ILM FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 26.04.2024
67

Parvardigorimiz Alloh taologa hamdu sanolar aytamiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamga, u zotning ahliga, sahobalariga va ularga qiyomatgacha go‘zal suratda ergashganlarga salovot va salomlar yo‘llaymiz.

Alloh taoloning Qur’oni karimda kelgan quyidagi so‘zlari ilmning fazilatli ekaniga ochiq dalildir:

“Alloh, farishtalar va ilm ahllari – adolat bilan hukm qiluvchi yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning o‘zi borligiga guvohlik berdilar”
(Oli Imron surasi, 18-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo avval o‘zini, keyin farishtalarni, so‘ngra ilm ahlini zikr etdi. Mana shuning o‘zi ilmning sharafli, fazilatli va ulug‘ ekanini anglashga kifoya qiladi.

Habibimiz Rasululloh sollollohu alayhi va sallam hadislaridan birida shunday marhamat qiladilar: “Olim bo‘lgin yoki ilm o‘rganuvchi yo ilmga quloq soluvchi bo‘lgin yoki bu toifa insonlarga muhabbatli bo‘l. Aslo beshinchi toifa bo‘lma, halok bo‘lasan”, deya marhamat etib, ilm va ilm ahllarini sevuvchi, hurmat qiluvchi bo‘lishga da’vat etganlar.

Yana bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kim Islomni tiriltirish uchun ilm o‘rganayotganida vafot etsa, jannatda u bilan Payg‘ambarlar orasida bir daraja qoladi” dedilar.Bu hadislarda ilmni fazilatlari qanchalik darajada ulug‘ligi va uni talab qilgan kishi Islomda qadri balandligi va ilm talab qilish ulug‘ daraja ekanini ko‘rsatadi.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Payg‘ambarlarimizdan biri bolganSulaymon (a.s) Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida, u kishiilmni tanlaydi. Va shunda ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlikni ham qo‘shib beriladi.

Yana ba’zi bir hakim zotlar ilm fazilati haqida quyidagi so‘zlarni aytishgan

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim.

Abdulloh ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman.

Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganimchalik boshqa hech kimga achinmaganman: ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga, ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga.

Tobeinlardan Ato ibn Abu Raboh aytadilar: “Bir ilm majlisi lahv-behuda majlislardan yetmishtasiga kafforat bo‘ladi.

Imom Shofi’iy rahmatullohi alayh aytadilar: Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq.

Ibn Abdul Hakam rahmatullohi alayh aytadilar: Men Imom Molik huzurlarida ilm o‘qirdim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz, agar niyating durust bo‘lsa, hozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir, dedilar.

Fath Musaliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Kasalga suv va taom berilmasa, o‘ladimi?” deb so‘radilar. Аtrofdagilar: “Ha, o‘ladi”, deyishdi. Aytdilar: “Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi”. Dedilar. Zero, jasadning ozig‘i taom bo‘lganidek, qalbning ozig‘i va hayot manbai ilmu-hikmatdir. Kim ilmni boy bergan bo‘lsa, uning qalbi kasaldir, u qalb o‘limga mahkum, lekin o‘zi sezmaydi.

Yuqorida zikr qilingan oyat, hadislar va hakim zotlarni ilmni fazilati borasida aytgan gaplaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz hadislarida olim bo‘lishga yoki ilm o‘rganuvchi yoki ilmga quloq soluvchi bo‘lishga yoki bu toifa insonlarga muhabbatli bo‘lishga, targ‘ib qilganlar va keyingi hadisda ilm talab qilguvchining darajasi payg‘ambarlar bilan orasida bir daraja qolishi aytilgan bu ilmni fazilatlari qanchalik darajada ulug‘ligi va uni talab qilgan kishi Islomda qadri balandligi va ilm talab qilish ulug‘ daraja ekanini bilib olishimiz mumkin. Mana qarang azizlar, Ilmning fazli nechog‘lik baland ekan. Inson har ne bilan umrini o‘tkazsada, bu darajani topa olmaydi. Shuning uchun barchamiz ilmga jiddu jahd bilan harakat qilmog‘imiz lozimdir.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Artiqov Zafarbek

. .