ILM TALABIDA SAFAR QILISH AHAMIYATI
Muallif: . .
Sana: 03.02.2024
108

Ilm bilan insonni hammadan ortiq qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin!!!

Bashariyatning komilrog‘i, Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamga va ahli baytlariga, as’hobi kiromlariga hamda, ularga ergashgan insonlarga Allohning salomlari, rahmat-u barokatlari yor bo‘lsin!

Alloh azza va jalla Qur’oni Karimda marhamat qiladi:

يَرْفَعِ ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مِنكُمْ وَٱلَّذِينَ أُوتُوا۟ ٱلْعِلْمَ دَرَجَٰتٍ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

“Alloh imon keltirib ilm berilgan zotlarning martaba-darajasini ko’taradi. Alloh qilayotgan barcha ishingizdan xabardordir”.

(Mujodala surasi, 11-oyat) Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida marhamat qilib dedilar:

إنما العلم بالتعلم

“Albatta ilm – ta’lim olish bilan bo‘ladi” Ilm o‘rganish dinimiz islomning shiori bo‘lib, insoniyatning eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilish vositasidir. Islom ilm talab qilishga undaydi, ulamolarning zikrini ulug‘laydi va ilmga intilishni ibodat deb biladi. Ilm talabida safar qilish - bilim olishning eng muhim sabablaridan biri sanaladi.

Bilim olish fazilat, shon-sharafdir. Hayotini shunga sarflagan kishi hech qachon yutqazmaydi, uning ilmi umri bo‘yi qilgan infoq-ehsonidan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. Salaf allomalar uning fazilati va sharafini yaxshi bilganlar. Shuning uchun ular hamma narsani ilm olishga sarflaganlar. Shu yo‘lda yozning issig‘i-yu qishning sovug‘iga, ocharchilig-u chanqoqlikka ham rozi bo‘lganlar. Ular bu ishning qadr-qimmatini yaxshi bilganlari sababli oylar va yillar davomida oila va farzandlaridan yiroqlarda yurganlar. Birgina hadis yoki biror sohada yetuk ustozni topish, yo bir masalani hal qilish uchun minglab farsax yo‘l yurib, safar va musofirlik mashaqqatini chekkanlar.

Alloh taolo ilmli bandalarining darajasini va olimlarning fazilati haqida “...Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” deydi. Inson hayotida ilm nechog‘li katta o‘rin tutishini mazkur oyat ham ifodalaydi. Chunki har qanday xalqning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning ilmiga bo‘lgan e’tibori va ilmiy taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi.

Shu sababli Alloh taolo kalomi sharifida:“Mo‘minlar yoppasiga (jangga, dunyo ishlariga) chiqishlari shart emas.

Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!” deb, musulmonlarning hammasi dushman bilan, Vatan himoyasi va undan boshqa dunyo tashvishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasdan, ilmga salohiyati mavjud bo‘lgan bir jamoasi jamiyatning dunyo va oxirati uchun manfaat keltiradigan ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va marifat bilan baquvvat bo‘ladi. Insoniyatning qadri ilm bilan hosil bo‘ladi. Ilmdan hali hech kim zarar ko‘rgan emas. Ilmni egallab olish esa bir san’atdir.

Demak, bir so‘z bilan aytganda ilm o‘rganish farzdir. To‘g‘ri yo‘ldan adashmay, sof ilmni egallash uchun ustoz tanlash muhimdir. Ustozlik vazifasini eng avval payg‘ambarlar (alayhimussalom) qoyil maqom qilib o‘z o‘rniga qo‘yganlar.

Ulardan so‘ng ustozliika eng loyiq kishilar payg‘ambarlarga ergashganlar, so‘ng ularga ergashganlar, so‘ng ulargava hokazo. Shunday ekan har bir tolibi ilm bir ustoz tutishi lozim.

Buning uchun aksar hollarda safar qilish lozim bo‘ladi.

Alloh taolo bandalarini sayoht qilish, uning ne’mat va yaratganlaridan ibratlanishga buyurib shunday deydi:

” قل سيروا في الأرض فانظروا كيف بدأ الخلق”

Ya’ni:”(ey, Muhammad!) Ayting “yerda sayr qilib, (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini ko‘ringiz!”(Ankabut surasi, 20-oyat)

Safar qilishning manfaatlari ko‘pligidan shariatimizda shar’iy safar qilgan kishiga bir qancha yengilliklar bor:

1. Namozlarni qasr qilish;

2. Maxsining muddati uch kecha- kunduz ekanligi;

3. Ramazon ro‘zasi va juma namozining farz emasligi;

4. Iyd namozi va qurbonlik so‘yish vojib emasligi.

Demak, har qanday safar ham qiyinchilikdan holi bo‘lmaydi.

Shunday ekan, dinimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘rni kelganda safar qilish va dunyo-yu dini uchun foyda qozoninsh mahbub ishdir. Faqat safarga chiqishdan avval safarning fiqhiy hukumlari va odoblarini yaxshi o‘rganib olishimiz zarur.

Abdulla Qodiriy: “Moziyga qarab ish ko‘rmoq – xayrlidir” deganaridek biz ham moziyga boqsak, bu mavzuyimiz yanada oydinlashadi.

Imom shofe’iy nazm yo‘li bilan safarningbeshta foydasi borligini aytadilar: g‘amning ketishi, tirikchilik qilish, ilm, odob va ulug‘lar bilan suhbat.

Yurtimizdagi buyuk olimlarning hayot yo‘llari o‘rganilsa, ular barcha ilmni bir necha yurtlarga safar qilish asnosida o‘rganib, olimlik darajasiga yetganlar. Masalan, Imom Buxoriy rohimahulloh Makka, Madina, Toif, Hijoz va Jiddaga qilgan safarlari 6 yil davom etgan. So‘ng Basra, Kufa, Bag‘dod,Shom, Misr,bundantashqari,Xuroson,Marv,Balx,HirotvaRay kabi shaharlarda bo‘lib, bu shaharlardagi olimlardan saboq olib hadislar to‘pladilar.

Sahobai kiromlarning ilm borasida qilgan safarlari aqllarni lol qoldiradigan darajadadir. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu bir oylik masofada safar qilib, Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhuning oldilariga birgina hadisni eshitish uchun borganlar.

Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhu Uqba ibn Omir roziyallohu anhuning oldilariga Madinadan Misrga safar qiladilar.

U zot ham birgina hadis uchun boradilar. Yetib borganlarida, bir hadisni zikr qiladilar va aytadilarki: “Ushbu hadisni payg‘ambar alayhissalomdan eshitganalardan faqat sen bilan men qoldik. Uni esimdan chiqibdimi yoki yo‘q, shuni tekshirish uchun kelgandim”, deb o‘sha zahoti hatto dam olmasdan ortlariga qaytadilar.

Xulosa shuki, ilmni imkon qadar mukammal darajada olish vositalaridan biri ilm talabida safar qilishdir. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida Xitoy dunyoviy bilimlar sohasida yetakchi davlatbo‘lsa ham:” Ilm agar Xitoyda bo‘lsa ham uni qidirib boring!”— dedilar.

Tolibi ilm safarga chiqmasa, uyda kresloga suyangan holda kitob o‘qib yoki onlayn darslar eshitib yursa, hech qachon maqsadi hosil bo‘lmaydi. Chunki ilm yuzma-yuz o‘rganilsagina, ilmida barokat bo‘ladi. Barokat bu – olgan ilmi uni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmay, doimo manfaat beradi, deganidir. Uyda kitob o‘qish va onlayn darslarga qatnashish esa ustozlaridan olgan ilmini tasdiqlash uchun bo‘lsa, manfaatli bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo doimo o‘zi rozi bo‘ladigan safarlar qilishni bizni nasib qilsin! Undagi noxushlik va mashaqqatlardan o’zi panoh bersin! Omin!

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Haqnazarova Iroda

. .