ILMNING FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 05.02.2024
110

Alloh taologa hamd sano, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamga durud salomlar va u zotga ergashgan barcha mo‘minlarga Allohning rahmati bo‘lsin! Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat bergan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir.

Ilm bu – nurdir. U bilan inson jannat tomon eltuvchi yo‘lini yoritadi. Ilm qanchalik kuchli bo‘lsa u shunchalik kengroq yerni yoritadi. Dunyodagi barcha narsa vaqt o‘tib, ishlatilib, kamayishi aniq, lekin, ilm qancha ishlatilmasin ortsa ortadiki hech qachon kamaymaydi.

Ilm olish inson uchun naqadar bebaho ne’mat hisoblanadi. Nafaqat ilm olish balki uni tarqatish ham saodatli amallardan biridir. Shu bois, Alloh taolo Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning ba’zi sahobalariga ilm olib, uni tarqatishniIslom dini yo‘lida jihodga chiqishdan ham afzal ko‘rib quyidagi oyati karimani nozil qildi: “Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o‘rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!” (Tavba surasi, 122oyat).

Boshqa bir oyatda aytiladi: “Agar bilmasangiz, ahli ilmlardan so‘rangiz” (Nahl surasi, 43-oyat).

Albatta, ahli ilmlar, shariat ahkomlarini puxta egallagan ulamolarimiz biz bilmagan savollarga javob topib, bizdagi johillik zulmatini ilm nuri ila yoritib beradilar.

Barchamizga hadislardan ma’lumki, ilm olish har bir musulmon erkak ayolga birdek farzdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ilm olish fazilatini shunday bayon qiladilar:

“Alloh taolo insonlarga bergan ilmini ulardan qaytarib olmaydi. Lekin ilm olimlarning ketishi bilan yo‘qoladi. Har bir olim qaytsa (vafot qilsa), u bilan birga undagi ilm ham ketadi. Hattoki diniy maqomlar nodon, johil rahbarlar qo‘lida qoladi. Ulardan fatvo so‘ralsa, johilona fatvo beradilar, o‘zlari ham adashadilar, boshqalarni ham adashtiradilar”.

Yuqoridagi hadisdan biz, ilm o‘z sohibini tark etmasligini va shu bilan bir qatorda agar Alloh taolo bandalaridan ilmni ko’tarib qo‘yishni iroda etsa, avvalo, ilm sohiblarini ya’ni olimlarni ketkazish bilan o‘sha qavmdan ilmni ko‘tarib qo‘yishligini tushunib olishimiz mumkin bo‘ladi. Bu ham yetmagandek johil insonlar diniy maqomlarni egallab, o‘zlari xoxlagancha fatvo va buyruqlar berib, o‘zlarini ham boshqalarni ham yo‘ldan ozdirishlari ma’lum qilinmoqda.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham o‘z hadis shariflarida ilmning fazli va ajri haqida ko‘p bora ta’kidlaganlar. Jumladan quyidagi hadisi sharifda:

روى الترمذي من حديث أبي الدرداء قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم

يقول : "من سلك طريقا يلتمس فيه علما سلك الله به طريقا إلى الجنة وإن الملائكة

لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم وإن العالم ليستغفر له من في السموات ومن في الأرض

والحيتان في جوف الماء وإن فضل العالم على العابد كفضل القمر ليلة البدر

على سائر الكواكب وإن العلماء ورثة الأنبياء وإن الأنبياء لم يورثوا دينارا

ولا درهما إنما ورثوا العلم فمن أخذ به أخذ بحظ وافر"

Abu Dardo roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer – osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi” – dedilar.

Ilm, agar Alloh uchun xolis o‘rganilsa, egasini jannatga olib borishi haqida hikmatlardan bahramand bo‘ldik. Ilm egalarining oqibatlari xayrli bo‘lishi ham tabiiydir.— Abu Hurayra (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi”, dedilar. Ilmga da’vat qilish uchun bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Har bir insonning oliy maqsadi – jannat. Jannatga erishish uchun u har narsa, har qanday qiyinchiliklarga tayyor. Ilm talab qilish esa, hadisda aytilishicha, jannatning yo‘liga tushishdir. Ilm yo‘li bilan borgan odam oxiri jannatning eshigi oldidan chiqadi. Shuning uchun ilohiy ta’limotda kelgan ilmdan murod barcha foydali ilmlar bo‘lib, bunday ilm egalariga qilingan va’dalarga imon va ixlos bilan uringan mo‘min-musulmonlar erishadi. Bu qoidani ushbu hadisga ishlatadigan bo‘lsak, mo‘min-musulmon kishi o‘zi uchun foydali ilmga “Bu menga Allohning amri, dinning talabi”, deya urinsa, u jannatning yo‘liga tushgan bo‘ladi.

Alloh taolo unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi. Islomda ilm talab qilish har bir musulmon uchun beshikdan qabrgacha farz qilingan. Bu ma’noni kengroq tushunishga harakat qilaylik. Farz Allohning qat’iy amri bo‘lib, uni bajarish har bir mo‘min uchun majburiydir. Farz amalni bajarmagan inson katta gunoh ish qilgan bo‘ladi, oxiratda azobga uchraydi. Dono xalqimiz yoshlarni go‘yoki niholga o‘xshatishi ham bejiz emas. Chunki yosh niholni qanday parvarish qilinib, e’tibor berilsa ko‘zlangan maqsadni hosil qiladi. Shunday ekan, jamiyatimizning gavhari – yoshlarimizni bilimli, komil inson bo‘lib yetishlari uchun o‘z xissamizni qo‘shaylik. Bu sharafli ishlarda Alloh taolo barchalarimizga yoru madadkor bo‘lsin.

Mir Arab oliy madrasasining 2-boshqich talabasi
O‘g‘iloy Sayfullayeva

. .