ALISHER NAVOIY HAYOT YOʻLI (1441-1501)
Muallif: . .
Sana: 09.02.2023
8714

Alisher Navoiy (taxallusi; asl ismi Nizomiddin Mir Alisher) (1441.9.2. — Hirot — 1501.3.1) — buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi.

Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli oʻgʻli bilan koʻkaldosh (emikdosh) boʻlib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida boʻlgan. Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi (ismi nomaʼlum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi.

Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri kelgan. U temuriyzodalar, xususan boʻlajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi sheʼrlarni oʻqib, yod ola boshlagan. Oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan. 1447-yil 12-martda mamlakat podshohi Shohrux vafot etgach, taxtga daʼvogarlar orasida oʻzaro kurash boshlanadi. Urush-janjallar koʻp kishilarni Xurosondan turli tomonga koʻchib ketishga majbur etdi. Alisher Navoiylar oilasi oʻz tinchligini koʻzlab, Iroqqa koʻchishdi (1449). Taf shahrida Alisher mashhur “Zafarnoma” tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin taassurot qoldiradi. Gʻiyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat oʻtgach, qaytadi. Abulqosim Bobur Gʻiyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. Alisher Navoiy Hirotda qolib oʻqishni davom ettirdi.

Alisher Navoiy sheʼriyatga gʻoyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan oʻrgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zoʻr havas tugʻdirgan edi. Togʻalari Mirsaid — Kobuliy, Muhammad Ali — Gʻaribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez toʻplanishib, mushoira qilishar, adabiyot va sanʼat haqida suhbatlashar edilar.

Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning isteʼdodidan mamnun boʻlgan mavlono Lutfiy, uning:

Orazin yopqoch, koʻzumdan sochilur har lahza yosh,

Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh

matlaʼli gʻazalini tinglab: “Agar muyassar boʻlsa edi, oʻzimning oʻn-oʻn ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu gʻazalga almashtirardim…” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. Sheʼrlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.

Alisher Navoiy 13—14 yoshlarida otasi hayotdan koʻz yumadi. Uni Abulqosim Bobur oʻz tarbiyasiga oladi, katta badiiy isteʼdodi uchun gʻoyat eʼzozlaydi. 1456-yil oktyabrda mamlakat poytaxti Hirotdan Mashhadga koʻchiriladi, Abulqosim yosh Alisherni ham, oʻz xizmatida boʻlgan Husayn Boyqaroni ham Mashhadga olib ketadi. 1457-yilning bahorida toʻsatdan Abulqosim Bobur ham vafot etdi. Alisher Navoiy uchun bu, otasi vafotidan keyingi, ikkinchi ogʻir judolik boʻldi. U Mashhad madrasalaridan birida oʻqishini davom ettiradi. Doʻsti Husayn Boyqaro esa Marv va Chorjoʻy tomonlarga omad qidirib ketadi. Xurosonni temuriylarning yana bir vakili, Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egalladi va poytaxtini Samarqanddan Hirotga koʻchiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yoʻlidagi birinchi raqibi — Abu Said edi.

Alisher Navoiy oilasining xohish-ragʻbati Husayn tomonda boʻlib, bu avvalo ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi; bundan yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. Oʻrtadagi bu vaziyat Alisher Navoiy hayotini murakkablashtirgan. Alisher Navoiy Mashhadda oddiy bir mullavachcha sifatida yashadi. Shoirning bu davrdagi ijodida oʻz yurtini sogʻinib yozgan gʻazallari talaygina. Orada, xususan, yoz fasllarida Hirotga borib-kelib ham turgan. 1463-yilda esa u uzil-kesil Hirotga qaytdi. Biroq bu yerda ahvol oʻzgargan, shahar xarobaga aylangan edi. Xuroson poytaxtida Sulton Abu Said oʻz tartibini oʻrnatgan, muhim vazifalarga u bilan Movarounnahrdan kelgan kishilar tayinlangan, Alisher Navoiy ga yaqin kishilar quvgʻin qilingan, Husayn Boyqaro bilan birga ketgan togʻalari — Mirsaid va Muhammad Ali urushda halok boʻlgan, yashash uchun biron joy topish muammo edi. Alisher Navoiyning oʻsha kunlardagi ahvoli uning keyinchalik ustozi Sayyid Hasan Ardasherga Samarqanddan yozgan maktubidagi sheʼriy satrlarda nihoyatda taʼsirli va haqqoniy ifodalab berilgan.

Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir boʻlib qolgan Alisher Navoiyni Abu Said taʼqib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. Shoir Samarqandga ketishga majbur boʻladi. Alisher Navoiy Samarqandda 1465-yildan 1469-yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida oʻqib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. Samarqandning koʻzga koʻringan shoirlari — Shayxim Suhayliy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, muammogoʻy Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad Olim va boshqalar bilan hamsuhbat boʻldi va doʻstlashdi. Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibek asli hirotlik boʻlib, Vafoiy taxallusi bilan sheʼrlar yozardi, u Alisher Navoiyga alohida hurmat va eʼtibor bilan qaradi. Uning yordamida Alisher Navoiy davlat ishlari bilan ham shugʻullana boshladi. U davlat ishlarini boshqarishda dastlabki tajribani shu yerda orttirdi va bu unga keyinchalik asqotdi. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga “Chigʻatoy amiri” unvoni berilgan.

1469-yil boshlarida Sulton Abu Said Qorabogʻda oʻz askarlari tomonidan oʻldiriladi. Koʻpdan buyon shunday vaziyatni kutib yurgan Husayn Boyqaro zudlik bilan kelib, Hirot taxtini egallaydi. Alisher Navoiy ham Hirotga yetib keladi. 1469-yil 14-aprel kuni, ramazon hayiti munosabati bilan uyushtirilgan qabul marosimida Alisher Navoiy oʻzining Husayn Boyqaroga yangi yozgan “Hiloliya” qasidasini taqdim etadi. Podshoh Alisher Navoiyni muhrdorlik mansabiga tayinlaydi.

Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning eng xavfli siyosiy raqibi — Yodgor Muhammad Mirzoni tunda qoʻlga olishda shaxsiy jasorat koʻrsatadi. Yangi hukumatning ortiqcha soliqlaridan norozi boʻlib, qoʻzgʻolon koʻtargan xalq ommasini tinchitishda adolat va mardonavorlik bilan ish tutadi. Shu voqealardan soʻng maʼlum vaqt oʻtgach, Husayn Boyqaro hukumatidagi muhrdorlik vazifasiga Alisher Navoiyning roziligi bilan uning samarqandlik doʻsti, shoir Shayxim Suhayliy tayinlanadi. Alisher Navoiyning maqsadi saroyda maslahatchi boʻlib qolish, koʻproq ijodiy ish bilan shugʻullanish edi. Biroq Husayn Boyqaro 1472-yilning fevral oyida uni oʻz saroyining bosh vaziri qilib tayinlaydi va unga “Amiri kabir” unvonini beradi.

Alisher Navoiy yangi lavozimda avvalo butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi. Shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Alisher Navoiy saʼyi harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati oʻsib boradi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod boʻla boshlaydi.

Buyuk insonparvar Alisher Navoiy oʻrta asrdagi Uygʻonish davrining boshqa ulugʻ zotlari singari butun hayoti bilan haqiqiy inson qanday boʻlishi lozimligini koʻrsatdi. U oʻz davridagi nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning oʻz vazifalarini suiisteʼmol qilishlarini va taʼmagirliklarini fosh etdi, ojiz, muhtoj kishilarni oʻz himoyasiga oldi. Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, Alisher Navoiy hukumatda bosh vazir vazifasini egallagan paytlarda hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushi olib borilmadi. Bosh vazir Alisher Navoiy madaniyat va sanʼatning chinakam homiysi sifatida taniladi. Uning faoliyatida ijtimoiy-siyosiy masalalarni toʻgʻri hal etishga intilish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga, barcha qavmlarga bir xil munosabatda boʻlish, hech qaysi birini kamsitmaslik, hammaning manfaatiga barobar xizmat qiladigan jamoat binolarini qurishga alohida eʼtibor berish oldingi oʻringa chiqa boshladi.

Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy oʻz mablagʻlari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki taʼmirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tibgohi, Qurʼon tilovat qiluvchilarga moʻljallangan “Dorul-huffoz” binosi, Marvdagi “Xusraviya” madrasasi, Mashhaddagi “Dorul-huffoz” xayriya binosi va boshqa noyob meʼmorlik yodgorliklari bor.

Bu davrda Hirotda adabiy hayot joʻsh urgan. Alisher Navoiy atrofida Shayxim Suhayliy, Xoja Osafiy, Binoiy kabi oʻnlab shoirlar, Hasan Noiy, Xoja Abdullo Marvoriy, Qulmuhummad Udiy, Shohquli Gʻijjakiy kabi oʻnlab sozandalar, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Sultonali Mashhadiy, Abdujamil Kotib, Xoja Hofiz Muhammad, Sultonali Koiniy, Muhammad Xandon, Mavlono Hijroniy kabi mashhur kotiblar, Behzod kabi musavvirlar qizgʻin ijodiy mehnat bilan band edilar. Hirotda, umuman Xuroson mulkida maʼnaviy hayotning baquvvat ustunlaridan Abdurahmon Jomiy bilan Alisher Navoiy oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik — ustoz-shogirdlik koʻp masalalarda hamfikrlilikka olib keldi. Alisher Navoiyning oʻzbek tilidagi dastlabki yirik asarlaridan “Hiloliya” qasidasi Sulton Husayn Boyqaroga bagʻishlangan boʻlsa, forsiy tildagi birinchi yirik asari “Tuhfat ul-afkor” (1476) qasidasi Jomiyga bagʻishlangan edi.

1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy oʻzining oʻzbek tilida yozgan sheʼrlaridan iborat ilk devoni — “Badoeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Mazkur devonda 777 gʻazal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qitʼa, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lugʻz, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarjeʼband, 2 musaddas boʻlib, bunday mukammal devonni tuzish Navoiygacha kamdan-kam oʻzbek shoiriga nasib boʻlgan. Alisher Navoiy “Badoeʼ ul-bidoya” tuzilgandan keyingi davrda yozilgan oʻzbekcha sheʼrlari asosida 1480-yillarning oxirida “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”) devonini tuzdi. 1841 — 82 yillarda Alisher Navoiy “Chixl hadis” (“Qirq hadis” yoki “Arbain”) asarini yozadi. Bunda Muhammad paygʻambar(sav) ning qirq hadisi toʻrtlik bilan sheʼriy ifodalab berilgan.

Alisher Navoiy mansub adabiy hayotda sheʼriy janrlardan gʻazal, qasida, ayniqsa muammo yozishga qiziqish kuchli edi. Alisher Navoiy forsiy devoniga 373 muammo kiritgan. Shunday adabiy mayllar tufayli 1485-yil muammo yozish qoidalari haqida maxsus “Mufradot” asarini yaratdi.

Alisher Navoiyda oʻzbek tilida “Xamsa” — besh doston yaratish maqsadi yoshligidan boʻlgan. Bu maqsadini 1483—85 yillarda amalga oshirdi. Asar oʻzbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi.

“Xamsa”dan keyin Navoiy yana bir qancha asarlar yaratdi. 1485-yil oʻzining mashhur “Nazm ul-javohir” asarini yozdi, bunda birinchi xalifalardan boʻlmish Hazrat Alining 266 ta hikmatli gapi ruboyi tarona (toʻrt misrasi ham qofiyalangan) shaklida bayon etilgan. Oʻsha davr kitobxonlari, shu jumladan, tarixchi Xondamir bu asarni gʻoyat yuksak baholagan.

Alisher Navoiyning insonparvarlik faoliyati, ilgʻor qarashlari, uning obroʻ-eʼtibori xalq orasida tobora ortib borishi oʻz manfaatlarini koʻzlagan saroy ayonlari orasida norozilik tugʻdirdi. Ular shoir bilan podsho orasiga nifoq solishga urindilar. Natijada 1487-yilda Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni vazifasidan boʻshatadi, bosh vazir vazifasini Muhammad Majdiddin egallaydi. Navoiy esa Astrobodga hokim qilib tayinlanadi. Navoiy hokimlik qilgan 2 yil davomida Astrobod shahri va viloyati obodonlashib, qoʻshni davlatlar bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatiladi, savdo ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Alisher Navoiy Astrobodda ham koʻp yangi sheʼrlar yozgan, Hirotdagi yor-doʻstlariga maktublar yoʻllab turgan. Uning Astroboddan Husayn Boyqaroning katta oʻgʻli Badiuzzamonta yozgan maktubini davlatni boshqarish haqidagi risola, deyish mumkin.

Alisher Navoiy doim Husayn Boyqaroni adolatli va maʼrifatli hukmdor qiyofasida koʻrish orzusi bilan yashadi. Astroboddan Husayn Boyqaroga va boshqa amaldorlarga yozgan maktublarida ularni insof va adolatga chaqirar, davlat idora usulida mustahkam tartib oʻrnatish va ayrim islohotlar oʻtkazishga undar edi. Lekin Alisher Navoiyning istaklari toʻla amalga oshishi qiyin edi. Astrabodda Navoiy bilan Husayn Boyqaro munosabatlariga putur yetkazuvchi gaplar yuzaga kelgach, podshoh Alisher Navoiyning Hirotga qaytishiga ruxsat beradi. Husayn Boyqaro Navoiyga bir nechta yuksak lavozimlarni taklif qiladi. Alisher Navoiy rozi boʻlmagach, unga “Muqarrabi hazrati sultoniy” (“Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan rasmiy unvon beriladi. Bu bilan u davlatning hamma ishlariga aralasha olar va podshoh bilan koʻrishish imkoniga ham ega boʻlar edi. Binobarin, saroy amaldorlari, shu jumladan, Muhammad Majdiddin ham har bir muhim masalani koʻp vaqt u bilan kelishishga majbur edi. Lekin Alisher Navoiy bilan Majdiddin oʻrtasidagi nodoʻstona munosabatdan koʻpchilik xabardor edi. Navoiyning Balxda hokim boʻlib turgan ukasi Darveshali Majdiddindan ranjib, bosh hukumatga qarshi isyon koʻtargani ham maʼlum. Bu isyon Navoiyning aralashuvi bilan tinchitilgan. Aynan shu voqea 1490-yildan Majdiddinning siyosat maydonidan ketishiga asosiy sabab boʻlgan.

Alisher Navoiy hamisha koʻproq ijodiy va ilmiy ishlar bilan shugʻullanish, bu boradagi rejalarini amalga oshirish xayoli bilan yashardi. Hayot esa uning rejalariga oʻz tuzatishlarini kiritar edi. 1488-yil Sayyid Hasan Ardasher, 1492-yil Jomiy, 1493-yil olim va shoir Pahlavon Muhammad birin-ketin hayotdan koʻz yumdilar. Navoiy oʻzi uchun qadrdon boʻlgan bu insonlar xotirasini abadiylashtirish, ularga oʻz hurmatini izhor etish uchun “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”), “Holoti Pahlavon Muhammad” nomli risolalarini yozdi. Astrobodda yoza boshlagan “Tarixi muluki Ajam” (“Ajam podshohlari tarixi”) asarini tugʻalladi (1489).

1490-yil u oʻziga zamondosh shoirlar haqida Jomiyning “Bahoriston”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarlari shaklida “Majolis un-nafois” (“Nafislar majmuasi”) tazkirasini tuzishga kirishib, 1492-yilda tugalladi. Shu vaqtning oʻzida Alisher Navoiy oʻzbek tilida sheʼriyat nazariyasi, aniqrogʻi, aruz vazni qoidalari haqida “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar oʻlchovi”) ilmiy qoʻllanmasini yaratdi. 1494-yilda turkiy tildagi maktublarini toʻplab “Munshaot” (“Maktublar”) majmuasini tuzdi. 1495-yil Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarini “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”) nomi bilan tarjima qilib, uni qayta ishlab, turkiy mashoyixlar haqidagi yangi maʼlumotlar bilan boyitdi. Shu boisdan “Nasoyim ul-muhabbat”ga Alisher Navoiyning mustaqil asari sifatida qarash mumkin.

Alisher Navoiy 1491—92 yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan hamma sheʼrlaridan yangi, yigʻma devon tuzishga kirishdi va bu ish 1498—99 yilda nihoyasiga yetdi. Devonning umumiy nomi “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”) boʻlib, 4 qismdan iborat boʻlganligi uchun “Chor devon” deb ham atalgan. Devon shoirning butun hayoti davomida yozilgan sheʼrlarini qamrab olgan, ularda Alisher Navoiy ning barcha davrlaridagi kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-umidlari ifodalab berilgan. Taxminan shu yillarda Alisher Navoiy forsiy sheʼrlaridan tashkil topgan “Devoni Foniy” (“Foniy devoni”)ni, forsiy tildagi 2 qasidalar majmualarini tuzib, forsiy sheʼriyat taraqqiyotiga ham oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Xurosonda forsiyzabon xalqlar koʻpchillikni tashkil etganligi inobatga olinsa, Alisher Navoiyning bu tilda ham samarali ijod qilgani mamlakat maʼnaviy ehtiyojini yaxshi his etganligini bildiradi.

1490-yillarning oʻrtalariga kelib mamlakatda ijtimoiy-siyosiy tanglik kuchaya boshlaydi. Temuriylar xonadonida hukmdor oʻgʻillari oʻrtasida yuzaga kelgan ziddiyatlar esa bu tanglikni yanada kuchaytiradi. Har bir shahzodaning oʻz tarafdorlari boʻlib, ularni murosaga keltirish koʻp vaqt Alisher Navoiy zimmasiga tushar edi. Bosh vazir Nizomulmulk esa 1496—97 yillarda bu oilaviy mojarolarda bir tomonlama harakat qilib, Muzaffar Mirzoning onasi — Xadicha begimga yon bosadi. Shu asosda Husayn Boyqaro bilan Astrobodda hokimlik qilayotgan Badiuzzamon oʻrtasida harbiy toʻqnashuv yuz berdi. Saroydagi fitna, jumladan, Nizomulmulkning qabihligi natijasida Badiuzzamonning oʻgʻli, Husayn Boyqaroning eng sevimli nabirasi, Navoiyning esa ixlos qoʻygan shogirdi Moʻmin Mirzo fojiali oʻldiriladi. Bular hammasi Alisher Navoiy hayoti va kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Alisher Navoiyning sheʼriy dahosi 15-asr oxirlariga kelib yana joʻsh urdi. U 2 yil mobaynida 2 ta yirik asar — “Lison ut-tayr” (“Qushlar tili”) dostonini va “Muhokamat ul-lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi”) nomli ilmiy asarini yaratdi. Alisher Navoiyning soʻnggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yusinida yozilgan “Mahbubul-qulub” (“Qalblar sevgani”)dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Saʼdiyning “Guliston”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomiy Aruzi Samarqandiyning “Chor maqola” kabi asarlari qatorida turadi. Bu asarida Alisher Navoiy oʻzining hayot yoʻlini, boshidan kechirgan turmush mashaqqatlarini yorqin tasvirlab bergan.

1500-yilning dekabrda Husayn Boyqaro isyon koʻtargan oʻgʻli — Muhammad Husayn bilan sulh tuzib, Hirotga qaytar ekan, Alisher Navoiyni ham uni kutib olishi lozimligiga ishorat qiladi. Orada 2—3 kunlik yoʻl bor edi. Alisher Navoiy oʻzining soʻnggi sheʼrini Poyob rabotida yozgan va undan nusxa koʻchirtirib, kelayotgan Husayn Boyqaroga yuborgan. Uchinchi kuni Alisher Navoiy hukmdor istiqboliga yaqinlashayotganida oʻzini yomon his etgan, u bilan koʻrishayotganda hushidan ketib, qaytib oʻziga kelmagan va hayotdan koʻz yumgan.

Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga boʻlish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi sheʼriy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.

Alisher Navoiyning oʻzbek tilida yaratgan sheʼriy merosi asosan “Xazoyin ul-maoniy” devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik gʻaroyibotlari”), ikkinchi qismiga “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik nodirotlari”), uchinchi qismiga “Badoeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh badialari”) va nihoyat, toʻrtinchi qismiga “Favoyid ul-kibar” (“Keksalik foydalari”) degan nomlar berildi. “Xazoyin ul-maoniy” inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuygʻulari bilan bogʻliq minglarcha sheʼr va oʻnlarcha sheʼr turlarini oʻz ichiga olgan majmua boʻlib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha sheʼrlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan boʻlib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan sonsiz-sanoqsiz iplar orqali bogʻlangan. Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” ga qadar “Ilk devon”, “Badoeʼ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” devonlarini tuzgan. “Xazoyin ul-maoniy” ana shu 3 devonga kirgan hamda “Navodir ul-nihoya” tuzilgandan keyin yozilgan sheʼrlar asosida yuzaga kelgan.

Alisher Navoiyda keksalik chogʻlarida barcha sheʼrlarini yigʻib, xronologik tartibda 4 devon tuzish gʻoyasi boʻlgan. Biroq “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzishda muharrirlik vazifasini bajargan Husayn Boyqaro bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlamagan koʻrinadi. Uning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni bolalik mashqlaridan, “Navodir ush-shabob” yigitlik sheʼrlaridangina iborat boʻlmay, bu boshlangʻich devonlarda shoirning keyingi davr sheʼriy moʻjizalaridan ham namunalar borki, Husayn Boyqaro shuni maʼqul koʻrgan. Shu sababdan “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi 4 devon nomining mazmunini shartli maʼnoda tushunish, bunda sheʼrlar koʻp holda aralash holda joylashtirilganini nazardan qochirmaslik zarur.

“Xazoyin ul-maoniy”dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 gʻazal, umuman 4 devonda 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarjeʼband, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud boʻlib, Sharq sheʼriyatining 16 turi namoyondir.

Alisher Navoiyning muhabbat va bu bilan bogʻliq tugʻyonlari, xususan gʻazallari uning yigitlik davrida yozilgan. Bunga uning “Ilk devoni”ga kiritilgan, xalq orasida “Qaro koʻzum”, “Kelmadi” (“Munojot”) nomlari bilan mashhur boʻlgan va kuylanadigan gʻazallari yaxshi misol boʻla oladi. Bu kabi sheʼrlarida shoir pok va yuksak ishqiy kechinmalarni baland ehtiros va falsafiylik bilan ifodalab bera olgan.

Uning “Topmadim” radifli gʻazali ham shu davrda, aniqrogʻi, Mashhaddan Hirotga qaytib, shaxsiy turmushini izga solish taraddudida yurganda, lekin uning moddiy jihatdan nochor ahvoldaligi tufayli oila qurishi qiyinlashgan, Sulton Abu Said esa uni taʼqib qilgan paytda yozilgan boʻlib, uning har bayti yurakni tirnaydi. Alisher Navoiyning ishqiy sheʼrlarini faqat bir subyektga qaratilgan, deyish qiyin. U hayotga keng nigoh bilan qarab, barcha goʻzalliklarni nazokatli tuygʻularni qadrlagan, noyob soʻz va iboralar bilan qalbdan ifodalay bilgan. Lekin hayot qiyinchiliklari va ziddiyatlari orqasida oʻz orzu-umidlariga yetisha olmagan shoir oʻzining insoniy norozilik tuygʻularini olovli sheʼriy satrlarda bayon etadi.

Alisher Navoiyning ishq bilan bogʻliq tasvirlari rang-barang va boy boʻlib, biz unda inson hayoti va holatining cheksiz koʻp qirralarini — shodlikni ham, xafachilikni ham, takrorlanmaydigan lahzalarni ham, har kun, har soatda yuz beruvchi koʻngilsizliklarni ham koʻramiz. Zotan oʻzbek sheʼriyatida inson dardi va hasratlarini, oʻz sevgilisiga talpinishlarini Navoiydan oʻtkazib ifodalagan shoirni topish qiyin. Alisher Navoiyning ishqiy mavzuda yozgan sheʼrlarining oʻziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, ulardagi koʻp gʻoya va timsollar, tasviriy detallar anʼanaviy xarakterga ega. Shu bilan birga ishq va ishqiy obrazlar talqinida ham boshqa mumtoz ijodkorlar kabi Alisher Navoiy ramziylikka koʻp oʻrin beradi. “Yor” — bu dunyo goʻzaligina emas, uningcha, bu — butun borliqni yaratgan va hamma narsani harakatga keltirib turgan Alloh hamdir. Shoir oʻzining tasavvufiy sheʼrlarida yorning qoshi, koʻzi, zulfi, sochi (va h.k.) deganda Allohning kuch-qudrati, mehri, oliy darajadagi goʻzalliklarini koʻzda tutadi. Alisher Navoiyning barcha lirik janrlarga oid sheʼrlari yuksak mahorat bilan yozilgan boʻlib, inson manfaatlariga, uning eʼtiqodini mustahkamlashga, ruhini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Uning falsafiy, axloqiy mazmundagi hayot nafasi ufurib turgan har bir sheʼri bu janrning oʻlmas namunalaridir.

Ulugʻ shoir ijodining shoh asari “Xamsa” 5 dostondan iborat. Bular “Hayrat ul-abror” (“Yaxshilar hayrati”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼayi sayyor” (“Yetti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”) dostonlaridir. Fors adabiyotidagi xamsachilikka javob sifatida oʻzbek tilida birinchi marotaba yaratilgan Alisher Navoiy “Xamsa”si bu tilning cheksiz imkoniyatlarini amalda isbot etdi. 52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi oʻziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulgʻangan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan oldi. Ularga yangi mazmun berdi, turkona ruh kiritdi. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini koʻtarib chiqdi. “Xamsa” zamondoshlariga nihoyatda zoʻr taʼsir koʻrsatdi. Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni oʻzining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.

“Lison ut-tayr” — Alisher Navoiyning soʻnggi dostoni “Xamsa”dan 14 yil keyin — 1498—99 yilda yaratilgan. Bu asarini shoir “Foniy” taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz oʻgirgan, aniqrogʻi, bu dunyosidan koʻproq u dunyosini oʻylay boshlagan edi. Mazkur asar bolaligida sevib oʻqigani — Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qushlar tili”) dostoniga javob tarzida, shoirning oʻz taʼbiri bilan aytganda, “tarjima rasmi bila” yuzaga keltirgan sheʼriy moʻjizasi edi. “Lison ut-tayr” aruzning ramali musaddasi maqsur (foilotun — foilotun — foilon) vaznida yozilgan boʻlib, 3598 baytdan iborat. Dostondagi bosh gʻoya, bosh muammo tasavvufdagi imon, eʼtiqod va maʼnaviyat masalalaridir. Alisher Navoiyning niyati oddiy insonlarga insoniylikning ilohiy mohiyatini tushuntirib berish, ularni ogʻir sinovlardan oʻtkazib, komil inson darajasida koʻrish. Shoir asarda qushlar timsolida tasavvuf yoʻliga kirgan va Allohni koʻrishga, unga yetishishga astoydil kirishgan xudojoʻy insonlarni tasvirlashga intilgan. Hudhud degan qush nomidan soʻylangan yuzlarcha hikoyalar tasavvufiy mazmunda boʻlib, ular hammasi hayotiy, biri biridan qiziqarli. Qushlarning rang-barang timsollari orqali Alisher Navoiy oʻzining tasavvuf taʼlimoti bilan bogʻliq gʻoyalarini, Allohning hamma narsaning tashqarisida emas, balki ichida, oʻzida ekanini koʻrsatish va isbotlashga harakat qiladi. Insonning ulugʻvorligini majoziy uslub bilan, taʼsirli qilib, real ijtimoiy, axloqiy hodisalar ila bogʻlab tasvirlagan. Tasavvufning vaxdat ul-vujud nazariyasi ham shu tarzda oʻzining badiiy inʼikosini topgan. Bu bilan Navoiy tasavvuf gʻoyalarini keng kitobxonlar ommasiga badiiy kurkam va jonli yetkazishda oliy darajada sanʼatkorlik koʻrsatgan.

Alisher Navoiy butun hayoti davomida oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilda ham ijod qilib, barakali meros yaratdi. Uning bu tildagi sheʼrlari 1490-yillarning oʻrtalarida, Eron olimi Yusuf Sheroziy taxminicha, 1495—1500-yillar orasida muallif tomonidan devon holiga keltirilgan va “Devoni Foniy” nomi bilan mashhur. Mazkur devoni 1963-yilda Tehronda, 1965-yilda Toshkentda, 1993-yilda Dushanbada nashr etilgan. Oʻzbek olimi Sulaymonov tavsifi boʻyicha, “Devoni Foniy”da, “Debocha”dan tashqari, 7 qasida, 554 gʻazal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qita, 73 ruboiy, 16 tarix, 373 muammo, 9 lugʻz bor. “Devoni Foniy”dagi gʻazallarning aksariyati mashhur fors shoirlari sheʼrlariga tatabbulardan iborat. Jumladan Jomiyning 52, Hofiz Sheroziyning 237, Xisrav Dehlaviyning 33, Saʼdiy Sheroziyning 25, Mavlono Kotibiyning 5, Shohiy Sabzavoriyning 5, Kamol Xoʻjandiyning 4 va boshqa gʻazaliga tatabbu bogʻlangan. Alisher Navoiy fors tilida yozgan original gʻazallariga “Muxtara”, “Ixtiro” deb sarlavha qoʻygan boʻlib, ularning soni 50 dan ortiq.

Alisher Navoiy oʻzining forsiy kasidalaridan alohida toʻplamlar ham tuzgan boʻlib, ularning biri “Sittai zaruriya” (“Olti zarurat”), ikkinchisi “Fusuli arbaa” (“Toʻrt fasl”) deb ataladi. “Sittai zaruriya” toʻplamiga 6 qasida kiritilgan boʻlib, ularni Xisrav Dehlaviy, Jomiy, Anvariy, Haqoniy, Solmon Sovajiy va boshqa qasidanavislar taʼsirida yaratgan. U davrlarda shoirning sheʼriy mahorati koʻp vaqt qasida yozish bilan belgilanganini hisobga olsak, Alisher Navoiyning ham qasidanavislik salohiyati yuqori boʻlgan. Alisher Navoiyning “Fasuli arbaa” toʻplamiga 4 qasidasi kiritilgan boʻlib, ulardan “Bahor” 57 baytdan, “Saraton” 71 baytdan, “Xazon” 33 baytdan, “Day” 70 baytdan iborat. Ularda yilning 4 fasli — bahor, yoz, kuz va qish, bu fasllardan har birining oʻziga xos goʻzalligi zavq bilan tasvirlangan va toʻrttalovi ham zamon podshohi — Sulton Husayn Boyqaroni podshoh va shaxs, yaxshi dust va yaxshi inson sifatida vasf etishga bagʻishlangan. Umuman, Alisher Navoiy oʻzining forsiy tildagi asarlari bilan zamondoshlarining, birinchi navbatda, Jomiyning yuqori tahsiniga sazovor boʻlgan va fors-tojik adabiyoti, xususan sheʼriyati rivojiga munosib hissasini qoʻsha olgan.

Alisher Navoiy shoir boʻlish bilan birga oʻz davrining ulugʻ olimi, mutafakkiri ham edi. Navoiysiz bu davr fani va madaniyati taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Alisher Navoiy ilmiy tadqiqotlari va izlanishlarining katta qismi, tabiiyki, til va adabiyot masalalari bilan bogʻlangan. Shu maʼnoda “Majolis un-nafois” tazkirasini yaratish bilan Alisher Navoiy oʻz davri adabiyotiga, uning ijodkorlariga oʻziga xos haykal oʻrnatdi. Unda oʻzbek va forsiy tillarda ijod qilgan 359 shoirning hayoti va yozgan asarlari haqida noyob maʼlumotlar berilgan, bu ijodkorlarning yutuklari va kamchiliklari, oʻziga xos xususiyatlari koʻrsatilgan.

Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari “Majolis un-nafois”ning davomiday boʻlib, bu davr adabiyoti, fani va madaniyatining yirik namoyandalari hayotini oʻrganishda eng qimmatli manbalardir. Bu asarlar badiiy-tasavvuf adabiyotining manoqib (yoki manqaba) janriga tegishli boʻlib, uslubining samimiyligi bilan ajralib turadi.

Alisher Navoiyning katta adabiy va tarixiy ahamiyatga ega “Munshaot” asari uning turkiy tilda oʻz zamondoshlari — podshohlar va shahzodalar, ilm va adabiyot axdlari bilan olib borgan yozishmalari majmuidan iborat, maktub janrining mukammal namunalari sanaladi. Maktublarning miqdori turli qoʻlyozmalarda turlicha, bir-birini toʻldiradi. Alisher Navoiy oʻzining forsiy maktublarini ham yigʻib, “Munshaot” tuzgan. Biroq u bizgacha yetib kelmagan.

Alisher Navoiyning eng muhim asarlaridan biri “Vaqfiya” boʻlib, bir qarashda, shoir va buyuk davlat arbobining oʻzi qurgan imoratlariga vaqfi, yaʼni rasmiy hujjatidek koʻrinsa ham, aslida unda Sulton Husayn Boyqaro davri davlat tizimi, Alisher Navoiyning bu davlatni boshqarishdagi oʻrni, uning tarjimayi holi, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy qarashlari katta bilimdonlik va aniqlik bilan yoritilgan. Shuning uchun ham navoiyshunoslikda bu asarga Alisher Navoiy nasrining ajoyib namunasi sifatida qaraladi. Muallif fikrlarining baʼzilarini sheʼr bilan, xususan ruboiy shaklida bayon qilishi uning qaysi masalaga qoʻl urmasin, oʻzini sheʼriyatdan hech uzoq turmaganini, doim sheʼriyat bilan nafas olganini namoyon etadi.

Alisher Navoiyning adabiyot nazariyasiga oid “Mufradot” (“Risolai muammo”) asari forsiy tilda yozilgan, muammo yozish va yechish qoidalarini ilmiy izohlashga bagʻishlangan. Navoiy davrida bu sheʼr turi nihoyatda keng isteʼmolda boʻlgan. Aftidan, bu janr nazariyasi va amaliyoti shu davr kitobxonlarining adabiy didi, tarbiyasi bilan ham bogʻlangan edi. Alisher Navoiy baʼzan maxsus muammo yechish majlislari tashkil etgan.

Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar oʻlchovi”) va “Muhokamat ul-lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi” yoki “Ikki til tadqiqi”) asarlari boshqa ilmiy tadqiqotlaridan farqli oʻlaroq umumturkiy ahamiyatga ega va boshqa turkiy xalqlarning sheʼriyati va tillarini oʻrganishga ham xizmat qilib kelmoqda. Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”ni aruzning birinchi tadqiqotchisi Xalil ibn Ahmad, keyingi davr olimlaridan Shams Qays, Xoja Nasriddin Tusiy, zamonaviy tadqiqotchilardan Jomiy tajribalaridan ijodiy istifoda etib yaratgan. Aruz vazni boʻyicha oʻzbek tilidagi bu birinchi ilmiy qoʻllanmada uning asosiy ruknlari va boshqa unsurlari, 19 bahrining tuzilishi, ruboiy vaznlarini aniq taʼriflab, turkiy sheʼriy misollar opqali asoslab, izohlab berilgan. Asarda aruz vazniga tushmaydigan sheʼriy vaznlar — tuyuq, chinga, mustazod, aruzvoriy, budi-budoyi va boshqa turkiy sheʼriy vaznlarga ham izoh va talqinlar berilgan. Bu asar aruz boʻyicha bugungi kunda ham oʻz ilmiy qimmati va amaliy ahamiyatini yoʻqotmagan.

“Muhokamat ul-lugʻatayn”da turkiy tilning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi oʻrni, uning grammatik mukammalligi, soʻzlarga boyligi forsiy til qoidalari va hodisalariga qiyoslangan holda chuqur va aniq misollar orqali tahlil etilgan. Alisher Navoiy oʻzining bu tilni, uning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrnini, soʻz va iboralarga boyligini shoir sifatida chuqur egallagani uchun, uning boshqa tillardan kamlik joyi yoʻqligini, aksincha, ularga nisbatan oʻziga xos xususiyatlarga ega ekanligini vatanparvar olim sifatida ehtiros bilan koʻrsatib, isbotlab bergan. Uning muqoyasa uchun keltirgan 100 ta turkiy feʼlining aksari oʻzbek tilida hozirgacha isteʼmolda. Shu bilan birga “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzbek adabiyoti tarixi, uning boshqa adabiyotlar, xususan forsiy adabiyot bilan yaqindan bogʻlanganligi, Navoiy ijodining rivojlanish yullari, ayrim asarlarining yuzaga kelishi sabablari haqida ham qimmatli maʼlumotlar bor.

Alisher Navoiy hayotining oxirlarida “Mahbub ul-qulub” nasriy asarini yezdi. Asar 3 qismdan iborat. Uning birinchi qismi 40 fasl. Har bir faslida muallif oʻzi yashagan davrdagi bir tabaqa hayoti, axloqi va vazifalari haqida suhbat yuritadi. U ushbu tabaqa vakillarining yaxshi ishlari haqida ham, ayb va nuqsonlari haqida ham goh halimlik bilan, goh gʻazab-nafrat bilan mulohaza yuritib, ularni insofga chaqirmoqchi, tarbiyalamoqchi boʻladi. Asarda Alisher Navoiyning inson axloqiga va tarbiyasiga doir eng noyob pand va nasihatlari xalq maqollari va hikmatli soʻzlari shaklida bayon qilingan. Koʻp oʻrinda shoir oʻz fikrlarini bayt, qita, masnaviy, ruboiy shaklida ifodalashi asarga rang-baranglilik bagʻishlagan. “Tarixi muluki Ajam” va “Tarixi anbiyo va hukamo” Alisher Navoiy Sulton Husayn Boyqaro davri ijtimoiy-siyosiy tarixiga bagʻishlab yozmoqchi boʻlgan asarining boshlangʻich boʻlaklaridir.

Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam”da qadimgi Eron podshohlari, ularning tarixda muhrlanib qolgan ishlari va shaxsiyatlari toʻgʻrisida hikoya qiladi. Bundagi maʼlumotlarni Navoiy koʻproq Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostonidan hamda “Tarixi Tabariy” kitobidan olgan.

Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asari esa islom dini tarixi bilan bogʻliq rivoyatlar va adabiy asarlarni, xususan bir qator paygʻambarlar hayotini Buqrot (Gippokrat), Aflotun (Platon), Batlimus (Ptolemey) kabi donishmandlarni bilib olish uchun muhim manbadir. Ayni vaqtda Alisher Navoiyning bu asarlari oʻzbek badiiy nasrining qadimiy va goʻzal namunalaridir.

Alisher Navoiy oʻzidan boy sheʼriy, nasriy va ilmiy meros qoldirgan boʻlib, bu merosning hajmi, “Lison ut-tayr” dostonida shoirning oʻzi taʼkidlashicha, 100 ming baytdan iboratdir. Bu boy meros bilan Alisher Navoiy oʻzbek adabiyotini jahon yuksakligiga koʻtardi va oʻzbek adabiy tiliga asos soldi. Oʻzbek adabiyotida lirik janrlar va dostonchilikning eng yuqori taraqqiyoti Alisher Navoiy nomi bilan bogʻlangandir.

Alisher Navoiy asarlari oʻnlab xalqlarning tillariga tarjima boʻlgan. Macalan, “Majolis un-nafois” 16-asrdayoq fors tiliga Faxriy bin Sulton Muhammad Amiriy, Muhammad Qazviniy va Shohali Abduali Nishopuriy tomonidan 3-marta tarjima qilingan. Alisher Navoiyning boshqa tillarga tarjima qilingan dastlabki badiiy asari “Sabʼai sayyor” boʻldi. Xristofor Armaniyning 1557-yilda italyan tilida nashr etilgan “Sarandib shohi uch oʻgʻlonining ziyorati” asarida Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostonidagi qoliplovchi hikoyasi — “Bahrom va Dilorom” hikoya qilinadi. Bu asar nemis, fransuz va golland tillariga tarjima qilinib, 11-marta nashr etilgan. Shuningdek, 17-asr Gruzin shoiri Sitsishvili Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostonini erkin tarjima qilib, “Yetti goʻzal” dostonini yaratdi. 19-asrning oxiri va 20-asrning boshlarida Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari turk va tatar tillariga tarjima qilindi.

Alisher Navoiy vafot etganidan keyin oʻtgan davr mobaynida uning asarlari forsiy va turkiy xalqlar orasida keng yoyildi. Atoqli tojik shoirlarining koʻpchiligi, Fuzuliy, Kishvariy, Mirzo Fatali Oxundov, Sobir kabi ozarbayjon yozuvchilari, Ozodiy, Mahtumquli va Zelili kabi turkman shoirlari, qozoq yozuvchisi Abay Qoʻnonboyev, qoralpoq sohibqalamlari Berdaq, Ajiniyoz, tatar shoirlari Abdulla Toʻqay, Hayum Nosiriy va boshqa Alisher Navoiyga yuksak baho berib, asarlaridan taʼlim oldilar, ayrim asarlariga nazira bitdilar.

Alisher Navoiy ijodiyotiga qiziqish, uni oʻrganish Yevropa va Rossiyada ham hiyla katta tarixga ega. Fransuz sharqshunosi Katrmer 1841-yilda bosilgan xrestomatiyasida Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” va “Tarixi muluki Ajam”ini eʼlon qilgan, I.N. Berezin “Turk xrestomatiyasi”da uning bir necha asarlaridan parchalar bergan. M. Nikitskiy 1856-yilda birinchi manbalar asosida “Amir Nizomiddin Alisher. Uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati” mavzuida magistrlik dissertatsiyasini yozadi. Shu bilan birga, N.I. Ilʼminskiy, V.V. Velyaminov-Zernov, V.V. Bartold, Ye.E. Bertels, S.N. Ivanov, N.I. Konrad, M. Belen, Pave de Kurteyl, E. Braun va boshqa sharqshunoslar Alisher Navoiyning faoliyati va merosi bilan shugʻullandilar.

Turkistonda 20-asr boshidan boshlangan, tashabbuskori jadidlar boʻlgan maʼrifiy uygʻonish Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatini oʻrganishda ham oʻz ifodasini topdi. 1919-yilda Toshkentda Fitrat nashrga tayyorlagan “Insoniyat haqinda Navoiyning fikri” nomli risola bosilib chiqdi. Bu kitobcha Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining “Salotin bobida” (“Sultonlar haqida”) degan qismidan parcha edi. Shundan soʻng Alisher Navoiy ijodini oʻrganish va ommalashtirish keng tus oldi. Adabiyotshunoslik fanining navoiyshunoslik sohasi yuzaga keldi. Bu sohada olimlar va adiblardan Oybek, O. Sharafiddinov, S. Ayniy, V. Zohidov, Izzat Sulton, A. Qayumov, P. Shamsiyev, H. Sulaymonov, N. Mamayev, S. Gʻaniyeva, A. Hayitmetov, A. Abdugʻafurov, A. Rustamov va boshqa salmoqli ishlar qildilar, Alisher Navoiy ijodi boʻyicha oʻnlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Yozuvchi Oybek “Navoiy” romanini, Izzat Sulton “Navoiyning qalb daftari” hujjatli qissasini, L. Bat “Hayot boʻstoni” qissasini, Mirkarim Osim hikoyalar turkumini yaratdi. Ayniqsa, keyingi 50 yil navoiyshunoslikda sermahsul yillar boʻldi. Alisher Navoiy asarlarining mamlakatimiz kitob fondlari va chet ellardagi kutubxonalarda saqlanayotgan deyarli barcha nodir nusxalari oʻrganildi.

Alisher Navoiyning koʻpgina asarlarining ilmiy tanqidiy matni ishlab chiqildi. “Devoni Foniy” va boshqa asarlarining nodir nusxalari topilib, nashr etildi. 20-asrda Alisher Navoiyning chinakam sahnaviy hayoti boshlandi. Izzat Sulton va Uygʻun “Alisher Navoiy” dramasini (1945, 1948), I. Mahsumov bastakorlar Yu. Rajabiy va S. Jalil bilan hamkorlikda “Navoiy Astrobodda” musiqali dramasini (1967) yozdilar. Alisher Navoiy obrazi kinoekranda ham mujassamlashdi. Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratilgan “Farhod va Shirin” musiqali dramasi (1937), “Layli va Majnun” operasi (1942), “Suhayl va Mehri” baleti (1967), “Dilorom” operasi (1958), “Iskandar” dramasi (1991) teatr sanʼatining eng yaxshi asarlaridan boʻlib qoldi.

Biroq qariyb bir yarim asr davom etgan mustamlakachilik davrida, ayniqsa shoʻro tuzumi davrida madaniy merosimizni xalqimizga yot mafkura qolipiga solib talqin qilishga urinishlar boʻldi. Bu hodisa Alisher Navoiy ijodiga munosabatda ham oʻz ifodasini topdi. Uni yoʻqsillarning doʻsti, mulkdorlarning muxolifi qilib taʼriflashga intilishdi. Jahon adabiyotining durdonasi boʻlgan asarlaridagi (masalan, “Hayrat ul-abror” dostonidagi) ajoyib boblar qisqartirib nashr etildi. Alisher Navoiy ning hayoti va ijodi Allohga imon keltirgan, Qurʼoni karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan adib va mutafakkirning hayoti va ijodidir. Uning ijodi mohiyatini anglab yetmoq uchun din tarixini yaxshi bilgan, Qurʼoni karimni oʻqib, maʼnosini anglab yetgan kishi boʻlish kerak. Shoʻro tuzumida esa diniy ilmlarni targʻib qilish taʼqiqlandi. Shu bois, garchi navoiyshunos olimlar shoir ijodini targʻib qilish boʻyicha ancha ishlar qilgan boʻlsalar ham, Alisher Navoiy ijodi koʻpchilik kitobxonlar uchun tushunarsiz boʻlib qoldi. Mustaqillik bizga barcha qadriyatlarimiz qatori Alisher Navoiy merosini oʻrganishning keng ufqlarini ochdi. Endilikda uning ijodini aslicha, mohiyatini tushunib oʻrganish imkoniyati yuzaga keldi.

1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550-yilligi tantanali nishonlandi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etildi. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi barpo etildi va bu bogʻ oʻrtasida shoirning salobatli haykali qad koʻtardi. Shoirning 20 jildli mukammal asarlar toʻplami nashr etildi. Mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasi yuksak darajada eʼzozlanadi. Bir viloyat, shahar, oliy oʻquv yurti (Samarqand davlat universiteti), Toshkentdagi Davlat kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, Sanʼat saroyi, Toshkentdagi metro bekati, oʻnlab koʻchalar va jamoa xoʻjaliklari uning nomi bilan atalgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlab haykaltaroshlar, rassomlar va bastakorlar asarlar yaratishgan. Har yili Alisher Navoiy tugʻilgan kun — 9-fevralda ilmiy-anʼnaviy konferensiya oʻtkazilib, Alisher Navoiy merosini oʻrganish sohasida qilingan yillik ishlarga yakun yasaladi.

Internet materiallari asosida
Mir Arab oliy madrasasi matbuot xizmati

. .