ILMNING FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 13.02.2024
65

Alloh taologa hamd-u sano, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi va sallamga durud-u salomlar va u zotga ergashgan barcha mo‘minlarga Allohning rahmati bo‘lsin! Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat qaratgan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir.

Islom – ilm dinidir. Insoniyatga qiyomatgacha dasturul amal bo‘lgan Qur’oni Karimning ilk oyatlari ham bu so‘zimizga yaqqol dalil bo‘ladi.

Muqaddas dinimizda ilmning va ulamolarning o‘rni beqiyosdir. Dunyoning muvozanatda turishligi ham Allohni sevib u zotni o‘zini qalbiga joylagan, taqvodor ulamolarga bog‘liqdir, chunki olimlar buzilsa olam buziladi.

Alloh Taolo marhamat qiladi-ki:

وَعَلَّمَ آدَمَ الأَسْمَاء كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمْ عَلَى الْمَلاَئِكَةِ فَقَالَ أَنبِئُونِي بِأَسْمَاء هَؤُلاء إِن كُنتُمْ صَادِقِينَ

Bu oyatning istefodasidan shu ma’no olinadi-ki Odam alayhissalom faqatgina narsalarning nomini sanadilar xolos. Alloh Taolo shuni katta ilm deb baholamoqda.

Demak, bir kishi fiqhiy masalani o‘rganib uni biror kishiga o‘rgatishida yoki bir taom qanday tayyorlanishini o‘rganishda yoxud farzandiga qalamni qanday ushlashni ta’lim berishligida juda katta ajr bordir.

Alloh taolo aytadi:

Alloh taolo, farishtalari va ilm egalari, Allohdan o‘zga Iloh yo‘qligiga guvohlik beradilar.

E’tibor bering, Alloh taolo O‘zi bilan boshlab, farishtarini so‘ngra ilm egalarini bir safda zikr qildi. Bundan ortiq sharaf, fazl va yutuq bo‘lishi mumkinmi?!

Mujodala surasida keladi:

“Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm sohiblarini baland darajalarga ko‘tardi.”

Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada aytganlarki:

“Ulamolar va oddiy mo‘minlar orasida yetti yuz daraja bo‘ladi. Har bir darajaning orasida besh yuz yillik masofa bor.”

Zumar surasida Alloh taolo marhamat qiladi:

Ayting, bilganlar bilan bilmaganlar teng bolurmi?!

Yana bir oyatda:

Alloh taolodan bandalari ichida, faqat, ulamolarigina qo‘rqadi.

Naml surasida Sulaymon alayhis salomning qissasida jinlarning eng kuchlisi ilm egalari ekanligi zikr qilinadi:

Kitobdan ilmi bo‘lgani, men uni senga olib kelaman, dedi.”

Bu yerda ilmning quvvatiga ishora bor.

Ankabut surasining 43-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Ushbu masallarni insonlarga keltiramiz, lekin, ilm egalarigina uni anglarlar.”

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislarida ham ilm borasida ko‘p hadislar vorid bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar:

“Albatta Alloh va uning farishtalari va yer va samo ahli hattoki inidagi chumolilar ham va hattoki baliq ham insonlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salovat aytadilar.”

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam yana marhamat qilib aytdilar-ki:

“Garchi xitoydan bo‘lsa ham ilm o‘rganinglar.”

Insoniyat tarixiga nazar solsakolamshumul yangiliklarning aksari Qur’on Karimni yaxshi o‘zlashtirgan musulmon ulamolar tomonidan kashf etilganini ko‘ramiz. Bu ham bejiz emas albatta, chunki Qur’oni Karim bizlarni saodatga eltguvchi osmondan yerga tortilgan Allohning arqonidir.

Qur’oni Karimda 800 dan ortiq o‘rinda ilm haqida bayon qilingan. Ilm-ma’rifat yuksak ta’riflangan. Ilmning xosiyati haqida ko‘plab hadislar bor. “Eng yaxshi ibodat ilm olmoqdir” deyiladi hadisi sharifda.

Demakki, ilm olmoq ibodat darajasida ulug‘langan. Har bir mo‘min kishi u kim bo‘lishidan qat’i nazar, professormi, tadbirkormi, dehqonmi yuragining bir burchida “Menga ham jannat nasib bo‘larmikan?” degan o‘y bilan yashaydi. Hadislardan birida “Hamma narsaning bir yo‘li bor. Jannatga yo‘l ilm olish bilan egallanadi” deyiladi. Garchi hayotning turli jabhalarida faoliyat yuritsa-da, ilmga tashnaligi, kitobga mehri bo‘lgan odam, albatta, solih kishidir.

Ilm dunyoda azizlik, oxiratda sharafdir. Ilmga ana shunday ta’rif berilgan. Demak, kimga dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga oxirat kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga ikki dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin. Zanjiy ibn Xolid r.a aytadi: “Bolalik paytimizda Shihob az-Zuhriy r.a ning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedilar”. Ilmning darajasi ana shunday ulug‘dir.

Ilm dinimizda ulkan darajalarga, maqomlarga ko‘tarilgan ulug‘ bir xislat, g‘o‘zal bir amal hisoblanadi. Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi. Ilmning ulug‘ligi shu darajadaki, kimda kim ilm talab qilish yo‘lida yursa u jannat yo‘lida yurgan deb e’tibor qilinadi. Agar vafot etadigan bo‘lsa, ko‘zini jannatda ochadi. Bu haqda hadisi shariflar vorid bo‘lgan.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Iroda Haqnazarova

. .