SAHOBALAR KIM?
Muallif: . .
Sana: 19.04.2023
214

“Sahobiy” so‘zi arab tilida “suhbatdosh”, “safdosh”, “tarafdor”, “hamroh” kabi ma’nolarni anglatadi. Ulamolarning istilohida esa sahobiy bu, “Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni ko‘rib, iymon keltirgan va musulmonlik holida vafot etgan kishidir”. Shuningdek, hali balog‘atga yetmagan bo‘lsa-da, aql yoshiga yetgan ya’ni, gapga tushunib unga javob bera oladigan yosh bola ham sahobiy hisoblangan. Misol tariqasida Nabiyimiz alayhissalomni o‘spirinlik chog‘ida ko‘rgan Ali ibn Abu Tolibning o‘g‘illari Hasan va Husayn, Mahmud ibn Rabi’ roziyallohu anhum kabilar ham sahobiylar qatorida zikr etiladi.

Sahobalar islom ustunini barpo etdilar va din qasrini bezadilar. Shirk arqonini butunlay uzdilar. Islom dinini butun olamga yoydilar. Ular insoniyatning eng fahmi o‘tkir, ilmi chuqur, iymoni mustahkam hamda xulqi va amali eng go‘zali edilar. Ular Nabiy alayhissalomning qo‘llarida tarbiya topgan edilar. Nubuvvatning eng sof bulog‘idan suv ichib, Qur’onning nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lgan edilar.

Sahobalarning fazilatlari borasida ko‘plab oyatlar va sahih hadislar vorid bo‘lgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo‘ldi, ular ham Undan rozi bo‘ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan jannat (bog‘)larni tayyorlab qo‘ydi. Ana o‘sha ulkan yutuqdir” (Tavba, 100). Boshqa bir oyatda U zot quyidagicha marhamat qiladi: “(Ey, Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh mo‘minlardan – ular daraxt ostida Sizga bay’at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi bo‘ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Xaybar jangidagi) yaqin g‘alaba bilan mukofotladi. (Ular) oladigan ko‘pdan-ko‘p o‘ljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir” (Fath, 18-19).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb bo‘lib chiqdi. Uni O‘zi uchun tanlab oldi va uni O‘zining risolati bilan yubordi. Keyin U zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni O‘z Payg‘ambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi”. Ahmad rivoyati.

Payg‘ambar alayhissalom barcha sahobalari haqida shunday deganlar: “Mening sahobalarim yo‘lchi yulduz kabidirlar. Ularning qay birlariga ergashsangiz to‘g‘ri yo‘lni topasiz”.

Sahobalar Payg‘ambarlarning eng afzali va so‘ngisini ko‘rganlari, yengil va og‘ir kunlarda ham u zotning yonlarida turishgani hamda Alloh yo‘lida mollari va jonlarini sarf etishgani uchun mana shunday maqomga erishishgan. Hatto ular yaxshilarning eng yaxshisiga, yashagan zamonlari esa eng afzal zamonga aylandi.

Sahobalarning kim ekanliklarini, fazli va darajalarini bitta misol bilan tushuntirib, so‘zimizga yakun yasaymiz. Dunyodagi eng buyuk avliyo, Allohning do‘sti eng quyi martabadagi sahobaning urushda mingan otining tuyog‘idagi changiga ham teng emas. Alloh barcha sahobalardan rozi bo‘lsin. Bizlarga esa ularga ergashib yashashni nasib aylasin, omin!

Mansabov Abdurauf
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .