SOʻRAGAN EDINGIZ...
Muallif: . .
Sana: 26.01.2023
941

Yaqinda ayolim vafot et­di. U vafotidan oldin qaysi qab­ristonga koʻmishni menga vasiyat qildi. Lekin dafn kuni otasi (qayno­tam) boshqa qabristonga, yaʼni oʻz uyiga yaqin joyga dafn etamiz deb turib oldi. Ayollar vafot etsa, unga kim koʻproq haqli boʻladi? Otasimi yoki erimi?

Hanafiy mazhabida ayol vafot etsa, nikoh uzilgan hisob­lanadi. Vafot etgan ayolga otasi, aka-ukalari, amakisi eridan koʻra haqli boʻladi.

Ayol vafot etganidan soʻng uning vasiya­ti, agar moliyaviy boʻlsa, molining dafn xarajatlariga sarflanganidan qolgan umumiy qismini uchdan biridan ado etiladi.

Farzand olamdan oʻtgan ota­sining nomidan onasiga mahr bersa boʻladimi?

Mahr erning zimmasidagi ado qilinishi zarur boʻlgan haqlardan biridir. Ado qilin­magan mahrning nasiya qismining ado qilish muddati er-xotinlardan birining oʻlimi yoki ajralishi oqibatida yakuniga yetgan boʻladi. Shuning uchun er mahrni bermasdan vafot etgan boʻlsa, undan qolgan mol merosxoʻrlarga taqsim qilinishidan oldin ayolning mahri ajratib beriladi. Agar hech narsa qoldirmagan boʻlsa yoki qoldirgan moli yetarli boʻlmasa, ayol mahridan kechishi mumkin.

“Hojatxonada istinjo qi­lib boʻlmaydi, uning suvi alo­hida bosh­qa joyga chiqib ketish kerak”, deyi­shadi. Shu toʻgʻrimi?

Hojatxonada istinjo qi­lishda yerga tegib sachragan suv kiyim va badanlarga sachrashi ehtimo­li koʻp boʻlganidan u yerda istinjo qilish joiz emas, deyiladi. Agar istinjo uchun boshqa joy topilmasa, u yerda ehtiyot boʻlib istinjo qilishning zarari yoʻq.

Namozga kechikib kelgan odam takbiri tashriqni aytadimi?

Ha, namozga kechikib kelgan odam, yaʼni masbuq ham takbiri tashriqni aytadi. Kitoblarimizda quyidagicha ibora keladi: “Masbuq qol­dirgan namozlari (rakatlari)ni oʻqib boʻlib salom bergach, takbiri tashriqni aytadi” (“Fatavoi hindiya”).

Baʼzida namoz vaqti kirishidan oldin azon aytiladi. Shunday qilish ham mumkinmi?

Namoz vaqti kirmasdan oldin azon aytish toʻgʻri emas. Shariatimiz koʻrsatmasi boʻyicha bu azon bekor boʻlib, buning oʻrniga vaqt kirgandan keyin qayta yana azon aytiladi.

Shunday ekan, taqvimdagi namoz vaqti kirgandan keyin azon aytish kerak. Undan oldin aytilmaydi.

Kasal odamga ehson puli berib yordam qilsa, u oʻsha pullarni oʻzi yeydigan oziq-ovqatiga yoki kiyim-kechagiga ishlatsa boʻladimi? Ehson qilgan odamni ehsoni qabul boʻladimi yoki faqat dori-darmon, kasalxonasiga ishlatish kerakmi?

Ehson qilingan pullar eh­sonni olgan odamning mulkiga aylanadi va uni oʻzi xohlaganday tasarruf qilish huquqiga ega boʻladi. Shunday ekan, ehson beruvchi ham: “Faqat dori-darmonga ishlatasiz” deb shart qoʻymasligi, ehson oluvchi ham insof bilan zaruriy ehtiyojiga ishlatishi kerak.

Ehsonni qabul boʻlishi esa – ixlos, mu­habbat va ayni haqdorga (yaʼni, oʻz oʻrniga) berilishiga bogʻliq.

Yaqinda koʻzim operatsiya boʻl­gan. Ustiga-ustak grijam ham bor. Sajda qilganimda koʻzimga bosim tushib, grijam ogʻriyapti. Bunday holatda qanday tartibda ibodat qilaman?

Bemor biroz vaqt tik turishga quvvati yetsa, kuchi yetgunicha turib namoz oʻqishni boshlaydi va namoz asnosida toliqib qolsa, namozni oʻtirib davom ettiradi. Kishi ruku va sajda qi­lolmasa, oʻtirib ruku va sajdani boshi bilan imo qilib, namoz oʻqiydi. Bu holda boshini rukuga eggandan koʻra koʻproq sajda uchun egadi. Aks holda, namozi durust boʻlmaydi. U sajda qilishi uchun biror narsa baland qilib qoʻyilmaydi. Ruku va sajdani boshi bilan imo qilib namoz oʻqishga qodir boʻlmagan bemor ruku va sajdani koʻzi, qoshi yoki qalbi bilan imo qilib, namoz oʻqimaydi.

Aqiqa uchun echki soʻysa boʻla­dimi?

Aqiqa qilinadigan jonivorlar toʻrt qismga boʻlinadi: tuya, mol, qoʻy, echki. Bulardan tashqari jonivorlarni, jumladan ot, kiyik, kurka, tovuq, xoʻroz kabilarni aqiqa qilish joiz emas, bidʼatdir.

Uzum sirkasini isteʼmol qilsa boʻladimi?

Uzum sirkasini isteʼmol qilish joiz. Chunki sirka tayyorlanish jarayonida mast qilish xususiyati­ni yoʻqotgach, sirkaga aylanadi.

“Labo” rusumli avtomobilim bor. Shu ulov boshqa bir tanishimga ju­da zarur ekan. U yangi “Labo” xaridi uchun bankka toʻlov qildi, yangi mashina 6 oyda berilar ekan. Men oʻzimning avtomobilimni unga 6 oydan keyin zavoddan chiqadigan yangi avtomobilni olish sharti bilan bersam boʻladimi?

Siz aytganday savdo qilish joiz emas. Chunki yangi “Labo” savdo vaq­tida yoʻq boʻlgani uchun uni tayin qilib boʻlmaydi, shuning uchun savdo durust emas. Bu savdo durust boʻlishi uchun mashina muayyan bir mablagʻ evaziga naqdga yo na­siyaga sotiladi.

Biz – 3 kishi sheriklikda av­tomobil ehtiyot qismlari sav­dosi bilan shugʻullanamiz. Men mah­sulotlarni yetkazib berishga masʼulman, ikkala sherigim savdoga masʼul. Mahsulotlarni Qoʻqon, Toshkent va baʼzan Samarqanddan oʻzimning shaxsiy mashinamda keltiraman. Buning uchun 200 ming soʻm yoʻlhaqi (benzin, gaz uchun) olaman. Boshqa kirakash kishiga shu ishni aytsam, u kamida 300–350 ming soʻm xizmathaqi oladi. Shu pulni olishim toʻgʻrimi? Yaqinda bir ilmli kishi, “Siz faqat mashinangizga gaz va shunga oʻxshash xarajatlar uchun pul olishingiz mumkin, xolos”, dedi.

Siz aytgan holatda yoʻl safar xarajatlari mol ustiga yot­qiziladi. Mol sotilgandan soʻng xarajatlar chegirilib foyda kelishilgan tartibda boʻlinadi.

Shariatimizda mushuk savdosi joizmi?

Mushuk savdosi joiz. Chunki u bilan sichqon va zararli ha­sharotlar zararidan saqlaniladi. Mu­shukdan shu orqali foydalanish mumkin (“Fathul qadir”).

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi (78) 150-33-44

Manba muslim.uz

. .