MISRLIK ULAMOLAR TOSHKENT ISLOM INSTITUTIDA
Muallif: . .
Sana: 05.05.2023
489

Joriy yilning 3-may kuni Misrning al-Azhar universiteti Aqida kafedrasi mudiri doktor Avvod Mahmud Solim, doktor Muhammad Abdulaziz Mishʼal hamda katta ustoz Amal Usmonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga tashrif buyurdi.

Doktor Avvod Mahmud Solim Toshkent islom instituti ustozlariga “Ahli sunna val-jamoa mazhabi – vasatiya yoʻli” mavzusida semenar-trening oʻtib berdi. Ahli sunna val-jamoa eʼtiqodiy qarashlari naqliy va aqliy dalillar ustiga qurilgan boʻlib, haq mazhab ekanini atroflicha yoritib berdi.
Ustoz Muhammad Abdulaziz Mishʼal modul taʼlim shakli talabalari bilan uchrashib, ularga “Aqida ilmining ahamiyati” mavzusida ilmiy suhbat qilib berdi. Suhbatda aqida ilmini alohida yoʻnalish sifatida shakllanishining tarixiy jarayoni haqida, shuningdek, sof aqidaga zid boʻlgan ayrim toifalarning kelib chiqish sababi toʻgʻrisida dalillar bilan gapirib berdi. Ayni chogʻda aqidaviy masalalarda ommani chalgʻitayotgan gʻoyalarning xatari haqida toʻxtalar ekan, sof aqida himoyaci uchun ilm ahli tomonidan juda katta mehnat talab qilinishini ham taʼkidlab oʻtdi. Suhbatdan soʻng talabalar mavzu doirasida oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, qoniqarli javob oldilar.
Shuningdek, Al-Azhar universiteti oʻqituvchisi Amal Usmon ayol-qiz ustozlar va talabalarga davra suhbati oʻtkazib berdi. Suhbat jarayonida Amal Usmon Moturidiya aqidaviy taʼlimoti haqida, Moturidiya madrasasining islom dinida tutgan oʻrni va Imom Moturidiy aqidaviy mazhabining oʻziga xos tomonlari haqida maʼlumotlar berib oʻtdi. Suhbat oʻzaro fikr almashinuv tarzida davom etdi.
Misrlik olimlarlarga Toshkent islom instituti tomonidan esdalik sovgʻa va tashakkurnomalar taqdim etildi.
Shu kuni misrlik ulamolar Abu Bakr Qaffoli Shoshiy maqbarasini ziyorat qilib, u yerda qoʻnim topgan ulugʻ avliyolar, ulamolar va muftiylarning haqlariga duoi xayrlar qilishdi.
Shuningdek, Baroqxon madrasasi va Musʼhafi Usmonni ziyorat qilishdi. Oʻzbekistondagi Sivilizatsiya markazi qurilishi va undagi barpo qilinadigan boʻlimlar bilan tanishishdi.

Manba muslim.uz

. .