TAKFIR TUSHUNCHASI
Muallif: . .
Sana: 19.04.2023
262

Takfir iborasi arab tilidagi “kufr” soʻzining oʻzagidan olingan boʻlib, lugʻatda inkor qilish, osiy boʻlish, tan olmaslik kabi maʼnolarni anglatadi. Istilohda esa ­ikki xil maʼnoda keladi. Biri – dinda, yaʼni, Alloh va Uning Rasuliga itoatsizlik ikkinchisi, inʼom etilgan neʼmatni mensimay, inkor etishga nisbatan qoʻllanilgan.

Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo boʻlgan xorijiylar firqasi tomonidan oʻzlariga ergashmaganlarga nisbatan qoʻllanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari boʻlib, “Siffiyn” jangidan soʻng hazrati Alidan oʻn ikki minglik qoʻshin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan.

Bugungi kunda mutaassiblar musulmonni assossiz kofirga chiqarib gʻuluvga ketmoqdalar.

Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz oʻqigan namozni oʻqisa, qiblamizga yuzlansa, biz soʻygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq boʻlsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat boʻlsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb oʻylanayotgan u gapirgan soʻzi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab oʻrganish shartdir. Zero, barcha fosid soʻz yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar oʻzgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala boʻlgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli boʻladi. Agar u kishi rostan ham kofir boʻlsa, unga qaytadi. Ammo unday boʻlmasa, gapiruvchining oʻziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday boʻlmasa, gaplari oʻziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).

Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan boʻlgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir boʻlmasligi, agar oʻz uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot boʻlishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.

Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ashʼariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolgʻiz maʼbudga ibodat qiladilar”.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻzga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning oʻrnini oʻz bilganicha belgilab berish demakdir.

Alloh taolo barchamizga oʻz dinimizni yaxshi anglab yetishimizni, oshkora va maxfiy fitnalarning barchasidan panohida asrashini soʻraymiz.

BOBOQULOV SAYFIDDIN

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .