ZULMDAN SAQLANING
Muallif: . .
Sana: 24.11.2023
145

Zulm – bir narsani o‘z o‘rniga qo‘ymaslik, haddan oshish va boshqalarga ham ma’nan ham jismonan tajovuz qilishdir. Kimki bulardan birini qilsa, o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi.

Allohga hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli oilalariga va sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin.

Zulm – lug‘atshunoslar nazdida biror narsani noto‘g‘ri joyga qo‘yishdir. Ulamolar bunga ko‘plab ta’riflar berganlar.U haddan o‘shish va nohaqlik bo‘lib, bir narsani kamaytirib, qo‘shib yoki o‘z vaqtidan chiqib ketib, noto‘g‘ri joyga qo‘yish, deyilgan deyishadi. Zulm bir necha toifalarga bo‘linadi:

Birinchisi: bandaning Alloh taologa nisbatan zulmi, ya’ni shirk va bu zulmlarning eng kattasidir.

Ikkinchi: banda o‘ziga zulm qilishi.

Uchinchisi: yon atrofidagilar, birodarlariga nisbatan zulm qilishi.

Alloh azza va jallaga nisbatan zulmga kelsak, banda Allohdan o‘zgaga ibodat qilishidir. Alloh taolo Luqmonning tilidan o‘g‘liga dedi: “Va Luqmonga hikmatni berdik: “Allohga shukr qil! Kim shukr qilsa, faqat o‘zi uchun shukr qiladi, kim kofir bo‘lsa, bas, Alloh behojat va maqtovga loyiq Zotdir.” Va Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib: “Ey o‘g‘lim, Allohga shirk keltirma. Allohga shirk keltirish katta zulmdir “Luqmon: 12-13”.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Parvardigor azza va jalla aytadi: “Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar” (Muslim, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Bandaning o‘ziga nisbatan qilgan zulmiga kelsak: buning ichiga shirk va kattayu kichik gunohlar kiradi. Shuning uchun ham har bir gunoh bandaga o‘z darajasiga ko‘ra zulmdir.

Bandaning birodarlariga nisbatan qilgan zulmlariga kelsak, bu ularning haqlari, nomuslari, pullari yoki qonlari borasida haddan oshishni bildiradi va bundan ma’lumki, kimki birovning haq-huquqini buzsa, g‘iybat, haqorat yoki ularni tuhmat qilish va boshqalarga nisbatan boshqa huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ysa unga zulm qilgan hisoblanadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir birodarining nomusi yoki boshqa narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, dinoru dirham bo‘lmaydigan (kundan) ilgari qutulib olsin. Aks holda, uning yaxshi amallaridan zulmiga yarashasi mazlumga olib beriladi. Bordi-yu, yaxshiliklari bo‘lmasa, mazlumning yomonliklaridan olinib, unga yuklanadi” (Buxoriy rivoyati)

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kuni banda uchun o‘zini taniydigan kishini uchratishdan ko‘ra yoqimsizroq narsa bo‘lmaydi. Chunki u dunyoda qilgan zulmiga to‘lov talab etishidan xafvsirab turadi. Bu xususda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Qiyomat kunida haqlar haqdorlarga olib beriladi. Hatto shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yning o‘chi olib beriladi” (Muslim rivoyati).

O‘zini musulmon deb sanagan har bir inson, o‘zgalarga yomonlik qilishdan, zulm-u tajovuzkorlikdan tiyilishga undaydi. Ayniqsa, bugungi kundagi zulmning bir ko‘rinishi bo‘lmish ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan o‘zgalarning sha’ni, or-nomusi, iffatiga nibatan tajovuz, haqorat va tahdid qilishdan tiyilishi lozim. Aks holda, qiyomat kunida Robbisining huzurida qilgan har bir zulmi uchun javobgar bo‘ladi.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Sohibova Maftuna

. .