SHARIATDA TADRIJ HOLATLARIGA E’TIBOR QARATILISHI
Muallif: . .
Sana: 09.12.2023
119

Islom dinida shariat ahkomlari darajama-daraja holatda qurilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu dinga kiradigan insonlarning qalblarini ulfat qilishdan iboratdir. Agar insoniyat zimmasiga umumiy hukmlarni darajama-daraja amalga oshirmasdan birdaniga lozim qilib qo‘yilsa, albatta bu ma’qullanmaydi. Ba’zida ayrim hukmlar shu shaklda asta-asta mashru qilinib oxirida esa oldingi hukmlar illatlari yoki sabablari nihoyasiga yetganligi sababli nasx qilinadi[1].

Allo taolo ba’zi ahkomlarini bandalari zimmasiga birdaniga ortib qo‘ymagan. Albatta buning sabablari va hikmatlari bor. Misol tariqasida xamrning[2] harom qilinishi masalasini ko‘rib chiqamiz. Alloh taolo islomni avvalida musulmonlarga birdaniga xamr ichishni harom qilib, undan chetlanishga buyurmadi. Balki avvalo musulmonlarni qalbiga iymon mustahkam holatda o‘rnashib olishini kutdi hamda musulmonlarga imkon berdi. Qachonki islom qoidalari musulmonlarning qalbiga kirib, ularning shuu’riga aylangach va jamiyatda ham islom ahkomlariga to‘liq rioya qilina boshlagach Alloh taolo xamr masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Alloh taolo avvalo xamr borasida quyidagi oyatlarni nozil qildi.

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ ۖ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِن نَّفْعِهِمَا ۗ وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ

Sendan xamr va qimor haqida soʻrarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir”, deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni soʻrarlar. Sen: “Ortiqchasini”, deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga Oʻz oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz[3]. (Oyatdagi “xamr” soʻzini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki “xamr” soʻzi umumiy boʻlib, isteʼmol qilgan kishining aqlini toʻsuvchi, yaʼni, bir oz boʻlsa-da taʼsir oʻtkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga nasha, qoradori, koʻknori va boshqalar ham kiradi. Dunyoda adolat oʻrnatish, yer yuzida Allohning xalifasi boʻlish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxoʻr yoki qimorboz va molini nooʻrin sarflaydigan boʻlishi mumkinmi? Albatta, yoʻq. Holbuki, xamr ichish, qimor oʻynash va nooʻrin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar.)

Agar ushbu oyatga nazr tashlab ko‘radigan bo‘lsak, Alloh taolo musulmonlarni xamr ichishdan ochiqchasiga ta’qiqlamadi. Balki xamrda ayrim foydalar va ayrim ziyonlar borligi hamda undagi foyda keladigan zararidan kam ekanini ta’kidlab o‘tdi. Alloh taolo bu uslubni muqaddima sifatida qo‘lladi. Ya’ni, aqlli inson aslida ushbu oyatni fahmlab ko‘rsa, quyidagi m’noni topadi: Zarari ko‘p bo‘lgan ishdan ko‘ra foydasi ko‘p bo‘lgan ish bilan mashg‘ul bo‘lish ma’qul.

Alloh taolo xamr borasida kichkina chiroyli muqaddima keltirganidan so‘ng, unga tegishli bo‘lgan hukmlarni davom ettirib quyidagi oyatlarni nozil qildi.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَقْرَبُوا الصَّلَاةَ وَأَنتُمْ سُكَارَىٰ حَتَّىٰ تَعْلَمُوا مَا تَقُولُونَ وَلَا جُنُبًا إِلَّا عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىٰ تَغْتَسِلُوا ۚ وَإِن كُنتُم مَّرْضَىٰ أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ أَوْ جَاءَ أَحَدٌ مِّنكُم مِّنَ الْغَائِطِ أَوْ لَامَسْتُمُ النِّسَاءَ فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا فَامْسَحُوا بِوُجُوهِكُمْ وَأَيْدِيكُمْ ۗ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَفُوًّا غَفُورًا

Ey iymon keltirganlar! Mast holingizda–to aytayotgan gapingizni biladigan boʻlmaguningizcha, namozga yaqinlashmang va junub holingizda ham to gʻusl qilmaguningizcha. Magar yoʻldan oʻtuvchi boʻlsa, mayli. Agar bemor yoki safarda boʻlsangiz yoki sizdan biringiz tahoratxonadan kelsa yoxud ayollarga yaqinlashgan boʻlsangiz-u, suv topa olmasangiz, pokiza tuproq-la tayammum qiling. Bas, yuzingizga va qoʻllaringizga masʼh torting. Albatta, Alloh afv va magʻfirat qiluvchi zotdir[4]. (Bu oyati karimada koʻpgina hukmlar mujassam topgandir. Shu bilan birga, aroqni harom qilish yoʻlida tatbiq qilingan choraning yana bir bosqichi hamdir. Tahorat va gʻuslga suv topilmasa, toza tuproq-la tayammum qilinadi. Shuningdek, suv tegishi bilan kasalligi kuchayib ketadigan bemorlarga ham tayammumga ruxsat. Yaʼni, tahorati yoʻq odam tahoratni niyat qilib tayammum qilsa, tahorat oʻrniga oʻtadi. Junub odam gʻuslni niyat qilib tayammum qilsa, gʻusl oʻrniga oʻtadi.)

Niso surasidagi bu oyat esa juz’iy tahrimni ifoda etgan. Zero biz ushbu oyatning mazmun-mohiyatiga ahamiyat qaratadigan bo‘lsak, Alloh taolo bu oyat orqali musulmonlarni faqat mast bo‘lgan holda bo‘lsalargina namozga yaqinlashmaslikka buyurmoqda. Mast bo‘lmagan holatlarida esa bemalol namozlarini ado qilishlari mumkin. Bu jarayon Alloh taolo tanlagan yana bir muqaddima hisoblanib, xamrning harom qilinishidagi va undan musulmonlarni chetlanishi haqidagi 2-bosqich hisoblanadi.

Nozil qilingan ushbu oyatlarni musulmonlar hazm qilib, unga rioya qilishgach, Alloh taolo musulmonlarga ochiq uslubda xitob qilib xamrni harom qildi va uni quyidagi oyatlarda bayon qilib berdi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) choʻplar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda boʻling. Shoyadki, najot topsangiz[5].

Ushbu oyat musulmonlarning qalblari xamrdan nafratlanib, undan vos kechishga tayyor bo‘lganidan so‘ng nozil qilindi va xamrni ochiq suratda iste’moliga chek qo‘ydi. Zero oyatda zikr qilingnidek xamrni shaytonning amalidan hisoblangan bir ifloslik deb ataldi. So‘ng Alloh taolo xamrdagi ham dunyoviy ham diniy zararlarini bayon qilib oyatni davomida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.

إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَن يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَن ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ ۖ فَهَلْ أَنتُم مُّنتَهُونَ

Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon koʻrishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan toʻsishni xohlaydi. Endi toʻxtarsizlar[6]?! (Alloh taolo bu ikki narsani – xamr va qimorni “ifloslik va shaytonning ishi”, deb atamoqda. Alloh Oʻz bandalariga mehribon boʻlgani uchun ularni ifloslik va shaytonning ishidan qaytaradi. Nopok taomlarni zararli boʻlgani uchun harom qilganidek, iflos ishlarni ham bandalariga zararli boʻlgani uchun harom qiladi. Ushbu oyati karimada zikr qilingan aroq bilan qimorning zararlaridan ikkinchisi – ular odamlarni Allohning zikridan va namozdan toʻsishi. Bu maʼlum va tushunarli hol. Aroqxoʻrning aroq ichishining oʻzi Allohni eslamasligiga dalil. Ichib mast boʻlib olgandan keyin esa, umuman esga olmaydi. Namoz ham, boshqa ishlar qatori, aroqxoʻrning esidan chiqadi. Shuningdek, qimorga berilib ketgan qimorboz Allohning zikrini ham, namozni ham unutadi. Bu narsa aroq va qimor keltiradigan zararlarning eng kattasidir. Boshqa jinoyatlar shu unutishdan kelib chiqadi.)

Agar yuqorida keltirilgan oyatlarga obdon nazar tashlaydigan bo‘lsak, Alloh taolo bitta masalani bayon qilishni o‘zida shuncha muqaddimalar keltirib, musulmonlarni ham qalban ham ruhan tayyorlab bordi. Aslida Alloh taolo juda ko‘plagan masalalarda xuddu shu uslubdan foydalangan. Meros masalalarining avvali ham darajama-daraja shakllanishida bir jihatdan xamrning masalasiga o‘xshab ketadi. Islomning avvalida yaqin do‘stlar bir-biridan meros olishlari joiz bo‘lgan bo‘lsa, Madinaga musulmonlar hijrat qilganlaridan so‘ng bu hukmlarning barchasi bekor qilinib, faqat Qur’onda va hadislarda ulushlari bayon qilingan shaxslargina meros olishi ta’yinlandi.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ro‘zmetov MuhammadMustafo



[1] Nasx- Oldingi hukmlarni keyingi kelgan hukmlar bilan bekor bo‘lib amaldan qolishidan iboratdir.

[2] Xamr-Xom uzumning suvidan mast qiladigan miqdorga yetguncha qaynatilib tayyorlangan ichimlikdir.

[3] Baqara surasi, 219-oyat.

[4] Niso surasi, 43-oyat.

[5] Moida surasi, 90-oyat.

[6] Moida surasi, 91-oyat.

. .