SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUF
Muallif: . .
Sana: 08.01.2023
6043

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Tavallud sanasi: 21.07.1371/15.04.1952.

Tavallud yeri: Oʻzbekiston Respublikasi, Andijon viloyati, Asaka tumani, Niyozbotir qishlogʻi.

Millati: oʻzbek.

Dini: Islom.

Aqidaviy mazhabi: Ahli sunna va jamoa, moturidiya.

Fiqhiy mazhabi: hanafiya.

Tasavvufiy mazhabi: naqshbandiya.

Shiori: “Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqida va musaffo Islomga intilish, Qurʼon va Sunnatni oʻrganib amal qilish, islomiy maʼrifat taratish, salafi solih – ulugʻ mujtahidlarga ergashish, kengbagʻirlik va birodarlik ruhini taratish. Diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bidʼat xurofotlarni yoʻqotish”.

Mutaxassisligi: daʼvat, tafsir, hadis, usul, fiqh, aqida, tasavvuf, arab tili.

Istiqomat qilgan yurtlari: Oʻzbekiston Respublikasi (Andijon viloyati, Asaka tumani, Niyozbotir qishlogʻi; Marhamat tumani Qoraqoʻrgʻon qishlogʻi, Buloqboshi tumani; Buxoro; Toshkent), Liviya jamohiriyasi, Turkiya, Saudiya Arabistoni.

Ish-vazifalari: Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti oʻqituvchisi, mudir noibi va mudiri, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi muftiysi, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati.

Vafoti: 05.05.1436/10.03.2015, Toshkent.

Dafngohi: Toshkent, Koʻkcha, Shayx Zaynuddin qabristoni.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Yetuk alloma, mujaddid, mufassir, muhaddis, faqih, mutafakkir, murshid, zohid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻz zamonasida islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbob, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil Oʻzbekistonning birinchi muftiysi, koʻplab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning aʼzosi, oʻzbekzabon xalqlarning diniy rahnamosi boʻlgan.

Nasab va tavalludi;
Yoshlik davri;
Talabalik davri;
Ishlagan vazifalari, bajargan ishlari;
Ilmiy faoliyati;
Ustozlari;
Shogirdlari;
Olgan ijozalari;
Bergan ijozalari;
Asarlari;
Tashqi sifatlari;
Maʼnaviy sifatlari;
Ajoyibotlari;
Shahodat va yorliqlari;
Aʼzo boʻlgan tashkilot va muassasalari;
Oilasi;
Vafoti;
Bashoratlar;
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida olimlarning fikrlari;
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga bildirilgan tanqidlar;
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafotida bildirilgan taʼziyalardan namunalar;
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga atab yozilgan marsiyalardan namunalar.

Nasab va tavalludi:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nasabi quyidagicha:

1. Maralboy;

2. Mirzaboy;

3. Arabboy;

4. Qalamboy;

5. Eshboʻta;

6. Qoʻshboʻta;

7. Boyboʻta;

8. Muhammad Yusuf;

9. Muhammad Sodiq.

Shayx Muhammad Sodiq hijriy 1371-yil 21-rajab – melodiy 1952-yil 15-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Andijon viloyati Asaka tumanida, Niyozbotir qishlogʻida Muhammad Yusuf domla xonadonida tavallud topdi. 1960-yili Muhammad Yusuf domla diniy xizmat yuzasidan Andijonning Buloqboshi tumaniga imom boʻlib saylangach, bu oila mazkur tumanga koʻchib oʻtdi. Muhammad Yusuf domla mazkur Buloqboshi tumanida 45 yil imom-xatiblik qilgan va oʻz masjidida juma oldidagi mavʼiza asnosida vafot etgan.

Yoshlik davri:

Alloh rahmat qilsin, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ixlos va taqvo xonadonida dunyoga keldi. Otasi ustoz Muhammad Yusuf domla Boyboʻta oʻgʻli rahmatli Andijon viloyatining koʻzga koʻringan ahli ilmlaridan, taqvo va ibodatda mustahkam, dinu el xizmatida kamarbasta kishi boʻlgan. Alloh rahmatiga olsin, onalari Tilakberdi qizi Sobiraxon ona ham juda sodda, parhezkor, ibodatgoʻy, fidokor, samimiy ayol edi. Ustoz Muhammad Yusuf domla va Sobiraxon ona farzandlarining tarbiyasiga qattiq eʼtibor berishgandi. Onasi chaqaloqni imkon qadar betahorat emizmasdi. Uni bir lahza ham nazardan chetda qoʻymas edilar. Muhammad Yusuf domla farzandi Muhammad Sodiqning ilm olishiga bor eʼtiborlarini qaratgandi. Maktabda aʼlo baholarga oʻqishiga, uyda mustaqil mutolaa qilishiga alohida ahamiyat berardi.

Shayx Muhammad Sodiqning ilk ustozi otasi boʻlgan. U boshlangʻich diniy taʼlimni otasidan oldi. Qurʼoni Karim, sarf, nahv kabi boshlangʻich ilmlarni otasida oʻqidi. Muhammad Sodiq yoshligidan juda koʻp kitob oʻqirdi. U ilmga, kitobga qattiq muhabbat qoʻygan edi. Uning kitobdan ortgan vaqti boʻlmagan. Kechasi uxlab qolguncha mutolaa qilardi.

Shuningdek, Muhammad Yusuf domla ham koʻplab ahli ilmlarning xizmatini qilib, farzandi arjumandining haqqiga juda koʻp duolar olardi.

Talabalik davri:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1969-yili Buloqboshi qishlogʻidagi oʻrta maktabni tugatgach, 1970-yili Buxorodagi Mir Arab Madrasasiga oʻqishga kirdi. U paytda madrasadagi oʻqish 7 yillik boʻlgan. Shayx Muhammad Sodiqni oʻsha kungacha hosil qilgan bilimi asosida bir yoʻla 5-bosqichga olishdi. Natijada u madrasani 3 yilda tamomladi. Uni darsda, ilmda ilgʻorligidan madarasadagi talabalar “peshqadam” deb atashardi.

Muhammad Yusuf domla ham farzandining yaxshi ilm olishi, taqvoda mustahkam boʻlishi uchun bor kuchini sarfladi. Hatto oʻgʻlini boshqalar oraqali maxsus kuzatib bordi. Shayx Muhammad Sodiq 1973-yili madrasadan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti (Oliy Maʼhad)ga oʻqishga kirdi. Qabul imtihonidan yuqori baholarda oʻtgan Muhammad Sodiq institutga ham bir yoʻla 3-bosqichga qabul qilindi va uni ham 2 yilda aʼlo baholarga bitirdi.

U isntitut barnomasidan tashqari maxsus ustozlardan alohida dars ham olardi. Isntitutning eng ilgʻor talabasi sifatida tanilgandi. U nafaqat hordiq kunlarini, balki 10 daqiqalik tanaffusni ham, azon bilan takbir orasidagi qisqa vaqtni ham kitob mutolaasi bilan band qilardi.

U 1975-yili “Sovet sharqi musulmonlari” jurnalida faoliyat boshladi.

1976-yili Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining yoʻllanmasi bilan Liviyaning Tripoli shahridagi “Islomiy daʼvat fakulteti” nomli dorulfununga oʻqishga kirdi.

Shayx Muhammad Sodiq Liviyada butun dunyodan kelgan talabalar orasida ham eng tirishqoq va eng iteʼdodli talaba sifatida namoyon boʻldi. U oliygoh darslariga bir soat ham qoʻymay qatnashardi va unga darslarni tayyorlashda hamda imtihonlarni yuqori darajada topshirishga shuning oʻzi yetardi. U oliygoh barnomasidan tashqari oʻsha yerdagi ustozlardan alohida darslar ham oldi, mustaqil mutolaa bilan ham shugʻullandi. Oʻsha paytlarda u darsdan tashqari turli mavzudagi kitoblardan har kuni 100 sahifa oʻqishni oʻziga vazifa qilib olgandi.

U 1980-yili Liviya oliygohini eng yuqori ball bilan imtiyozli tamomlab, talabalar orasida birinchilikni qoʻlga kiritdi va dorufunun tarafidan moddiy mablagʻ bilan mukofotlandi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning talabalik pallalari mazkur yillarda oʻtgan boʻlsa-da, u ilm talabini umrining soʻnggi onlarigacha tark qilmadi. U kishi ishlari, mashgʻulotlari nihoyatda koʻp boʻlishiga qaramay, ilmiy bahslari, taʼliflaridan tashqari mustaqil mutolaani ham umrining oxirigacha toʻxtatmadi. Shuning uchun ham umri mobaynida qilgan yuzlab safarlarida faqat kitob olib kelardi va oʻzi uchun yangi boʻlgan har qanday kitobni oʻqib tamomlardi.

Ishlagan vazifalari, bajargan ishlari:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1980-yilda oʻqishni tamomlab, Liviyadan Oʻzbekistonga qaytib kelgach, quyidagi vazifa va lavozimlarda faoliyat yuritdi.

1981-yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti oʻqituvchisi:

1982-yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti rektor muovini;

1984-yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti rektori vazifalarida ishladi.

U institutda 1981 – 1989-yillar mobaynida tafsir, hadis, ulumi Qurʼon, aqida fanlaridan dars berdi.

U ushbu Islom instituti barnomasiga talaygina ijobiy yangiliklar kiritdi, bir qancha islomiy fanlar va qoʻllanmalarni ilk joriy qildi. Masalan, “Qurʼon ilmlari”, “ulumul-hadis”, aqida fanlarini hamda hadis va tafsir fanlaridan Rovaiʼul-bayan, Manhalul-hadis kabi bir qancha qoʻllanmalarni Oliy Maʼahadga u olib kirgan edi.

1989-yili 6-fevralda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi muftiysi boʻldi;

1989-yil dekabr oyida SSSR Oliy Kengashining xalq deputati etib saylandi;

1993-yil iyun oyida muftiylik lavozimidan isteʼfoga chiqdi.

U oʻzining muftiylik davrida musulmonlar uchun ulkan xizmatlarni bajardi. U Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi hamda SSSR Oliy Kengashining xalq deputati sifatida SSSR hukumatidan musulmonlarning koʻplab haq-huquqlarini talab qilib chiqdi va maqsadga erishdi. Musulmonlar uchun minglab masjid-madrasalar ochilishida ulkan tashabbus koʻrsatdi. SSSR hududidagi musulmonlar uchun asriy orzusi boʻlgan muborak Haj safarining ochilishiga sabab boʻldi. Katta sondagi musulmonlarning haj ibodatini emin-erkin ado etib kelishlariga ruxsat oldi. U kishning muftiylik davrida birinchi marta 1990-yilda Yurtdan borgan hojilar Saudiya Arabistoni hukumati tarafidan “Podshohning mehmonlari” sifatida qabul qilindilar, alohida eʼtibor, mehmonnavozlikka musharraf boʻldilar va bu holat 1993-yilgacha davom etdi.

Ustozlari:

Buxoroda Shahobiddin qori akadan qiroatdan, Muxtorjon domlada Alfiyadan, shuningdek, Usmonjon domla, Qosimjon domla, Abdullatif domla kabi yirik olimlardan madrasa barnomasidan tashqari alohida darslar oldi. Toshkentda ham institut darslaridan ortib Ismoil maxdum, Yusufxon Shokirov kabi olimlardan dars oldi. Liviyada oʻqigan kezlari ham oliygoh darslaridan tashqari oʻsha yerdagi olimlardan alohida ilm tahsil qildi. Keyinchalik mashhur Muhamad ibn Alaviy Molikiy, Abu Hasan Nadaviy, Solih Ahmad ibn Muhammad Idris Arakoniy kabi Islom olami namoyandalaridan turli sohalardan ilm va ijozalar oldi.

Shogirdlari:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida 1981 – 1989-yillar orasida mudarrislik qildi va bir qancha fanlardan dars berdi. Oʻsha yillarda institutda oʻqigan barcha talabalar uning shogirdi boʻlgan. Masalan, Kavkaz bosh muftiysi Ismoil Berdiyev, Rossiya muftiysi Ravil Ayniddin, Checheniston muftiysi va ilk prezidenti Ahmad Qodirov, dogʻistonlik imom Muhammad Rasul, ozarbayjonlik olim Mulkador kabi koʻzga koʻringan din arboblari ham unga shogird boʻlishgan. Undan tashqari Liviyada Anvar Ahmad, Xayrulloh Habibulloh, Muhammad Umar, Muhammad Qurbon, Rizqqulbek kabi bir qancha oʻzbek talabalarga ham alohida ustozlik qilgan.

Shayx Muhammad Sodiq 2001-yilda Oʻzbekistonga qaytib kelgach, mamlakatdagi koʻplab ilm ahllari uning atrofiga toʻplanishdi. Ularning aksarlari unga shogird boʻldi.

Olgan ijozalari:

1. Solih Ahmad ibn Muhammad Idris al-Arakoniy al-Makkiyning ijozasi. Unda shunday deyiladi: “U (yaʼni sanad) Islomning xossalaridandir. Islomda ham ahli sunnaning xossasidir. Binobarin, Shayx Muhammad Sodiq ibn Shayx Muhammad Yusuf oliyhimmatlik bilan mendan hadisi sharif va boshqa sohalarda ijoza soʻradi. Men shunday deyman: «Mazkurga – Alloh bizga ham, unga ham ajrlarni oshirib bersin – barcha marviyotlarim, sanadlarim, sabtlarim, ijozalarim hamda 150 dan ortiq asarlarimda umumiy-mutlaq ijoza berdim, xuddi turli yurtlardan yuzdan ortiq shayx menga ijoza berganidek. Bu esa hadis va asar ahlining nazdida eʼtiborli boʻlgan shart asosidadir”.

2. Hadis kitoblari boʻyicha Imom Hofiz Ibn Hajarga yetib boradigan muhaddislar silsilasiga ulangan Abu Hasan Nadaviyning ijozasi.

3. Imom Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad an-Nasafiy al-Hanafiyning “Madarikut-tanzil va haqoiqut-taʼvil” asari boʻyicha Abu Bakr ibn Ahmad al-Maliyboriydan muallifgacha bogʻlangan ijoza.

Bergan ijozalari:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mintaqada unutilayozgan bir anʼanani – islomiy-ilmiy asarlardan ijoza berishni qayta jonlantirdi. U Imom Abu Barakot Nasafiyning “Madarikut-tanzil va haqoiqut-taʼvil” nomli mashhur tafsiridan, Imom Buxoriyning olamga mashhur, Qurʼoni Karimdan keyingi eng ishonchli kitob deya eʼtirof etilgan “Al-Jamiʼus-sohih” asaridan bir qancha shogirdlariga ijoza berdi.

Ilmiy faoliyati:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ilk maqolalari 1975-yili “Sovet sharqi musulmonlari” nashriyotida ishlagan kezlari nashr qilina boshlagan.

1991 – 1993-yillari “Tafsiri Hilol” nomli Qurʼoni Karim tafsirining 28 – 30-juzlari hamda “Poklik iymondandir” kitobi, 1992-yili “Iymon” va “Shoyadki taqvodor boʻlsak”, 1997-yili “Islom musaffoligi yoʻlida” asarlari chop qilindi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1993 – 2001-yillar orasida Yurt tashqarisida boʻldi. Dastlabki bir yarim yil Makkai Mukarramada, 1994-yil noyabridan 2001-yilgacha Liviyada istiqomat qildi. Bu sanalar Shayx Muhammad Sodiq uchun ulkan ijodiy yutuqlarga boy boʻldi. Qurʼoni Karim tafsiriga bagʻishlangan yirik 6 jilddan iborat Tafsiri Hilol, hadisi sharif sharhiga bagʻishlangan 39 jilddan tashkil topgan Hadis va Hayot asarlarini ayni oʻsha yillarda taʼlif qildi. U “Tafsiri Hilol” kitobining qolgan 27 juzini Qurʼoni Karim ilk nozil boʻlgan Makkai Mukarramada, Haram oldida taʼlif etdi. Hadis va hayot asarini esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalarida, u zotning iznlari bilan boshladi va qolgan qismini Liviyada yozib tugatdi. Undan tashqari, koʻplab davlatlarda boʻlgan xalqaro kofirensalarda, ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etdi, Islom olamining koʻplab olimlari bilan ijodiy muloqotlar, uchrashuvlar oʻtkazdi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2001-yili Oʻzbekistonga qaytib keldi. Oʻzbekistonliklar Shayxni juda katta quvonch bilan kutib olishdi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻz yurtida 2001 – 2015-yillar orasida keng miqyosda ilmiy faoliyat olib bordi. Koʻplab kitoblar, ovozli hamda tasvirli yozuvlarda ilmiy suhbatlar, mavʼizalar, turkum darslar, maʼraka-yigʻinlardagi maʼruzalari, xalqaro internet sahifasidagi 25000 dan ortiq turli mavzulardagi savol-javoblari bilan xalqning diniy savodi oshishiga, kishilarning sof Islomni anglashiga ulkan hissa qoʻshdi. Uning ilmiy asarlari sababli xalq orasidagi koʻplab ixtilof va tortishuvlar barham topdi, hanafiy mazhabi mustahkamlandi, xatarli fitnalarning oldi olindi, qanchadan-qancha adashgan insonlar toʻgʻri yoʻlni tuta boshladi, musulmonchilikdan bexabar odamlar oʻz musulmonchiligiga qaytdi, el orasida tinch-totuvlik, doʻstlik ruhi taraldi.

Uning rahbarligida xalqaro internet tarmogʻida oʻzbek tilidagi sof islomiy sahifaga ilk bor asos solindi. Ushbu islom.uz sayti oʻzbek tilidagi eng faol va aʼzosi eng koʻp sahifa hisoblanadi. Islom.uz portali asosida turli yoʻnalishlardagi yigirmadan ortiq mustaqil sahifa yaratilib, ularning har biri oʻz mavzusida eng boy va eng faol saytlarga aylandi. U toʻqqizta hadis toʻplami tarjimasidan iborat “Oltin Silsila” hamda katta “Islom qomusi” loyihalari asoschisidir.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mazkur faoliyatlari bilan Markaziy Osiyoda ilmiy uygʻonish yasadi. Uning asarlari, suhbatlari koʻplab ilm ahliga ilhom baxsh etdi. U oʻz asarlarining boshida beradigan yuqorida koʻrsatilgan shioriga har doim amal qildi. U sof Islomni oʻrganish va oʻrgatish yoʻlida yangi bir maktabga asos soldi. Yuzlab shogirdlarni tarbiyaladi. Unga gʻoyibona shogird boʻlganlarning esa son-sanogʻi yoʻq. Bir qancha asarlari rus tiliga tarjima qilindi. Uning tashabbusi bilan rusiyzabon xalqlarga ham ulkan islomiy ilmlar yetib bormoqda. Shuningdek, uning asarlari uygʻur, qirgʻiz, qozoq, qoraqalpoq kabi bir muncha qardosh tillarga ham tarjima qilingan va qilinmoqda. Markaziy Osiyoda bunchalik sermahsul, unumli va taʼsirli ijod qilgan olimni oʻtgan ikki-uch asr ichida ham topish mushkul.

Asarlari:

Yozma asarlar:

1. Qurʼoni Karim maʼno tarjimasi.

2. Tafsiri Hilol. Qurʼoni Karim tafsiriga bagʻishlangan, yirik olti jilddan iborat;

3. Hadis va Hayot. Mansur Aliy Nosif Husayniyning Islomning asosiy mavzulari boʻyicha jamlangan hadislar toʻplami boʻlmish “At-tajul-jamiʼ lil-usul fi ahadisir-rosul” asarining tarjima va sharhi. Ushbu “Hadis va Hayot” majmuasi 37 jilddan iborat 39 juzli yirik silsila boʻlgan. Ular quyidagilardir:

1-juz Muqaddima;

2-juz Islom va Iymon kitobi;

3-juz Niyat, Ixlos va Ilm kitobi;

4-juz Poklik kitobi;

5-juz Namoz kitobi-1;

6-juz Namoz kitobi-2;

7-juz Namoz kitobi-3;

8-juz Zakot kitobi;

9-juz Roʻza kitobi;

10-juz Haj va Umra kitobi;

11-juz Savdo, Ziroat va Vaqf kitobi;

12-juz Faroiz va Vasiyat kitobi;

13-juz Nikoh, Taloq va Idda kitobi;

14/15-juzlar Qasamlar, nazrlar va ov kitobi;

16/17-juzlar Taom, sharob va libos kitobi;

18-juz Tib va Dam kitobi;

19-juz Olamlarga raxmat paygʻambar;

20-juz Anbiyolar qissasi;

21-juz Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo;

22-juz Usmon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumo;

23-juz Jannat bashorat berilganlar va ahli bayt;

24-juz Peshqadamlar roziyallohu anhum;

25-juz Nubuvvat xonadoni xonimlari;

26-juz Ansorlar roziyallohu anhum;

27-juz Axyorlar va Diyorlar fazli;

28-juz Tafsir kitobi;

29-juz Tafsir, Tush va Masallar kitobi;

30-juz Qurʼon fazilatlari kitobi;

31-juz Siyar va Magʻoziylar kitobi;

32-juz Fitnalar va Qiyomat alomatlari kitobi;

33-juz Siyar va Magʻoziylar kitobi;

34-juz Yaxshilik va Axloq kitobi;

35-juz Duolar, Zikrlar, Istigʻfor va Tavba;

36-juz Zuhd va Raqoiqlar kitobi;

37-juz Adab kitobi;

38-juz Hadlar kitobi;

39-juz Amirlik va Qozilik alomatlari;

4. Sunniy aqidalar;

5. Aqiydatut-tahoviya sharhining talxisi;

6. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar;

7. Usulul-fiqh;

8. Kifoya (Ubaydulloh ibn Masʼud Hanafiyning “An-nuqoya fi muxtasaril-viqoya” asarining tarjima va sharhi);

9. Fiqhiy yoʻnalishlar va kitoblar;

10. Mazhablar – birlik ramzi;

11. Ixtiloflar, sabablar, yechimlar;

12. Qurʼon ilmlari;

13. Mustalahul-hadis;

14. Tasavvuf haqida tasavvur;

15. Ruhiy tarbiya: 1-jild “poklanish”, 2-jild “tiklanish”, 3-jild “xulqlanish”;

16. Xislatli hikmatlar (Ibn Atoulloh Sakandariyning “Hikam”iga yozilgan sharh), 5 jild;

17. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam; (tarjima)

18. Zikr ahlidan soʻrang (savol-javoblar toʻplami), 4 jild;

19. Odoblar xaziynasi (Imom Buxoriyning “Al-dabul-mufrad” asarining tarjima va sharhi), 4 jild;

20. Yaxshilik va silai rahm (Husayn ibn Hasan Marvaziyning “Kitabul-birri vas-sila” asarining tarjima va sharhi);

21. Islomning madori boʻlgan hadislar rukni (kichik 4 jild);

22. Iymon;

23. Islomda inson huquqlari;

24. Islomda ekologiya;

25. Vasatiya – hayot yoʻli;

26. Mukammal saodat yoʻli;

27. Oila farogʻat qasri;

28. Baxtiyor oila;

29. Ijtimoiy odoblar;

30. Islom – sof tabiat dini;

31. Din nasihatdir;

32. Bozor va unga bogʻliq masalalar;

33. Qarz va unga bogʻliq masalalar;

34. Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va noanʼanaviy davolash kabi ishlar haqiqati;

35. Yolgʻon;

36. Isrof;

37. Shoyadki taqvodor boʻlsak;

38. Moʻminning meroji – mufassal namoz kitobi (kiril va lotin alifbolarida);

39. Ramazonni qarshilab;

40. Hidoyat imomi - Imom Abu Mansur Moturidiy;

41. Samarqandning sara ulamolari;

42. Ochiq xat;

43. Keksalarni eʼzozlash;

44. Sogʻlom bola;

Rus tilidagi kitoblari:

1. Iyman, Islam, Kurʼan;

2. Sunnitskiye veroubejdeniya

3. Vasatыya – put jizni;

4. Istina o suti gadaniya, koldovstva, izgnaniya djinnov i netraditsionnыx metodov lecheniya;

5. Raznoglasiya: prichinы i resheniya

6. Tafsiri Xilal 30-djuz;

7. Tafsiri Xilal 1 i 2-tom;

8. Xadisы i Jizn: 1-tom “Vvedeniye”, 2-tom “Islam i Iyman”, 3-tom “Namereniye, ixlas i znaniye”, 4-tom “Chistota”, 18-tom “Isseleniya i rukya”, 19-tom “Prorok, yavivshiysya miram milostyu”.

Tasvirli yozuvlar:

1. Ijtimoiy odoblar: 2012-yil Ramazon suhbatlari (7 ta disk)

2. Ramazon tuhfasi: 2013-yil Ramazon suhbatlari (6 ta disk);

3. Alohning zikri ila qalblar orom topur: 2014-yil Ramazon suhbatlari (5 ta disk);

4. Baxtiyor oila (2ta disk);

5. Ibratli dunyo;

6. Odoblar boʻstoni (2 ta disk);

7. Zikr ahlidan soʻrang (2 ta disk);

8. Hikmatli dunyo (5 ta disk);

9. Ruhiy tarbiya: 1-Muqaddima, 2-Husni xulq, 3-Ilm;

10. Ruhiy tarbiya: 4-Qalbni tozalash, 5-Namoz, 6-Zakot;

11. Ruhiy tarbiya: 7-Roʻza, 8-Haj;

12. Ruhiy tarbiya: 9-Qurʼon tilovati, 10-Zikr, 11-Kun tartibi (1)

13. Ruhiy tarbiya: 12-Kun tartibi (2), 13-Tafakkur;

14. Ruhiy tarbiya: 14-Murobata, 15-Nafs pokligi, 16-Husni xulq (1);

15. Ruhiy tarbiya: 17-Husni xulq (2), 18-Til ofatlari;

16. Ruhiy tarbiya: 19-Yolgʻon, 20-Gʻiybat, 21-Chaqimchilik;

17. Ruhiy tarbiya: 22-Maddohlik, 23-Kufr;

18. Ruhiy tarbiya: 24-Shirk, 25-Fosiqlik, 26-Bidʼat;

19. Ruhiy tarbiya: 27-Riyo, 28-Hasad;

Ovozli yozuvlar:

1. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi (6 ta disk);

2. Tafsiri Hilol: 23 – 30-juzlar;

3. Hadis va hayot: 2 – 21, 23 – 27, 30, 34 – 36-juzlar.

4. Ruhiy tarbiya: 1 – 88-mavzular (3 ta disk);

5. Hikmatli dunyo (8 ta disk);

6. Hadis saboqlari (2 ta disk);

7. Sunniy aqiydalar;

8. Iymon;

9. Haj kitobi;

10. Ixtiloflar, sabablar, yechimlar;

11. Yaxshilik va silai rahm kitobi;

12. Al-adabul-mufrad: 1 – 3 jildlar;

13. Mukammal saodat yoʻli;

14. Vasatiya;

15. Baxtiyor oila;

16. Qurʼon ilmlari;

17. Zikr ahlidan soʻrang, 1 – 3-qismlar.

Bulardan tashqari, Shayx Muhammad Sodiq Muammad Yusuf el-yurt boʻylab koʻplab yigʻinlar, turli tadbirlarda ishtirok etardi. Ularda ham ilmiy-maʼrifiy suhbatlar, islomiy daʼvatlar olib borgan. Bunday ishtiroklarining son-sanogʻi yoʻq. Masjidlarda Ramazon oyida maxsus suhbatlar uyushtirib, ularda alohida rukn asosida ilmiy mavʼizalar qilgan.

Tashqi koʻrinishi:

Shayx Muhammad Sodiq boʻychan, barvasta, qomati tik, kelishgan, baquvvat, koʻrkam kishi edi. Qizgʻish oq rangli, soch-soqoli oʻziga yarashgan, tishlari tekis, qoshlari qalin, yuzlari nurli, nigohi oʻychan, haybatli, oʻzi nihoyatda viqor va mahobatli, barkamol inson edi. Soch-soqolini ortiqcha oʻstirmasdi. Tanasi sogʻlom, kuchli, chiniqqan, odimlari dadil va yengil, yurishlari salobatli, ruhi doim tetik, yuragi baquvvat edi. Nima kiyim kiysa yarashardi, balki libos uning egnida koʻrkamlashib ketardi. Ovozi mahobatli, zalvorli, nutqi chiroyli, dona-dona, tafakkuri teran edi. Oʻz fikrini tinglovchiga goʻzal va sodda yetkazib bera olardi. Mavʼizalari tushunarli, purmaʼno, tinglovchini rom qiladigan, eshitib toʻymaydigan boʻlardi. Oʻta murakkab fikrlarni oddiy inson tushunadigan soʻzlar bilan ifodalay olardi.

Shayx oʻz salomatligiga yaxshi eʼtibor qaratardi, muntazam jismoniy tarbiya bilan shugʻullanar, yemoq-ichmogʻining foydali va tartibli boʻlishiga ahamiyat berardi. Vaqti-vaqti bilan sihhatgoh muolajalarini olib tutardi.

Maʼnaviy sifatlari:

Shayx Muhammad Sodiqning tashqi suvrati qanday koʻrkam boʻlsa, ichki olami yana-da goʻzal edi. U kishi yuragi toza, koʻngli keng, xushxulq, adolatparvar, haqgoʻy, bagʻoyat samiymiy, nihoyatda xolis, qalbi salim, ruhan ulugʻvor, pok niyatli inson edi. Oʻziga yoki oila aʼzolariga yaxshilik qilganlarni har doim qadrlar, yaxshiliklariga yarasha ularga muruvvat koʻrsatardi. Biror insonga yomonlikni ravo koʻrmasdi. Oilaparvar, bolajon, vatanparvar, xalqparvar, oliyjanob inson edi. U kishi pokizalikni, tartib-intizomni, goʻzallikni yaxshi koʻrardi. Hech kimga nisbatan adovat qilmas, hech kim bilan dushmanlashmas edi. Oʻziga nisbatan qilingan xatokorliklarni ham kechirib yuborardi. Doim buyuk ishlarning payida boʻlardi. Maydakashlikni yoqtirmasdi, gʻiybat-igʻvoga mutlaqo qarshi edi. Oʻzining xayrli ishlarini, har qancha salmoqli boʻlmasin, buyuk sanamas, barchasini yolgʻiz Allohdan koʻrardi. Oʻzgalarning xayrli ishlarini juda ham olqishlar, ularning muvaffaqiyatlaridan behad quvonardi. Har bir soʻzi, har bir ishi ilm asosida boʻlardi. Qurʼonu Sunatga imkon qadar toʻla amal qilardi. Mazhabga doim rioya qilardi. Islomga, ilmga xiyonatni hech qachon yoqlamasdi. Nimani yozgan, nimani aytgan boʻlsa, avvalo oʻzi unga amal qilardi. Dunyo matohini umuman eʼtiborga olmasdi. Dinu el tashvishidan boshqa gʻami boʻlmasdi.

Shayx Muhammad Sodiqning ilmga muhabbati cheksiz edi. Uning uchun eng qadrli va qimmatli narsa vaqt edi. U talabalik davridan boshlab oʻzi uchun kun tartibi va kundalik vazifalarni tayinlab olgan boʻlib, bu nizom “temir qonun” sanalardi. U bunga qatʼiy amal qilardi. Biror onni behudaga sarf qilmasdi. Shuningdek, har nafasda qalban zikr va muroqabada turardi.

Shayx Muhammad Sodiq oʻzida ulugʻvorlik bilan kamtarlik, oʻtkir bilimdonlik bilan soddalik, daho bilan tavozuʼ, podsholardek siyosatdonlik bilan otalardek mehribonlik, haybat bilan begʻuborlik, boylik bilan zohidlik, ustozlik bilan toliblikni jamlagan edi. U kishi buyuk arbob boʻlish bilan birga oddiy musulmon boʻlishni ham unutmadi, yuksak shon-shavkatga ega boʻlish bilan birga fitrat sofligini ham saqladi. Har qanday holatda oʻzini yoʻqotmas zabardast edi. Haybatidan boshqalar uning oldida oʻzini ham, soʻzini ham yoʻqotib qoʻyardi.

Shayx Muhammad Sodiq mehri daryo inson edi, keng bagʻri hammani oʻziga sigʻdira olardi. U bilan yaqindan muloqot qilgan barcha odamlar oʻzini unga eng yaqin inson deb oʻylardi. Hech kimdan mehru muruvvatini ayamas, har kimning arzini eshitar, dodiga quloq tutar edi. Hatto kishilar oʻz dardlarini ota-onasidan koʻra u kishiga arz qilishni koʻproq istashardi.

Ajoyibotlari:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni Alloh taolo bir qancha karomatlar bilan siylagan edi. Avvalo u kishining yozgan har bir asari xalqning eng dolzarb muammosini hal qiluvchi ilhom boʻlardi. Yozgan asari, aytgan soʻzi musulmon ommasining qalbiga maqbul tushardi. U kishiga berilgan zamon kengligi insonni hayratga solarli darajada edi. Yozgan asarlari va yuritgan faoliyatlarini kuzatgan inson ularni vaqt qolibiga sigʻdira olmas edi. Ulamolar aytganlaridek, karomatlarning eng buyugi Islom xizmati yoʻlida berilgan karomatdir. Chunki boshqa karomatlar vaqtincha boʻlib, din xizmati uchun berilgan karomat bardavom, abadiy boʻladi.

Shuningdek, koʻpincha kishilarning qalbidagi oʻylarni u kishiga Alloh ayon qilib qoʻyardi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf duosi ijobat inson edi. U kishidan duo olib, tezdan natija koʻrganlarning son-sanogʻi yoʻq.

Shahodat va yorliqlari:

1. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti shahodatnomasi;

2. “Islomiy daʼvat kulliyasi” oliygohining Arab tili va islomiy ilmlar boʻyicha “litsensiat” shahodatnomasi, 1980-yil;

3. Liviya Jamohiriyasi tomonidan berilgan “Buyuk Fotih” medali, 1989;

4. Misr arab Respublikasi tarafidan berilgan birinchi darajali “Ilm va Fan” medali, 28.01.1992;

5. Rossiya markaziy diniy idorasi – Rossiya muftiylari shoʻro majlisi tomonidan berilgan “Al-faxr” ordeni, 01.12.2014.

Aʼzo boʻlgan tashkilot va muassasalari:

1. Makkai Mukarrama shahridagi Islom olami Robitasi tasis majlisi aʼzosi;

2. Butun dunyo tasavvuf uyushmasining aʼzosi;

3. Butun dunyo islomiy xalqlar boshqaruvining bosh kotibiyati aʼzosi;

4. Butun dunyo davʼvat uyushmasi aʼzosi;

5. Butun dunyo ulamolar kengashi uyushmasi aʼzosi;

6. Islomobod shahridagi Butun dunyo Islom uyushmasi aʼzosi;

7. Makkai Mukarramadagi Butun dunyo matfakir ulamolari yigʻining ijroiy qoʻmitasi aʼzosi;

8. Butun dunyo masjidlar uyuushmasining aʼzosi;

9. Iordaniyadagi Oli Bayt “Islomiy tafakkur” qirollik akademiyasi aʼzosi.

Oilasi:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1974-yili Ismoil maxdum domlaning qizi Fotmaxonga uylandi. Undan bir oʻgʻil, ikki qiz koʻrdi. Ular Ismoiljon Muhammad Yusuf, Odinaxon Muhammad Yusuf, Ominaxon Muhammad Yusuf. Uning ahlu oilasi barchalari ilm-maʼrifat yoʻlidalar.

Vafoti:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 05.05.1636/10.03.2015 kuni shomdan keyin Toshkentda yurak xurujidan vafot etdi. Ertasi kuni peshinda Koʻkcha dahasidagi Shayx Zaynuddin masjidida janozasi oʻqildi. Janozaga mamlakatning turli mintaqalaridan 200 000 dan ortiq kishi yetib keldi. U kishi Masjid yonidagi Shayx Zaynuddin qabristoniga dafn etildi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti musulmon ummatiga, xususan, oʻzbekzabon musulmonlarga katta musibat boʻldi. Oʻsha kunlarda uning vafoti xalq orasida va ijtimoiy tarmoqlardagi eng ulkan hodisaga aylandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning musulmonlarning qalbidan qanchalar buyuk oʻrin olgani namoyon boʻldi. Unga atab marsiyalar bitildi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kishilarning ixlos-muhabbatini naqadar qozonganiga yana bir dalolat shuki, uning ortidan butun xalq duoyi xayrlar qildi, koʻpchilik oʻz ixtiyori bilan xatmi Qurʼonlar, xayru sadaqalar, turli marosimlar uyushtirdi. Bir qancha xorijiy davlatlardagi musulmonlar ham uning haqqiga tilovati Qurʼon hamda gʻoyibona janoza oʻqishdi. Janubiy Koreyada Kojedodagi yangi ochilgan masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nomiga qoʻyildi.

Bashoratlar:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paygʻambarlik tugadi, endi mubashshirotlar – xushxabarchi tushlar qoldi”, deganlar. Alloh taoloning inoyati bilan Shayx Muhamad Sodiq Muhammad Yusuf haqida bir muncha bashoratlar ham boʻldi. Biz ulardan misol keltirish bilan kifoyalanamiz.

Zamonaning eng ulugʻ hanafiy olimlaridan hisoblangan Muhammad Avvomaning oʻgʻli yosh, zabardast olim shayx Muhyuddin Avvoma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafot etgan kecha ertalab oʻgʻli Ismoiljonga xat yozdi. U oʻsha tongda tushida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni juda goʻzal holatda koʻrganini, Shayx Muhammad Sodiq unga Allohning huzurida “shahid” deb qabul qilinganini aytganini soʻzlab berdi. Holbuki, u hali Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafotini eshitmagan ekan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning jiyani Farida Abdullatif qizi Shayx vafot etgan kun, hali dafn qilinmasidan burun koʻrgan tushini shunday hikoya qiladi:

“Bomdodga yaqin koʻzim ilinibdi. Tushimda Hazratni koʻrdim. Vafot etgan joylarida yotibdilar. Boshlari oʻgʻillari yoki jiyanlarining tizzasida. Koʻzlari yumuq edi. Men engashib: «Hazrat, joningiz uzildimi?” dedim. U kishi koʻzlarini ochib-yumib “ha” deya ishora qildilar. Men: “Qiynalmadingizmi?” dedim. U kishi: “Yoʻq. Farishtalar erkalab olishdi. Alloh taoloning jamolini uzoqdan koʻrdim”, dedilar. Men hayron boʻlib: “Unda qanday qilib men bilan gaplashyapsiz?”, desam, jilmayib qoʻydilar. Keyin uygʻonib ketdim».

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafotidan bir necha kun burun juda koʻpchilik tushida oziq tishi tushganini koʻrgan. Maʼlumki, kishining tushida tishi tushsa, yaqini vafot etishidan darak boʻladi. Bu esa Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf koʻpchilikning qalbida xuddi ularning otasidek oʻrin olganiga dalolat qiladi. Shuningdek, juda koʻpchilik u kishini tushida paygʻambarlar, avliyolar bilan koʻrganini zikr qildi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida olimlarning fikrlari:

Urgutlik olim, faqih, mutasavvif, karomatlari zohir Arabxon eshon oʻz vafotidan bir yilcha burun shogirdlariga: “Bizdan keyin Shayx Muhammad Sodiqni mahkam ushlaysizlar”, deb vasiyat qilgan edi.

Dogʻistonlik olim Muhammad Habibulloh: “Men Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga muftiylik davrida maslahatchi boʻlganman. U koʻplab ilmda mohir edi. Eskiyu yangi kitoblarni yaxshi bilardi. Dogʻiston, Kavkaz va Oʻrta Osiyo ulmolari bir ovozdan uning buyuk olimligini eʼtirof etgan. U kishi Islomga juda katta xizmat qilganlar. U kishining haqlarida nima yaxshi gap boʻlsa, ayting, nima maqtov boʻlsa, soʻzlang, baribir kam”.

Qirgʻizsitonlik olim Shayx Alouddin Mansur shunday deydi: “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ilm ahligina yaxshi taniydi. U kishi ilm toliblari va barcha xalq uchun yuqori harakat bilan shuncha katta ilmiy meros qoldirgan boʻlsa-da, oʻzidagi ilmning hali uchdan birini ham taqdim qilib boʻlmagan edi. Men mulohaza qilib koʻrsam, bundan toʻrt asr muqaddam oʻtgan Mula Aliy Qoriy 109 ta asar qoldirgan ekan. Shayx Muhammad Sodiq esa 120 jilddan ortiq asar yozib qoldiribdi. U kishining na qadar ulkan daraxt boʻlib ketgani yiqilganda yana-da sezildi”.

Quyida keladigan taʼziyanomalarda ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida bir qancha ulamolarning fikrlarini oʻqish mumkin.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga nisbatan bildirilgan tanqidlar:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham koʻplab olimlar qatori qarshi taraflardan bir qancha tanqidiy qarashlarga yoʻliqdi. Ammo mazkur tanqidlar ilmiy asosga ega emas. Asosan, kichik juziy kamchiliklar yoki tushunmovchiliklardan iborat. Holbuki, paygʻambarlardan boshqasi maʼsum boʻlmasligi, Qurʼondan boshqa har qanday kitobda kamchilik boʻlishi tabiiy. Ammo u kishining ijodida ilmiy yanglishuv, gʻoyaviy adashuv kuzatilmagan. Shayx Muhammad Sodiq haqida Xulaybiy Imom Abu Hanifaning shaʼnida aytgan gapni aytish mumkin: “Unga faqat yo hasadgoʻy, yo johil til tekazadi”.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti munosabati bilan bildirilgan taʼziyalar:

1. Musulmon ulamolar xalqaro uyushmasining taʼziyasi:

«Musulmon ulamolar xalqaro uyushmasi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janoblari vafot etishlari munosabati bilan butun islom ummatiga chuqur hamdardlik bildirib, taʼziya izhor etadi.

Shayx janoblari Oʻzbekiston Respublikasining sobiq muftiysi va Musulmon ulamolar xalqaro ittifoqining vasiylik kengashi uchinchi majlisining sobiq aʼzosi boʻlganlar. Zikr qilinishicha, shayx Muhammad Sodiq Qurʼoni karim maʼnolarini oʻzbek tiliga tarjima qilganlar. Bundan tashqari u kishining qalamiga mansub islomiy ilmlar sohasida bir necha yuzlab kitoblar hamda tarjimalar nashr etilgan. Bu muhtaram zotning dunyo boʻylab turli islomiy anjumanlarda qatnashganlari diqqatga sazovordir.

Musulmon ulamolar xalqaro uyushmasi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janoblarining oila aʼzolariga, shogirdlariga, izdoshlariga, muridlariga va barcha muxlislariga hamda Oʻzbekiston xalqi, rahbarlari va hukumatiga chuqur hamdardlik va taʼziya izhor etadi. Allohdan ushbu marhumni Oʻz rahmati va magʻfiratiga olishini hamda dini va millatiga taqdim etgan ulkan ishlarini Oʻz dargohida qabul etishini soʻrab, u muhtaramning barcha muxlislariga sabru toqat soʻrab qoladi».

Doktor Yusuf Qarzoviy

Dokor Aliy Qoradogʻiy.

2. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari Usmonxon Alimovning taʼziyanomasi:

«Kuni kecha yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, ogʻir judolikka uchradi. Koʻp yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon olamiga sermahsul xizmatlari bilan tanilgan muhtaram ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.

Biz ustozimizning har bir qilgan ishlaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini, sunnatlarini oʻrganar edik. U kishidan ilm va odobni birdek olar edik. Ustoz diniy ilmlarni rivojlantirish yoʻlida samarali ijod qildilar.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imomlar va mudarrislar nomidan Shayx hazratlarininig oila aʼzolariga, yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etamiz. Alloh taolo Ustozning qilib oʻtgan yaxshi amallarini oʻzlariga hamroh aylasin. Qoldirgan boy ilmiy meroslaridan xalqimiz koʻp yillar manfaatdor boʻlishini muyassar qilsin! Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining oxiratlari obod boʻlsin!»

3. Omsk shahri va Omsk viloyati musulmonlari markazlashtirilgan diniy idorasi taʼziyanomasi:

«Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh!

Olamlar Robbisi Allohga hamd boʻlsin! Allohning elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga , ularning oila aʼzolariga va barcha sahobalariga durudu salavotlar boʻlsin!

Bu, Omsk shahri va Omsk viloyati musulmonlar ummati muhtaram Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafotlari munosabati bilan chin yurakdan qaygʻurmoqdamiz.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat Oʻzbekistonda, balki bugungi Islom olamida katta hurmatga ega va zamonamiz musulmonlari uchun namuna edilar.

Men muhtaram Shayx hazratlarini koʻpdan beri taniganman. Oxirgi uchrashuvimiz 12-dekabr 2014-yilda Moskva shahrida oʻtkazilgan XX – Umumjahon Islom Forumida boʻlgan edi. Shunda biz ular bilan hozirgi kun Islom jamiyatidagi mavjud muammolarni muhokama qilgan edik. Islom dinining muazzam ulamosi sifatida faqatgina din arboblari emas, barcha odamlarga ham oʻzlarining oqil maslahatlarini berib kelganlar. U kishining vafotlari hammamiz uchun katta musibat va judolikdir.

Biz, Omsk shahri viloyati musulmonlar ummati muqaddas Qurʼoni Karim oyatlarini oʻqib, Parvardigori olamdan jannatidan Shayximizga munosib joy berishini iltijo qilyapmiz.

Aziz birodarlarimiz, opa-singillarimiz! Taʼziyamizni qabul qilgaysizlar! Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun.

Omsk shahri vaa viloyati musulmonlari diniy idorasi muftiysi Bota hoji Bakulin.

4. Shimoliy Kavkaz muftiylari majlisi raisi Ismoil Berdiyev:

“Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmad Xojiga, Checheniston muftiylariga qoʻl uzatgan, yuragini bergan, soʻzlari bilan dalda boʻlgan birinchi odam Shayx Muhammad Sodiq hazratlari edi. Chechenistonda oʻtkaziladigan birorta anjuman, urush vaqtlarida ham, Shayx hazratlarisiz oʻtmagan. U kishining ishtiroki doimo bizga dalda boʻlgan. Men Muhammad Sodiq hazratlarini birodarimiz Ahmad Hojining Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Institutini tugatib, qaytgan kezlaridan beri bilaman. Va oʻsha paytlardan doʻstlashgan edik. U kishining uylarida koʻp marotaba mehmon boʻlganman. Ular ham tez-tez mehmonga kelib turardilar. Koʻplab Umumjahon Islom konferensiyalarda, simpoziumlarda u kishi bilan birga qatnashish baxtiga muyassar boʻlganman. Kuvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Misr, qayerda boʻlmaylik, bu inson oʻzining oliyjanobligi, taqvosi va oʻz yurtining xaqiqiy farzandiligi bilan ajralib turardi. Shayx Muhammad Sodiq hazratlari koʻplab Umumjahon Islom tashkilotlarinig faxrli aʼzolaridan edi. Hamma yerda u kishini tanishgan, hurmat kilishgan va eʼzozlashgan. Shuning uchun ham bugun odamlar sevimli Muhammad Sodiq hojimizning barvaqt vafoti haqida qaygʻurmoqda. Checheniston va Shimoliy Kavkazning masjidlarida birodarimiz Muhammad Sodiq hojining ruhi poklariga atab duolar hamda xatmi Qurʼonlar qilinmoqda. Har bir xonadon barvaqt hayotdan koʻz yumgan birodarimiz haqida qaygʻuga choʻmgan. Allohga duo qilamiz, jannatlarini nasib aylasin va oʻsha oliy jannatlarda u kishi bilan birga boʻlishga bizlarni muyassar qilsin. Oʻgʻillari Ismoil hoji va qolgan oila aʼzolariga goʻzal sabr soʻraymiz. «Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”. Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh».

5. Muborak Aqso masjidining xatibi, Quddus sharifdagi Islom oliy hayʼatining birinchi noibi, vaqf va din ishlarining sobiq vaziri Shayx doktor Juma Salomaning taʼziyanomasi:

«Marhamatli doʻst, sobiq muftiy, Oʻzbekiston ulamolari ulugʻi alloma shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1436- hijriy yilning Jumadul avval oyi 19-sanasi, milodiy xisob boʻyicha 2015-yil 10-mart seshanba kuni umrining 63 yoshiga yetganda vafot etganini bildirdi. Bu inson zamondosh ummat ulamolarining kattalaridan sanalar edi.

Xalqning islom yoʻlida kengayishi ximoyasida uning katta roli bor edi. Sobiq sovet ittifoqi ichida din, taʼlim va madaniy xuquqlarni qaytib berishni talab qilishda musulmonlarga boshchilik qildi. Alloh raxmat qilsin! U kishi sogʻlom islomiy taʼlimotni yoyishga, shuningdek diniy savodsizlikni tugatishga hamda kengbagʻirlik va birodarlik ruhini tarqatishga ishtiyoqmand edi.

Marhumning oʻzbek tilidagi bir qancha kitoblari boʻlib, koʻp ishlarini rus tilidagi tarjimasi ham amalga oshirilgan edi. Oʻzbek tilida Qurʼon karimga 6 juzdan iborat tafsir yozib uni “Tafsiri Hilol” deb nomladi. “Al-Jomeʼu lil-usul fiy sharhi ahadisir-Rosul” kitobiga 39 juzdan iborat sharh yozdi. Alloh taolodan ushbu suyukli kishini oʻzining keng rahmati va magʻfirati oʻrab olishini soʻraymiz. Islom ummatiga taqdim etgan ilm va nuri evaziga rozilik va mukofot berishini tilaymiz. U va u kabi amal qilguvchi ulamolar eʼvaziga yaxshi oʻrinbosar berishini Alloh subxanahu va taolodan yolborib soʻraymiz.

“Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz”.

6. Shayx Abubakr Ahmadning taʼziyasi:

«Hammamiz Allohnikimiz! Hammamiz Allohga qaytajakmiz!

Oʻzbekistonning sobiq muftiysi katta ulamo va alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafot etdi. U hamasr ulamolarning buyugi edi. Odamlarning Islomini rivojlantirishda va muhofaza qilishda katta oʻrni bor edi.

U Qurʼoni Karimni oʻzbek tiliga 6 jildlik tafsirini yozgan. Alloh bu ishi uchun uni mukofotlasin. Alloh rahmatiga olsin. Alloh uni magʻfiratiga va rizosiga kiritsin. Alloh azza va jalla jannatul Mavoga kiritsin. Firdavs jannatining oliy maqomidan joy bersin. Oʻziga yaqinlashtirsin va maqomini yuqori qilsin!»

7. Shayx Habib Aliy Jifriy taʼziyasi:

“Hammamiz Allohnikimiz! Hammamiz Allohga qaytajakmiz!”

«Oʻzbekiston ulamolarining ulugʻi, shayximiz alloma Muhammad Sodiq Allohning rahmatiga koʻchdilar. U zot zamondosh ummat ulamolarining kiborlaridan boʻlib, oʻz xalqining islomga mansubligini asrashda juda muhim vazifani bajardilar.

Qurʼoni karimni oʻzbek tilida olti jildli tafsirini yozganlar. Bu kitobdan juda ulkan manfaatlar boʻlib, hatto ayrim qizlar nikoh mahrlari uchun mazkur tafsirni soʻrashadi.

Alloh u zotni yaxshilar rahmati ila rahmat etsin! Jannatning oliy Firdavsidan maskan bersin. Ahllari, talabalari, vatandoshlari va ummat ichidan u zotga solih oʻrinbosar chiqarsin!»

8. Saudiya Arabistoni podshohligini Toshkentdagi elchixonasining taʼziyanomasi:

Bismillahir rohmanir rohim.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining farzandi arjumandi birodarimiz Ismoiljon!

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Shayx Muhammad Sodiq rahimuhullohning vafoti xabarini benihoya gʻam anduh bilan qarshi oldik. U kishi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Islom olamining eng yirik ulamolaridan biri edilar. Yoʻqotganimiz bu ulugʻ zot xotaralarimizda Islom ilmlariga, Islom va musulmonlar xizmati yoʻlida bagʻoyat ulkan hissa qoʻshgan buyuk olim boʻlib qolajakdir.

Sizlarga bu musibatda oʻzimizning chuqur taʼziyamiz, chin hamdardligimizni bildiramiz, Alloh taolodan u kishini magʻfirat qilishi, rahmati bilan qamrashini hamda sizlarga sabru salvon ilhom qilishini soʻrab qolamiz!

“Albatta, barchamiz Allohnikimiz va, albatta, Unga qaytguvchimiz”.

Saudiya Arabistonining Toshkentadgi elchisi Doktor Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Shoyiʼ.

9. Germaniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xyofer-Vissing Naytxart:

“Bunday olim inson bilan tanishib, suhbatlashishga muyassar boʻlganimdan juda baxtiyorman. Shayx janoblari menda juda yaxshi taassurot qoldirgan edilar. Shayxning vafotlari nafaqat siz – oila aʼzolariga, nafaqat oʻzbek xalqiga, balki Germaniyada yashovchi barcha musulmonlar uchun katta musibatdir. Axir aytadilar-ku: «Olimning oʻlimi – olamning oʻlimidir”. U zot faqatgina olim emas, balki buyuk inson edilar. U kishi uchrashuvimizdan soʻng menga bir qancha kitoblarini berib yuborgan edilar. Bu kitoblar endi men uchun butun umrga esdalik boʻlib qoldi».

10. Chikago Oʻzbek Amerika Jamiyati taʼziyanomasi:

«Biz, Chikago oʻzbeklari, zamonamizning va xalqimining buyuk olimi Shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafotlaridan qattiq qaygʻuga tushdik. Hazratimiz umri davomida xalqimiz tinchligi, maʼrifati va tarbiyasi uchun qattiq kurashdilar. Alloh, Hazratning umriga barokat bergani tufayli, u kishi yozgan kitoblar, audio, video va internetda qoldirgan ilmlarini hali beri, oddiy inson oz muncha qismini boʻlsada oʻqib chiqolgani yoʻq. Hazratning dardi ummat edi, u kishining internetda qoldirgan ilmlari, biz uzoqdagi musofirlar uchun juda ham katta maʼrifat berdi. U kishining bunday jon kuydirib xizmat qilishlarining xolisligi sifatida, Alloh u kishini hamma uchun suyukli qilib qoʻydi.

Biz Chikagodagi oʻzbeklar nomidan, Shayxning oilasiga, yaqinlariga va shogirdlariga taʼziya bildiramiz va ularga sabr tilaymiz. Alloh, u kishini jannatning eng oliy darajalariga koʻtarishlarini duo qilib soʻrab qolamiz. Shogirdlariga tilagimiz; u kishi boshlagan yoʻllarini davom ettirib, xalqimiz uchun jonkuyarlikda davom etishlarida Yaratgandan kuch quvvat soʻrab qolamiz».

11. Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Aliy Mardon Fard:

«Buyuk alloma faqatgina bir mintaqa uchun emas, balki butun jahon ahli uchun juda ham eʼzozli, hurmatli edilar. Butun Islom olamining buyuk mutafakkir olimi vafot etganligi munosabati bilan u zotning oila aʼzolariga, yaqinlariga, shogirdlariga va butun Islom ahliga chuqur, samimiy taʼziyamni bildiraman. Shayx hazratimizning butun hayotlari barcha moʻmin-musulmonlar uchun Islom diniga hizmatdan iborat boʻldi. U kishining hayot yoʻllari barcha musulmonlarga har jihatdan ibrat boʻlganligi bois, oʻylaymanki u zotning joylari muqarrar jannatdir. Ayniqsa, hozirgi ixtilofli davrda, baʼzi bir guruhlar Islom dinini oʻzlariga niqob qilib olib, ana shu pok taʼlimotni, sof eʼtiqodni bulgʻashga intilayotgan bir vaqtda bu zotning kishilarni har jihatdan toʻgʻri yoʻlga boshlaganliklari, yozgan kitoblari, bergan bayonotlari bilan xalqning, musulmonlarning hidoyatiga sababchi boʻlganliklari bois ham shayximizning vafotlari gʻam-anduhimizni yuz chandon oshirdi, qalblarimizni larzaga soldi. Lekin, Alloh taoloning irodasi, qismat ekan, buning oldida bandasi ojizdir. U kishining farzandlariga, yaqinlariga, shogirdlariga ushbu boshlangan xayrli, ulugʻ ishlarda Alloh madadkor boʻlishini tilab qolamiz. Shayximizning vafotlari barchamiz uchun juda katta judolikdir, bu ayriliq nafaqat oʻzbek xalqini yoki ushbu mintaqani larzaga soldi, balki bizning yurtimizda ham hasrat va motam kayfiyatini uygʻotdi. Ayniqsa, yurtimiz ulamolari hamda ilm ahli bu xabardan gʻoyatda tashvishga tushib, mahzun boʻldilar. Yurtimizda ham ularni xotirlab marosimlar oʻtkazildi. Islom dini yoʻlida qilgan ishlari zikr etildi.

Bu yerda shayx hazratlarining solih farzandlari, shogirdlari olib borayotgan xayrli ishlarni kuzatyapmiz. Oʻylaymanki, shayximizning boshlagan buyuk ishlarini solih farzandlari, safdoshlari hamda shogidlari ulugʻ ehtimom bilan davom ettiradilar. Shayx hazratlarining vafotlari haqidagi xabarni Eronda eshitdim, afsuski, taʼziyamni oʻz vaqtida bildira olmadim. Ushbu fursat uchun esa sizlardan behad minnatdorman va barchalaringizga taʼziya bildiraman. Tashakkur».

12. Musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi Kotibiyat aʼzosining taʼziyanomasi:

«Bismillahir Rohmanir Rohim

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh! Fazilatli Ustoz Odinaxon Muhammad Sodiq.

Otangiz, alloma, Shayx Muhmmad Sodiq rahmatullohi alayhning vafotlarini eshitib, juda ham qattiq qaygʻu va alamda qoldim. Ushbu ogʻriqli munosabat bilan Sizga, barcha oila aʼzolaringizga, Shayxning talabalariga va butun oʻzbek xalqiga chuqur taʼziya bildiraman.

Ulugʻ olim Shayx Muhammad Sodiqni Alloh rahmatiga olsin va joylarini jannatda qilsin! “Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, Unga qaytguvchimiz”.

Dugonangiz Naziha Maʼorij.

USTOZI KULL, SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUF RAHMATULLOHI ALAYH HAZRATLARIGA MARSIYA

Jigarlar boʻldi xun, koʻz qonga toʻldi dardu xasratdan

Koʻngillar pora-pora, dil uyi vayrona gʻurbatdan

Bukildi qad, egildi bosh, vujud ham tondi quvvatdan

Kiyib motam toʻnin behush turar olam musibatdan

Nechukkim, ayrilibdir ushbu kun ul Shayx Hazratdan.

Azizim, Hazratim, Siz birla tik boʻlgandi el boshi.

Sevardi sizni birdek er-ayolu qariyu yoshi,

Firoqingizda bu kun sindi millat sabru bardoshi,

Bilolmam, tobakay yigʻlaydi el, tingay qachon yoshi,

Tuzalmas to abad dillar bugun yetgan jarohatdan.

Azalda Haq inoyat suvi birlan qordi loyingiz,

Ilm boʻstoni boʻlmish ungan, ulgʻayganki joyingiz,

Ilm yoʻlida tolmay, haqda sobit boʻldi poyingiz,

Butun millat gʻamida oʻtdi har kun, hafta, oyingiz,

Chekinmay bir qadam, bir dam, oʻtib ming tur mashaqqatdan.

Ishingiz kecha-kunduz boʻldi tutmoqlik qalam-qogʻoz,

Uqib dunyoyu dinni, qoʻsh qanot-la qildingiz parvoz,

Nihoyat bildi ummat Sizni beshak eng ulugʻ ustoz,

Hama ilm ahli uzra toj misoli boʻldingiz mumtoz,

Bilimli boʻldi xalqim Siz sabab Qurʼonu Sunnatdan.

Hama umr ichra oʻtdingiz ilm-taqvo shior aylab,

Yuvib qoʻl dunyadan ham johu mansablardan or aylab,

Hasad, bugʻzu adovat ahlin oʻz oʻtida xor aylab,

Poyingiz oʻpti dunyo, boqmadingiz xor-zor aylab,

Kuyib kul boʻldi shayton zumrasi bu shonu shavkatdan.

Munavvar boʻldi dunyo porlagan chogʻi “Hilol”ingiz.

Hadislar jonlanib, shu koʻyi yurganda maqolingiz.

Kifoya boʻldi fiqh, oshkora boʻlgach ilmi qolingiz.

Yana poklandi ruhlar, zohir oʻlgach elga holingiz.

Nurafshon boʻldi har yon, chiqdi ummat zulmu zulmatdan.

Muhammadga ajab sodiq Muhammad Sodiq erdingiz,

Muhammad dinida hoziq Muhammad Sodiq erdingiz,

Muhammad ilmida sobiq Muhammad Sodiq erdingiz,

Muhammad soʻziga notiq Muhammad Sodiq erdingiz,

Boʻlib meros ismu jismingiz Hazrat Muhammaddan.

Agar vasfingiz aytsam, hech tuganmas, boʻlgusi doston,

Quyoshni maqtamoq ne, Oyga ne hojatki shaʼnu shon?

Desam bir soʻzla – beshak, xulqingizdir Sunnatu Qurʼon,

Kamolot vasfi bori sizda jamlanmishdi bearmon.

Topolmay soʻz tilim lol-u, qalam ojiz kitobatdan.

Hayotingiz Rasulning siyratidan nusxa olmishdir,

Vafotingiz ham ul zotning vafotin esga solmishdir,

Ajab ermas, Nabiy Sizni bugun yoniga olmishdir,

Bashoratlar boʻlib bu borada, shaklar yoʻqolmishdir,

Hayotingiz, mamotingiz-da chiqmay rohi sunnatdan.

Ilohiy, Hazrat Ustozimni Oʻz vaslinga mahram qil,

Nabiylar, siddiq-u abror-u, solihlarga hamdam qil,

Bu foniyda ne zahmat tortgan ersa, unda malham qil,

Hama shogirdu moʻminlarni haq yoʻlingda bardam qil,

Oʻzing yor oʻl, Oʻzing qoʻlla, Oʻzing ber oliy himmatdan.

Azizlar, gar musibat behad ogʻir boʻldi, sabr aylang,

Egamning xohishidir, yoʻq rizodan oʻzga ish, anglang.

Nasibang bor ekan, shukr et, Hasan, koʻnglingni qilmay tang.

Dedi chun piri tarix ayriliq yetganda hangu mang:

“Birov «ogah”, birov gʻaflatda qolmish Shayx Hazratdan».

Izoh: “Hazratdan” soʻzi abjad hisobi boʻyicha 1462 ga, “Ogah” soʻzi esa 26 ga teng. “Hazratdan” soʻzidan “ogah”ni isqot qilinsa, yaʼni 1462 dan 26 oltini ayirsa, 1436 chiqadi. Bu hijriy hisobda shayx hazratlari rahmatullohi alayhning vafot yillaridir.

Allohim! Ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini Oʻz rahmatingga ol! Diningga qilgan xizmatlarini va barcha ezgu amallarini oʻzlariga hamroh qil, ajru savoblarini koʻpaytirib ber! U kishi yoqqan nurafshon mashʼalani to qiyomatga qadar soʻndirma! U kishining izdoshlari ichidan ishlarini davom ettiradiganlarni chiqar, ularni ham Oʻzing qoʻlla! Hammalarimizga musibatimizda sabru salvon ato et va xayri xalaf ber! Rasulingning merosxoʻri boʻlgan bir olim bandang bilan bu dunyoda birga boʻlish baxtini nasib etding, oxiratda ham jannatingda bizni birga qil! Soʻnggi duoimiz –Olamlar Robbi Allohga hamd boʻlsin!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan keyin:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat sermahsul ijod qilib, kishilarni toʻgʻri yoʻlga boshladi, balki barcha ilm ahlini, hamma musulmonlarni toʻgʻri yoʻlga yoʻllab, unda oʻzi namuna koʻrsatib, ana shu sof islomiy hidoyatda bir qancha shogirdlar ham qoldirdi hamda ilmiy ijodkorlik, kitob nashri, xalqaro tarmoqlarda diniy taʼlim-tarbiya ishlarini olib borish kabi bir muncha xayrli faoliyatlarni ham izga solib ketdi.

Alloh Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni Oʻzining huzuridagi eng oliy maqomlarga yetkazsin!

Manba islom.uz
. .