IMOM MOTURIDIY HAYOTI VA FAOLIYATI
Muallif: . .
Sana: 28.02.2023
409

Yurtimiz shuhratini dunyoga taratgan tengsiz va zabardast allomalarimizdan biri, hidoyatga boshlovchilar Imomi, eʼtiqod-kalom ilmining asoschisi va peshvosi Hazrati Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiydur.

U kishi Samarqand yaqinidagi Moturid qishlogʻida dunyoga kelgan.
Islom olamida “Imamul huda” (Hidoyatga boshlovchi Imom), “Imomul mutakallimin” (Kalom olimlarining Imomi), “Raisul ahlus sunna” (Ahli sunna va jamoa raisi) va “al-mutakallim as-Samarqandiy” (Samarqandlik kalom ilmi Imomi) kabi sharafli nomlar ila eʼtirof etilib, mashhuru manzur boʻlgan Imom Abu Mansur al-Moturidiy ilmda, islomda, shariatu ehyoda va sunnati soniyada nihoyatda beqiyos xizmatlari uchun ham katta shuhrat qozonganlar.

Oʻtgan tarixchilar ul zotning naslu-nasablarini ansoriylardan biri, Abu Ayub al-Ansoriy avlodidan ekanliklarini yozishsa-da, ota-onalari va oilalari haqida hech bir maʼlumot berishmagan.

Shunday qilib, buyuk allomaning nomlari - Muhammad, kuniyalari - Abu Mansur va taxalluslari - Moturidiy (yaʼni, Moturid qishlogʻida tugʻilganliklari uchundir) boʻlgan. Moturidiy 870-yilda tugʻilgan va 944-yilda vafot etgan.

Imom Moturidiy hayotlariga oid barcha maʼlum manbalarning dalolat berishicha, ul zot Imom Aʼzam - Abu Hanifa mazhabi zanjiridagi eng yuqori turgan allomalardan tahsil va ijozat olgan. Uning fiqh va kalom ilmini egallashda Samarqandda yashagan oʻsha zamonning zabardast faqihlaridan Muhammad ibn Fazl Balxiyning taʼsiri benihoya katta boʻlgan. U kishi Balx shahrida tavallud topgan. Baʼzi sabablarga koʻra, Balxdan ketishga majbur boʻlgan Muhammad ibn Fazl Balxiy Samarqandga kelib faoliyat koʻrsata boshlaydi. Uning eng mashhur shogirdlari sirasiga islom olamidagi Kalom ilmining asoschisi boʻlmish Imom Abu Mansur al-Moturidiy va ilmi hikmatning zabardast allomasi Imom Abul Qosim as-Samarqandiylar kiradi.

Zamon allomasi Muhammad ibn Fazl Balxiy 319 (931) yilda Samarqandda vafot etadi va Poyqoboq darvozasi yaqinida, Hazrati Shohizinda - Qusam ibn Abbosning yaqin yoronlaridan boʻlmish Muhammad Sangrasonning qabri yaqinida dafn etilgan. Tarixiy manbalar boʻyicha, ul zotning tariqat ustozlari silsilasi quyidagicha: Balxiyning silsilasi Ahmad Xizroʻyga (vaf. 854) borib yetadi; u esa Hotim Asamning (vaf. 852) shogirdi; u esa oʻz navbatida Shaqiqi Balxiyning; u esa Ibrohim Adhamning shogirdi edi.

Al-Kavofiy oʻzining “Kitabi aʼlom ul ahyor” asarida Imom al-Moturidiyning Abu Nasr al-Iyoziydan ijozat olganligini va Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniydan fiqh ilmini oʻqiganligini, u zot esa Abu Sulaymon al-Juzjoniydan, u esa Imom Muhammad ash-Shayboniydan, u esa buyuk allomalar ustozi va mazhab asoschisi Abu Hanifa - Imomi Aʼzam (rahmatullohi alayh)dan fiqh tahsili olganligini yozadi.

Xolmatov Ashurali

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .