RIZQ TALABIDA TAVAKKUL VA JIDDU JAHD QILISH
Muallif: . .
Sana: 31.03.2023
658

Quron Karimda Alloh taolo marhamat qiladi:

“U (Alloh) sizlar uchun Yerni xokisor – boʻysunuvchi qilib qoʻygan Zotdir. Bas, sizlar u (Yer)ning har tomonida yuringlar va U (Alloh)ning rizq-roʻzidan yenglar! Yolgʻiz Uning huzuriga qaytish bordir” (Mulk, 15).

Alloh taolo bandalar uchun Yerni boʻysundirib, uni xokisor va sokin qildi. Qattiq silkinib ustidagi maxluqotlarni xalok qilmasligi uchun togʻlar bilan mustahkamlab qoʻydi. Yerdan suv chiqarib, anhor, daryo va dengizlarni yaratdi. Maxluqotlari foydalanishi, bandalari ziroat va chorvachilikda manfaat olishlari uchun Alloh shunday qildi. Shuningdek, Alloh Yerda turli yoʻllarni paydo qildi. Bas, ey insonlar, Yerning turli joylarida yuringlar, rizq talabida harakat qilinglar! Unutmanglarki, qiyomat kunida dunyoda qilib oʻtgan har bir amalingiz haqida hisob berish uchun Allohning dargohiga qaytasizlar.

Alloh taoloning Yerni boʻysundirib qoʻyganini yana quyidagi misollarda ham koʻrish mumkin. U Zot Yerni toshdek qattiq qilib qoʻymadi, balki yurish oson boʻlishi uchun yumshoq qildi. Bandalar yerni kavlab, ekin ekishlari, bino qurishlari uchun mayin qildi. Agar yer tosh, oltin yoki temir kabi boʻlganida, yoz faslida juda issiq, qishda esa haddan tashqari sovuq boʻlar edi. Shuningdek, Yer oʻliklarni oʻz bagʻriga olib, atrof-muhitni musaffo holida saqlaydi va koʻplab kasalliklar tarqalishining oldini oladi. Mana shu narsalarning barchasi Yerning inson uchun boʻysundirib qoʻyilganini anglatadi.

Ushbu oyatda bandalarni rizq talabida harakat qilish, hayot uchun, uni obod qilish uchun intilishga targʻib qilinib, dangasalik va ishyoqmaslikdan qaytarilmoqda.

Alloh taolo har bir jonzotning rizqini azalda taqdir qilib belgilab qoʻygani koʻp bora aytildi. Maxluqotlar oʻsha rizqqa erishish uchun lozim boʻlgan sabablarni ishga solishlari, rizq talabida harakat qilishlari kerak boʻladi. Biroq rizq topishda yolgʻiz harakatning oʻzi kifoya qilmaydi. Bunda tavakkul ham shartdir. Rizq topish uchun harakat qilish va tavakkulni bir-biriga muvofiq narsa deb bilish lozim. Zero, tavakkul qalb ishi. Harakat esa aʼzolarning ishidir. Rizq topishda, avval Allohga tavakkul qilinadi. Yaʼni, rizq Allohdan ekaniga toʻliq imon keltirib, U Zotning yordami va madadiga suyangan holda, ishlarni yengil qilishini soʻrab duo qilinadi. Soʻngra rizq talab qilishga oʻtiladi. Bu ikkisi aslo bir-biriga zid emas. Biri ikkinchisisiz mukammal boʻlmaydi. Faqat tavakkul qilsayu, intilish boʻlmasa, banda tekinxoʻrga aylanib qoladi. Oqibatda qashshoqlashib, odamlar oldidagi obroʻ-eʼtiboridan ham ayriladi. Aksincha, tavakkul qilmasayu, faqat harakat qilishning oʻzi bilan cheklansa, rizq topish faqat oʻzimga bogʻliq, oʻzimni oʻzim boqaman, mana shu kasbim orqasidan kun koʻraman, degan notoʻgʻri fikrga borsa, kishi shirk illati tomon qadam tashlagan boʻladi. Demak, rizq topishda tavakkul va harakatni jamlagan holda ish yuritish haqiqiy moʻminning sifatidir.

–Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Albatta, Alloh kasb-kor qiluvchi moʻmin bandani yaxshi koʻradi”(Imom Tabaroniy, Ibn Adiy, Hakim Termiziy va Bayhaqiy “Shuʼabul iymon”da rivoyat qilgan).

Banda Alloh taoloning muhabbatiga loyiq boʻlishi uchun, avvalambor unda imon boʻlishi kerak. Imon barcha yaxshiliklarning boshidir. Imon boʻlmasayu, boshqa “fazilat”lari boʻlsa, foydasi yoʻq. Ushbu hadisda aytilayotganidek, Alloh taolo oʻziga haqiqiy imon keltirgan va rizq talabida harakat qiluvchi, halol kasb-kor bilan shugʻullanuvchi, birovga ogʻirligi tushmaydigan, oʻzgalarga qaram va boqimanda boʻlib qolmaydigan bandasini yaxshi koʻrar ekan. Bas, biz ham ushbu ikki fazilat bilan sifatlanib, Alloh yaxshi koʻrgan bandalar qatoridan joy olaylik!

–Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Dangasa tijoratchi mahrum, shijoatli tijoratchi esa rizqlanuvchidir”(Quzoʼiy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).

Hadisdagi “mahrum boʻlish” rizqdan butunlay ajrab qolishni anglatmaydi. Zero, har bir banda oʻz imkoniyati va layoqati darajasida ish tutadi.

Bandaning rizq talab qilishidagi holati – harakatchangligi yoki dangasaligi uning rizqi keng yoki tor boʻlishiga taʼsir qiladi. Hadisda taʼkilanganidek, ishyoqmas va dangasa tijoratchi rizqning barakali boʻlishi va keng rizqdan mahrum boʻladi. U layoqatsizligi tufayli oʻziga kelishi mumkin boʻlgan koʻplab daromadlardan quruq qoladi. Harakatchan, uddaburon va izlanuvchan tijoratchi esa, avvalo niyati va qalbini sof qilib, yaxshilik kasb qilish uchun harakat qiladi. Ishlarini puxta, mukammal va maromiga yetkazib, oʻz vaqtida, koʻproq manfaat beradigan paytda amalga oshiradi. Oʻsha ishining orqasidan keng rizqqa ega boʻladi. Harakatchan bandani Alloh yaxshi koʻradi. Unga Oʻzi xohlagan tarzda keng, barakali rizq va farovon hayot ato qiladi.

Shu narsani eslatib oʻtish lozimki, bu hadis butun hayotini tirikchilik yoʻlida bagʻishlash yoki dunyoga tashna boʻlishga emas, balki rizq talabida halol yoʻllar bilan harakat qilish, oʻz ishiga pishiq boʻlishga targʻib qilmoqda. Tirikchilik va kasb-korni tashlab qoʻyib oʻzgalarga ortiqcha “yuk” boʻlishdan qaytarmoqda.

Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) Oʻzi unga yetarlidir. Albatta, Alloh Oʻzi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Darhaqiqat, Alloh barcha narsa uchun miqdor-oʻlchov qilib qoʻygandir” (Taloq, 3).

Ushbu oyatda, agar bandalar Allohga tavakkul qilsalar, U Zot ularning ishlari mukammal boʻlishi uchun kafil boʻlishi, tavakkul qilganlar uchun Alloh kifoya ekani, U Zot xohlagan ishini bajara olishi va har bir narsani oʻta aniq qilib belgilab qoʻygani aytilmoqda.

Tavakkulning asl maʼnosi “oʻzini Allohga topshirish”dir. Gʻazzoliy tavakkulni: “Qalbning Yolgʻiz Vakil – Allohga suyanishidan iboratdir”, deb tushuntirgan. Alloma Munoviy esa: “Tavakkul bandaning ojiz ekanini izhor qilib, tavakkul qilinadigan Zotga ishonishidir”, degan. Tasavvuf ahlining nazdida tavakkul “odamlar qoʻlidagi narsaga suyanmasdan, faqat Alloh dargohidagi narsaga ishonish”dir. Mulla Ali Qori Allohga haqiqiy tavakkul qilishni quyidagicha tushuntiradi: “Tavakkul borliqda Allohdan boshqa amalga oshiruvchi zot yoʻq ekani, yaratish va rizq berish, ato qilish va man etish, zarar va foyda, kambagʻallik va boylik, kasallik va salomatlik, oʻlim va hayot hamda boshqa barcha narsalar Alloh taolodan ekaniga hech shubhasiz aniq ishonishdir” (“Mirqotul mafotiyh”).

Tavakkul qalb ishidir. Unda qalb butunlay Allohga topshiriladi. Ishlarning oqibati U Zotga havola qilinadi. Ayniqsa, rizq topishda tavakkulning ahamiyati beqiyosdir. Rizq talabidagi tavakkul “rizqni faqat Alloh berishiga aniq ishongan holda oʻsha rizq keladigan sabablarni harakatga keltirish”dir.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, moʻmin banda rizq talabida, tirikchilik yoʻlida bor imkoniyatlarni ishga solib, Yolgʻiz Allohga tavakkul qilgan holda jiddu jahd qilishi lozim. Ammo shuni bilsinki, u faqat harakat qilgani va intilgani uchungina rizqlanayotgani yoʻq. Chunonchi, rizq Alloh taolo tarafidan kelishini unutmasin!

Raximov Elyor
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

. .