rivojlangan, har tomonlama ilg‘or mamlakatga aylantirish bo‘lib, jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiyalar bunga erishish yo‘li sifatida tanlangan. Jonajon O‘zbekistonimizda islohotlar shiddatli tus olgani, jamiyatda kuzatilayotgan yangilanishlar, ilm-fanga chanqoq yoshlar xalqaro darajada qo‘lga kiritayotgan yutuqlari yurtimizda yana bir Uyg‘onish ruhi keza boshlaganidan darak berayotir. Shu ma’noda, Uchinchi Renessans uzoq istiqbolda emas, aksincha, bizning zamonamizda ro‘y berishidan umidvorman.

Rivoyat qilinadiki, “Bir ulug‘ zotning ziyoratiga kirgan kishi nasihat so‘radi:

  • -Menga shunday nasihat qilingki, avvalo o‘zim amal qilay, qolaversa, yurtdoshlarimga ham yetkazay.
  • -Qaysi yurtdansiz?
  • -O’zbekistondan.
  • -Bo‘lmasa, eshiting. Alloh taolo qaysi insonga rahmat nazari bilan qarasa, uni avliyolik maqomiga ko‘tarib qo‘yadi. Nazari ilohiyga sazovor bo‘lgan kishi Allohning do‘stiga aylanadi. Kun kelib, o‘sha avliyo olamdan o‘tsa, rahmat nazari u bilan birga ketadi. Ammo, qarang, Alloh taolo qay bir yurtga rahmat nazari bilan qarasa, u to qiyomatgacha o‘sha joydan ketmaydi. Alloh taolo sizlarning yurtingizga rahmat nazari bilan qaragan. Hali ham bo‘lsa, o‘qisa, o‘rgansa, Buxoriy, Termiziy, Zamaxshariy, Marg’iloniydek zotlar chiqadi, albatta! Bunga shubha yo‘q”.

Shoir aytadi:

Jannatiy quchog‘ing – tuganmas g‘azal,

To‘rt fasling mukammal, bog‘laring asal,

Eng go‘zal yurtlardan ming chandon go‘zal,

Jonim senga fido, Yangi O‘zbekistonim!

Istiqlol kuyini chalgan torimsan,

Shavkatim, shuhratim, nomus-orimsan,

Olamda tengsizim, betakrorimsan,

Jonim senga fido, Yangi O‘zbekistonim!

Ajdodlardan engan qonimsan o‘zing,

Tinch hovlim, dala – tuz, nonimsan o‘zing,

Alloh siylab bergan jonimsan o‘zing,

Jonim senga fido, Yangi O‘zbekistonim!

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsam, mamlakatimizda uchinchi renessans g‘oyasini targ‘ib etish yo‘lida, avvalambor, yosh avlodga renessans nima ekanligi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimiz haqida muntazam tushunchalar berib borish kerak. Ayniqsa, ayol-qizlar va bo‘lajak onajonlarga ulug‘ zotlarning onalari farzand tarbiyasida qanday yo‘l tutganlari, qanchalar azob-uqubat tortganlari haqidagi ma’lumotlarni yetkazishimiz lozim. Agar ona soliha, oqila, ilmli bo‘lsa, farzandi kelajakda buyuk inson bo‘lib yetishishi uchun astoydil harakat qiladi. Xalqimizda “Har bir buyuk shaxsning ortida ayol bor” degan maqol bejizga aytilmagan.

Shuningdek, yurtimizdan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar – Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar – Moturidiy va Аbul Mu’in Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar kabi dunyoni lol qoldirgan ajdodlarimiz hayot yo‘llarini ifoda etadigan materiallarni muntazam ravishda yoshlarga yetkazishimiz darkor.

Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

Mirshod Rahmonov
. .