“ZAXIRA”DAN BIR XAZINA
Muallif: . .
Sana: 29.01.2023
527

Tarixda Amr ibn Os roziyallohu anhu Misrda voliy boʻlib turganlarida qitbiy-rummoniylar qavmi u kishining oldilariga bir iltimos bilan keladi. “Qohira shahridagi tepaliklardan iborat Muqottam nomli keng maydonni bizga sotsangiz”, – deb soʻraydi. Voliy: “Bu mening vakolatimga kirmaydi, xohlasangiz xalifadan soʻrab beraman”, – deb Umar roziyallohu anhuga maktub yozadilar. Hazrati Umar esa bu qavm nega aynan oʻsha yerni soʻrayotganini aniqlashni buyuradilar. Maʼlum boʻlishicha, ularning eski kitoblaridagi baʼzi rivoyatlarda jannat shu joydan boshlanishi yoki shu joy jannatga koʻchirilishi haqida vajhlar keltirilgan ekan. Umar roziyallohu anhuga bu xabar yetib borgach, mabodo (shoyadki) ushbu rivoyatlar rost boʻlsa, musulmonlar ushbu rahmatga erishsa, deya ushbu maydonni sotmaslikni va u yerni musulmonlar qabristoni qilishni buyuradilar.

Ana shu qabriston mahalliy tilda Qirofa deb nomlanadi. U yerda Uqba ibn Omir al-Juhaniy, imom Shofeʼiy, imom Tahoviy, imom Shotibiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi buyuk olimlar va Misrning aksar ahli ilmlari dafn qilingan.

Ushbu qabriston yana bir buyuk alloma – Imom Shihobiddin Qirofiy (hijriy 626-684, milodiy 1228-1285) orqali ham tillarda doston boʻlgan. Buyuk olim ilmning “achchigʻi”ga sabr qilib qabristonda yashab taʼlim olganliklaridan Qirofiy (mozoriy, qabristonlik) deb nom olganlar. Odamlar oʻzaro mushkulotlari va savollariga javob topisholmasa, bu masalani Qirofa (mozor) tomondan soʻranglar, yaʼni imom Qirofiyga boringlar, deb aytilardi. Ilm yoʻlidagi qiyinchilik va nochorlikka sabr qilib, qabristonda yashab shunchalar alloma boʻlib yetishganliklari, soʻzsiz, biz uchun namuna va oʻrnakdir.

Buyuk faqih imom Qirofiy taʼlif qilgan koʻplab kitoblar bor boʻlib, ulardan biri “Zaxira” asaridir. Ushbu asarida imom Gʻazzoliydan din daʼvatchilariga atalgan ajoyib bir nasihatni rivoyat qiladilar.

Imom Gʻazzoliydan rivoyat qilinadi:

Diniy ilmlar bilan shugʻullanib, din ilmlarini chuqurroq oʻrganuvchilar uchun toʻrt narsa lozimdir.

1. Oʻta aqlli, zehn-zakovatli boʻlish. Chunki diniy ilmlar oʻta xassos va nozik ilmlar hisoblanadi.

2. Diniy ilmlarni koʻproq va mukammal olish kerak. Chunki men diniy ilmlarni yarim oʻzlashtirgan (chala mulla)dan koʻra kofirroq (zajran) odamni koʻrmadim.

3. Dindor va taqvodor boʻlish. Chunki Allohdan qoʻrqmasa, qalbida shubha tushganda uning javobini qidirmaydi. Gumonlari koʻpayib borgach, odamlarga ham shubhali ilmlarni ulashadi. Bu esa ularni bora-bora qattiq adashuv va dindan chiqishga yetaklaydi.

4. Tili burro, fasiyh soʻzli boʻlsin. Chunki gapini tushuntira olmagan kishi diniy xizmatga yaramaydi.

Darhaqiqat, hammamiz kundalik hayotimizda ham, u yoki bu koʻrinishda diniy ilmlarni bir-birimizga ilinamiz. Kamida oila aʼzolarimizga, yaqinlarimizga, ishchilarimizga yaxshilikni ravo koʻramiz. Shunday ekan, ushbu qoidalarni ham inobatga olib daʼvat qilmogʻimiz kerak.

Xayrli maqsadlar har qanday uslubni oqlaydi qabilida ish tutmasligimiz kerak. Notoʻgʻri uslublar, boʻlar-boʻlmas rivoyatlarni keltirib, bugungi kunda jamiyatni tafriqaga solib, dinimizga shubha bilan qaraydiganlar koʻpayishiga sabab boʻlayotganlar ham kam emas, afsuski. Zero, maqsadlarga erishmaslik toʻgʻri uslubni bilmaslikdandir.

Zamonamiz mutafakkirlari aytganidek bugun velosipedni qayta kashf qilish kerak emas. Bizning shonli tariximizdan aniq uslub (reja)lar qolgan. Shunday mavqiflarki, natijasi aniq va ishonchli. Biz esa ixlos bilan yeng shimarib, gʻayrat ila qoʻlni qoʻlga berib, oʻsha uslublar bilangina yurishimiz kerak, xolos. In shaa Alloh, oʻtmishdagi kabi Islom olami erishgan misli koʻrilmagan natijalarga biz ham, albatta, erishamiz.

Va aaxiru daʼvaanaa anilhamdulillahi robbil aʼlamiyn.

Azizxoʻja domla Inoyatov
Mir Arab oliy madrasasi katta oʻqituvchisi


manba Bayyina.uz

. .