MASJIDUL AQSO HAQIDA BILMAGANLARIMIZ
Muallif: . .
Sana: 11.04.2018
13771

Masjidul Aqso musulmonlar uchun Makka va Madinadagi Masjidul Haromlardan keyingi uchinchi ulug‘ qadamjo hisoblanadi. Islom buni Payg‘ambarimiz Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) “Meroj” kechalari bilan bog‘laydi. SHuningdek, bu joyda “Isro” kechasi jamiki payg‘ambarlar Payg‘ambarimiz Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) orqalarida turib namozga iqtido qilganlar. Bundan tashqari ushbu masjid to‘g‘risida ba’zi eshitmaganlarimiz ham bor:

1. Masjidul Aqso bir emas bir necha masjidlar majmuasidir. “Aqso” majmuaning janubida, sharqiy qismida esa “Qibla” masjidi joylashgan. SHuningdek, “Buroq” va “Marvani” masjidlari ham majmuadan o‘rin olgan. Ba’zan Masjidul Aqsoni Harom ash-SHarif deb atashadi.

2. Bu joy bir qancha payg‘ambarlar o‘tgan qadamjodir. Dafn etilgan payg‘ambarlar va Payg‘ambarimiz Mahammadning (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari soni ma’lum emas. Ana shu masjid qurilishida vafot etgan Sulaymon (alayhis salom) ham shu erga dafn etilganlar.

3. Harom ash-SHarif imom Abu Xamid G‘azzoliy yashab ijod etgan makondir. Bu erda u o‘zining Islom adabiyotidan muhim o‘rin egallagan “Diniy fanlar tiklanishi” asarini yozib tugatgan. Bu inson Qur’oni karim ilmini chuqur o‘rgangan, faqih va mutafakkir sifatida Islom olamida katta shuhrat qozongan. Uning ijod qilgan xonasi hanuzgacha mavjud.

4. Masjidul Aqsodan ilgari otxona, saroy va qatl etish maskani sifatida ham foydalanilgan. Salibchilar Ierusalimni bosib olganlarida etmish ming nafardan ziyod aholini qirib tashlaganlar. SHunda “Qibla” masjidini saroyga aylantirib, qubbaga hoch belgilarini o‘rnatishgan, erto‘lalarini esa otxona qilishgan. Tirik qolgan musulmonlar esa Aqso markaziga o‘rnatilgan butga tortib mixlashgan. Vaqt o‘tib Salohiddin Ierusalimni bosib olgan va hochni sindirgan. Hoch belgisi izlari hali-hali ko‘rinib turadi.

5. Bu joyda afsonaviy minbar bor. Uni Islom tarixidan alohida o‘rin olgan mashhur Nuriddin Zangi qurdirgan. Ustalar uni mahorat bilan birorta mix yoki elim ishlatmasdan yasaganlar. U bitgunicha Nuriddin Zangi qazo qilib ketdi. Vafotidan so‘ng Salohiddin bu savobli ishni oxiriga etkazdi. Ming afsuski minbarning ko‘p qismi hozirgacha saqlanmagan.

6. Harom ash-SHarifning hozirgi qubbasi boshqacha bo‘lgan. Islom tarixidagi birinchi qubba shu masjidga xalifa Abdul ibn Marvan tomonidan bunyod etilgan. Avval u yog‘ochli bo‘lib, mis, qo‘rg‘oshin va sopol bilan qoplangan edi. Sulton Sulaymon davrida unga tilla suvi yuritilgan, masjidning old tomoni esa Usmonlilar uslubida bo‘yalgan.

7. Masjidul Aqso hududi bir vaqtlar axlatxona ham bo‘lgan. YAhudiylarga bu erda yashash ta’qiqlanganida rumliklar hududni axlat tashlaydigan joy qilib yuborganlar. Xalifa Umar (roziyallohu anhu) shaharni ozod qilganlarida o‘z qo‘llari bilan bu joylarni tozalagan ekanlar. SHuningdek, u kishi atrofdagi etmishta yahudiy oilasining bu erda qo‘nim topishlarini amr etganlar. Bu oliyjanob himmat allaqachon yahudiylarning esidan chiqib ketgan bo‘lsa ajab emas.

8. Bunday ulug‘ joy yong‘inga ham uchradi. 1967 yilda masjid yana Isroil nazoratiga o‘tdi. SHunda 1969 yili avstraliyalik sionizm tarafdori Nuriddin minbari hamda Qibla masjidini yoqib yubordi. Falastin ahli sa’y-harakati bilan olov o‘chirildi va masjid yana qayta tiklandi. Ammo hanuzgacha yahudiylar dastidan bu erdagi musulmon ahliga tinchlik yo‘q.

Azizxon HAKIMOV

tayyorladi.

Manba: O'MI manbuoit xizmati.

. .