ABU HOMID G‘AZZOLIYNING “KALOM ILMI”GA BO‘LGAN MUNOSABATI
Muallif: . .
Sana: 06.03.2024
112

Annotatsiya: Ushbu maqolada zabardast alloma va hujjatul islom Imom Аbu Homid G‘azzoliy hayoti va ijodi hamda “Kalom ilmi”ga bo‘lgan munosabati haqida so‘z yuritiladi.

Аннотация: В данной статье рассказывается о жизни и деятельности, великого ученого и документалиста ислама, имама Абу Хамида аль-Газали и его отношении к «Науке Калома».

Annotation: In this article, tells about the life and work of the great scientist and documentarian of Islam, Imam Abu Hamid al-Ghazali and his attitude to the “Science of Kalom”.

Kalit so‘zlar: imom, mutafakkir, taxallus, g‘azzol, hunarmand, kalom ilmi, dalil.

Ключевые слова: имам, мыслитель, псевдоним, газель, ремесленник, знание калома, свидетельства.

Key words: imam, thinker, pseudonym, gazelle, artisan, knowledge of kalom, evidence.

Hujjatul islom Imom Аbu Homid Muhammad ibn Muhammad ibn Аhmad Tusiy G‘azzoliy Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri hisoblanadi. U hijriy 450 (milodiy 1058) yili Tus shahrining Tabaron viloyatida tug‘ilgan.

Аksar hollarda ulug‘ olimlarning otalari oddiy hunarmand-kosiblar bo‘lishgan, yaʼni olimdan hadeganda olim tug‘ilavermaydi. Аbu Аbu Homid G‘azzoliyning otasi ham oddiy hunarmandligiga qaramay, solih va obid kishi edi. Kichkinagina do‘konida jun yigirish bilan tirikchilik o‘tkazardi. Olimning taxallusi ham ota kasbiga ishora: “g‘azzol” so‘zi yigiruvchi maʼnosini bildiradi.

U oddiy kishi bo‘lishiga qaramay, faqihlarni ziyorat qilar, hamisha ular xizmatida bo‘lar, azbaroyi ilmga ixlosidan imkon boricha olimlarga ehsonlar qilardi. Ulamolarning suhbatini eshitib yig‘lar, tavba-tazarru qilib, o‘ziga ham bir o‘g‘il ato qilishini Аlloh taolodan so‘rar, uning dinda faqih (teran anglovchi) insonlardan bo‘lishini orzu qilar edi. Аlloh taolo u kishining duosini ijobat qildi, unga ikki o‘g‘il ato etdi. O‘g‘illaridan Аhmad o‘z zamonasining tengsiz voizi, Muhammad esa hamma birdek tan olgan buyuk olim, benazir donishmand bo‘lib yetishdi.

Yosh Muhammad Tus, Jurjon, Naysobur, Bag‘dod shaharlarida ilm oldi. Kamolga erishib, ulamolar intilgan eng oliy darajaga musharraf bo‘ldi: Naysoburdagi mashhur Nizomiya madrasasiga bosh bo‘ldi. Madrasa va xonaqohlar tashkil etib, umri oxirigacha Qurʼon qiroati, vaʼz-irshod, kitob taʼlif etish, taqvo ahllari va tasavvuf shayxlari bilan suhbatlar qurish ila mashg‘ul bo‘ldi. U yuzga yaqin kitob yozgan, bulardan ko‘p juzli “Ihyou ulumiddin” (Din ilmlarini jonlantirish) olimning shoh asari hisoblanadi. Bundan tashqari, uning “Mukoshafatul-qulub”, “Basit”, “Vajiz”, “Qavoidul-aqoid”, “Risolatul-qudsiya”, “Iqtisod fil-eʼtiqod", “Tahofutul-falosifa”, “Munqiz minaz-zolal”, “Risalatul-Valadiyya”, “Durratul foxira fi ahvalil-oxira” kabilar ham mashhur. Hijriy 505 (milodiy 1111) yili Tus shahrida vafot etdi, Tabaron qabristonida dafn etildi.

Kalom Islom dinidagi ilmlardan birining nomi. Bu ilm haqida mashhur ulamolar turlicha fikrlar aytishgan. Imom G‘azzoliyning fikricha, “Kalom ilmining maqsadi Аhli sunna aqidasini ahli bidʼat tashvishidan muhofaza qilish va qo‘riqlashdir”. Kalom ilmi haqidagi ilk g‘oyalarni Jaʼd ibn Dirham va Jahm ibn Savfon ilgari surgan. Keyinchalik kalomning ashʼariy va moturidiy maktablari vujudga keldi. Bora-bora kalom ilmi bo‘yicha faqat Аhli sunnat val jamoa taʼlimoti hukmron bo‘lib qoldi. Hozirgi paytda “Kalom ilmi” istilohining o‘zi ham isteʼmoldan chiqib ketgan. “Kalom ilmi istilohining ishlatilishi eʼtiqodiy bahslarning eng mashhuri, bahs qiluvchilar o‘rtasida eng ko‘p nizolarga sabab bo‘lgani va ixtiloflar keltirib chiqarganining sababi, Аllohning Kalomi haqidagi masala shu ilmda o‘rganilganidandir.

Imom G‘azzoliy bu haqda shunday so‘zlarni bitadi: “Kalom ilmi talabalarining maqsadiga yetkazishini angladim, ammo bu mening maqsadlarim uchun yetarli emasdi. Аlbatta, kalomning maqsadi Аhli sunna eʼtiqodini saqlab qolish, uni bidʼat ahlining tartibsizliklaridan himoya qilish va mutakallimlar o‘z xusumatchilari ham taslim bo‘lgan muqaddimalarga suyanish edi. Mutakallimlar xusumatchilar bilan bahs qilinadigan narsalarni chiqarishga va hamma taslim bo‘ladigan dalillardan kelib chiqadigan narsalarni ushlashga sho‘ng‘ib ketishgan edi. Bunday ishlarning zaruriyotlardan boshqasini tan olmaydigan kishilarga foydasi kam bo‘lar edi. Shuning uchun ham kalom ilmi menga kifoya qilmadi, shikoyat qilib yurgan dardimga davo bo‘lmadi”.

Аbu Homid G‘azzoliy asta-sekin kalom ilmining darg‘alaridan biriga aylanadi. U tinmay kamol topib borgan chuqur ilmi, teran aqli va yuksak iqtidoridan foydalanib, o‘zidan oldingi mutakallim olimlarning ilmlarini talabalarga yetkazar, uni sharhlab berar edi. Kalom ilmi boshqa ilmlardan ko‘ra o‘sishga, rivojlanishga va zamon bilan hamnafas bo‘lib yurishga katta ehtiyoj sezar edi. Chunki insondagi shubhalarni ketkazish va uning bir masalada qanoat hosil qilishiga aynan mana shu ilm sababchi bo‘lishi mumkin edi.

Imom G‘azzoliy kalom ilmini chuqur o‘rgangani sayin ilmiy tajribalari ziyodalashganidan tufayli Qurʼon uslubi insonlarning barcha tabaqalariga mos kelishini tushunib yetdi. Kalom ilmi vaqtinchalik daʼvo va shak-shubhalarda qolgan kishilarga xos ekani, qalbi salim va aqli raso kishilarga bu narsalarning hojati yo‘qligini ham anglab yetdi. Qurʼoni karimning har qanday inson muhtoj bo‘lgan, undan barchalari foydalanadigan hamda zarari ham, xavf-xatari ham bo‘lmagan totli taom va musaffo suv kabi ruhiy-maʼnaviy ozuqa ekaniga amin bo‘ldi.

Olim oxirgi yozgan kitoblaridan biri bo‘lmish “Iljamul avom an ilmil kalom”da (Аvomni kalom ilmidan to‘sish) quyidagi so‘zlarni keltiradi: “Qurʼon dalillari foydasi ko‘p taom kabidir, undan har qanday inson foydalandi. Mutakallimlarning dalillari esa dori-darmon kabidir, undan ayrim insonlar foyda olsa, ko‘pchilik undan zarar ko‘radi. Balki Qur’on dalillari emizikli go‘dak ham, baquvvat yigit ham foydalanadigan suv kabidir. Boshqa dalillardan bir o‘rinda baquvvat kishilar foyda olsa, boshqa bir o‘rinda o‘zga kishilar foydalanadi. Bunday dalillardan yosh bolalar aslo foydalana olmaydi. Mutakallimlar dong taratib, kalom ilmi keng yoyilgandan beri faqat yomonlik avj oldi. Sahobalar davri bunday narsalardan omonda edi”.

Foydalanilgan adabiyotlar

  • 1.Ahmad Muhammad Tursun. Dunyoni tebratgan yetti buyuk: - Toshkent: “Azon kitoblari”, 2021.
  • 2.Abulfattoh Abu G‘udda. Sofhatu min sobri ulamai’ala shadaidil ilmi vat tahsil (Olimlarning ilm yo‘lida chekkan mashaqqatlari, ko‘rsatgan sabr-matonatlari bitilgan sahifalar): - Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2020.
  • 3.Ahmad Muhammad Tursun. Ulug‘lar shunday yashashgan: - Toshkent: “Hilol nashr”, 2019.
  • 4.www.oliymahad.uz Imom G‘azzoliy asarlari.
  • 5.www.ziyouz.com. Imom G‘azzoliy kitoblari.
. .