
Hamma narsaga qodir boʻlgan Zot, barcha ishlar faqat Uning xohishi ila boʻladigan, u dunyo-u bu dunyo Podishohi, Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar, maqtovlar boʻlsin. Birovning qalbini ogʻritmagan, hatoinfki dushmaniga ham muloyim gapirgan, guftoru raftorlarida tamoman eng goʻzal xulq-atvorlar jamlangan Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga cheksiz durudu salovotlar boʻlsin.
Dinimiz nomi “Islom”. Islom soʻzining lugʻaviy tarjimasi esa “Tinchlik, omonlik” maʼnolarini anglatadi. Islom dini insonlarni tinch-totuv yashashga, boshqalarga, hatto boshqa din vakillariga ham zulm qilmaslikka chaqiradi. Dinimiz asosida rahm-shafqat, mehr-oqibat, insonparvarlik, birodarlik, oʻzaro hurmat, tinchlik-osoyishtalik kabi ezgu xislatlar yotadi.
Alloh taolo deydi:
مَن قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا
“Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham oʻldirsa, xuddi hamma odamlarni oʻldirgan boʻladi”[1]
Islom dinimiz har bir jonni juda qadrlaydi, xoh musulmon boʻlsin, xoh gʻayri din boʻlsin, qanday irqqa tegishli boʻlmasin, qaysi millatga tegishli boʻlmasin, baribir barcha-barchasini ardoqlaydi. Bir beayb insonni oʻldirish butun boshli insoniyatni oʻldirgandek jinoyat hisoblanadi.
وَالَّذِينَ لَا يَدْعُونَ مَعَ اللَّهِ إِلَهًا آخَرَ وَلَا يَقْتُلُونَ النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَلَا يَزْنُونَ وَمَن يَفْعَلْ ذَلِكَ يَلْقَ أَثَامًا (68) يُضَاعَفْ لَهُ الْعَذَابُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَيَخْلُدْ فِيهِ مُهَانًا
“Moʻminlar Allohdan oʻzgaga iltijo qilmaydilar va biron jonni nohaq oʻldirmaydilar va zino ham qilmaydilar. Kim ana shularni qilsa, uqubatga duchor boʻlur. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar koʻpaytirilur va u azobda xor boʻlib abadiy qolur”[2]
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « مَنْ خَرَجَ مِنْ أُمَّتِى عَلَى أُمَّتِى لا يُفَرِّقُ بين بَرِّهَا وَفَاجِرِهَا لاَ يَتَحَاشَ مِنْ مُؤْمِنِهَا وَلاَ يَفِى بِذِى عَهْدِهَا فَلَيْسَ مِنِّى ».
“Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshisi va yomonini farqiga bormasa, ummatimning moʻminiga ziyon tegishidan oʻzini tiymasa, bergan vaʼdasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas”
Islom mamlakatlaridan boʻlgan bir qancha shaharlarda dahshatli voqealar son-sanoqsizdir. Islomiy shiorlarni niqob qilib olgan Islom dushmanlari yirik masjidlarga hujum uyushtirib, 10000 ga yaqin musulmonlarni garovga olib, jangarilar tomonidan otilgan oʻqlar va masjidlardagi portlatishlar oqibatida 1000 dan ziyod begunoh namozxonlar halok boʻldi, yuzlab odamlar tan jarohati olishdi.
“Buyuk Britaniya hukumati “islom terrorchiligi”, “islom fanatlari” kabi atamalarni qoʻllashdan voz kechish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Birlashgan qirollikning xavfsizlik xizmati terrorchilikni Islom bilan bogʻlash toʻgʻri emasligini, bu narsa mamlakatdagi musulmon jamoalari nafratini qoʻzgʻashi, ular aholining boshqa qatlamlaridan ajralib qolishlariga sabab boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
“Mamlakatimizda ham, butun dunyoda ham kimnidir qoʻrqitish, fitna, suiqasd qilish, ozor berish Islom dinida yoʻq ekanini bir necha mutasaddi xodimlar uqtirib kelmoqdalar. Demak, bunday harakatlarni Islomga qarshi faoliyat, deb atashdan boshqa ilojimiz yoʻq”, deb taʼkidladi.
Darhaqiqat, bunday terrorchilarni musulmon deb boʻlmaydi. Chunki agar musulmon boʻlganlarida musulmonlarga qurol koʻtarishmasdi. Yana Xudodan qoʻrqmasdan Alloh baytiga kirib, namoz oʻqib turgan namozxonlarni qirib, qancha-qancha oilalar boquvchisiz qoldi, qancha-qancha ayollar tul qolishdi, qancha-qancha yetim bolalar dunyoda koʻpaydi.
Mohinur Saʼdullayeva
Mir Arab oliy madrasasi 4 bosqich talabasi
[1] Moida 32
[2] Furqon 68-69
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
