SHAVVOL TUGASHIGA OZ QOLDI!
Muallif: . .
Sana: 08.05.2023
832

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon roʻzasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun roʻza tutsa, yil boʻyi roʻza tutgandek boʻladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bugun milodiy hisob boʻyicha 2023-yil 8-may, hijriy sanada esa Shavvol oyining 18 sanasi. Muborak Ramazon oyini kuzatganimizga 18 kun boʻldi. Yana 12 kundan keyin Shavvol oyi ham oʻz nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun roʻza tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan koʻtarilgan boʻlsa eslatib qoʻyishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Eslating! Zero, eslatma moʻminlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Shavvol oyida 6 kun roʻza tutish yil boʻyi roʻza tutganning savobiga noil etadi.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon roʻzasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun roʻza tutsa, yil boʻyi roʻza tutgandek boʻladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon roʻzasi oʻttiz kunining oʻn barobari oʻn oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun roʻzasi esa (60 kun) ikki oy boʻladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil boʻyi roʻza tutgandek boʻladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga oʻn barobar (koʻpaytirib yozilur)” (Anʼom” surasi, 160-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon roʻzasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun roʻza tutsa, huddi onadan tugʻilgandek gunohlardan forigʻ boʻladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ulamolar: “Shavvol oyi roʻzasini oy boshida ketma-ket olti kun yoki oy davomida boʻlib-boʻlib tutish ham joiz”, deganlar.

Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Shavvol oyi roʻzasi ketma-ket olti kun tutilsa ham, boʻlib-boʻlib tutilsa ham fazilati tengdir”.

Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni magʻfirat etgin!

Davron NURMUHAMMAD

Manba muslim.uz

. .