ILM FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 17.04.2024
55

Oʻz bandalariga har bir ishda ilmni shart qilgan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin.

Oʻz ummatlarini ilmga targʻib qilgan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga mukammal va batamom salavotu salomlar boʻlsin.

Ilm insonni bezaydi. Islom dini ilmga katta eʼtibor bergan. Chunki ilim boʻlmasa, namoz, roʻza, zakot, haj va boshqa amallarni oʻrganish ado etish ham mumkin emas.

“Ilm” soʻzi lugʻatda bir narsani voqealikdagi idrok etishni bildiradi. Islom dinichalik ilmni ulugʻlangan din, tuzum yoki falsafa yoʻq. Har har bir shaxsga ilm talab qilish faqat islomda bor xolos. Qurʼoni Karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomga qoʻyilgan.

Alloh taolo: “Albatta Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qoʻrqarlar”. degan (Fotir surasi 28-oyat)

Islom ilm dini ekanini faqat johillargina inkor qilishlari mumkin. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallollohi alayhi vasallamning “Kim ilm talab qilish yoʻlida yursa Alloh unga jannatning yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʻyadilar. Albatta olimga osmondagi zotlar yerdagi zotlar hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadilar. Olimlarning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta olimlar anbiyolarning merosxoʻrlaridirlar. Albatta anbiyolar dinorni ham dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta ular ilmni meros qoldirganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi deganlarini eshitdim degan ekanlar.

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan. Lafz Termiziyniki.

Alloh taolo bu dunyoni islom nuri ila munavvar etishni iroda qilgan paytda dunyo ilmsizlik zulmatida yotar edi. Juda oz sonli insonlargina baʼzi bir sodda jumlalarni yozishni bilan edilar xolos. Bu gaplarga ishonagisi kelmayotganlar boʻlsa yettinchi milodiy asr tarixini oʻrganib chiqsin

Beshikdan qabrgacha har bir erkak va ayolga ilm farzligini bilgan musulmon diyorlaring barchasida oʻquv yurtlari tolibi ilmlarini tekin taom, kitob, kiyim-kechak va yotoqxona bilan taʼminlash oddiy hol boʻlgan. Ularni mablagʻ bilan taʼminlashni hukumatlar yakka shaxslar va vaqflar oʻz zimmasiga olganlar. Madrasadagi darslardan qoniqmagan oʻtkir zehinli talabalarning ota-onalari oʻz farzandlariga qoʻshimcha darslar tashkil qilganlar. Misol uchun Abu Ali Ibn Sinolar. Ibn Sino yoshi oʻngga yetmay turib Qurʼoni Karimni va boshqa bir qancha diniy kitoblarni yod olib boʻladi. Soʻngra madrasadagi darslar ozlik qila boshlab, qo‘shimcha ravishda boshqa ustozlardan qonun boʻyicha dars oladi. Hisob ilmini esa bir koʻmifurishdan oʻrganadi. Soʻngra otasi unga taʼlim olishi uchun Abu Abdulloh ismli ustozni keltiradi. Undan falsafani oʻrganadi. Ibn Sino undan bir oz dars olgandan soʻng ustozidan oʻzib ketadi. Keyin mantiq ilmini oʻrganishga kirishadi. Joʻgʻrofiyaga oʻtganda esa ustozi endi kitobni oʻzing oʻqiyver, hatoning boʻlsa men toʻgʻirlab qoʻyaman deydi. Abu Abdulloh Buxoroni tark etgandan keyin Iyso ibn Yahyo degan ustozdan tibbiy ilmlarni va tipni oʻrgana boshlaydi.

Tib sohasidagi qiyin kitoblarni mutolaa qilganiga qaramay Ibn Sino Tib oson ekan, qisqa muddatda oʻrganib oldim degan ekan. Oʻsha vaqtda u 16 yoshda edi. Soʻng bir yarim yil mobaynida safarlarda yurib mantiq va falsafaning turli qismlarni oʻrganadi. Orada Buxoro hokimini davolab uning qasridagi kutubxona va shifoxonada oʻqib taʼlimini nihoyasiga yetkazadi. Oʻshanda uning yoshi 18 da edi.

Musulmonlarning ilm istab qilgan saʼy-harakatlari tufayli dunyoda birinchi toʻlaqonli dorulfununlarga asos solindi. Shu oʻrinda Magʻribning Fos shahridagi “Qaraviyyun”, Tunisdagi “Zaytuna” va Qohiradagi “Al-Azhar” dorulfununlarining 1000 yillik bayramlari oʻtkazilganini eslasa ortiqcha izohga hojat qolmaydi.

Agar Yevropaliklar oʻzlarining eng qadimgi dorulfununlarining ming yilligini oʻtkazmoqchi boʻlsa yana uch yuz yil kutishlari kerak.

Alloh barchamizga ilm yoʻlida yurib olimlardan boʻlishimizni nasib qilsin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Rahmonov Abduqayum
. .